Jalilov. Qaydlar
4.1K subscribers
1.44K photos
17 videos
22 files
2.27K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Maktablarni zerikishga qo'ymaymiz! Ta'lim bir gap bo'lar, asosiysi - tadbirlar va hujjatlar?

Shonli energetiklarimiz hamma ishlarini qoyillatib qo'yib, zerikkanidan huquq-tartibot organlariga arizalar yozib yurgan bir paytda, Namangan viloyatidan kelayotgan xabarlarga ko'ra, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi Namangan boshqarmasi qishning sovuq kunlarida maktablarni zeriktirmaslikka qaror qilgan ko'rinadi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2024-yil 23-avgustdagi 273-son buyrugʻi 4-ilovasiga qaralsa, dekabr oyi - maktablarda “Huquqiy madaniyatni oshirish” oyligi ekan. Bu oyning

- birinchi haftasida: “Konstitutsiya olamiga sayohat” tadbiri, “Siz qonunni bilasizmi?” mavzusida viktorinalar, “Konstitutsiya erkinligimiz kafolati” mavzusida insholar tanlovi,

- 2-haftasida - “Madhiyamni kuylayman” tanlovi,

- 3-haftasida - “Jaholat va maʼrifat – nima?” mavzusida suhbatlar, jadid bobolarimiz tomonidan ilgari surilgan ilgʻor fikr va gʻoyalar haqidagi tushunchalarni singdirib borishga qaratilgan turkum tadbirlar, shuningdek, mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, milliy gʻoyani singdirish, mediasavodxonlikni oshirish hamda yot gʻoyalarga qarshi targʻibot ishlarini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar,

- 4-haftasida - yangi yil bayrami tadbirlari, “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan tadbirlar, Erkin Vohidov tavallud kuni munosabati bilan adabiy-badiiy kechalar, “Yashil maktabim” oʻquvchilar ekologik harakati, “Xalqaro inson huquqlari kuni”ga bagʻishlangan turkum tadbirlar tashkil etilishi kerak.

Bu - faqat dekabr uchun. O'quv yilining har bir oyining har bir haftasida shunday son-sanoqsiz tadbirlar. Va albatta, hammasining hisoboti, hujjati bo'lishi kerak.

Bundan tashqari:

- har haftaning payshanba kuni – Profilaktika kuni sifatida “Davomat” va “Tigʻ” reydlarini oʻtkazish;

- “Maktab-mahalla-ota-ona” tamoyili asosida mahalla yettiligi bilan hamkorlikda muntazam profilaktik tadbirlar amalga oshirish va hokazo va hokazo va hokazo.

Mana endi Namangan viloyati maktablariga tashlangan "desant" komissiya:

- mana shu tadbirlar va ular bo'yicha hujjatlar, bu tadbirlarning ijtimoiy tarmoqlarda yoritilganligi,

- sinf rahbarlarning sinf rahbarlik papkasi va sinf rahbarlik jurnali,

- kutubxonachilarning formulyari, ish rejasi, axboroti,

- psixologlar o‘quvchilarning ijtimoiy pasportini shakllatnitirlganligi, otasiz o‘quvchilar, onasiz o‘quvchilar, ota-onasiz (chin yetim) o‘quvchilar ro'yxatlarini shakllantirganligi va hokazo va hokazlarni (har biri 20ta allambalo bandlardan iborat "savolnoma"larga e'tibor bering) tekshirmoqda, deyishmoqda manbalar. "Maktablar kechgacha shu hujjatlar bilan bo‘lib, bittasi ham normal dars o‘tmagani aniq", iddao qiladi vaziyatdan xabardor manba.

