Jalilov. Qaydlar
4.1K subscribers
1.44K photos
17 videos
22 files
2.27K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Pedagog qadrini avval pedagogning qonunchilik hujjatlarida belgilangan haqqini unga sarsongarchiliklarsiz berishdan boshlash kerakdir balki?

Bir murojaatni eʼlon qilishni iltimos qilishdi. Murojaat Qoraqalpogʻiston Respublikasi ingliz tili oʻqituvchilaridan. Murojaat mazmunidan anglashiladiki, oʻqituvchilarga PQ-5117 qarorning 5-bandi asosida berilishi kerak boʻlgan ustamalar (shu jumladan, C1 darajaga tenglashtirilgan TKT testi uchun ustamalar) toʻlash vazifasi (negadir) hududiy Pedagogik mahorat markaziga yuklangan, lekin oʻqituvchilarning ustama toʻlanishini soʻrab qilinayotgan xatlariga "oʻrganilmoqda" degan otpiska javoblar berilyapti. Quyida oʻqituvchilardan kelgan murojaat qisqartirilgan holda eʼlon qilinmoqda. (Murojaatda oʻqituvchilar konkret mansabdor shaxslar ustidan shikoyat qilishgan, lekin zamon nozik, mansabdor davlat xizmatchilarining koʻngillari undan-da nozik - har qanday tanqidni "shaʼni va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazish" deb qabul qilishlari mumkin boʻlgan bir paytda yashayotganimiz uchun konkret ism-familiyalarni keltirmadim. Umid qilamanki, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi muammo haqida xabar berganlar bilan emas, muammoning oʻzi bilan shugʻullanish imkonini topadi).

Biz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi 200dan ortiq ingliz tili oʻqituvchilari nomidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi ...ning ma’suliyatsizligi natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorida belgilangan til sertifikatini olgan oʻqituvchilarga xarajatlari qaytarib berilmay, bizga ... moddiy va ma’naviy zarar yetkazib kelayotganini ma’lum qilamiz. Qarorga koʻra, oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalarining oʻqituvchilariga chet tillar boʻyicha xalqaro (C1) darajadagi sertifikat olish uchun imtihonga sarflangan xarajatlar Davlat byudjetida malaka oshirishga ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplanishi nazarda tutilgan boʻlsa, 2024-yil oktyabridan 2025-yilning aprel oyigacha oraliqda hech bir oʻqituvchiga pul mablagʻlari qaytarib toʻlab berilmayabdi. Markazga har borganimizda bizga jerkib munosabatda boʻlishadi. Shuncha olis tumanlardan xarajat qilib borsak qabulga kiritishmaydi, yoki “sabr qilinglar”, “uylaringizga xat yuboramiz” deb urishib berishadi. Oldinroq topshirgan oʻqituvchilarning hujjatlarini roʻyxatga olingan boʻlishiga qaramay yoʻq qilib yuborilgan. Natijada qayta topshirishga majbur boʻlyabmiz. Ish oʻrinlarimizga yuqorida koʻrsatilgan tartibda xat kelmoqda. Bu xatda toʻlab berish oʻrniga oʻrganib chiqilayotganligi ta’kidlanadi. Biz arizani oʻrganib chiqish uchun emas, xarajatlarimiz qoplab berilishini talab qilib yozgan edik. Sizdan iltimos, bizga chet tillar boʻyicha xalqaro (C1) darajadagi sertifikat olish uchun imtihonga sarflangan xarajatlarimiz va mablagʻlarimizni olishda yordam berishingizni soʻraymiz.

