Jalilov. Qaydlar
4.1K subscribers
1.44K photos
17 videos
22 files
2.27K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Qiziq, bizning OAVlar qachon bir-birini va mualliflik huquqini hurmat qilishni oʻrganar ekan?

TIMSS-2023 natijalari eʼlon qilingan kuni bu natijalar haqida yozgan nashrlar shunchaki Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi oʻz telegram kanalida eʼlon qilgan raqamlarni koʻchirib bosishdi - jurnalistlar hisobotning oʻzini tahlil qilib, oʻz xulosalarini berishni lozim koʻrishmadi.

Bugun Gazeta.uz da tadqiqot natijalari haqida batafsilroq maqola berildi. Bu maqolani shunchaki vazirlik saytidagi raqamlar olinmadi, mehnat qilindi: maqola muallifi (men) tadqiqot hisobotni oʻrgandi, muhim deb hisoblagan maʼlumotlarni ajratdi, matn yozdi, muharrir matnni tekshirdi, nashrga tayyorladi.

Boshqa bir nashr esa shunchaki bu maqolani (bir-ikki soʻzlarini oʻzgartirgan holda) koʻchirib bosdi. Maqola muallifiga ham, uni birinchi boʻlib eʼlon qilgan nashrga ham havola berishni lozim topmadi. Ikkinchi nashr jurnalisti hisobotni oʻzi oʻrganib, maqola tayyorlaganda balki birinchi maqola muallifi payqamagan yoki oʻz matniga kiritmagan qiziq yoki muhim maʼlumotlarni koʻrgan, oʻz nuqtayi nazarini bergan boʻlarmidi ...

Birovning mehnatini va mualliflik huquqini hurmat qilishni qachon oʻrganamiz, qiziq ...
🔥17👍6👏6
Umuman, OAVlar, nazarimda, shunchaki xabarlarni berish va qayta berish (koʻchirib bosish) bilan cheklanib qolmasdan, voqea-hodisa, vaziyat, muammoga oʻz nuqtayi nazarini, rakursini, tahlilini berishi kerak. Oʻquvchida ham xil maʼlumotlarni qiyoslab, oʻz xulosasini hosil qilish imkoni boʻlishi kerak. OAVning kuchi ham shunda.
👍7
Bugun - O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni.

Konstitutsiyaning asosiy vazifasi nima? Mening fikrimcha, u hokimyatlarning amalda bo'linishini ta'minlash va hokimiyatning turli bo'g'inlari bir-birini tiyib, nazorat qilib tura olishi uchun kerak. Qarorlar qabul qilishning barcha richaglari faqat bir markazda to'planib qolmasligini ta'minlash uchun kerak. Bir necha o'n millionli xalq faqat bir shaxsning qosh-qovog'iga qarab, u yoki uning masalahatchilari belgilab bergan qoliplar asosida yashashga majbur bo'lmasligi uchun kerak. Hujjatda hokimiyatning yagona manbayi deyilgan xalq davlat va jamiyat ahamiyatiga molik qarorlar qabul qilishda amalda ishtirok etishi, "xalq uyi" deyilayotgan parlamentda ijro hokimiyatiga xalqning pullari bo'yicha savol bera olmaydigan tilsiz-zabonsizlar emas, jamiyatdagi turfa qarashlar va maqsadlarga ega bo'lganlar qatlamlar manfaatlarini himoya qiladiganlar o'tirishini kafolatlash uchun kerak. Bir to'da oligarxiyaning turli cheklovlar va taqiqlar o'ylab topib xalqni talashiga yo'l qo'ymaslik uchun kerak. Va albatta SHAXSning erkinligini ta'minlash, shaxs o'z fikri, so'zi, qarashlari, dini, kiyimi yoki boshqa atributlari uchun ta'qib qillinmasligi, tazyiqqa olinmasligini kafolatlash uchun kerak.

Qabul qilinganidan beri o'tgan o'ttiz ikki yil davomida "baxtimiz qomusi" degan balandparvoz nomlar bilan ataladigan asosiy hujjat o'z missiyasini bajardimi, bajarmoqdami? Chiroyli maqsadlar deklaratsiya qilingan, lekin faqat bayramlarda va hujjatning o'zida belgilangan cheklovlarni aylanib o'tib, kimningdir "siyosiy Olimp"dagi umrini uzaytirish payti kelgandagina eslanadigan hujjat darajasidan chiqib, har bir davlat idorasi uchun asosiy dasturul-amalga aylandimi? Mening javobim - afsuski, yo'q.

