Jalilov. Qaydlar
4.07K subscribers
1.47K photos
17 videos
22 files
2.29K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Zulmning oddiy holga aylanishi, taʼbir joiz boʻlsa, absurd darajasiga chiqishi

Soqol uchun (ha, toʻgʻri tushundingiz, oddiy soqol, yaʼni aksar erkaklarda iyakdan va yuzning boshqa qismlaridan oʻsib chiqadigan tuk uchun) fuqarolarning sud tomonidan maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi holatlariga munosabat bildirar ekan, Sardor Salim yozadi:

"Yovuzlikning odatiyligi...

... Xullas, yaqqol aksil-konstitutsiyaviyligi va barcha tamal inson huquqlariga zidligi bilan ajralib turgan qonunlar va "siloviklar" faoliyati bu jamiyatda fasodga sabab bo'lmoqda va aks natija beradi. Eng yomoni, biz chidab bo'lmas huquqiy o'zboshimchalik va zo'ravonlikka ko'nikdik, buni tabiiy bir jarayon deb qabul qilyapmiz.

Biroq, huquqiy o'zboshimchalik va zulm bu tarzda davom etaversa, "soqolga tig' tekkizgani uchun" 15 darra beriladigan davrlarga tezda kelishimiz ham hech gap emas".

Shaxs soqolning bor-yoʻqligi yoki uning uzun-kaltaligiga qarab identifikatsiya qilinmaydi. Bunday tizimlar yuzdagi oʻziga xos nuqtalarni (masalan, yuzning geometrik shakli, ikki koʻz orasidagi masofa, jagʻ, burun, lab, yonoq shakllari) tanib olish va ularni bazadagi maʼlumot bilan solishtirish asosida ishlaydi. Soqolning bor-yoʻqligi bunday tizimlar uchun hech qanday ahamiyatga ega emas.

Tushunishimcha, bu yerda gap soqolning "shaxsni identifikatsiya qilishga imkon bermayotganida" emas. Gap bizda "tepadagilar" "diniy fon" deb ataydigan narsadan qoʻrqishlarida. Va bunday "soqolga qarshi tadbirlar", ularning nazdida, "diniy fonning oshib ketmasligi" uchun xizmat qiladi. Masalan, ayol kishilarning (qizlarning) roʻmollariga qarshi kurash ham ular uchun shunday "fonni normallashtiruvchi" tadbirlardir.

Lekin, bunday Konstitutsiyaga va har qanday sogʻlom mantiqqa zid, noqonuniy va absurd buyruqlar berayotganlar va ularni bajarayotganlar bir narsani tushunmaydi (yoki tushunishni istamaydi). Din ham ayrim insonlar uchun tabiiy ehtiyoj. Qolaversa, Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquq. Soqol uchun jarimaga yoki qamoqqa solish ularni dindan qaytarib qolmaydi. Lekin bunday zulmni sodir qilganlar, unga yoʻl qoʻyganlarga nisbatan kattagina adovatni keltirib chiqarishi va vaqt-soati kelib teskari, umuman kutilmagan natija berishi mumkin. IMHO.
🔥15👍2
O‘zbekiston Afg‘onistonning Mozori Sharifida 6 mln dollarga 1000 talabaga moʻljallangan madrasa qurib beradi. Bu Balx viloyati hokimi iltimosiga binoan amalga oshirilmoqda.

Eslatib oʻtamiz. Oʻzbekistonning oʻzida oʻquv binolari yetishmasligidan 2 milliondan oshiq oʻquvchi 2- yoki 3- smenada oʻqishga majbur. 20% maktablar kapital taʼmirga muhtoj yoki yaroqsiz ahvolda. 70% maktabda esa kanalizatsiya yoʻq.

"Balkim oldin oʻzimizning farzandlarimiz davlat Konstitutsiyada oʻz boʻyniga olgan umumiy oʻrta taʼlimni normal sharoitlarda olishi uchun sharoit yaratib, keyin boshqa davlatda madrasa qurish uchun millionlab dollar sarflarmiz?" degan savolni deputatlardan birontasi bergan yoki bermaganligi haqida xabarlarga koʻzim tushmadi.
👏15👍13🔥3
Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga koʻra, 28-avgust kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova ishtirokida matbuot anjumani boʻlar ekan. Nahotki oradan 1 yil-u 9 oy oʻtib vazir matbuot anjumani oʻtkazadigan, yigʻilib qolgan savollarga javob beradigan kunlarga ham yetib keldik?