Pedagog qadri haqida, islohotlar haqida koʻp vaʼzlar oʻqiymiz, balki pedagog qadrini shunchaki pedagoglarni sarson qilmasdan, ularga qonunchilikda belgilangan haq-huquqlarini taʼminlab qoʻyishdan boshlarmiz?
🔥34👍4
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va / yoki uning quyi boʻgʻinlari gʻirrom oʻyiniga va nihoyat deputatlar ham etibor qaratishni boshlashdi. Nova24 nashrining yozishicha, Xalq demokratik partiyasi deputati Yelena Babenko "Mening fikrim" portalida yangi baholash tizimiga qarshi petitsiyaga qarshi ovoz berishga oʻqituvchilarning majburlanayotganiga eʼtibor qaratgan. Umuman, nafaqat CHSB - BSB, balki maktab taʼlimi tizimida yigʻilib qolgan jiddiy muammolar va bu muammolarning chiroyli taqdimotlar-u "islohotlar" imitatsiyasi bilan xaspoʻshlanayotganiga eʼtibor qaratish payti keldi deb oʻylayman.
👍24🔥6🤔2
#ilm_fan nima deydi?

Intrinzik (ichki) va ekstrinzik (tashqi) motivatsiya (ragʻbat) tushunchalari haqida eshitmagan pedagog boʻlmasa kerak. Soddaroq qilib aytganda, intrinzik motivatsiya - biron narsani ichki ehtiyoj his qilganimiz uchun bajarish. Masalan, kimdir Hofizning gʻazallarini asliyatda oʻqishni juda ham xohlagani uchun fors tilini oʻrganayapti. Yoki boshqa birov asarning davomida nima boʻlishini bilmasam uxlay olmayman, deb boshlab qoʻygan kitobini kechasi bilan oʻqib chiqyapti. Bular - intrinzik motivatsiyaga misollar.

Ekstrinzik motivatsiya esa tashqaridan mukofot olish yoki jazo olmaslik maqsadida biron ishni qilish. Masalan, yaxshi baho olish, yangi tartib boʻyicha kontraktga tushib qolmaslik, imtihondan yiqilmaslik, ota-onasidan dakki eshitmaslik uchun oʻqish - bular ekstrinzik motivatsiyaga misollar.

Taʼlimda ekstrinzik motivatsiya (ragʻbat yoki jazo) juda koʻp ishlatiladi. Buning tagida oʻrganishga nisbatan bihevoristik qarash yotadi. Bihevoristlarga koʻra, u yoki bu xatti-harakatni "stimul-refleks" zanjiri asosida programmalashtirish mumkin (mashhur "Pavlov iti"ni eslang). Yaʼni, yaxshi baho olish yoki jazo olmaslik uchun oʻqish gʻoyasi negizida "stimul-refleks" zanjiri asosida programmalashtirish yotadi.

Maʼlumki, intrinzik motivatsiya oʻrganish jarayonida kuchliroq rol oʻynaydi. Yaʼni, nimanidir ichki ehtiyoj sezgani uchun oʻrganayotgan oʻquvchi tashqi omil (masalan, baho, mukofot, jazo) sababli oʻrganayotgan oʻquvchidan koʻra samaraliroq oʻrganadi.

Lekin ekstrinzik motivatsiya intrinzik motivatsiyaga qanday taʼsir qiladi? Masalan, oʻquvchini baho yordamida ragʻbatlantirish orqali uning ichki motivatsiyani kuchaytirish mumkinmi?

Qarangki, ekstrinzik motivatsiya intrinzik motivatsiyaga salbiy taʼsir qilishi mumkin ekan. Bu boʻyicha klassik tadqiqot Deci tadqiqoti edi. Talabalar bilan oʻtkazilgan tadqiqot ekstrinzik motivatsiya intrinzik motivatsiyani susaytirishini aniqladi. Deci, Koestner va Ryan meta tahlili ham ekstrinzik motivatsiya intrinzik motivatsiyaga salbiy taʼsir qilishini ("oʻldirishini") tasdiqlagan.

Eʼtibor bersangiz, shu kunlarda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlashga majburlayotgan "yangi baholash tizimi" ham ekstrinzik motivatsiyani haddan ziyod kuchaytirish ustiga qurilgan: oʻquvchi oladigan bahoning 90%i imtihonlardan keladi. Bunday vaziyatda - oʻrganish jarayonida intrinzik motivatsiyaning roli minimallashtirilgan holatda oʻquvchilarning baholarni oʻqimasdan (koʻchirib, test javoblarini yodlab va hokazo) yoʻllar bilan olishga harakat qilishlari - tabiiy holat.