Maktab ... ta'lim beradigan dargohmi yoki ... tadbirlar va hujjatlar maskani? Maqsad - o'qituvchilarni battar maktabdan bezdirishmi?
👍18🤬9🔥5
Jalilov. Qaydlar
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2024-yil 23-avgustdagi 273-son buyrugʻi 4-ilovasiga qaralsa, dekabr oyi - maktablarda “Huquqiy madaniyatni oshirish” oyligi ekan.
Lekin mana shu ilova (yuqoridagi postga ilova qilingan suratlarga qarang) juda qiziq ekan. Erinmasdan tuzilgan tadbirlar rejasiga qarab, yoqa ushlamaslikning iloji yoʻq. Vazirlikda shu roʻyxatni tuzib, imzoga kiritganning ham, imzolaganning ham kallasiga qoyil, deging keladi. PISA deysizlar, TIMSS-u PIRLS deysizlar, bunday kallalar bor ekan, taʼlimimiz ikki dunyoda ham odam boʻlmaydi.
😢14🔥8
"Oʻzi oxirgi paytlar taʼlim tizimiga pedagogikani bilmaydiganlar, pedagogika sohasiga yaqin yoʻlamaganlar aralashishi juda koʻpayib ketdi. Bilmayman nega taʼlim vaziligi bunga yoʻl qoʻyib beryapti", deydi Shokir Tursun kun.uz da taʼlim atrofida oxirgi paytlar boʻlayotgan voqealar, taʼlimga har xil tizimlarning aralashuvi masalasiga bagʻishlangan suhbatda.

Men esa savolni boshqacharoq qoʻygan boʻlardim. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining oʻzida taʼlim mazmuni, oʻquv dasturlari, metodika, baholash, taʼlimning samaradorligi va hokazo muhim masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilayotganlarning necha foizi pedagogika, taʼlim nazariyalari, pedagogik psixologiya, metodika, taʼlimda baholash singari sohalarni tizimli oʻrgangan, bu sohalar boʻyicha ilmiy manbalarni tikilagan, "mehnat daftarchasi"da emas, amalda biron-bir fandan biron-bir taʼlim muassasasida dars bergan?
👏15👍1
Bu suhbatda siyosatshunos Hamid Sodiq maktab oʻquvchilarini har xil "rangli" toifalarga ajratishlar-u taʼlim va sogʻliqni saqlashga hammaning aralashuvi tizimli muammo ekanligini yaxshi koʻrsatib berdi.

Ha, bizga kuchli, mandatni xalqdan oladigan, "sen kimsan-u ovozing nima boʻlardi" deya olmaydigan, kerak boʻlsa generalini chaqirib tergay oladigan parlament kerak. Qonunlar ishlashi kerak. Hokimiyatlar boʻlinishi, bir-birini tiyib tura olishi kerak. Aks holda na taʼlimda, na boshqa biron sohada tartib boʻlmaydi.
🔥12👍5
Shokir Tursun Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi haqida:

"Bu markaz tashkil topganida uning yagona vazifasi bor edi va markaz bu vazifani bajarib boʻlganidan keyin "tishi yoʻq boʻri"ga aylanib boʻldi".

Hamid Sodiq: "Puli bor odam bolalarini prezident maktablariga oʻtkazib yuboradi, ularda alternativa bor. Mana bu oʻrtadagi turli xil darsliklar bilan bogʻliq muammolar choʻkib, choʻkib yana oʻsha zaif qatlamga taʼsir qiladi".

Ha, bu markaz faqat bir maqsad uchun tuzilgan edi. Mavr oʻz ishini bajarib boʻldi - balki endi soliq toʻlovchilarga, shundoq ham defitsitli byudjetga ortiqcha yuk qilmasdan, "mavr"ni yopib yuborish vaqti kelgandir?
🔥10
Dilshooda
Siyosiy tahlilchi Hamid aka Sodiq kuchli parlament kerak ekanini aytmoqda. Pedagog, ta’lim eksperti Shokir aka Tursun esa Maktabgacha va maktab vazirligini keskin, qat’iy munosabatlar berishga chorlamoqda.
Jurnalist Dilshoda Shomirzayevaning yondashuvi menga yoqdi: suhbatga turli sohalar vakillarini - taʼlim boʻyicha mutaxassis va siyosatshunosni chaqirish. Bitta muammoga turli rakursdan qarash muammoning ildizini tushunishga yordam beradi.
👍23
Va nihoyat Adliya vazirligi tilga kirdi:

Ma’naviyat va ma’rifat markazi e’lon qilgan media mahsulotlarni “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan va yuridik kuchga ega emas. Qaror hujjatni qabul qilgan organlar tomonidan bekor qilingan va ijrodan chaqirib olingan.