Darvoqe. Dilfuza opa (Sobirova), iltimos, xabar bering, bu ochiq matbuot anjumanimi? Borsak, savollarimizni bersak boʻladimi?
👍12
Qiyshiq mexanizm to'g'rilanishi kerak

Jurnalist Ilyos Safarovning yozishcha, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yana bir xususiy universitet litsenziyasini bekor qilish bo'yicha sudga da'vo arizasi kiritgan. "Ha deganda litsenziya olinaversa, yopilaversa, xususiy universitet qoladimi? Axir, universitet ochish, o'qituvchi olib kelish, uni tanitish, qabul jarayoni shunchaki o'yinchoq ishlar emas", deb yozadi jurnalist.

Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi shu paytgacha litsenziyasi bekor qilingan qaysi xususiy OTM qanday xatolarga yo'l qo'ygani, qaysi litsenziya talablarini buzgani to'g'risida biron-bir rasmiy ma'lumot bergan emas (har qalay, men ko'rmadim). Lekin vazir Sharipov oldinroq u boshchiligidagi vazirlik qonunga "tupurib", xususiy universitetlarga litsenziya berishni to‘xtatganini aytgan edi va va buni "O‘zbekistonda xususiy oliygohlar yetarlicha" ekani bilan izohlagan edi. Balki, shu yo'l bilan vazirlik "yetarlicha" deb o'ylagan (qaysi mezon asosida "yetarlicha" - aniq emas) xususiy oliygohlar sonini kamaytirishni maqsad qilgandir, bilib bo'lmaydi.

Tasavvur qiling: korxona bir mahsulot (non, kolbasa, shokolad - farqi yo'q) ishlab chiqaradi. Va xuddi shu korxonada xuddi shunday mahsulot ishlab chiqaruvchi boshqa korxonalarga ruxsat berish (yoki bermaslik), ularning faoliyatini tekshirish, bu korxonalarning yopilishini talab qilib sudga murojaat qilish vakolati bor. Absurd deysizmi? Albatta, absurd. Chunki o'sha ham o'zi ham mahsulot ishlab chiqaradigan, ham xuddi shunday mahsulot chiqaruvchi boshqa korxonalarga ruxsat berish vakolatiga ega korxona bozorda faqat o'zi (yoki o'ziga yaqin) korxonalar qolishidan manfaatdor-ku. Bunday vaziyatda bu korxona hech qanaqasiga boshqa korxonalar ishiga xolis baho bera olmaydi.

Oliy ta'lim bilan vaziyat xuddi shunday: Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham o'zi (davlat OTMLari orqali) oliy ta'lim sohasida xizmatlar ko'rsatadi, ham xuddi shunday xizmatlar ko'rsatuvchi xususiy tahkilotlar ishiga baho beradi. Bu nafaqat adolatsizlik, mantiqsizlik, manfaatlar to'qnashuvi, balki "Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib- taomillari toʻgʻrisida"gi qonunga zid. Bunday vaziyatda vazirlik: a) davlat va nodavlat OTMlariga bir xil baho bermaydi (bera olmaydi, chunki davlat OTMlari "o'ziniki", nodavlatlari "begona); b) nodavlat OTMlarning kamroq bo'lishidan (yoki umuman bo'lmasligidan) manfaatdor. "Nechta davlat OTMlarini bilaman, na o'qitishda sifat bor na tizimda. Butun jarayon korrupsiyalashgan. Qani, kim tugatadi ularni, kimning kuchi yetadi davlatning o'sha universitetlarini tozalashga? Nega tozalikni, yopishni o'sha tomonlardan boshlamaysiz? Nega kuchingiz doim himoyasizga yetadi?" deb yozadi Ilyos Safarov. Haqiqatdan ham, vazirlik nodavlat OTMlariga qo'yilayotgan talablar prizmasida davlat OTMlarini tekshirsa, nechtasi tekshiruvdan omon chiqa oladi?

