Jalilov. Qaydlar
4K subscribers
1.44K photos
17 videos
22 files
2.26K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
"Mening fikrim" portalida (bir paytlar prezident tashabbusi bilan ishga tushirilgan va "demokratiyaning ilg‘or mexanizmi" deya ta'riflangan mazkur portal hali ham "tirik" ekan) ta'limga oid ikkita petitsiya joylanibdi.

Mazkur petitsiyalardan biri ta'lim tizimini to'liq besh kunlik o'qish va ish rejimiga o'tkazish haqida bo'lib, uni shu paytgacha 8600dan oshiq foydalanuvchi qo'llab-quvvatlagan. Qizig'i, bunday tashabbus oldin ham ilgari surilgan edi. Ayrim faollar "elita" uchun mo'ljallangan maktablar (masalan, Prezident maktablari) allaqachon besh kunlik rejimda bo'lgan bir sharoitda (bu maktablar avval-boshdan besh kunlik tizimda edi, aybi - qo'lida O'zbekiston pasporti bo'lgan o'qituvchilarning tushiga ham kirmaydigan oyliklar-u imtiyozlar evaziga ishga jalb qilingan xorijlikliklarni haftasiga 6 kun ishlataman deb ko'ring-chi?) "qora xalq" uchun mo'ljallangan maktablar 5 kunlikka o'tkazilsa, yoppasiga 3 smenada o'qishga majbur bo'lishidan xavotir bildirishgan. Bunday xavotirlarni tushunsa bo'ladi, lekin 5 kunlikka o'tish o'quv dasturlarini optimallashtirish, o'quvchi va o'qituvchilar yuklamasini kamaytirish evaziga ham amalga oshirilishi mumkin. Ko'p ishlash (o'qish) har doim ham samarali / sifatli ishlash (o'qish) degani emas - O'zbekiston ta'lim tizimi buning yaqqol isboti. O'zi dunyo to'rt kunlik ish haftasini muhokama qilayotgan va ayrim davlatlar buni amaliyotga tadbiq qilayotgan bir paytda biz "besh kunmi yoki olti kun?" deya bahslashimiz, ochig'i, qandaydir erish tuyuladi.

Ikkinchi petitsiya esa "yangi" baholash tizimidan voz kechish haqida. Umuman, Qozog'istondan ko'chirilgan (shunda ham noto'g'ri ko'chirilgan) mazkur baholash tizimining ta'lim oluvchilar va ta'lim beruvchilarga salbiy ta'siri haqida ko'p yozildi, gapirildi. Lekin muammoni tan olish va yechish o'rniga qonunchilik hujjatlarini mazkur tizimga moslashtirish boshlandi. Qiziq yondashuv: oldin tizim joriy qilinadi, keyin normatuv hujjatlar bu tizimga "podgon" qilinadi. Lekin hujjatlar "podgon" qilingani bilan muammo muammoligicha qoladi - "yangi" deyilayotgan baholash tizimi o'qituvchining ham, o'quvchining ham ishga, o'qishga bo'lgan munosabatiga jiddiy salbiy ta'sir qiladi va ta'limga katta zarar yetkazadi.

Har ikkala petitsiya ham qo'llab-quvvatlashga arziydi, lekin qizig'i, bu petitsiyalarni o'zi kimdir ko'radimi? "Mening fikrim" -xalq, jamoatchilik fikri bilan "tepa"da qiziqmay qo'yishganiga ancha bo'ldi shekilli?
🔥14👍7😢3
Ilm-fan, mifologiya va ta'lim

"Jamiyat sifatida mifologik dunyoqarash vakilimiz. Hamma hodisalarni g‘ayritabiiy hodisalar bilan izohlashga intilamiz".