Amaldagi Konstitutsiya va qonunlarga zid normalar oʻrnatishga harakatlar ham jazolanishi kerak, toki istalgan tashkilot yoki organ oʻzi xohlagancha qarorlar qabul qilavermasin.
👏12👍6
Modomiki Adliya vazirligi tilga kirgan ekan, vazirlikka yana bir savol:

Shu kunlarda muhokamalarga sabab bo'layotgan boshqa bir hujjat - Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining yangi, "mezonlarga asoslangan" deyilayotgan baholash tizimini joriy qilish haqidagi buyrug'i Adliya vazirligi ro'yxatidan o'tganmi?

Yangi baholash tizimi bo'yicha tartib Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2024-yil 7-avgustdagi 250-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan. Tizim joriy etiladigan maktablar ro'yxati vazirning 2024-yil 26-avgustdagi 275-son buyrug'i bilan tasdiqlangan. Har ikkala buruqni ham biron-bir rasmiy manbadan (lex.uz yoki vazirlik veb-sayti) topish imkoni bo'lmadi.

"Normativ-huquqiy hujjatlar to'g'risida"gi Qonunning 37-moddasiga muvofiq, vazirliklar va idoralar normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etadi. Vazirliklar va idoralarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlari tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Xuddi shu qonunning 38-moddasiga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda e’lon qilinishi kerak. Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlari matnlarining elektron shakllari ularni qabul qilgan organlarning rasmiy veb-saytlarida normativ-huquqiy hujjat rasmiy e’lon qilinganidan keyin bir kun ichida e’lon qilinishi shart. Normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir.

Savol: Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining yangi baholash tizimi bo'yicha tomonlarning (vazirlik, maktab, o'qituvchilar, o'quvchilar, ularning ota-onalari) huquq va majburiyatlarini belgilaydigan va hech qaysi rasmiy manbada topish imkoni bo'lmayotgan buyrug'i Adliya vazirligi ro'yxatidan o'tganmi? Agar "ha" bo'lsa, nega bironta rasmiy manbada yo'q? Agar "yo'q" bo'lsa, unda bu buyruq(lar) qonuniy kuchga egami?
👍15🔥4
lex.uz da maktab o'quvchilarining bilimini baholashni tartibga soladigan ikki hujjatni topa oldim:

1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan "Umumiy o'rta ta'lim to'g'risidagi Nizom".

Mazkur hujjatning 33-bandiga ko'ra, o‘quvchilarning sifatli bilim olishini va ularni umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlariga mos holda o‘qitish natijalarini nazorat qilishni ta’minlash maqsadida umumta’lim muassasalarida quyidagi nazorat turlari olib boriladi: joriy nazorat, oraliq nazorat, yakuniy nazorat va bosqichli nazorat.

2. "5 — 9-sinf o‘quvchilarining bilimlari sifatini nazorat qilishning reyting tizimi to‘g‘risida"gi Nizom. Mazkur nizom O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2010-yil 8-iyundagi 23 va 11/QQ qarori bilan tasdiqlangan (Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 25-iyunda 2117-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan), keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining 2018-yil 6-apreldagi 4-mh va 2-mh qarori bilan o'zgartirishlar kiritilgan (mazkur o'zgartirishlar kiritish haqidagi qaror ham Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 4-mayda 2117-1 ro'yxti bilan ro'yxatdan o'tkazilgan).

Mazkur nizomga ko'ra ham o‘quvchilarning bilim saviyasi va o‘zlashtirish darajasining Davlat ta’lim standartlariga muvofiqligini ta’minlash uchun quyidagi nazorat turlarini o‘tkazish nazarda tutiladi: joriy nazorat, oraliq nazorat, yakuniy nazorat va bosqichli nazorat. Har bir nazorat turi qanday shaklda o‘tkazilishidan qat’i nazar, besh (5) ballik (“5”, “4”, “3”, “2”, “1”) usulda butun sonlar yordamida baholanadi.