Kech bo'lmasdan bunday absurd holat to'g'rilanishi kerak. Ta'lim sohasida sifatga baho beradigan alohida, mustaqil, xolis regulyator bo'lishi kerak. Umuman, davlat OTMlariga ham akademik erkinlik berib, Oliy ta'lim vazirligidan voz kechilsa ham bo'ladi - barcha OTMlar sifatiga xolis baho beradigan regulyatorning o'zi yetadi. (OTMlari xalqaro reytinglarda muntazam yuqori o'rinlarni egallab keladigan davlatlarda Oliy ta'lim vazirligi yo'q - ularda Ta'lim vazirliklari OTMlar faoliyatini nazorat qilmaydi).

P.S. Faqat bu regulyator "eski monstr" - DTM bo'lmasligi kerak. 30 yildan beri testlarni o'tkazishga ilmiy yondasha olmayotgan, xodimlari g'ayriilmiy bayonotlar beradigan tashkilotga ta'lim sifatiga baho beruvchi regulyatorlik funksiyalarini berish - juda katta xato bo'ladi.
👍27👏1
Lavozimga tayinlanganidan 1 yil-u 9 oy o'tib Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Hilola Umarova bugun birinchi marta matbuot anjumani o'tkazibdi. Vazirga bermoqchi bo'lgan bir qancha savollarim bor edi, afsuski, bora olmadim.

Matbuot anjumani biron-bir platformada efirga uzatildimi? Ko'rsa bo'ladimi? Ta'limning, anjumanda berilgan ma'lumotlar, savollar va javoblarning jamiyat uchun ahamiyatini hisobga olib, vazirlik matbuot xizmati tadbir translyatsiyasini ta'minlash ko'rgan deb umid qilaman. Har qalay, vazirning "debyuti" - birinchi matbuot anjumani. Qolaversa, vazirlik maybuot anjumani odatda ahamiyati bundan ancha pastroq bo'lgan tadbirlarni efirga uzatishni unutmaydi.
Hilola UMAROVA: “6000 nafardan ziyod oʻqituvchi 1000$ maosh olyapti

Agar matematika bilimlarim pand bermayotgan boʻlsa, 6000 - bu jami oʻqituvchilar sonining 1%ini tashkil qiladi. 1% oʻqituvchi eng yuqori minbarlardan vaʼda qilingan 1000$ni olishi - matbuot anjumanida maqtanishga emas, yigʻlashga arzigulik holat. Menimcha.
👍34😱5🔥2
Zamonaviy dunyoda tanqidiy fikrlash ko'nikmasi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Tanqidiy fikrlash - berilgan ma'lumotni boshqa manbalardan kelayotgan ma'lumotlar bilan solishtirib, mustaqil xulosalar chiqara olish hamdir. Tanqidiy fikrlashda taqdim qilingan ma'lumotning asl manbasini topib, tanishib chiqish ham muhim, chunki ba'zan ikkinchi manba turli sabablarga ko'ra, asl manbadagi ma'lumotni to'liq ma'lumotni taqdim qilmayotgan bo'lishi mumkin. Bunga misol - Financial Times kolumnisti Saymon Kuperning “Olimpiya medallari jadvali bizga nimalar haqida hikoya qiladi?” nomli maqolasi. (Bu haqda yuqorida ham yozilgan edi).

Darvoqe. Negadir Olimpiada va unda egallangan medallarning qanchaga tush(ayot)ganligi haqidagi materiallar bir qancha OAVlardan g'oyib bo'ldi (1, 2). BBC O'zbek xizmati bunga e'tibor qaratgan va o'z ko'rsatuvlaridan birini shu masalaga bag'ishlagan.
👍13
"Bitta o‘qituvchining oyligini 1 million [so‘m]ga bir oyga oshiradigan bo‘lsak, bir yilga 7 trillion so‘mdan (taxminan 553 million dollar — tahr.) ziyod mablag‘ degani”. Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri o‘rinbosari Temurjon Komilov.