Shu haftada dunyoning turli burchaklarida bo'lgan va bo'layotgan voqealar shuni ko'rsatadiki, Konstitutsiya ishlaydigan jamiyatlar barqaror bo'ladi, bir shaxs jarayonlarni o'zi stagan o'zanga burib yubora olmaydi. Qonunlar ishlamaydigan, legitimligi xalqqa asoslanmagan davlatchilik esa mo'rt bo'ladi, "do'ppi tor kelganda" uni hech kim himoya qilmaydi. "Qog'oz uy" singari sochilib ketmaydigan davlat bo'lishimiz uchun ham bizga ishlaydigan, shaxs erkinligini himoya qiladigan va hokimiyatlar bo'linishini amalda ta'minlaydigan Konstitutsiya kerak.
🔥9👍5
Forwarded from NeoJadid
U mamlakat bir paytlar koloniya bo‘lgan. Keyinchalik, sekulyar millatchilar rahnamoligida mustaqillikka erishgan. Milliy eyforiya tugadi, mustaqil davlatchilik qurish mashaqqatlari boshlandi.

Kechagi milliy qahramonlar tobora sulolaviy xonlar va sultonlarga aylanib bordi, butun hokimiyat (va boyliklar) tepadagi bir oila va uning son-sanoqsiz qarindoshlari qo‘lida jamlandi. Fuqarolar mustaqillik va’da bergan natijani o‘z hayotida sezmadi, mustaqillik bilan bog‘liq umidlari puchga chiqdi.  Xususan, sobiq xo‘jayin o‘rniga kelgan mahalliy elita milliy boyliklarni xususiylashtirib, G‘arbga tashib ketdi. 

Madaniyat mo‘rtlashdi, quruq “ma’naviyat va ma’rifatga” aylandi, odamlarning xo‘rlanishi va tahqirlanishi odatiy tus olib, jamiyat beqarorlashdi. 

Osmonning musaffoligini saqlab qolish uchun “siloviklarga” juda katta imtiyoz va erkinliklar berildi, buning natijasida maxsus xizmatlar yoki harbiylar “davlat ichida davlatga” aylandi.Barcha uchun majburiy, tushunarli qonun-qoidalar o‘rniga “ponyatka” bo‘yicha yashash urf oladi. Do‘stlarga hamma narsa, dushmanga qonun taklif qilindi. Shaffof o‘yin qoidalarini o‘rnata olmagan (istamagan) hukmron elita "lyubaya biznes harasha" va "mendan keyin to‘fon bosmaydimi" kayfiyati bilan yashadi. 

Iqtisodiy, siyosiy va madaniy istiqbol yo‘qligini birinchi bo‘lib sezgan ziyolilar bu jamiyatdan “surdi”. Brain drain natijasida, iqtisodiy, siyosiy va madaniy kelajak haqiqatdan ham barbod bo'ldi, ortda qolgan barcha uchun imkoniyatlar cheklandi, toraydi. Jamiyat har tomonlama primitivlashdi.

Boshqa jo‘yali e’tiroz shakli qolmagani uchun nohaqliklarga e’tiroz Islomiy lisonda ifodalandi.  Islom bu jamiyatda zulmga qarshi turib beruvchi, taskin beruvchi yagona mafkuraga aylandi. Hukmron millatchi sekulyar elita Islom faktori bilan hisoblashish o‘rniga, qatag‘on yo‘liga o‘tdi. Yillar davom etgan tazyiq va qatag‘onlarga qaramay, Islomiy harakatlar kuchayaverdi.

O'z xalqini bostirish, yana ozgina ko‘proq millatni talash maqsadida hukmron elita mamlakatni "harbiy yordam evaziga resurslar" formulirovkasi bilan tashqi kuchlarni jalb qildi, ularning vassaliga aylandi.

Va baribir, bir kun, mamlakatni honavayron va qashshoq holda tashlab, ayollarining 3400 poy lyuks oyoq kiyimini yig'ib shaxsiy jetlarida sobiq metropoliyaga qochishga majbur bo'ldi.