O‘quvchilarning o‘quv yili davomida nazorat turlari bo‘yicha olgan ballari hamda yillik (yakuniy) baholari asosida har bir o‘quv fanidan yillik reyting ko‘rsatkichi aniqlanadi. Bunda o‘quvchining yillik (yakuniy) bahosi:
“5” bo‘lganda — 86, 90, 95 va 100 reyting ko‘rsatkich ballaridan biri;
“4” bo‘lganda — 71, 75, 80 va 85 reyting ko‘rsatkich ballaridan biri;
“3” bo‘lganda — 56, 60, 65 va 70 reyting ko‘rsatkich ballaridan biri qo‘yiladi.

O‘quvchining yillik reyting ko‘rsatkich ballarini aniqlash usuli o‘quv fani xususiyatidan kelib chiqqan holda o‘qituvchi tomonidan belgilanadi.

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining hech qaysi rasmiy manbada topilmayotgan va Adliya vazirligining ro'yxatidan o'tgan yoki o'tmaganligi mavhum qolayotgan buyruq(lar)i bilan tasiqlangan yangi baholash tizimi esa rasmiy manbalarda e'lon qilingan har ikki hujjatni inkor qiladi.

Yana o'sha Adliya vazirligiga savol: rasmiy manbalarda e'lon qilingan va hali ham yuridik kuchga ega qoidalar rasmiy manbalarda e'lon qilinmagan hujjatlar bilan inkor qilinishi mumkinmi?
👍9
Jalilov. Qaydlar
Maktab ... ta'lim beradigan dargohmi yoki ... tadbirlar va hujjatlar maskani? Maqsad - o'qituvchilarni battar maktabdan bezdirishmi?
Yuqoridagi "ajoyib" buyruq ilovasi va savolnomalar asosidagi tekshiruv haqidagi postga kelgan izohlardan:

Hozir yil yakuni bo‘yicha hisobot olinyabdi. Hisobotda maktabdagi tadbirlar bo‘yich yil davomida ijtimoiy tarmoqda nechta lavha yoritilganligini sanab yozish topshirilgan. Odam "doood" degisi keladi. Bunaqa kurakda turmaydigan topshiriqlar son-sanoqsiz.

O'sha savol: Maqsad - o'qituvchilarni battar maktabdan bezdirishmi?
😱5👍4🤯1
Jurnalist Ibrat Safo yozmoqda:

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirovning 2023 yil iyunida yozgan posti uchun 2024 yil oktyabrida uning ustidan Prokuratura va IIVga shikoyat arizasini kiritibdi. Bugun havo sal normallashgani sabab gaz shoxobchalaridagi navbatlar yo‘qolgan deyilyapti, lekin oxirgi sovuq kunlarda elektr, gaz va yoqilg‘idan ijtimoiy tarmoqlarda noliganlar maxsus “suhbatlar”ga chaqirilgan. Vazir nega Bakirov yozgan postdan 1 yilu 7 oy o‘tib uni sudga bermoqchi bo‘layotgani, yumshoq qilib aytganda, g‘alati.

O‘zim shu kunlarda O‘zbekistondan qaytdim. Svet kuniga o‘chdi. Svet o‘chsa, suv ham to‘xtadi. Darvoqe, vazir Mirzamahmudov 2023 yil dekabri oxirida “O‘zi nima gap?” dasturida shunday
degandi: “Generatsiya tarafidan ishontirib aytamanki, 2024 yildan 100 foiz o‘z ichki ehtiyojimizni qoplash imkoniyatimiz paydo bo‘ladi. Biz buni ta’minlaymiz, bizga shunday vazifa qo‘yilgan. Agar bu vazifani bajara olmasak, o‘ylaymanki, nafaqat men, balki tizimimizdagi barcha mas’ullar ishlashga noloyiqmiz”.
👍33🤯3