Psixolingvist, filologiya fanlari nomzodi Iroda Azimovaning ushbu fikrlarini kengroq kontekstga tadbiq qiladigan bo'lsak, biz voqea-hodisalarni anglashda ko'proq o'zimiz uchun o'zimiz o'ylab topgan tushuntirishlarga tayanamiz, hatto ilm-fan va tajriba bu tushuntirishlarni inkor qilsa ham. Chaqaloqning ensa qismidagi soch to‘kilishini hasipga bog'lash-ku, nisbatan bezarar ko'rinishi mumkin, lekin achinarlisi, ko'p hollarda bunday g'ayrilimiy fikrlash asosida siyosat yuritiladi, muhim qarorlar qabul qilinadi, davlat, millat va jamiyat taqdiri hal qilinadi. Masalan, tadqiqotlar "tracking" - o'quvchilarni qobiliyatiga qarab ajratib o'qitish kutilgan samara bermaydi deydi, biz esa o'quvchilarni "tanlangan elita" va "qora xalq"qa bo'lishda davom etamiz, chunki shunday qilinsa ta'lim "samaraliroq" bo'lishiga ishonamiz . Yoki iqtisodchilar davlatning iqtisodiyotga aralashuvi, u har qancha xayrli maqsadlarni ko'zlamasin, teskari oqibatlarga olib keladi deb bong urishadi - davlat esa iqtisodiyotga aralashaverishdan, turli to'siqlar yaratishdan qo'ymaydi.

Eng qizig'i, bunday "mifologik dunyoqarash" ko'p hollarda ilm-fan vakillari - olimlarga ham xos. Ayrim olimlarimiz o'zlari uchun o'zlari o'ylab topgan "haqiqatlar"ga ishonishadi, ilm-fandagi tadqiqotlar bu "haqiqatlar"ga zid bo'lsa ham.

Masalan, maktabda adabiyot o'qitishdagi yondashuvlarni ko'rib chiqaylik. 2022-yilda yaratilgan adabiyot darsliklarida matn bilan ishlash uch bosqichda tashkil qilingan edi: mutolaadan oldingi topshiriqlar, mutolaa davomidagi topshiriqlar va mutolaadan keyingi topshiriqlar. Bunda har bir bosqichdagi topshiriqlarning o'z vazifasi bor. Yaqinda ayrim olimlar mutolaa davomidagi topshiriqlar "metodik jihatdan samarasiz" ekanini iddao qilib chiqishdi va shuning uchun 2024-yilda yaratilgan 5-sinf "Adabiyot" darsligida bunday topshiriqlardan voz kechilgani aytildi. Mutolaa davomidagi topshiriqlar nima uchun "metodik jihatdan samarasiz" ekani asoslanmadi.

Keling, mutolaa (matn bilan ishlash, matnni tushunish) jarayonining ilmiy asoslarini ko'rib chiqaylik. (Qizig'i, shu paytgacha adabiyot o'qitish metodikasi bo'yicha chop qilingan aksar darslik va qo'llanmalarda matnni o'qish (mutolaa) jarayonining ilmiy tahlilini ko'rmaysiz. Inson miyasi matnni qanday qabul qiladi? Matnni tushunish (comprehension) qanday jarayonlarga asoslanadi? Vaholanki, adabiyot darslarida o'quvchilar asosan matn bilan ishlar ekan, adabiyotni o'qitishda matn bilan ishlash bo'yicha ilmiy nazariyalar hisobga olinishi kerak emasmi?)

Dinamik matnni tushunish (Dynamic Text Comprehension - DTC) modeliga ko'ra, o'quvchi matnni birdaniga qabul qilmaydi. Bu jarayon sikllardan iborat: har safar matnning bir qismi o'qilganda matndan olingan ma'lumot va o'quvchining oldingi bilimlari asosida o'quvchi miyasida ma'lum bir "kartina" shakllanadi. Mutolaa davomida bu "kartina" muttasil yangilanib boradi: o'quvchi matnni o'qishda davom etar ekan, olgan ma'lumotlari asosida miyasidagi "kartina"ni to'g'rilab ketadi. Matnni tushunishning konstruktiv-integratsion modeliga ko'ra ham matnni tushunish matn hamda o'quvchining oldingi bilimi va tajribasi o'rtasidagi muttasil aloqaga asoslanadi: matnni o'qish davomida xulosalar (inferences) qilinadi, matnning miyadagi tasviri (mental representation) hosil bo'ladi va kontekstga bog'liq bo'lmagan (kontekst asosida noto'g'ri bo'lgan) tasvirlar zaiflashadi. O'qish davomidagi topshiriqlar miyada kechayotgan mana shu "ko'rinmas" jarayonlarni yuzaga chiqarishga yordam beradi. (E'tibor bering: har qanday holda ham o'quvchining oldingi bilimi va tajribasi matnni tushunish uchun muhim, "takomillashtirilayotgan" dasturlar va darsliklarda bu muhim tamoyil hisobga olinmagani haqida oldinroq yozgan edim).

