Jalilov. Qaydlar
4.12K subscribers
1.47K photos
17 videos
22 files
2.3K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Jurnalist Shuhrat Latipov ham Oʻzbekiston sharoitida Rossiya tomonidan AES qurilishining ijobiy va salbiy tomonlarini tahlil qilib, oʻz fikrini bildirdi:

... опасений у меня пока гораздо больше, чем потенциальных плюсов. Поэтому я против строительства АЭС в Узбекистане.
🔥8👎6
“O‘rnatilgan quvvati 330 MVt bo‘lgan oltita RITM-200N reaktor bloki negizida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasining qiymati maxfiy ma’lumotlar bo‘lib, oshkor etish shart emas”, — deyiladi agentlik xabarida.

Iye, qiziq-ku. Atom energiyasi agentligi rahbariyati AESni shaxsiy tomorqasiga, shaxsiy pulidan, shaxsiy ehtiyojlari uchun quryaptimi? Yoki bu AES qurilishi pulini biz - soliq toʻlovchilar (yaʼni xalq) toʻlaymizmi? Xalq toʻlaydigan boʻlsa, nimani necha pulga sotib olayotganini bilishga haqli emasmi?

Qolaversa, oʻtgan yili "meniki seniki" qilib qabul qilingan Konstitutsiyaning 2- va 7-moddalarini nima qilamiz?

"Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar". (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 2-modda).

"Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir". (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 7-modda)
👍11👎6🤯5🤬1
Albatta, Bakiroo haq - katta qopqoqning kichik tuzogʻiga tushmaslik, masalani "muammo faqat narxda, qiymatda" degan oʻzanga burilishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.

Yuqoridagi postim bilan men shunchaki Agentlik rahbariyatiga oʻtgan yili asʼasa-yu dabdaba bilan yangilangan Konstitutsiyani, shu Konstitutsiya boʻyicha u ham, u boshqarayotgan agentlik ham xalq oldida hisobdor ekanini va uning OAV orqali bildirilgan pozitsiyasi Konstitutsiyaga zidligini eslatmoqchi edim, xolos. Lekin yuqoridagi postimdan "muammo faqat qiymatda" degan fikr chiqmasligi kerak. Aslo. Men Oʻzbekiston fuqarosi, ayrimlardan farqli ravishda "zapas aerodromi" yoʻq, oʻzining va farzandlarining kelajagini shu zamin bilan bogʻlaydigan fuqarosi sifatida aynan Oʻzbekiston hududida va aynan Rossiya tomonidan AES qurilishiga qarshiman. Ikkita prinsipial sabab yuqorida keltirilgan.

Darvoqe. Oʻsha oʻtgan yili yangilangan Konstitutsiyaning 7-moddasi boʻyicha, "jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumxalq ovoziga — referendumga qo‘yiladi". Demakki, bunday oʻta jiddiy masala boʻyicha qandaydir kelishuvlar imzolanishi va majburiyatlar zimmaga olinishidan oldin referendumga qoʻyilishi lozim edi.
👍18👎7
Aksar hollarda, ilmiy ish qilayotganda ilmiy ish doirasida tahlilga tortiladigan jarayonlar yuzasidan fikr bildirishga yoki tajriba-sinovda qatnashishga rozi respondentlarni topish qiyin bo'ladi. Lekin bir narsa - ijtimoiy jarayonlarni shu jarayonlar ishtirokchilarisiz tahlil qilish imkonsiz vazifa.

Mazkur so'rovnomani to'ldirishga ozgina vaqtni qizg'anmasangiz, pedagogika sohasidagi gender tengli bo'yicha kichik tadqiqot olib borayotgan talabaga katta yordam bergan bo'lardingiz.
👍17👎5🤬1
"O‘zbekiston xorijlik o‘qituvchilarga mahalliy mutaxassislardan 10 baravar ko‘p oylik taklif qilmoqda", deb yozmoqda Uzdiploma nashri.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda 2024-yil 1-choragida sohalar bo'yicha o'rtacha ish haqi 4,9 mln so'mni tashkil qilgan holda, ta'lim sohasi xodimlarining o'rtacha oyligi 3,4 mln so'mni tashkil qilmoqda. Ya'ni, o'qituvchilarning o'rtacha oyligi boshqa sohalarda ishlaydigan mutaxassislar o'rtacha oyligidan kamida 30%ga kam. Buning ustiga, ta'lim sohasida (tibbiyot bilan birga) o'rtacha ish haqi boshqa sohalarga nisbatan sekinroq o'smoqda.