Ilmga asoslanmagan har qanday "islohot" foyda emas, zarar keltirishiga bir misol sifatida qabul qilish mumkin buni.
👏10🔥4👍3
Jalilov. Qaydlar
O'qituvchilarga bunday topshiriqlar berish - quyi bo'g'inlardagi rahbarlar tashabbusimi yoki markazdan, vazirlikning o'zidan berilgan topshiriq, hozircha aniq emas.
Majburlash kampaniyasining ortida vazirlik turibdimi?

O'qituvchilar "Mening fikrim" portalida yangi baholash tizimining bekor qilinishini talab qilib joylangan petitsiyaga qarshi ovoz berishga va petitsiya tagida tizimni yoqlab izohlar qoldirishga majburlanayotgani haqida yozgan edim. Aftidan, bu joylardagi o'rta yoki quyi bo'g'in rahbarlarining o'z tashabbusi emas, bevosita vazirlikdan kelayotgan ko'rinadi.

Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi guruhidan yuborilgan skrinshotga e'tibor bering. "(Petitsiyaga) qarshi ovoz berib, shu namunadagidek skrinshot qilib tashlab berishingiz so'raladi" deya topshiriq berayotgan shaxsning ism-familiyasi, viloyat boshqarmasining rasmiy telegram kanaliga ishonilsa, boshqarmada sho'ba mudiri bo'lib ishlaydigan shaxsning ism-familiyasi bilan bir xil. "Yangi baholash tizimiga qarshi petitsiya joylanibdi, shunga qarshi ovoz beraylik" degan xabar muallifining ism-familiyasi esa, vazirlikning rasmiy saytiga ishonilsa, vazir Hilola Umarovaning maslahatchisining ism-familiyasi bilan bir xil. Bundan, yangi baholash tizimining bekor qilinishi talab qilingan petitsiyaga qarshi ovoz berishga majburlash kampaniyasining tepasida vazirlikning o'zi turibdi deya olamizmi yoki bu o'xshashliklar tasodifiymi? Vazirlik bunga qanday izoh beradi?

P.S. Yangi baholash tizimi yaratayotgan muammolar haqida va g'ayriilmiyligi haqida oldinroq yozgan edim.
👍20😱8🔥3🤯2
Xabar berishlaricha, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova davlat rahbariga "maktab taʼlimi sifatini yaxshilash choralari" boʻyicha taqdimot qilgan. Taqdimot haqidagi xabarni va xabarda keltirilgan tizimsiz, uzuq-yuluq "choralar" haqidagi maʼlumotlarni oʻqib, bu choralardan maqsad taʼlim sifatini haqiqatda yaxshilashmi yoki shunchaki oʻzini ishlayotgandek qilib koʻrsatishmi, degan savol tugʻilmasligi mumkin emas. Keling, taklif qilinayotgan va vazirning fikricha, "maktab taʼlimi sifatini yaxshilaydigan" choralarni tahlil qilib koʻraylik.

"Shu munosabat bilan Toshkent davlat pedagogika universitetini transformatsiya qilish va O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetini tashkil etish, shuningdek, “Kelajak o‘qituvchilari” loyihasini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda".

Universitetni "transformatsiya" qilish deganda nima nazarda tutmoqda? Shunchaki uning nomini oʻzgartirishmi? Umuman, universitet Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufidan olinib, Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufiga berilgan davrdan beri nimalar oʻzgardi? Oʻzgardimi oʻzi? Masalan, har qanday pedagog bilishi kerak boʻlgan taʼlim nazariyalari, oʻrganish jarayonida inson miyasining qanday ishlashi, oʻrganish jarayonini tashkil qilish, oʻquvchilar koʻnikmalarini baholash boʻyicha fundamental bilimlar universitetda oʻqitiladigan fanlar mazmuniga singdirildimi? Curriculum design, instructional design and materials development, educational policy and leadership singari muhim yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyildimi? Biron bir nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasasi bilan qoʻshma dasturlar ochildimi? Pedagogika, metodika boʻyicha biron bir zamonaviy darslik, manba yaratildimi? Bilishimcha, yoʻq.