(davomi quyida)
👍11
(davomi)

Tadqiqotchilarga
ko'ra, matnni tushunishda bashorat qilish, matn haqida gipotezalar yaratish va tushunishni monitoring (nazorat) qilish kabi strategiyalar ('think aloud" - "ovoz chiqarib fikrlash") muhim rol o'ynaydi. Masalan, hikoya davomida nima sodir bo'lishi yoki qahramon biron-bir harakatni nima uchun qilayotgani haqida o'ziga-o'zi savollar berib, bu savollarga javob berish va o'qish davomida o'z javoblarining qanchalik to'g'riligini tekshirib ketish, noto'g'ri gipotezalarni to'g'rilab ketish matnni tushunishga yordam beradigan strategiyalardir. Mutolaa davomidagi topshiriqlar aynan shunday "ovoz chiqarib fikrlash"ga yordam beradi.

Aytmoqchimanki, bir narsani inkor qilar ekanmiz, uni noto'g'ri der ekanmiz, "o'zimizga xos - o'zimizga mos" yo'lni tanlar ekanmiz, "nega?" degan savolni ham o'zimizga berishimiz kerak. Inkor qilinayotgan fikr / qarash / yondashuv nima asosiga qurilgan? Uni nega inkor qilyapman? Inkor qilish uchun yetarli dalilim bormi?

Umuman, siyosatda, iqtisodiyotda, ta'limda - har qanday sohada siyosatni belgilar ekanmiz, qarorlar qabul qilar ekanmiz, nimanidir "takomillashtirar" ekanmiz, kim(lar)ningdir - u qanchalik "katta" odam, "avtoritet" bo'lmasin - subyektiv qarashlari va fikrlariga emas, ilm-fan nima deyishiga qarash kerak. Chunki, ko'ib turganimizdek, ba'zan "katta"larning fikrlari ham g'ayriilmiy chiqib qolishi mumkin. Ayniqsa bizning kontekstda.
👍16
Kun xulosasi

Ayrim olimlarimiz o'zlari uchun o'zlari o'ylab topgan mifologik qarashlarga zid keladigan ilmiy nazariyalarni va fikrlarni tahlil qilib ko'rishni, qarshi argumentlar berishni (agar bo'lsa) emas, shunchaki bu fikrlarni hamda ularni yetkazayotganlarni bloklashni afzal ko'radilar. Go'yoki bu bilan muammo hal. Tushunmaydilarki, bunday harakatlar faqat o'zlarining ojizliklarini tan olgan bo'ladilar, xolos.
👍12🔥3
"Vatandosh" klubining kechagi muhokamasida koʻtarilgan taqsimlovchi Leviafan hamda oʻzaro tiyib turish mexanizmlari va fuqarolik jamiyatining roli haqida xorijiy tadqiqotchilarning fikrlari:

Markaziy Osiyoda siyosiy partiyalar qattiq nazorat ostida ushlab turiladi va qonun chiqaruvchi organlar shunchaki prezidentlarning qarorlarini tasdiqlab beradi. Ularning (prezidentlarning) ijroiya hokimiyati ustidan nazoratiga esa hech qanday siyosiy oppozitsiya xalal bermaydi. Prezidentlar qanday qilib bunday maqomga erishganini tushunish uchun esa sovet davri merosiga qayta nazar solish lozim boʻladi. Sovet davrining oxirlarida Kommunistik partiya resurslarni taqsimlovchi siyosiy mashina edi va u bu ishni koʻpincha norasmiy kelishuvlar asosida amalga oshirardi. Markaziy Osiyodagi kommunist elitalar Sovet Ittifoqi qulagandan keyin ham iqtisodiyot ustidagi nazoratni saqlab qola oldilar. Partiya endi yoʻq, lekin resurslarni taqsimlaydigan norasmiy strukturalar saqlanib qolgan, bu strukturalarning faoliyati esa noshaffof. Prezidentlar resurslardan foydalanish va daromad olish imkonini beruvchi patronaj tizimlarining tepasida. Kuzatuvchilar bunday tizimlarni tasvirlash uchun koʻpincha "klan" atamasini qoʻllashadi. Bu unchalik ham toʻgʻri emas, chunki klan deganda qarindosh-urugʻchilikka asoslangan anʼanaviy, ibtidoiy birodarlik tushuniladi. Patronaj tizimlari esa qarindoshlik munosabatlari ustiga qurilmaydi. Sodiqlik va itoat evaziga liderlar oʻz mijozlariga davlat mansablaridan shaxsiy boylik orttirish yoʻlida foydalanishda imkon berishadi. Siyosiy iqtisodchilar buni renta izlashning bir shakli deb atashadi. Misol uchun, mansabdorlar oʻz lavozimidan foydalanib tadbirkorlarga oʻlpon solishlari yoki ulardan otkat olishlari mumkin, biroq ular oʻz boyligining bir qismini oʻzlaridan yuqoridagilar bilan boʻlishishlari kerak. Bunday norasmiy tarmoqlar davlat bilan parallel emas, balki unga singib ketgan.

Adib Xolid: "Markaziy Osiyo: Imperiyalar bosqinlaridan hozirgi kungacha boʻlgan yangi tarix" kitobidan
👍11😢7🔥4🤯2
"Vabo paytidagi bazm"?

O'zbekiston hukumatini "ixcham" deya ta'riflash qiyin bo'lsa kerak. Ma'lumotlarga qaraganda, O'zbekistonda naq 70ta davlat boshqaruv organi (vazirliklar, qo'mitalar, agentliklar, inspeksiyalar) mavjud. Ular ichida, masalan, konkret funksiyasi nimadan iborat ekanligi, qaysi sohani boshqarishi (bu soha o'zi davlat tomonidan boshqarilishi kerakmi? degan savol paydo bo'ladi) yoki soliq to'lovchi uchun qanday ijtimoiy qiymat yaratishi mavhumlari ham (madaniyat vazirligi, yoshlar ishlari agentligi, kinematografiya agentligi singari) yetarli. Qolaversa, Administratsiya huzuridagi tashkilotlar va davlat boshqaruvi organi hisoblanmaydigan, soliq to'lovchilar hisobidan moliyalashtiriladigan har xil davlat va kvazi-davlat idoralari ham talaygina.

Bu tashkilotlar nimalar bilan mashg'ul? Bittasining rahbari o'z teleram-kanalida multfilmlarni anons qilish va yutuq fondi nima hisobidan shakllantirilishi mavhum bo'lgan tanlovlarni kunda-kunda e'lon qilish bilan ovora. Xorijiy saytlardagi reklama materiallari qo'shnilarning e'tiroziga sabab bo'lgan boshqa bir idora agressor davlat bilan birga hujjatli film ishlab, uning propaganda mashinasi tegirmoniga suv quyish niyatida. Konstitutsiyaga zid takliflari bilan tanilgan boshqa bir tashkilot "sun'iy intellekt" yordamida "qahramon obrazi" yaratganini iddao qilmoqda. Yana bir vazirlik xuddi asosiy vazifasini qoyillatib qo'yib, ta'lim sifatini ta'minlab qo'ygan-u boshqa yumushi qolmaganidek tanlovlar-u festivallar bilan band.