O'zbekistonga taklif qilinayotgan xorijlik o'qituvchilarga katta - O'zbekiston o'qituvchilariga va'da qilingan, lekin haligacha orzu bo'lib qolayotgan oylikdan 4 baravar ko'p oylik hamda bir qator imtiyozlar (tekin uy-joy, tibbiy sug'urta va hokazolar) taklif qilinayotgani haqida oldin ham yozgan edim. Undan keyin maktablarga "til egalari"ni olib kelish dasturi ham ishga tushdi - ularga qancha ish haqi taklif qilinyapti, bilmadim, lekin har qalay 3,4 mln so'm (taxminan 300$) bo;lmasa kerak).

Darvoqe. Mana bu e'longa qarang. Eng zo'r sharoitlarda, 12ta o'quvchi o'qiydigan sinflarda dars berishni istaymizmi? $4200 oylik, tekin uy-joy, tekin tibbiy sug'urta va boshqa bir qator imtiyozlar. Nomzodga talablar ham unchalik qattiq emas. Qiziqib qoldingizmi? Uzr, agar qo'lingizda "O'zbekiston fuqarosi" degan hujjat bo'lsa, topshira olmaysiz, Dunyoning eng oldi universitetlarini bitirgan va qo'lingizda bilim, ko'nikmalaringizni tasdiqlaydigan bir dunyo sertifikatlaringiz bo'lsa ham.

Faqat yig‘lamagin, aybim nima deb,
Aybing — onang seni O'zbekistonda tuqqan!..
👍37🤬12👎8😱8😢6
Kinematografiya agentligi "Anora" filmining nufuzli Kann kinofestivalida bosh sovrin olganiga munosabat bildiribdi.

"Может быть, из-за славного творчества Узбекистана, энергичных реформ, ревностных усилий по закладке фундамента Третьего Ренессанса эти кинематографисты окружены чувством зависти или злобы. И можно даже предположить, что за таким подходом стоят различные международные организации и влиятельные лица, не дружественные Узбекистану".

SSSRda "turli tashqi dushmanlar baxtimizni koʻra olmayotgani" haqida narrativ boʻlardi. "Uchinchi Renessansimizni koʻra olmayotgan hasadgoʻy, gʻarazli tashkilotlar" haqidagi bayonot shunday narrativni esga soladi.

Kino ham badiiy asar. Badiiy asar voqealari vakuumda sodir boʻlmaydi, qahramonlar qaysidir davlat / millat / xalq / guruh vakili boʻladi. Badiiy toʻqimadan "dushmanlarning ishi"ni qidirib bayonot berilaversa, har bir asardan keyin shunday bayonot berish kerak boʻladi. Masalan, Prinston universiteti - "Ripli" serialining bosh qahramoni, manyak va firibgar Ripli shu universitet bitiruvchisi sifatida tasvirlanganida "koʻrolmayotgan gʻarazgoʻylar"ni ayblaydi. Italiya - Sherlok Xolmsning asosiy dushmani, yovuz daho Moriartining familiyasi italyancha ekanida "tashqi dushmanlar"ni ayblaydi. Va hokazo. Va hokazo.

Qiziq, "uchinchi Renessansimiz" qaysi "xalqaro tashkilotlar"ga xalal bergan ekan?
👍11👎8🤯6👏1
Oʻzbekiston axborot agentligidan (yoki shunga oʻxshash biron tashkilotdan) mana bunday yangiliklar "Uchinchi Renessansimizni koʻra olmayotgan gʻalamis, gʻarazgoʻy xalqaro tashkilotlar ishi" degan bayonot ham kutib qolamiz...
👍16👎6
Shokir Tursun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markaziga (yopiray, "matryoshka"ni qara! "Maʼmuriy islohotlar"dan muddao shunday "matryoshka oʻyini" edimi?) yuborgan murojaatiga javob olibdi.

Mana bu javobni koʻrib, ochigʻi, qanday munosabat bildirishga ham ikkilanib qoldim. Matnni tushinish koʻnikmasini tekshirish uchun oʻquvchiga notanish matn beriladi va shu matndagi mazmunni qamrab olgan test topshiriqlari beriladi. Albatta, matnni tushunishning turli darajalari bor - test topshiriqlarini tuzishda bu darajalarni hisobga olish lozim. Lekin darslikda berilgan matndan biron-bir maʼlumotni olib test topshirigʻi tuzish - bu matnni tushunishni tekshirish emas. Shokir Tursun haq: bu darajada fikrlaydigan mutaxassislar ishlaydigan markazning butun respublikadagi (yoki undagi bir necha ming) oʻquvchilar bilimini baholash vazifasini oʻz zimmasiga olishi - taʼlim uchun juda ayanchli oqibatlar keltirib chiqaradi. Hali imkon borida bunday "tajriba-sinov"ni toʻxtatish zarur.