"Hamma birdek 1000 dollar oladi, degan narsa bu — utopiya" degan vazir o'rinbosari, masalan, Prezident maktablarida $4200dan oylik olayotgan (va mahalliy o'qituvchilarning tushiga ham kirmaydigan imtiyozlar taqdim qilinayotgan) yoki "til egalari" sifatida taklif qilingan xorijlik o'qituvchilarning faoliyati qay darajada samaradorligi haqida fikr bildirmagan. Masalan, falon pulga "til egalari"ning jalb qilinishi (ular haqiqatda til egasi bo'lgan taqdirda ham) ta'lim sifatini oshirishga xizmat qilishi ilmiy isbotini topmaganligi haqida oldin yozgan edim.

Xo'sh, hamma o'qituvchisi "1000$ olishi utopiya" bo'lgan, aksar o'qituvchilar respublika bo‘yicha o‘rtacha ish haqidan sezilarli darajada past oylik olayotgan bir vaziyatda, O'zbekiston sharoiti uchun katta oylik va katta imtiyozlar berib xorijlik o'qituvchilarning jalb qilinishi qay darajada o'zini oqlayapti? Bu yondashuvning ijobiy taraflari nimada bo'lyapti-yu, salbiy taraflari nimada bo'lyapti? Arziyaptimi? Bu masalalar ilmiy tahlil qilib ko'rildimi? Tahlil natijalari bilan tanishsak bo'ladimi?
👏11🤯3🔥1
Xabar berilishicha, lavozimga tayinlanganidan beri o'tgan 1 yil-u 9 oy ichida (adashmasam) birinchi marta matbuot anjumani o'tkazib, savollarga javob bergan Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri darsliklar haqidagi savolga javob berar ekan, darsliklar ta'minotidagi muammolarga mas'uliyatni silliqqina qilib ota-onalarga ag'dargan.

Keling, xotirasi qisqalarga eslataylik.

"Ижтимоий тармоқ ҳамда мессенжердаги гуруҳларда янги ўқув йили бошланса-да, фарзандига дарслик етишмаётгани, тўлиқ тарқатилмагани ҳақида ота-оналарнинг норозилиги янграмоқда. Аксар ота-она бу масала шу йилги эмас, аксинча охирги йиллардаги муаммо дейди. hudud24.uz мавзуга диққат қаратиб, боласининг дарслик билан тўлиқ таъминланмаганидан норози ота-она ва мактаб маъмуриятига қулоқ солди ҳамда тегишли вазирликдан бунинг сабабини сўради". Hudud.uz, 2023-yil 8-sentyabr. (O'shanda vazirlik mas'uliyatni Ta'limni rivojlantirish markaziga, markaz esa vazirlikka yuklagan edi).

"2023-yilda O‘zbekistondagi maktablar uchun yangi darsliklar nashr etish maqsadida budjetdan 920 milliard so‘m ajratildi. ... Lekin O‘zbekiston maktablarida yangi 2023/2024 o‘quv yili boshlanganiga 2 haftadan oshganiga qaramay ayrim maktab o‘quvchilari hamon ba’zi darsliklarsiz ta’lim olmoqda. Bu haqda ota-onalar va o‘qituvchilar ijtimoiy tarmoqlarda yozishmoqda". Gazeta.uz, 2023-yil 19-sentyabr.

"С этого учебного года они начали поступать в школы. Начали — потому что по прошествии трёх недель с начала учебного года многие школы до сих пор не получили полный комплект. По предметам, по которым нет новых учебников, используются старые. ... В социальных сетях родители выкладывают фотографии страниц новых учебников издательства Novda Edutainment, на которых имеются ошибки, иногда грубые. Они также указывают на сложность тем и то, что они не связаны с программами предыдущих классов". Gazeta.uz, 2023-yil 22-sentyabr.

O'tgan yili boshlang'ich sinf darsliklari bilan bog'liq muammolarga - ularning maktablarga o'quv yili boshida yetib bormaganligiga, ulardagi jiddiy metodik, ilmiy va texnik xatolarga - ham ota-onalar aybdormi? Nega matbuot anjumanida vazir yoki vazirlik mutasaddilari o'tgan yilgi muammolardan qanday saboqlar chiqarishgani haqida (agar saboqlar chiqarishgan bo'lsa) indashmadi? Darvoqe, bu yil ham boshlang'ich sinf o'quvchilari o'sha - qaysi dasturlar asosida yozilganligi mavhum va xatolarga to'la - darsliklar bilan o'qishadimi?