Mana shu Yaqin Sharqning yangi tarixi va agar hukmron elitalar o‘zini yig‘ib olmasa, Markaziy Osiyoni kutayotgan voqealar rivoji.
👍25😢6🔥5👏4🤔1
UNICEF "O'qituvchilar bo'yicha global hisobot"ni e'lon qildi. Hujjatda dunyoning turli mintaqalarida maktablarning o'qituvchilar bilan ta'minlanganlik darajasi, o'qituvchilar yetishmovchiligiga sabab bo'layotgan omillar tahlil qilinadi hamda o'qituvchilik kasbining jozibasini oshirish bo'yicha tavsiyalar beriladi.

Hujjatda aytilishicha, dunyo bo'ylab 31 million o'rta ta'lim o'qituvchilariga va 13 million boshlang'ich sinf o'qituvchilariga ehtiyoj bor. Shulardan 58%i kasbini tashlab ketayotgan o'qituvchilar o'rnini to'ldirish uchun kerak. O'qituvchilar yetishmovchiligi muammosi deyarli har bir davlatga va ta'limning har bir darajasiga u yoki bu shaklda ta'sir qiladi.

Markaziy va Janubiy Osiyoda bir o'qituvchiga o'rtacha hisobda 29,8 o'quvchi to'g'ri keladi. Bir nafar malakali o'qituvchiga to'g'ri keladigan o'quvchilar soni undan ko'proq - 34,9. Hisobot mualiflarining ta'kidlashicha, sinf hajmi (sinfdagi o'quvchilar soni ko'pligi) o'qituvchining ruhiy salomatligi va ishidan qoniqishiga salbiy ta'sir qiladi, shuningdek, o'quvchilarning o'rganish natijalariga ta'sir qiluvchi muhim faktorlardan biridir.

Hisobot mualliflari o'qituvchilar yetishmovchiligiga ta'sir qiluvchi omillarni ikki guruhga bo'lishgan: o'qituvchilik kasbidan "itaruvchi" omillar ("push" factors) va o'qituvchilikdan boshqa kasblarga "tortuvchi" omillar (pull factors). Birinchi guruhga o'qituvchilik kasbidagi stressning yuqoriligi, hayot va ish balansini ushlash qiyinligi, maktablardagi turli tekshiruvlar, o'qituvchilarga nisbatan jismoniy va psixologik zo'ravonlik kabi omillar kiritilgan. Bunday omillar o'qituvchilik kasbidan qaytaruvchi omillardir. Ikkinchi guruhda boshqa sohalardagi nisbatan yuqori ish haqi va imtiyozlar (masalan, tibbiy sug'urta), professional avtonomiya (kasbida mustaqil qarorlar qabul qilish imkoniyati), karyera qilish (kasbiy o'sish) imkoniyatlari singari omillar kiradi - bular o'qituvchilikdan boshqa kasblarni tanlash yoki kasbini o'zgartirishga majbur qiluvchi omillar.

Qizig'i, tadqiqotga ko'ra, kvalifikatsiyasi pastroq o'qituvchilarni professional yordam (qo'llab-quvvatlash) yo'qligi ishdan ketishlariga ta'sir qiluvchi omillardan biri bo'lsa, kvalifikatsiyasi yuqoriroq o'qituvchilar boshqa sohalarda karyera qilish imkoniyati tufayli yoki intellektual qoniqish izlab o'qituvchilikdan voz kechadilar.
🔥5👍3
“Senzurani xalq talab qilyapti”mish, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga koʻra.

Qaysi "xalq"? Masalan, men ham xalqman va menga senzura kerak emas. Qolaversa, "xalq talab qilyapti" degan bahona - amaldagi Konstitutsiya va qonunlar taqiqlagan narsalarni joriy qilaverish uchun asos boʻlishi mumkinmi? Masalan, tasavvur qiling, "xalq" oʻz ishini eplay olmayotgan vazirlarning butun faoliyati davomida xalq toʻlayotgan soliqlar hisobidan olgan oyligi davlat gʻaznasiga qaytarilishini talab qilsa, bu talab bajariladimi? Yoki qonunlar bunga yoʻl qoʻymasligi esga tushadimi?

