Jalilov. Qaydlar
4.09K subscribers
1.45K photos
17 videos
22 files
2.28K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
#ilm_fan nima deydi?

Intrinzik (ichki) va ekstrinzik (tashqi) motivatsiya (ragʻbat) tushunchalari haqida eshitmagan pedagog boʻlmasa kerak. Soddaroq qilib aytganda, intrinzik motivatsiya - biron narsani ichki ehtiyoj his qilganimiz uchun bajarish. Masalan, kimdir Hofizning gʻazallarini asliyatda oʻqishni juda ham xohlagani uchun fors tilini oʻrganayapti. Yoki boshqa birov asarning davomida nima boʻlishini bilmasam uxlay olmayman, deb boshlab qoʻygan kitobini kechasi bilan oʻqib chiqyapti. Bular - intrinzik motivatsiyaga misollar.

Ekstrinzik motivatsiya esa tashqaridan mukofot olish yoki jazo olmaslik maqsadida biron ishni qilish. Masalan, yaxshi baho olish, yangi tartib boʻyicha kontraktga tushib qolmaslik, imtihondan yiqilmaslik, ota-onasidan dakki eshitmaslik uchun oʻqish - bular ekstrinzik motivatsiyaga misollar.

Taʼlimda ekstrinzik motivatsiya (ragʻbat yoki jazo) juda koʻp ishlatiladi. Buning tagida oʻrganishga nisbatan bihevoristik qarash yotadi. Bihevoristlarga koʻra, u yoki bu xatti-harakatni "stimul-refleks" zanjiri asosida programmalashtirish mumkin (mashhur "Pavlov iti"ni eslang). Yaʼni, yaxshi baho olish yoki jazo olmaslik uchun oʻqish gʻoyasi negizida "stimul-refleks" zanjiri asosida programmalashtirish yotadi.

Maʼlumki, intrinzik motivatsiya oʻrganish jarayonida kuchliroq rol oʻynaydi. Yaʼni, nimanidir ichki ehtiyoj sezgani uchun oʻrganayotgan oʻquvchi tashqi omil (masalan, baho, mukofot, jazo) sababli oʻrganayotgan oʻquvchidan koʻra samaraliroq oʻrganadi.

Lekin ekstrinzik motivatsiya intrinzik motivatsiyaga qanday taʼsir qiladi? Masalan, oʻquvchini baho yordamida ragʻbatlantirish orqali uning ichki motivatsiyani kuchaytirish mumkinmi?

Qarangki, ekstrinzik motivatsiya intrinzik motivatsiyaga salbiy taʼsir qilishi mumkin ekan. Bu boʻyicha klassik tadqiqot Deci tadqiqoti edi. Talabalar bilan oʻtkazilgan tadqiqot ekstrinzik motivatsiya intrinzik motivatsiyani susaytirishini aniqladi. Deci, Koestner va Ryan meta tahlili ham ekstrinzik motivatsiya intrinzik motivatsiyaga salbiy taʼsir qilishini ("oʻldirishini") tasdiqlagan.

Eʼtibor bersangiz, shu kunlarda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlashga majburlayotgan "yangi baholash tizimi" ham ekstrinzik motivatsiyani haddan ziyod kuchaytirish ustiga qurilgan: oʻquvchi oladigan bahoning 90%i imtihonlardan keladi. Bunday vaziyatda - oʻrganish jarayonida intrinzik motivatsiyaning roli minimallashtirilgan holatda oʻquvchilarning baholarni oʻqimasdan (koʻchirib, test javoblarini yodlab va hokazo) yoʻllar bilan olishga harakat qilishlari - tabiiy holat.

Ilmga asoslanmagan har qanday "islohot" foyda emas, zarar keltirishiga bir misol sifatida qabul qilish mumkin buni.
👏10🔥4👍3
#ilm_fan nima deydi?

Yuqoridagi postda pedagog kadrlar attestatsiyasidagi testlarining validligi masalasi ko'tarilgan edi. O'zi "validlik" nima? Test tuzish va o'tkazish, test asosida muhim qarorlar chiqarish bilan shug'ullanadigan tashkilotlar uchun asosiy manbalardan biri, dasturil-amal bo'lib xizmat qiladigan "Pedagogik va psixologik baholash standartlari"ga ko'ra, validlik - har qanday testni ishlab chiqish, uning sifatiga baho berish va qo'llashdagi eng fundamental omil bo'lib, testning maqsadidan kelib chiqqan holda, test natijalari asosida chiqariladigan xulosalarning qay darajada nazariy va empirik jihatdan asosli ekanligidir. Ya'ni, validlik - testning belgilangan maqsad uchun qay darajada yaroqli ekanidir.