Shunday ekan, universitet vazirlik tasarrufiga oʻtgan uch yil davomida biron-bir real ish qilinmagan boʻlsa, taklif qilinayotgan "transformatsiya" universitet nomini oʻzgartirish va "transformatsiya" bahona byudjet mablagʻlarini sovurishdan boshqa qanday real natijalar beradi?

"Ta’lim sifatini baholashning xalqaro usullari joriy etilmoqda. Bu yil PISA xalqaro dasturi doirasida 233 ta maktabning 9 ming nafar 15 yoshli o‘quvchisining bilimi sinovdan o‘tkaziladi".

Tadqiqotda qatnashish uchun Oʻzbekiston byudjetidan yaxshigina mablagʻ sarflanadi, lekin, masalan, Oʻzbekiston qatnashgan PISA natijalari eʼlon qilinganidan beri oʻtgan 1,5 yil davomida vazirlik tadqiqot natijalarini tahlil qildimi? Biron-bir matbuot anjumani oʻtkazib, "muammolarimiz bunday ekan, bularni hal qilish uchun mana bunday strategiya qilamiz" deb soliq toʻlovchilarga tushuntirish berdimi? Tadqiqot koʻrsatib bergan Oʻzbekiston maktablari uchun fundamental muammolarning birontasini hal qildimi? Yoʻq. Bularni qilish u yoqda tursin, hatto Oʻzbekiston milliy hisoboti ham rasman hech qayerda eʼlon qilinmadi-ku. Faqat tadqiqotda yuqori natija koʻrsatgan Singapurning darsliklarini tarjima qilish bir hammamizga maʼlum nashriyotga bir qoʻlli qilib berildi va qaysidir xususiy tashkilot yaratgan onlayn repetitorlik platformasi mahalliylashtirilib, hamma oʻquvchilar bu platformada test yechishga majburlandi, xolos. Boshqa yoʻnalishlarda esa PISA maktab taʼlimi sifatini yaxshilash uchun nimalarni qilishni tavsiya qilsa, oʻsha ishlarning teskarisi qilinmoqda. Shunday ekan, oldingi tadqiqot natijalaridan toʻgʻri xulosalar chiqara olmagan vazirlik bu yilgi tadqiqot natijalaridan xulosa chiqarishiga ishonish qiyin.

"Shulardan kelib chiqib, bolalarga xavfsiz axborot muhitini yaratish, milliy kontentlarni ko‘paytirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi".
Buning qanday amalga oshirilishini tasavvur qilish qiyin. Oddiy darsliklar yaratishni monopoliyadan chiqara olmagan (vaholanki, oʻsha PISA darsliklar borasida tanlov boʻlishi taʼlim sifatiga ijobiy taʼsir qilishini koʻrsatmoqda) vazirlik "milliy kontentlarni ko‘paytirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash" deganda "milliy kontent"ni ham monopollashtirib olmaydimi, degan savol tugʻiladi.

(davomi quyida)
👍17🔥3
(davomi)

"Avvalroq Islom taraqqiyot banki SmartED dasturi doirasida GPE kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish uchun 160,25 million dollar ajratishi xabar qilingan edi".
Shu paytgacha umumiy oʻrta taʼlim uchun xalqaro donorlar mablagʻlariga amalga oshirilgan qaysi loyiha mantiqiy nihoyasiga yetkazilgan? UNICEF ishtirokidagi Milliy oʻquv dasturi loyihasi hozirgi vazir tizimga rahbar boʻlib kelganidan keyin hech qanday izohsiz toʻxtatildi, oxirigacha joriy qilinmagan va baland-pasti tahlil qilinmagan dastur "takomillashtirilib" yotibdi. USAID mablagʻlari hisobidan boshlangʻich sinflar uchun yaratilgan standartlar va darsliklar esa qaysidir tokchalarda chang bosib yotibdi, ularning oʻrnini hech bir tushuntirishsiz psevdo-fin darsliklari egalladi. Izlansa, bunday oxirigacha joriy qilinmagan, yarim yoʻlda "ura ura" qilib boshqa narsaga qarab ketilgan loyihalar koʻplab topiladi. Shunday ekan, bu 160 mln dollarlik loyiha oxiriga yetkazilishiga va samara berishiga ishonasizmi?