Bu vaziyatda Adliya vazirligi nega jim?
👏10🤯3👍1
"Xalqning talabi"ni bajarishga shunchalik oshiqishar ekan, men xalq sifatida xalq (shu jumladan men) toʻlayotgan soliqlar hisobidan kun koʻrayotgan va xalq (shu jumladan men) uchun foyda keltirmayotgan tashkilotlar, xususan, senzura gʻoyasi bilan chiqqan Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda bu gʻoyani qoʻllab-quvvatlayotgan Madaniyat vazirligining yopilishini talab qilaman. Qani, mening talabimni kimdir bajaradimi?

Adliya vazirligi talqon yutdimi?
👍26🔥2
"Sevimli" telekanalining "Yangi hayot" ko'rsatuvida yangi baholash tizimining muhokamasi bo'lyapti. (Buni aslida "muhokama" deyish qiyin, chunki faqat tizimni mataydiganlar chaqirilibdi studiyaga, ikkinchi tomon yo'q. Hatto boshlovchining savollarni qo'yishidan ham uning betaraf emasligini ko'rish mumkin. Xullas, "muhokama" emas, "maqtash kampaniyasi").

Ko'rsatuvda qatnashayotgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi direktori Dilrabo Davidovaning fikricha, yangi baholash tizimining asosiy "fishka"si - o'quvchining bilimini standartlar asosida baholash imkonini berar ekan.

"Ta'lim standartlarining o'zi yo'q-ku, nima asosida baholaysizlar?" degan savolni beradigan odam topilmadi studiyada.

Ma'lumot uchun: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida vazirlikning O‘quv jarayonini metodik jihatdan ta’minlash va darsliklar boshqarmasi boshlig‘i Dilshoda Norboyevaga ko'ra, O‘zbekistonda 2025-yil yakunigacha 1−11-sinflarni o‘z ichiga oladigan yagona ta’lim tizimi uchun o‘quv dasturlari va davlat ta’lim standarti (DTS) jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.
🤯15👍8👎4
"Sevimli" telekanalining yangi baholash tizimiga bag'ishlangan "Yangi hayot" ko'rsatuvida studiyadagilarning ixtisoslashtirilgan maktablar va "oddiy" maktablar o'rtasidagi farqlar va bundan kelib chiqadigan tabaqalashtirish haqidagi savolga Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi direktori Dilrabo Davidova "bu - tabaqalashtirish emas, ixtisoslashtirilgan maktablar "lokomotiv" vazifasini bajaradi, ulardagi yangi yondashuvlar bosqichma-bosqich oddiy maktablarga joriy qilinadi" , mazmunida javob berdi.

Bu - taqalashtirish va bunday tabaqlashtirish ta'lim va jamiyat uchun ijobiy natija bermasligi xalqaro tadqiqotlar isbotlagan. Masalan, PISA tadqiqotlarining xulosalariga ko'ra, muvaffaqiyatli ta'lim tizimlari tenglik (adolat) tamoyiliga amal qiladi va hamma uchun sifatli ta'lim olishga teng imkoniyat yaratishga harakat qiladi. O'quvchilarni "iqtidorli" va "iqtidorsizlar"ga ajratib, ularga har xil sharoitlar yaratish samarali yondashuv emasligini boshqa tadqiqotlar ham (masalan, Qozog'iston - Nazarboyev maktablari misolida) isbotlagan.

"Lokomotiv" (ixtisoslashtirilgan maktablar "lokomotiv" vazifasini bajarishi) masalasiga kelsak. Hammo sharoitlari muhayyo, "teplitsa" sharoitlar yaratilgan maktablarda samara bergan "ilg'or" tajribalar oddiy hojatxonasi yoki ichimlik suvi yo'q, uch smenalab o'qishga majbur maktablarda samara bermaydi. Shuning uchun "lokomotiv" haqidagi gaplar - yoki o'zini-o'zi, yoki xalqni aldashdan boshqa narsa emas.
👍46🤯1
"Sevimli" telekanalining yangi baholash tizimiga bag'ishlangan "Yangi hayot" ko'rsatuvi haqida yana bir mulohaza.