Ajoyib, lekin ... multfilmlar-u hujjatli filmlar, tanlovlar-u konkurslar o'zi davlatning, davlat tashkilotining vazifasimi? "Davlat" deb ataladigan strukturaning asl vazifalari nimalardan iborat, soliq to'lovchilar davlat tashkilotlaini moliyalashtirish evaziga nimalarni olishlari kerak?

Mutaxassislarning yozishicha, davlatning (va davlat organlarining) funksiyalarini uch guruhga tasniflash mumkin:

- tartib va himoya (order and protection): fuqarolar huquqlarini himoya qilish, qonunchilikni ta'minlash, muhofaza, tashqi siyosat;

- ijtimoiy rivojlanish (social welfare): ta'lim va sog'liqni saqlash singari ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga yordam, jamiyat uchun muhim tadqiqotlarni moliyalashtirish;

- iqtisodiy rivojlanish (economic welfare): iqtisodiy regulyatsiya (qoidalar o'rnatish va ularga rioya qilinishini nazorat qilish), tegishli infrastrukturani ta'minlash orqali fuqarolarning iqtisodiy farovonligi uchun sharoitlar yaratish.

Qiziq, yuqoridagi kabi filmlar-u tanlov va festivallar ushbu funksiyalardan qaysilariga kiradi? Fuqarolar xavfsizligiga hissa qo'shadimi? Davlat ko'rsatishi kerak bo'lgan ijtimoiy xizmatlar sifatini oshiradimi? Fuqarolar farovonligiga yordam beradimi? To'g'ri, "ma'naviyat" singari mavhum tushunchalar bilan mablag'larning bunday sarflanishini oqlash mumkindir, lekin real tahlil qilinsa - bular davlat qilishi kerak bo'lgan ishlar emas. Ayniqsa tashqi qarz rekord darajaga yetgan bir sharoitda. Balki, ayrim (aksar) davlat organlari va tashkilotlarning real qiladigan ishi bo'lmasa, tashqi qarzni ko'paytiravermasdan, bunday idoralarni shunchaki yopib qo'ya qolgan ma'quldir?

O'zi, umuman, oshgandan oshib borayotgan qarz evaziga nimalar olayotganimiz haqida biron-bir hisobot berilar? Axir bu qarzni siz-u biz va farzandlarimiz to'laydi-ku?
🔥20😢6👍3
Muammoni xaspoʻshlash - yechim emas

"1 ta ota ona yangi baholash tizmini qoralab chiqqan ekan, endi bizni majburlab dislike bosishga undashyabdi, bu ne hol?"

Maktablarda joriy qilinayotgan "mezonlarga asoslangan" baholash tizimi yaratayotgan muammolardan va bu muammolarni na vazirlik, va na boshqa idoralar tan olib, hal qilishni istamayotganidan charchagan ota-onalar "Mening fikrim" portaliga ushbu tizimni bekor qilishni soʻrab petitsiya joylashtirishgan edi. Kelayotgan xabarlarga koʻra, pedagoglar portalga kirib, petitsiyaga qarshi ovoz berishga va buni tasdiqlovchi skrinshotlarni maktab maʼmuriyatiga taqdim qilishga majburlanmoqda. Petitsiya ostida tizimni yoqlovchi shablon izohlarga qaraganda, nafaqat "dislike" bosish, balki tizimni oqlab-koʻklab izohlar qoldirish ham tizim xodimlariga majburiyat sifatida yuklangan koʻrinadi. Aftidan, vazirlik taʼlim tizimini besh kunlikka oʻtkazish haqidagi petitsiya kerakli ovoz toʻplab, tegishli idoraga yuborilganidan xavotirga tushgan va shu yoʻl bilan bu petitsiyaning ham kerakli ovozlar toʻplashining oldini olish choralarini qidirayotgan koʻrinadi. Lekin muammo bor ekan - uni tan olish va hal qilish lozim, qoʻl ostidagilarni uni xaspoʻshlashga safarbar qilish emas.
👍17🔥5
Mana bu guruhda "sixni ham, kabobni ham kuydirmaslik" - agar yangi baholash tizimidan norozi boʻlsangiz, ham maktab rahbariyatini talabini bajarish va oʻz fikringizni bildirish boʻyicha maslahat berishibdi.