Testologiya ilmi nuqtayi nazaridan, baholash - bu o'lchash. Ya'ni, baholash jarayoni orqali abstrakt tushunchalar (konstruktlar) - muayyan bilim, ko'nikma, kompetensiya o'lchanadi. Va bu konstruktlar biron-bir maqsadda o'lchanadi. To'g'ri o'lchash uchun to'g'ri (maqsadga mos) baholash instrumenti tanlanishi kerak. Masalan, og'irlikni o'lchash uchun metr yoki chizg'ichdan foydalanmaysiz-ku, to'g'rimi? Demak, test (baholash instrumenti) o'lchanishi kerak bo'lgan konstruktni to'g'ri o'lchab bera olishi kerak. Va test natijalari asosida to'g'ri xulosalar chiqarish va to'g'ri qarorlar qabul qilish mumkin bo'lishi kerak.

Attestatsiya misolida tushuntiradigan bo'lsak, Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizomga ko'ra, umumiy o'rta ta'lim muassasalari attestatsiyasidan maqsad - pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi hamda pedagogik mahoratini aniqlash. O'zi o'qituvchining bilimi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligiga nima uchun qiziq? O'qituvchi darsini qay darajada yaxshi (samarali) o'ta olishini aniqlash uchun. Attestatsiya testlari natijalariga qarab pedagogning qay darajada samarali dars bera olishi olishi haqida xulosalar chiqariladi va shu xulosalar asosida pedagogning toifasi oshiriladi, o'zgarishsiz qoladi yoki tushiriladi. Demak, attestatsiya testlarini valid (validlik talablariga javob beradi) deya olishimiz uchun test pedagogning samarali dars o'ta olishi haqida asosli xulosalar chiqarish imkonini berishi kerak.

Oldingi postlardan birida "Masalan, kim onasi chaqirganda bormaganini yoki Mauglining onasining ismi nima boʻlganini yodlab olgan ona tili va adabiyot oʻqituvchisi yaxshiroq dars oʻtadi-yu, shuni eslab qolmagan (yoki test paytida yodiga tushira olmagan) oʻqituvchi yomonroq dars oʻtadimi?" degan savol bekorga qo'yilmadi. Kim onasi chaqirganda bormaganini yoki Mauglining onasining ismini eslay olmahgan o'qituvchi o'zi dars beradigan fanni bilmaydi va toifaga noloyiq, degan xulosaga kelish qay darajada to'g'ri? O'qituvchining vazifasi darslikdagi ma'lumotlarni eslab qolish emas-ku. Har qanday normal o'qituvchi darsga kirishdan oldin darsga tayyorlanish, darsni rejalashtirish maqsadida hech bo'lmaganda birrov darslikka ko'z yugurtirib chiqadi.

Yoki postga ilova qilingan va o'qituvchilar ayrim telegram guruhlarda qoldirgan izohlarga e'tibor bering. 10-sinf adabiyot darsligida Kafkadan yoki Mayakovskiydan parchalar XX asrning birinchi yarmida paydo bo'lgan yangi oqimlar, yangicha izlanishlar, yangicha shakllar haqida tasavvur berish uchun keltirilgan. "Evrilish"dagi "kommivoyajer" so'zining ma'nosini bilmagan o'qituvchi, masalan, modernizm haqida tasavvuri yo'q deya xulosa bera olamizmi? Yoki bunday test topshiriqlarini tuzgan (agar shunday topshiriqlar ishlatilgan bo'lsa) vazirlik huzuridagi markaz jalb qilgan ekspertlarning o'zlari darslikdagi bu parchalarning nima uchun keltirilganini tushunmay test tuzib ketavergan, degan xulosa chiqarsak adolatliroq bo'ladimi?

Test shaklan yoki mazmunan to'g'ri bo'lishi, kalitining to'g'ri qo'yilgani - hali u validlik talablariga javob beradi, degani emas. Va apellyatsiya ham bu yerda yechim emas. Vazirlik attestatsiyada ishlatilgan test topshiriqlarining validlik talablariga javob berishi haqidagi dalillarni ommaga taqdim qilishi kerak. Zero validlik dalillarini taqdim etish ham test oluvchi tashkilotning vazifasi.
👍42🔥6
#ilm_fan nima deydi?