Yangi baholash tizimining afzalliklari haqida gapirib berish uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabning sobiq o'quvchilari, hozirda "Yangi O'zbekiston" universiteti talabalari taklif etildi. Bu - mening fikrimcha, noto'g'ri yondashuv. Chunki "Yangi O'zbekiston" universiteti Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimiga kiradi. Yangi baholash tizimini joriy qilayotgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi ham xuddi shu ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimiga kiradi. Ya'ni, ko'rsatuvga o'z fikrini aytish uchun taklif qilingan talabalar qaysidir ma'noda agentlikka hali ham bog'liq va bu albatta tomoshabinda (universitetning ham agentlik tizimiga kirishini bilgan tomoshabinda) savollar tug'dirishi aniq. Agar ko'rsatuv ijodkorlari xolis fikr eshitishni istasa (shunday maqsad qo'yilgan bo'lsa), agentlikka va umuman tizimga aloqasi bo'lmaganlarni chaqirishi kerak edi, nazarimda.
👍10🔥3
Xursand bo'lishga hali erta. Darsliklar masalasida to'laqonli islohot zarur!

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yilda darsliklar ijarasi uchun to'lov undirilmasligini, davlat byudjeti doirasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan ta’minlash bo‘yicha ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini berishini ma'lum qildi.

Bu - ota-onalar darsliklar va mashq daftarlari uchun umuman pul to'lamasligini anglatmaydi. Darsliklar va mashq daftarlari uchun davlat byudjetidan pul ajratiladi degani - har birimiz to'layotgan soliqlarimiz va / yoki davlat olayotgan, ertaga o'zimiz va farzandlarimiz foizlari bilan qo'shib to'laydigan kreditlar (qarzlar) orqali ushbu darsliklar va mashq daftarlari uchun pul to'laymiz, degani.

Sir emaski, hali "fin", hali "Singapur" tajribasini joriy qilish bahonasida darsliklar asosan bir qo'lli qilindi. Bir aylanib "darsliklar qiroli"ga aylangan xususiy nashriyot bir yog'i haydovchilarni imtihon qilish markazlari-yu, bir yog'i avtomobil uchun davlat raqami olganingizda to'laydigan pulingizning katta qismini oladigan MCHjning "qarindoshi", taniqli shoir aytmoqchi, "o'rtada begona yo'q". Va bunday "bir qo'lli"likning "meva"larini ko'rib turibmiz.

Masalan, bu nashriyot 2023-yilda chiqargan darsliklarning ayrimlari bir-yil o'tar-o'tmas qayta nashr qilindi, lekin bu qayta nashr qilish pulini kim to'ladi - xatoni qilgan nashriyotmi yoki soliq to'lovchilarmi, degan savolga haligacha tayinli javob berilganini ko'rmadim.

Yoki bu yorda Iqtisodiyot va moliya vazirligi "2024-yilda maktab o‘quvchilari uchun 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun Davlat budjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratilgan", deb turgan bir paytda, bu yoqda ijtimoiy tarmoqlarda hali u fandan, hali bu fandan darslik yo'q, deyishmoqda.

Shunday holatlar bo'lmasligi uchun ham yagona darslik tizimidan voz kechilishi zarur. Samarali ishlayotgan ta'lim tizimlarida darsliklarni tanlash imkoni oddiy holat ekanligi haqida oldin ham yozgan edim. Davlat darsliklarni yaratish va chop qilishga aralashmasa, darsliklar sifatliroq bo'ladi va arzonroq bo'ladi. (Iqtisodchi Bekzod Hoshimov mana bu yerda xuddi shunday fikrni yonilg'i uchun aytgan, lekin iqtisodiyot nuqtayi nazaridan yonilg'i, darslik, paypoq, non - farqi yo'q, uni ishlab chiqarishga davlat aralashmasligi kerak). O'sha "gid"lar oilasidan chiqqan xususiy nashriyotning ishqi darslik chiqarishga tushsa, marhamat - erkin, halol, raobatli bozorda darsligini chiqarsin va iste'molchiga taklif qilsin (agar qo'lidan kelsa).