Uzr-ku, lekin tizimda ishlaydigan, tizimga qaram boʻlganlarni bunday majburlab, "dislike" yigʻish - gʻirt pastkashlik, kim bu jarayonning tepasida turgan boʻlsa ham.

P.S. Ovozni oʻzgartirib boʻlmas ekan deyishyapti. Shuning uchun agar siz bu tizimga qarshi boʻlsangiz (yaʼni petitsiyani qoʻllasangiz) - fikringizni erkin bildirishini maslahat beraman. Mute va qoʻrqoq pedagog faqat mute va qoʻrqoq avlodni tarbiyalay oladi. Mute va qoʻrqoq boʻlmang.
👍42
"При этом министерству важно понимать, что петиция — это не просто жалоба, это индикатор того, что где-то система даёт сбой. Когда тысячи родителей, учителей и детей говорят в унисон, что “так нельзя”, — это сигнал, который нельзя игнорировать.

Реформа ради реформы — это путь в никуда. Образование должно мотивировать, развивать и уважать труд ученика, а не сводиться к одной цифре в СОРе и СОЧе".

"Vazirlik shu narsani tushunishi kerakki, petitsiya - shunchaki shikoyat emas, tizimda nimadir xato ketayotganining koʻrsatkichi", deb yozmoqda vaib.uz nashri. Lekin muammo shundaki, tushunish uchun tushunishni istash kerak, dialog kerak. Vazirlikda esa bunga xohish yoʻq koʻrinadi.

Bir necha oy oldin vazirlik binosida suhbat boʻlgandi. Tizimdan norozi ota-onalar vakillari vazir oʻrinbosarlaridan biriga tizimdagi muammolarni oʻz farzandlari misolida tushuntirishga harakat qilishdi. Men esa "yangi baholash tizimi" yaratayotgan muammolarni ilmiy nuqtayi nazardan tushuntirishga harakat qildim. Maqsad - dialog orqali muammolarga yechim topishga harakat qilish edi. Lekin vazir oʻrinbosarining argumentlarga asosiy javobi "Bu sizning shaxsiy fikringiz, mendagi maʼlumotlar boshqacha" tarzida boʻldi. 4 soatdan ortiq davom etgan uchrashuv hech qanday samara bermadi. Shundan ham, nazarimda, maqsad haqida muayyan xulosalar chiqarish mumkin.
🔥8👍4
Ikkinchi urinish (tanqidiy so'lchilik tomon)
Ўша киши яқинда хурсанд бўлиб менга Илон Маскни ўқув дарасликларидан олиб ташлашга муваффақ бўлганини ёзиб қолдилар. Яқиндагина бутун дунёда қахрамон ўлароқ кўрилаётган одам хатто бизнинг мактаб дарсликларидан ўрин олишга улгураётган эди. Шу ишни ўша киши бартараф этганини хурсандчилик билан бўлишиб, бир кичик ғалабаси хақида менга айтиб берди.
O'zbekiston maktab darsliklarida Ilon Mask haqidagi ma'lumotga ko'zim tushmagan ekan, kekin u haqidagi ma'lumotning kiritilishidan ham, olib tashlanishidan ham katta voqelik yasash shart emas deb o'ylayman. Nima uchunligini tushunish uchun darslik ta'lim jarayonida qanday vazifani bajarishi va darslik uchun material qanday tanlanishi kerakligi haqida bir to'yxtamga kelishimiz kerak.

Ta'lim jarayoni uchta asosiy ustunga quriladi: curriculum (maqsad - nimani, nima uchun o'qitamiz?), pedagogy (vosita - qanday o'qitamiz?) va assessment (natija - maqsadga erishganimizni qanday bilamiz?). Mana shu uch unsur bir-biri bilan uyg'un bo'lsa (constructive alignment) - aniq ta'limiy maqsadlar belgilansa, bu maqsadga olib boruvchi metodik yondashuvlar va vositalar to'g'ri tanlansa hamda baholash bu maqsadlarga qay darajada erishilganini (o'quvchilar ular o'zlashtirishi kerak bo'lgan bilim va ko'nikmalarni qay darajada egallaganini) to'g'ri aniqlab bera olsa, ta'lim jarayoni samarali deyishimiz mumkin.