Umuman, maqsad toʻgʻri qoʻyilmagan tizimda bunday "choralar" va taqdimotlar samara berishi qiyin. Real natijalar olinishidan koʻra vaqt va mablagʻ havoga sovurilgani qolishi ehtimoli koʻproq. Menimcha.
🔥15👍2
Majburlash kampaniyasi davom etmoqda

"Hurmatli direktorlar va direktor oʻrinbosarlari, yangi baholash tizimi boʻyicha hamma qarshi ovoz berganini skrinshot qilib tashlab bersin, iltimos, toʻgʻri tushuninglar, yana hech qayerga chiqib ketmasin".

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri davlat rahbariga "baholashning xalqaro usullari joriy qilinmoqda" deb taqdimot qilayotgan bir paytda, yangi baholash tizimining bekor qilinishi talab qilingan petitsiyaga qarshi ovoz berishga majburlash kampaniyasi davom etmoqda. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi "tuyaqush" pozitsiyasiga oʻtib olgan - hech qanday izoh bermaslikni maʼqul koʻrmoqda. Vazirlar mahkamasi nima deydi? Parlament-chi? Nimadir chora koʻradimi? Majburiy yoʻl bilan yigʻilgan qarshi ovozlar ham hisobga olinadimi?
🤯11👍6🔥5
Oldingi postga audio ilova.
👍7🤔3
Gazeta.uz - O‘zbekiston yangiliklari
Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Samarqanddagi “Motamsaro ona” yodgorligi yonida rus tilidagi yozuv yo‘qligidan hayron bo‘ldi. “Inglizlar bu yerga qanday kelib qoldi? Qarasam, inglizcha yozuv. Ruschani ko‘rmayapman”, — dedi u.
Lavrov suveren davlatga jamoat joylaridagi yozuvlar qaysi tilda bo'lishi kerakligi haqida aql o'rgatgani kelganmi? Deylik, O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Rossiyaga borsa va u yerdagi Ikkinchi jahon urushiga bag'ishlangan yodgorliklarda nega o'zbekcha yozuvlar yo'qligi haqida savol bersa, qanday javob olardi? Bunday savol berishga haddi sig'armidi o'zi? Unda nega Lavrovning haddi sig'yapti?
👍28🔥3👎1
Darvoqe, suveren davlatga jamoat joylaridagi yozuvlar qaysi tilda bo'lishi kerakligi haqida aql o'rgatmoqchi bo'lgan Lavrov, o'zining boshlig'i bilan bir qatorda, Haagadagi maxsus xalqaro tribunal gumonlanuvchisi hisoblanadi. Munosabatlarda ham gigiyena muhimligini unutmasak yaxshi bo'lardi.
🔥19👍7👎2
Sardor Raximboyev
Savollar juda ham chiroyli tuzilgan, oʻylashga, mushohada qilishga undaydi. Bunday testlarni ishlash menga yoqdi.
Tanganing vazirlik rasmiylari ko'rsatishni istamayotgan ikkinchi tomoni:

Attestatsiya nadir?!