Bir qarashda, "iqtidorli" - yoki qaysidir fanda kuchliroq - oʻquvchilar alohida sinfga yigʻilsa, taʼlimiy natijalar yaxshilanadigandek koʻrinishi mumkin. Axir, bunday bolalarga shu fanga qiziqmaydi oʻquvchilar xalal bermaydi, fanni chuqurlashtirib oʻtish mumkin, oʻqituvchi ham "yayrab" dars oʻtadi va hokazo.

Lekin bir qarashda mantiqiy toʻgʻridek koʻrinadigan xulosalarni inkor qiladigan tadqiqotlar koʻp. Masalan, matematikani oʻqitish misolida olib borilgan mana bu tadqiqot xulosalariga koʻra, oʻquvchilar qobiliyatiga koʻra ajratilgan sinflarda erishilgan natija - "kuchli" oʻquvchilarning "kuchayishi" emas, "kuchsiz" oʻquvchilarning yanada "kuchsizlanishi". Yaʼni, qobiliyatiga koʻra boʻlib oʻqitish yondashuvi "kuchsiz"larning "orqada" qolib ketishi ("kuchli"lar uchun oʻqitish natijalari yaxshilanishi emas) natijasida oʻrtadagi farqni kuchaytiradi. Har xil oʻquvchilar bitta sinfda oʻqiyotgan holatda esa "kuchli"larning oʻrganishiga salbiy taʼsir qilmasdan turib "oʻrtacha" va "kuchsiz"larning bilim darajasini yaxshilash, yaʼni oʻrtadagi farqni kamaytirish imkoni bor.

Buning sabablari turlicha boʻlishi mumkin. Masalan, turli qobiliyatli oʻquvchilar yigʻilgan sinflarda oʻquvchilarning bir-biridan ham oʻrganishi, tengdoshlari natijalarining "kuchsiz"roq oʻquvchilar motivatsiyasiga taʼsiri va hokazo. Sabablarini aniqlash uchun yana tadqiqotlarga murojaat qilish kerak boʻladi.
👍8
Rashid Tojiboev
Ta’lim bu shunchaki bilimni “omonatga topshirish” emas. Brazilyalik pedagog Paulo Freire tanqid qilgan “Banking Concept of Education” ta’lim modeliga ko‘ra, o‘qituvchi bilim “depozitori”, o‘quvchi passiv “hisob raqam” sifatida ko‘riladi. Bunday yondashuv o‘quvchilarning tanqidiy fikrlash, ijodkorlik va hayotiy muammolarni mustaqil hal qilish qobiliyatini cheklaydi.
#ilm_fan nima deydi?

Rashid Tojiboyev o'zining postida ko'targan savol - "nima uchun o'rgatamiz?" masalasi aslida ta'limning fundamental masalalaridan biri bo'lib, "nimani o'qitamiz?" va "qanday o'qitamiz?" savollarining javobi shu fundamental savolning javobidan kelib chiqadi. "Nima uchun o'qitamiz?" degan savolga pedagogika va falsafaning bizda o'rganilmaydigan va o'rgatilmaydigan, lekin muhim yo'nalishi - ta'lim falsafasi (philosophy of education) shug'ullanadi.

Rashid Tojiboyev eslatgan "Ta'limning bank konsepsiyasi"ni (o'qituvchini - ma'lumot manbayi, o'quvchini esa bu bilim uzatiladigan obyekt sifatida qarash) Braziliyalik pedagog, ta'lim falsafasi bilan shug'ullangan mutaxassis Paulu Freyre (Paulo Freire) o'zining "Ezilganlar pedagogikasi" ("Pedagogy of the Oppressed") asarida tanqid qilgan (bu asar men tahsil olgan magistratura yo'nalishida majburiy asarlardan biri edi). Freyrega ko'ra, ta'limga bunday yondashuv - "transmissiya" (ma'lumot uzatish - qabul qilish) modeli - mavjud tizimni - ezilganlarning battar ezilishi va hukmronlarning hukmronligini saqlab qolish uchun kerak. Chunki ta'limga bunday yondashuv tanqidiy fikrlashni, "nega?" degan savolni berishni rag'batlantirmaydi.