Maktablar vazir boshchiligidagi ikkinchi o'quv yilini aniq bir curriculum'siz (ta'lim standartlari, o'quv dasturlarisiz) boshlayotgani - alohida masala va bu haqida alohida fikrlashamiz.
👍15👎1
Yangilangan 5-sinf Adabiyot darsligi emish. Tanish dizayn, tanish nashriyot ?
😢7👍2
Qizigʻi, Respublika taʼlim markazi telegram kanalida eʼlon qilingan 1-chorak uchun taqvim-mavzuiy reja mazkur darslik (?) mundarijasiga mos kelmaydi.

Yoki yangilangan darsliklar (agar yangilangan boʻlsa) 2-chorakdan oʻquvchilarga beriladimi? Bir chorak bir darslik (va dastur), boshqa chorak boshqa darslik (va dastur) asosida oʻqitiladimi?
😢6👎3
Ayni paytda eshitayotgan kitobimdan:

O'quvchining (talabaning) oldingi bilimi (prior knowledge) o'rganish jarayoniga yordam yoki xalal berishi mumkin. Bu tamoyilning muhimligidan kitob mualliflari uni kitobda eng birinchi tamoyil sifatida berishgan.
🔥5🤔4👍1
"Xalq taʼlimi info" kanalining yozishicha, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining lavozimga tayinlangandan keyin 1 yil-u 9 oy oʻtib ilk marta oʻtkazgan matbuot anjumanida "bir qator dolzarb savollarga javob berilgan".

Taʼlim mazmuni haqida ham soʻraldimi, javob berildimi? Shu paytgacha vazirning debyut matbuot anjumaniga bagʻishlangan bironta nashr yoki telegram kanal xabarida taʼlim mazmunidek oʻta muhim va oʻta dolzarb masalada vazir yoki uning atrofida savlat toʻkib oʻtirganlar gapirganiga koʻzim tushmadi.

... Yoki taʼlim mazmuni - Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi uchun matbuot anjumanida muhokama qilishga arzimaydigan mayda masalami?
👍5
Vazir Hilola Umarova boschiligidagi ikkinchi to'liq o'quv yili aniq ta'lim maqsadlarisiz va aniq curriculum'siz boshlanmoqda

Respublika ta'lim markazining rasmiy telegram kanalida bir qator fanlardan 2024/25 o'quv yilining 1-choragi uchun taqvim-mavzuiy rejalar e'lon qilindi. Bu rejalarni ko'zdan kechirib, quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

- boshlang'ich sinflar: "Novda"ning o'tgan yili nashr qilingan va qaysi o'quv dasturlari asosida yaratilgani halicha mavhum qolayotgan darsliklari asosida o'qishadi (ona tili, o'qish savodxonligi, musiqa, tarbiya, texnologiya, tasviriy san'at, informatika, ta'lim rus tilida olib boriladigan maktablar uchun ona tili, o'qish savodxonligi). Matematika va tabiiy fanlardan boshlang'ich sinflar uchun taqvim rejani RTM kanalidan negadir topa olmadim.

- o'rta maktab va yuqori sinflar: 6, 7, 10-sinflar 2022-yilda Milliy o'quv dasturi asosida yaratilgan darsliklar bo'yicha, 5, 8, 9, 11-sinflar 2017-2018-yillarda va undan oldin chop qilingan darsliklar bo'yicha tahsil oladilar.

Bunda bir qator fanlardan o'quv dasturlari ham, metodik yondashuv ham bir-biriga bog'lanmaydi. Masalan:

- ona tili: boshlang'ich sinflar, shuningdek, 5-8-9-11 sinflar tilshunoslik qoidalarini tizimli yodlatishga qaratilgan yondashuv asosida, 6, 7, 10 sinflar kommunikativ (nutq ko'nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan yondashuv asosida o'qiydilar;

- tarix: 8-sinf "O'zbekiston tarixi" XV asr bilan tugaydi, 9-sinf "O'zbekiston tarixi esa XIX asrning ikkinchi yarmidagi vaziyat bilan boshlanadi - orada Shayboniylar davlati, Markaziy Osiyoda uch xonlikning paydo bo'lishi va rivojlanishi "yo'qolib ketadi";