Bugun biroz oʻzimga keldim. Yigʻlab-yigʻlab xumoridan chiqdim. Uch oylik qiyinchiliklarning ham zahrini chiqardim. Qaynonamning koʻzlarini "loʻq" qilib, "oʻqigan kelin ..." deganlari, erimning "shu ustozingning ovozi jonimga tegdi,oʻchir telefonni" deb zarda qilishlariga chidab uch oy attestatsiyaga tayyorlandim. Qaysi telegram kanaliga qaramay "ehtimoliy test, tushadigan test, bizda oson, bizda arzon" degan reklamalar. Telegramim yuzlab bunaqa kanallarga toʻlib ketdi. Dunyoda ona tili adabiyot deganlarida maʼlumot ham koʻp ekan, savol ham koʻp ekan. Buni oʻrgansang, bunisi chiqadi, buni oʻrgansang bunisi.
Bitta qoʻshimchaning 10 xil nomi bor. Nomini yodlasang, sinonimi, sinonimining antonimi, antonimining paronimining omonimi. Eh-heee...
Xullas, buni ham epladim.
Maktab?! Maktabni soʻramang. Kun boʻyi dars oʻtasan, darsdan keyin BSB ,ChSB... Falonchining onasining telefonini koʻtarmasang onasi janjal qiladi. Falonchaning sochidan yigiti tortgan, boshqasi uyiga bormagan. Bunga ham chidadim.
Imtihondan bir kun oldin hamma kitobni oʻqib boʻlib tasbeh oʻgirishga tushdim. "Astagʻfirulloh"...
"Imtihon biz uchun bayram" ,deganday attestatsiya kuni ertalab qaynonani tinchit, bolani maktabga, erni ishga joʻnat, tushlikka ovqat qil qilib choyni chala ichib yoʻlga chiqdim. Yoʻl boʻyi tasbeh oʻgirdim. Axir attestatsiyadan 86 ball olsam, 70 foiz ustama. Yomon pul emas. Harna roʻzgʻorga madad. Prezidentimizdan aylanay. Oʻqituvchiga eʼtibor boʻlsa,shunchalik boʻlar-da. Shu joyiga kelganida, tasbehni qattiqroq oʻgirib "astagʻfirulloh" duoga ham aylandi. "Umringiz uzoq boʻlsin".
Attestatsiyaga kirdim. Gerdayib komputerga oʻtirdim. (Eng kuchli ustozda oʻqiganman axir). Testni ochdim. Peshonamni sovuq ter bosdi. Paygʻambarimiz "xor boʻlsin, xor boʻlsin, xor boʻlsin ", deb uch marotaba aytdilar. Sahobalar kimni aytyapsiz deganlarida, "ota-onasining xizmatini qilmaganlar", deb javob berdilar. Ishoning, shakkoklik emas, paygʻambarimiz tirik boʻlganlarida "oʻqituvchiga qiyin test tuzganlar xor boʻlsin" ,deb ming marta aytgan boʻlar edilar.
20 minut ekranga qarab turdim. Zal oʻrtasida turgan suvdan olsam maylimi dedim kuzatuvchiga. Suv olishga ketgan vaqt ham hisoblanar ekan. Suvni olib bir qultum ichdim. Xayolimdan qilgan gunohlarim, savoblarim ,xatolarim oʻtdi. Xudoga nola qildim. Ey Xudo, ozgina bandam degan joying boʻlsa, oʻzing qoʻlla. Bu yogʻi "chimchuq childiriq"...
"Chin" soʻzining kabutar ekanini shu yerda bildim. Kitobning qaysiki burchagida maʼlumot bor, shu yerda bor. Bu kalla oʻlgur qaysini eslab qolsin.
Eganing kesimi, kesimning egasi. E savil bir gapda 9 ta sintaktik shakl yasovchi. Odil Yoqubovning otasi olib bera olmagan muzqaymogʻi, Anbar otinning zamondan kuygani-yu, "Choliqushi"ning maktabi ham qolmagan. Eng hayron qoldirgani Navoiy tirilib kelsa, oʻzi ham eslolmaydigan "Farhod va Shirin"mi, "Saddi Iskandariy" mi farqlab boʻlmaydigan ming misrali dostonning ikki misrasini olib, qaysi dostondan degani yetmaganday, testologning oʻzi ham maʼnosini lugʻatdan zoʻrgʻa topgan soʻzining maʼnosini topish azob boʻldi.
Pastga oʻtsangiz pedagogika. Shu joyiga kelganida ekranda qoʻlini bir xeyli shaklga keltirib "mana olasan 70 foiz ustama" deb turgan vaziramiz Hilola opamgilarning jamolini koʻrganday boʻldim.
Ikki koʻzimni chirt yumib testni yakunlashni bosdim.
"Mana sanga 70 foizli ustama".
Lekin yelkamdan togʻ agʻdarilganday boʻldi. Attestatsiyaga qarz olib toʻlagan pulim, kurslarga toʻlagan pullarim, asablarim, tushlarimda yiqilib tushganlarimni oʻylab qiynalganlarim hammasi tugadi.
Xayolimda uyga borib qotib uxlasam...
Lekin uyga kelib erimning nima boʻldi degan gapidan keyin oʻkirib yigʻlab xumorimdan chiqdim.