Aslida Freyregacha ham "transmissiya pedagogikasi" ko'p tanqid qilingan. Ayniqsa ta'lim - jamiyatni yaxshilash, o'zgartirish vositasi, degan qarashga asoslangan ta'lim falsafalari - progressivizm, rekonstruksionizm, tanqidiy pedagogika singari - transmissiya pedagogikasiga qarshi chiqishadi. (Avloniyning mashhur "yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasi" degan gapini eslang - aslida bu fikr ta'limning jamiyatni o'zgartirishdagi roliga urg'u beradi). Masalan, rivojlangan davlatlarning ta'lim tizimiga katta ta'sir ko'rsatgan XX asr olimi, pedagog, psixolog, faylasuf Jon Dyui (John Dewey) ham ta'limni jamiyatni o'zgartirish, demokratiyalashtirish vositasi sifatida ko'radi. Uning fikricha, ta'limning vazifasi - bolani kelajak hayotga tayyorlash, bu degani - "unga o‘zini boshqarish imkonini berish demakdir; uni shunday tarbiyalashki, u o‘zining barcha qobiliyatlarini to‘liq ishga solishga tayyor bo'lsin". (Darvoqe, Dyuo ham davlatlarda ham bo'lajak pedagoglar va ta'lim sohasi mutaxassislari uchun o'qilishi shart bo'lgan mutaxassislar qatoriga kiradi).

PISAdagi ayanchli natijalarimizning sabablaridan biri (yagonasi emas) aynan "transmissiya pedagogikasi" - ma'lumotlarni uzatish va qaytarishga asoslangan o'rgatish va baholash tizimi ekanligi haqida oldin yozgandim. Umuman, bizda har safar o'quv dasturlari "takomillashtirilar" va yangi "fin-Singapur-Somali" darsliklarini yaratish uchun trillionlab mablag'lar ajratilar ekan, ta'lim falsafamiz nima o'zi? degan savol qo'yilmaydi. Vaholanki, bu savolga javob olmas ekanmiz, hamma "takomillashtirish"larimiz soliq to'lovchilar pulini havoga sovurishdan boshqa narsa emas.
👍13
#ilm_fan nima deydi?

Nepotizm va PISA natijalari o'rtasida bog'liqlik bormi?

Demak, nepotizm - bu ishga olish, lavozimga tayinlash yoki lavozim bo'yicha ko'tarishda lavozim uchun kerakli bilim, ko'nikma, malaka, tajribani emas, ijtimoiy munosabatlarni (qarindoshlik, do'stlik singari) asosiy mezon qilib olish. Xalqaro tashkilotlarga ko'ra, nepotizm - korrupsiyaning bir ko'rinishidir.

Germaniyalik tadqiqotchilar Perez-Alvarez va Strulikning aniqlashicha, nepotizm va inson kaptali, xususan, mamlakat o'quvchilarining PISAdagi natijalari o'rtasida bog'liqlik bor ekan. Olimlarning yozishicha, qabul qilingan (perceived) nepotizm indeksining bir standart og'ishga oshishi o'rtacha PISA natijalarining 0,16 standart og'ishga pasayishiga olib kelar ekan. Tadqiqotchilar Singapur va Livanni misol sifatida keltirishadi: oxirgi o'n yilliklarda nepotizmga qarshi qoidalar mvaffaqiyatli ishlayotgan Singapur PISAda yuqori o'rinlarni egallab kelmoqda, Transparency International'ga ko'ra nepotizm keng tarqalgan Livan esa PISA tadqiqotlarida past natijalarni qayd etgan. Bu degani - nepotizm mamlakatdagi inson kapitaliga - o'quvchilarning kognitiv qobiliyatlari va maktabdagi sa'y-harakatlariga (effort) salbiy ta'sir ko'rsatadi. Shuningdek, nepotizm qobiliyatlilarning mamlakatdan chiqib ketishiga va o'z qobiliyatlarini nepotizm darajasi kamroq bo'lgan joylarda ishga solishiga olib keladi.

Qiziq xulosalar. Balki O'zbekistonning PISAdagi ayanchli natijalari sabablaridan biri ham lavozimlarga qobiliyat va tajriba asosida emas, balki kimningdir o'g'li - qizi, jiyani, do'sti - dugonasi va hokazo bo'lgani uchun tayinlash amaliyotidir?
👍18🔥4