Ya'ni, davlat (vazirlik) davlat ta'lim standartlari va o'quv dasturlarini e'lon qiladi (hozir ular ham yo'q, endi ularni "ishlab chiqish yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda", lekin darsliklar "qo'lqopday" almashtirilib yotibdi), nashriyotlar vazirlik e'lon qilgan standartlar va dasturlar asosida darsliklarini yaratadi, maktab jamoalari bu darsliklardan o'ziga maqbulini tanlaydi, davlat maktab kutubxonasiga maktab jamoasi tanlagan darsliklarni olib beradi. Butun O'zbekiston maktablari bir darslikdan o'qishi shart emas: maqsad (standart, dastur) bir, unga olib boradigan yo'llar xilma-xil. Nashriyotlar o'zlari yaratgan darsliklarini sotuvga chiqarish huquqiga ham ega bo'lishi kerak - kimdir, masalan, o'z farzandi kitobga yozib-chizib o'rganishini istasa, kitob do'konidan sotib olib beradi. Butun normal dunyo shunday tizimda ishlaydi.

Shunday ekan, ijara to'lovining qaytmasligi - to'laqonli yechim, to'laqonli g'alaba emas. Farzandlarimiz sifatli darsliklar bilan o'qishini istasak, darsliklarni kim yozib, kim chop qilishini va farzandlarimiz qaysi darsliklardan o'qishini hal qilish vakolatini kabinetlarda o'tirgan chinovniklar va ular bilan osh-qatiq oligarxlardan olib qo'yishimiz kerak.
👍16
Shu "Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi" degan balandparvoz nomdagi va men, siz, hammamiz toʻlaydigan soliqlar hisobidan moliyalashtiriladigan tashkilot ham nima maqsadda ochilganini unutib yuborgan shekilli - hali qarasangiz memorandum, hali qarasangiz konferensiya, mana endi kitobxonlik boʻyicha tadqiqot emish.

Aslida-ku, tashkilot missiyasini bajarib boʻldi, endi yopilsa ham boʻlardi. "Mavr oʻz ishini bajarib boʻldi, mavr endi ketsa ham boʻladi" degandek.
👍10👎2🔥2
"Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazida Tarix fani ishchi guruhi tomonidan "Umumiy o‘rta taʼlim maktablari fanlari davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish" boʻyicha fanga oid muhokamalar bo‘lib oʻtdi".

Darsliklar chiqaramiz, keyin davlat taʼlim standartlarini ishlab chiqamiz, keyin darsliklarni davlat taʼlim standartlariga moslashtirish bahonasida yangilaymiz ... Yaxshi biznes. Doimiy, xuddi charxpalak singari. Oʻlmagan soliq toʻlovchilar hammasini toʻlayveradi.

Shuning uchun ham darsliklar yaratish, chop qilish va farzandlarimiz qaysi darsliklardan oʻqishini tanlash vakolatini chinovniklardan olib qoʻyish shart.
👍11
Ertalabki bayonot kechqurungisiga toʻgʻri kelmayapti. "Pinokkio burni" effekti?

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi: "Yangi baholash tizimining asosiy"fishka"si - oʻquvchining bilimini standartlar asosida baholash imkonini beradi".

Xuddi oʻsha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi: "Taʼlim standartlarini ishlab chiqish uchun ishchi guruhlar muhokamalari boʻlib oʻtdi".

Eʼtibor bering: bitta tizim ichidagi bir tashkilotning ertalab aytgan gapi xuddi shu tizim ichidagi boshqa bir tashkilotning peshindan keyin tarqatgan bayonotiga (aniqrogʻi, bayonotlariga - 1, 2, 3) toʻgʻri kelmayapti. Bittasi "standartlar asosida baholayapmiz", deyapti, boshqasi "standartlarni endi ishlab chiqadigan guruhlarni yigʻib muhokama qilyapmiz", deyapti.

Ajoyib. Kelishib olsalaringiz boʻlardi.
😢17🤬9👍4👎3🤯2👏1🤔1
Oldingi postlardan birida UNICEFning "O'qituvchilar bo'yicha global hisobot"i haqida yozgan edim. Hisobotda global miqyosda o'qituvchilar yetishmovchiligi va bunga ta'sir qiluvchi omillar (o'qituvchilik kasbidan "itaruvchi" omillar - "push" factors va 'qituvchilikdan boshqa kasblarga "tortuvchi" omillar - pull factors) tahlil qilingan.