Darslik bu jarayonda shunchaki maqsadga olib boruvchi vositalardan biri vazifasini bajarishi kerak, aslida. Maqsadga esa turlicha yo'llar bilan borish mumkin. Ta'lim tizimi samarali ishlayotgan davlatlarda yagona darslik yo'qligi haqida ko'p marta yozganman - aynan vositalar xilma-xil bo'lishi mumkinligini tan olish va o'qituvchiga turli vositalardan o'z o'quvchilari uchun mosini tanlashga imkon berish ta'lim jarayoni samarasiga hissa qo'shadigan omillardan biridir. Bizda esa o'qituvchilar darslikni tanlash imkoniyatidan mahrim, shuning uchun ham aksar holarda ular uchun darslik = curriculum. O'qituvchi aksar hollarda vazifasini darslikni o'tish deb biladi, o'quv dasturida belgilangan ko'nikmalarni shakllantirish emas.

Bu holatning o'qibatlaridan (yoki sabablaridan?) biri esa darslikka o'ta siyosiy tus beriladi - darslik hukmron mafkuraning narrativ va propagandalarini singdirish vositalaridan biri sifatida qaraladi. Masalan, Amir Temur "milliy qahramon" deb e'lon qilindimi, darsliklarga uni faqat ijobiy tarafdan ko'rsatuvchi matnlar kiritiladi, uning avlodi Boburni bu hududdan siqib chiqargan Shayboniyxonga esa salbiy bo'yoq berishga harakat qilinadi. (Aslida tarix yoki adabiyot fanlari orqali - u, deylik, Amir Temur mavzusi bo'ladimi, Bobur yoki Shayboniymi, Alisher Navoiymi, farqi yo'q - tanqidiy fikrlash, tahlil qilish ko'nikmalarini rivojlantirish mumkin, lekin tanqidiy fikrlash, tahlil qilishni biladigan avlod bizdagi ta'lim tizimining maqsadimi o'zi? degan savol tug'iladi). Yoki "milliylik" rasmiy propagandaning tayanch nuqtalaridan biri ekan, darsliklardagi illyustratsiyalarda milliy kiyim va / yoki atributdagi (masalan, do'ppi) bolalar chiziladi, vaholanki illyustratsiyalar ham xilma-xillikni (diversity) hurmat qilishga o'rgatishi mumkin edi.

Darslikka uning asl vazifasi - ta'limiy maqsadlarga olib boruvchi vositalardan biri nuqtayi nazaridan qarasak, darslikda, masalan, Amir Temur yoki Shayboniy haqidagi ma'lumotlar qanday berilishi kerak, Murod Nazarov yoki Ilon Mask haqidagi matn kirishi kerakmi yoki yo'q singari savollarga javobni butunlay boshqa rakursdan qidirish kerakligi oydinlashadi. Masalan, Ilon Mask haqidagi matn til (ona tili, chet tili) darsligiga matnni o'qib (yoki tinglab) tushunishga oid kompetensiyalarni rivojlantirish topshiriqlari uchun asos sifatida kiritilishi mumkin. Bunda maqsad - bolaga Maskni o'qitish emas, shu matn orqali matnni tushunishni o'rgatish. Yoki Mask haqidagi matn (keys) iqtisodiyot darsligiga iqtisodiyot yoki biznesga oid qaysidir qonuniyatlarni tahlil qilish topshiriqlari uchun asos sifatida kiritilishi mumkin. Bunda ham maqsad - bolaga Maskni o'qitish emas, shu keys orqali iqtisodiyot yoki biznesga oid qaysidir qonuniyatlarni tahlil qilishni o'rgatish. Maskning o'rniga boshqasi ham bo'lishi mumkin - maqsad u emas.

(davomi quyida)
👍10🔥1