Xullas, endi jaydari qilib aytganda "toʻlagan pulim teshib chiqsin" deb oʻtiribman.

(Oxiri quyida)
👍22😢3🤬2😱1
Sardor Raximboyev
Savollar juda ham chiroyli tuzilgan, oʻylashga, mushohada qilishga undaydi. Bunday testlarni ishlash menga yoqdi.
(oxiri, boshi bu yerda)

P/s: Ushbu matndagi sintaktik shakl yasovchi qoʻshimchaning sinonimining antonimi ishtirok etgan Chin soʻzining paronimi ega boʻlib kelgan va kesimga bevosita bogʻlangan bogʻlovchisiz qoʻshma gap tarkibidagi sodda gaplar orasiga qanday tinish belgisi qoʻyiladi?
Mana senga savolning jinnisi...

Manba
👍18🤯4
Yangi baholash tizimining bekor qilinishi talab qilingan petitsiya koʻrib chiqilishi uchun yetarli ovoz oldi. Ayni paytda petitsiyani qoʻllab ovoz berganlar soni 10400dan oshiq.

"Mening fikrim" portali orqali jamoaviy murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga koʻra, zarur ovozni yigʻgan murojaatlar moderator tomonidan keyingi ish kunidan kechiktirmay vakolatli davlat organiga yuborilishi kerak. Demak, endi moderator murojaatni Oliy Majlisga yoki Vazirlar Mahkamasiga yuborishga majbur.

Ayni paytda murojaatni qoʻllab quvvatlab va unga qarshi ovoz berganlar soni deyarli teng. Lekin bu yerda ikki muhim jihatni hisobga olish kerak. Birinchidan, nizomda qarshi ovozlar hisobga olinishi haqida hech narsa deyilmagan, faqat murojaat vakolatli organ tomonidan koʻrib chiqish uchun yetarli ovoz yigʻishi kerakli aytilgan. Bu murojaat esa kerakli ovozlarni yigʻdi.

Ikkinchidan - eng muhimi - qarshi ovozlar (va yangi baholash tizimini yoqlab qoldirilgan izohlar) majburiy yoʻl bilan yigʻilgan va bu majburlash ortida shunchaki Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining quyi boʻgʻinlari emas, vazirlikning oʻzi turganligini taxmin qilish uchun yetarli asoslar bor, nazarimda. Demak, murojaatni koʻrib chiqayotgan organ bu petitsiya va umuman, yangi baholash tizimi bilan bogʻliq muammolar "tepa"ga yetib bormasligidan qanday manfaat koʻzlanganini ham tahlil qilishi kerak boʻladi. Shunchaki taklif qilinayotgan tizimning baland-pastini oxirigacha oʻrganmasdan, tizim yuzaga keltirgan jiddiy muammolarni ilmiy tahlil qilmasdan davlat rahbariga "tizim yaxshi" deb taqdimot qilib qoʻyilgani uchun endi "uzr, xato qilibmiz" deb tushuntirish berishdan qoʻrquvmi yoki boshqa bizga koʻrinmayotgan sabablar ham bormi? Har qanday holatda ham bu parlament va / yoki hukumat Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rahbariyati harakatlariga va kompetensiyasiga tegishli baho uchun yetarli asos boʻladi. Menimcha.
👍51👏1
Aspekt.uz telegram kanali shu kunlarda bo'layotgan pedagoglar attestatsiyasi jarayonidan norozi o'qituvchilar videosini hamda ona tili va adabiyot fani o'qituvchilarining mutasaddi tashkilotlarga murojaatini e'lon qildi. Ilgariroq attestastsiya jarayonida X-variantlar va tanish-bilishchilik haqidagi iddaolar yangragan edi. Bundan oldinroq geografiya fani o'qituvchilari attestatsiya jarayonlaridan ommaviy tarzda norozilik bildirayotgani haqida xabarlar chiqqan edi. Pedagog Shokir Tursun attestatsiya jarayonida ishlatilayotgan test topshiriqlari validligini savol ostiga qo'ymoqda va vazirlik rasmiylarini ochiq debatga chaqirdi.