Hisobotda, shuningdek, o'qituvchilar yetishmovchiligini hal qilish va o'qituvchilik kasbining jozibadorligini oshirish yo'llari ham keltirilgan:

- oylikni oshirish (hamma o'qituvchilar oyligini yoppasiga oshirish - "blanket raises" yoki ma'lum bir kategoriyalar uchun (masalan, endi o'qituvchilik sohasiga kirib kelayotganlarni - kasbga jalb qilish uchun, yoki tajribali o'qituvchilarni - sohada ishlab qolish uchun). Hisobotda 2020-2023 yillarda Qozog'istonda o'qituvchilar oyligining ikki baravar oshirilishi kasb jozibadorligini oshirish va o'qituvchilarga o'z ishidan qoniqish (job satisfaction) his qilishga yordam bergani qayd etiladi.

- munosib ish sharoitini ta'minlash: maktabdagi muhitni yaxshilash, o'qituvchilar ish vaqtini (xususan, bevosita dars berish vaqtini) kamaytirish, ma'muriy ishlarni (masalan, hisobotlar yozish) kamaytirish, bevosita dars berish va boshqa vazifalar o'rtasidagi balansni saqlash, sinfdagi o'quvchilar sonini kamaytirish, o'qituvchilarni zo'ravonlikdan himoya qilish va boshqa choralar. Misol sifatida Chilida o'qituvchilarning ish vaqtining bevosita dars berish uchun ajratiladigan qismi 75%dan 65%ga tushirilgani yoki Janubiy Koreyada o'qituvchilarga mustaqil malaka oshirish yoki energiyasini qayta tiklash uchun dam olishga chiqish huquqi berilgani qayd etilgan.

Hisobotda o'qituvchilik kasbining jozibadorligini oshirishning muhim yo'llaridan biri o'qituvchilar ovozini eshitish (ta'limga oid muhim qarorlar qilishda o'qituvchilarni jalb qilish) va o'qituvchilarga avtonomiya (erkinlik) berish ekanligi qayd etilgan.

"Muhim qarorlar qabul qilish jarayonida o'qituvchilar ovozini eshitish va innovatsiyalarni joriy qilishga ularni rag'batlantirish muhim, shu bilan birga ular o'z sinflarida ham ma'lum darajada avtonomiya va akademik erkinlik berish kerak. O'qituvchining sinf ichidagi avtonomiyasi tushunchasiga o'qituvchilarga o'qitish usullari va materiallari bo'yicha, o'quv dasturlarini va o'quvchilarni baholash metodlarini o'z sinflariga moslashtirish bo'yicha qarorlar qabul qilish imkoniyatini berish kiradi. O'qituvchilar avtonomiyasi ularning professionalligini oshirish kalitidir hamda ishdan qoniqish va samaradorlikni sezilarli darajada oshirishi mumkin",

deyiladi hisobotda.

Muvaffaqiyatli ta'lim tizimlarining, xususan, PISAda yuqori natijalar qayd etgan ta'lim tizimlariga xos muhim umumiy xususiyat - maktablarga va o'qituvchiga ishonish va ularga erkinlik berish ekani haqida oldin ham yozgan edim. Xususan, aynan o'qituvchilar erkinligi Finlyandiyaning ta'limdagi muvaffaqiyatini ta'minlagan omillardan biridir.

Bizda esa Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi o'zini hali u, hali bu davlat "tajribasi"ga urar ekan, negadir masalaning bu jihatini esdan chiqaradi. Umuman, O'zbekiston o'qituvchilarini "qo'l-oyog'i bog'langan" ijrochilar va oldindan qat'iy belgilangan algoritmlar asosida ishlashga majbur robotlarga qiyoslash mumkin:

- o'qituvchi qaysi darslikdan o'tishni hal qila olmaydi - vazirlikdagi chinovniklar unga bitta darslikni berib, xatolarga to'la bo'lsa ham yoki bu darslik hali o'quvchilar qo'liga yetib kelmagan bo'lsa ham "shundan o'tasan" deydi;

- vazirlik ularga taqvim-mavzuiy rejani tushirib, darsliklardagi mavzularni qaysi ketma-ketlikda o'qtish va qaysi mavzuga necha soat ajratishgacha belgilab beradi - o'qituvchi o'z sinfining ehtiyojlaridan kelib chiqib, qaysidir mavzularga ko'proq, qaysidir mavzularga kamroq vaqt ajrata olmaydi;

(davomi quyida)
👍8
(davomi)

- yangi baholash tizimida o'qituvchilarga hatto o'z o'quvchilarini baholash ham ishonilmaydi - vazirlik qoshidagi markaz BSB - CHSBlarini tuzib jo'natadi va shular asosida baholashni talab qiladi, bu BSB - CHSBlar sifati katta so'roq ostida bo'lsa ham. Bunday yondashuv o'z ishiga ijodiy yondashadigan, kuchli o'qituvchilarni davlat ta'lim tizimidan chiqib ketishga rag'batlantirishi va ta'limda tengsizlikni yanada kuchaytirishga hissa qo'shishi haqida yozgan edim.