- biologiya: 7, 9, 10 sinflarda bioligiya yaxlit fan sifatida o'rganiladi, 8, 9, 11-sinflarda esa uning alohida bo'limlari (masalan, 8 - odam anatomiyasi, 9 - sitologiya va genetika) o'rganiladi;

- geografiya: 7-sinf: ilgari ikki yil davomida o'tilgan tabiiy geografiya hamda materiklar va okeanlar geografiyasi bir yil davomida "zichlashtirib" o'tiladi, 8-sinfda O'zbekiston iqtisodiy geografiyasi, 9 va 10 sinflarda jahon iqtisodiy geografiyasi o'tiladi, ilgari 7-sinfda o'tilgan Markaziy Osiyo va O'zbkiston tabiiy geografiyasi o'tilmaydi.

Bu - shunchaki ayrim fanlardan turli sinflar dasturlaridagi nomuvofiqliklarga misollar. O'ylaymanki, soha mutaxassislari yuqorida misol keltirilgan va boshqa fanlarning ichiga chuqurroq kirsalar, boshqa nomuvofiqliklarni ham ko'ra oladilar.

Shunday qilib, Hilola Umarova va uning jamoasi boshchiligidagi ikkinchi to'liq yilini O'zbekiston maktablari 11 yillik majburiy ta'limning umumiy maqsadlari va bu maqsadlarga erishish uchun har bir o'quv yilida egallanishi lozim bo'lgan bilimlar hajmi va ko'nikmalarni belgilab beradigan, ta'lim uchun asosiy hujjat - curriculum'siz boshlamoqdalar. Yagona va izchil curriculum o'rniga turli sinflar turli davrlarda turli dasturlar asosida (yoki hatto dasturlarsiz) yaratilgan darsliklardan darsliklarga sakrashga majbur bo'lmoqdalar.
👍19😢10
Oʻquv dasturlari (curriculum) bilan bogʻliq yana bir qiziq holat

Eʼtibor berilsa, yil davomida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rasmiy telegram kanalida 5-sinf oʻquv dasturlari (ayrim - Singapur darsliklari tarjima qilinayotgan fanlardan - 5-6 sinflar) "takomillashtirilayotgani" haqida xabarlar berildi (masalan, ona tili va adabiyot, oʻzbek tili, tarix, tarbiya, tasviriy sanʼat, texnologiya, matematika). Odatda dastur "takomillashtirildi" degani - darsliklar, taqvim-mavzuiy rejalar oʻzgaradi degani. Biroq Respublika taʼlim markazi telegram kanalida boshlanayotgan oʻquv yili 1-choragi uchun 5-sinflar taqvim rejalari (tabiiy fanlardan tashqari) eski darsliklar asosida berilgan.

Ayrim manbalarga koʻra, 5-sinf uchun yangi darsliklar yaratilgan. Ularni yaratish (yoki Singapur darsliklaridan tarjima qilib, moslashtirish) va chop qilish koʻpchiligimiz taniydigan (har qalay, tanib olgan) bir xususiy nashriyotga ishonib topshirilgan. (Kecha tasodifan ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarga tarqalgan muqovadan bu qaysi nashriyot ekanligini taxmin qilish mumkin). Bu nashriyot oʻquv yili boshlanishiga darsliklarni chop qil(dir)ib, Oʻzbekistonga yetkazib bera olmagani uchun 5-sinf oʻquvchilari oʻquv yilini eski darsliklar bilan boshlab turishadi. Yangi darsliklar oʻquvchilarga qachon yetkazib berilad, hozircha aniq emas, lekin Respublika taʼlim markazida aksar fanlar boʻyicha taqvim rejalari faqat 1-chorak uchun eʼlon qilingan.

Shu oʻrinda vazirga savollar: Ushbu iddaolar qay darajada haqiqatga yaqin? Agar shunday boʻlsa, bu xususiy nashriyot qaysi mezonlar asosida tanlab olingan? Bu nashriyotni tanlashda manfaatlar toʻqnashuvining oldi olinganmi? Va nega bu nashriyot "sharofati" bilan taʼlim mazmuni "oʻlda-joʻlda" boʻlib yotishi, oʻquvchilar aziyat chekishi kerak?
👍6