Bularning hammasi pedagoglar attestatsiyasi tizimida jiddiy muammolar borligi haqida signal bermoqda. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi attestatsiya jarayoni bilan bog'liq ayrim holatlarga rasmiy munosabat bildirdi. Vazir o'rinbosari Sardor Rajabov tarmoqlarda ko'tarilayotgan muammolarni "hayp" deb atadi. Vazirlikning Pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish jarayonini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Sardor Rahimboyev ham vaziyatga "sizlarga faqat shov-shuv kerak, oʻtolmadimmi demak nimadir notoʻgʻri deyish qulayroq", deya munosabat bildirdi va attestatsiya jarayonidan mamnun o'qituvchilar fikrlarini e'lon qildi. Ya'ni, nazarimda, attestatsiya bilan bog'liq tizimli va fundamental muammolarni xaspo'shlab, attestatsiya jarayoni bilan bog'liq noroziliklarni shunchaki "testdan o'ta olmaganlarning muammosi" sifatida taqdim qilishga harakat qilinmoqda.

Hurmatli ustozlar! Pedagoglar attestatsiyasi va u bilan bog'liq muammolar (attestatsiyaning asl maqsadi, jarayonda ishlatilayotgan test topshiriqlarining sifati, jarayondagi tashkiliy masalalar va hokazo) haqida tahliliy material ustida ishlayapman. Attestatsiyaga kirib chiqqan va fikr bildirmoqchi bo'lgan ustozlardan izohlarda o'z fikrlaringizni qoldirishingizni va / yoki men bilan bog'lanishni iltimos qilaman (qayta aloqa boti orqali xabar yuborishingiz ham mumkin). Siz bergan ma'lumolar faqat tahlil uchun ishlatilishi va shaxsingiz sir saqlanishi kafolatlanadi. Umid qilamanki, birgalikda pedagoglar attestatsiyasi tizimining ilmiy jihatdan to'g'ri yo'lga qo'yilishiga hissa qo'sha olamiz.
👍16👎4🔥4
Tuzatish

Oldingi postda havola berilgan va Aspekt.uz telegram kanaliga joylangan video ayni kunlarda boʻlayotgan oʻqituvchilar attestatsiyasi jarayoniga oid boʻlmagani uchun uzr soʻrayman hamda Pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish jarayonini tashkil etish boshqarmasi boshligʻi Sardor Rahimboyevga konstruktiv muloqot uchun minnatdorchilik bildiraman.

Shu bilan birga, oldingi postdagi pedagoglarga murojaat oʻz kuchida qoladi: attestatsiya jarayonlarini ilmiy tahlil qilishga yordam beradigan maʼlumotlaringiz, fikrlaringiz boʻlsa, izoh sifatida yoki aloqa boti orqali yuborishingizni soʻrayman. Shaxsiy maʼlumotlaringiz oshkor qilinmasligi kafolatlanadi.
👍15🔥4
Tubning tubi

Qiziq, birovning yurtiga bostirib kirish, birovning yerini egallash maqsadida tinch aholi ustiga raketalar yogʻdirish, ayollar va bolalarni oʻldirishni maktab darsligiga "qahramonlik namunasi" sifatida kiritish uchun odam kim boʻlishi kerak? Bundan qariyb ikki asr muqaddam Turkistonda ham bularning askarlari "qahramonlik koʻrsatgan" deb oʻrgatiladimi maktab oʻquvchilariga?
🔥10😢5👍2