O'qituvchilarga bunday munosabat bilan tizimga na kuchli o'qituvchilarni jalb qilib bo'ladi, na borlarini, hali ishlayotganlarini tizimda ushlab qolib bo'ladi. O'qituvchiga professionallar, o'z ishining ustalari sifatida qarash kerak. Shunda ularda o'z ishidan qoniqish va o'z ustida ishlashga rag'bat paydo bo'ladi.
🔥10👍6👎2
Jalilov. Qaydlar
Zo'r TV telekanalining "O'zimizda" tok-shousida yangi ('mezonlarga asoslangan" deyilayotgan) baholash tizimining muhokamasi: https://www.youtube.com/watch?v=fPHo0iuYjhM
Muhim gaplar va qizg'in bahslar kesib tashlanibdi. Masalan, zaldagi maktabni bitirgan o'quvchining aynan yangi baholash tizimini deb o'qishga kira olmagani haqidagi fikrlari, boshqalarning yangi tizim bo'yicha e'tirozlari, mening standartlar haqidagi fikrlarim davomi va darsliklarning almashib yotgani haqidagi gaplar, shu paytda zalning fikrlarimni qo'llab-quvvatlab qarsak chalib yuborgani - ayamay "chopilibdi". Faqat bir tomon uchun manfaatli gaplarni qoldirishga harakat qilinganga o'xshaydi.

Tushunaman, efir vaqti cheklangan bo'lishi mumkin (kekin ko'rsatuv YouTube'da efirga ketdi, telekalning o'zida bu paytda kliplar berilayotgan edi shekilli - YouTube'da esa efir vaqti chegaralanmagan). Nima bo'lganda ham, ko'rsatuvni montaj qilayotganda turli fikrlar balansini saqlab qolishga harakat qilish kerak edi. Yoki studiyaga faqat "ura-ura"chilarni chaqirish kerak edi. Menimcha.
👍23😱2
Ovozlarni o'chirishning "sivilizatsiyalashgan" usuli

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining sobiq deputat Dusov ustidan g'alabasidan chamasi ilhomlangan energetika vazirligi Otabek Bakirov ustidan prokuratura va IIBga ariza kiritibdi: bakiroo kanalidagi tinimsiz ta'mirlanadigan Sag'bon podstansiyasi haqidagi postlaridan vazirning nozik ko'ngillari og'ribdi. Bundan tashqari, "non bo'lmasa pirojniy yeyish"ni - "gaz bo'lmasa benzinga o'tish"ni taklif qilgan shonli energetiklarimiz kun.uz nashrini ham sudga berishmoqchi ekan.

"Uchta O'zbekistonni boqishga yetadigan gazi bor" O'zbekistonning qanday qilib sof eksportyordan sof importyorga aylangani-yu nega har qanday ob-havo bizning energetiklarimiz uchun "anomal" kelishini tushuntirishdan ko'ra tushuntirish talab qilayotganlarning ovozini sud orqali o'chirish osonroq shekilli. Lekin hammaning ovozini birdaniga o'chira olmaysiz.
👍38🔥13🤯4
Ijtimoiy tarmoqlarda shonli energetiklarimizning (balki shonli qovunchilarimizning) Otabek Bakirov ustidan huquq-tartibot organlariga shikoyat kiritganiga munosabatlardan.

Darhaqiqat, chiroqlarimiz kunda-kunora taʼmir bahona oʻchmayapti, uylarimiz issiq, haydovchilar "zapravka"larda navbat kutib umrini oʻtkazmayapti, hamma muammolarimiz hal boʻlgan. Shuning uchun ham vazir zerikkanidan endi "ariza - ariza" oʻyini oʻynayapti. Axir, qolgan hamma ishlarini qoyillatib qoʻyishdi-da. Axir ular shonli-da.
👍20😢8👏1