Yana Shokir Tursunning yozishicha, markaz jalb qilayotgan mutaxassislarning "testologiya boʻyicha sertifikatlari" bor ekan. Bilmadim. Testlarning ahvolini yil davomida koʻrdik (oʻzim ham bu haqida bir necha marta yozdim) - agar shunday saviyada test tuzadigan mutaxassislarda testologiya boʻyicha sertifikatlar boʻlsa, unda men astrofizika yoki genetik injeneriya boʻyicha sertifikatga daʼvo qilsam boʻlarkan. Masalan-da.
👎6👍2
Yuqoridagi postga kelgan izohlardan:

Eng qizigʻi, o‘sha sertifikatlarni qaysi (kimning) kursda o‘qib olishganligini da’vo qilishadi, deb o‘ylaysiz? 😁

Bilaman. Lekin:

1. Men bunday saviyadagi testlar tuzishni oʻrgatmaganman - imkon qadar bunday xatolarning oldini olish uchun yetarli bilim berishga harakat qilganman.

2. Kurs oxirida tinglovchilarning bilimi, koʻnikmalarini tekshirish va shu asosida sertifikat berish yoki bermaslikni hal qilish imkoniyati boʻlmagan.
👎5👍1🔥1🤬1
Mana bu javob esa, menimcha, nafaqat markaz jalb qilayotgan mutaxassislarning, balki mutasaddilarning ham baholash tamoyillaridan butunlay bexabar ekanliklarini (yoki bu tamoyillarni mensimasliklarini) koʻrsatadi.

Chunki ular taklif qilayotgan yechim baholashning eng muhim sharti - validlikni shubha ostiga qoʻyadi.

Tajriba-sinovni qogʻoz bilan taʼminlanlash uchun mablagʻ boʻlmasa, tajriba-sinovga balo bormi, deydigan odam yoʻq...
👎4🤬2👍1
"Ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida o‘tgan yili 500 ta maktabda Prezident maktabi baholash tizimi joriy etilgan edi. Buning samarasida ulardagi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi 53 foizdan 59 foizga oshgan. Yuqori natijaga erishgan maktablar rahbariyati va o‘qituvchilariga 40 foizgacha ustama belgilangan. Shu bois ushbu baholash tizimi yangi o‘quv yilidan yana 1 mingta maktabda qo‘llana boshlaydi. Ularga 182 ta ixtisoslashgan hamda 500 ta tajribadan o‘tgan maktab biriktiriladi", deyiladi Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Hilola Umarova taqdimoti natijalari bo'yicha tarqatilgan xabarda.

Keling, xabarning yuqorida keltirilgan qismini tahlil qilib ko'raylik.

Ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida - "mezonga asoslangan" deya taqdim etilayotgan "yangi" baholash tizimining nimasi "ilg'or tajriba"? Bu tajriba qaysi davlatlarda qo'llanilgan va qanday samara bergan?

Prezident maktabi baholash tizimi - Prezident maktablarida Kembrij dasturlari asosida o'qitiladigan fanlar bunday tizim asosida baholanmaydi shekilli?

o‘quvchilarning o‘zlashtirishi 53 foizdan 59 foizga oshgan - o'quvchilarning bilimi validlik talablariga mutlaq javob bermaydigan, testologiyaning fundamental talablarini inkor qilgan holda tuzilgan testlar asosida baholanganda "o'quvchilar o'zlashtirishi oshdi" degan bunday qat'iy xulosani berish mumkinmi?

baholash tizimi yangi o‘quv yilidan yana 1 mingta maktabda qo‘llana boshlaydi - bu baholash tizimi tajriba-sinov sifatida joriy qilingan edi. Tajriba-sinov ko'lamini kengaytirish, yanada ko'proq maktablarga joriy qilishdan oldin tajriba-sinov natijalarini e'lon qilarsiz, bu natijalarni ilmiy tahlil qilib ko'rarmiz?

Hilola Umarova o'z taqdimotida yiqoridagi kabi "noqulay" savollarga ham to'xtalganmi yoki odatdagi "ura-ura, bizda hammasi zo'r, yangi tizim joriy qilyapmiz" qabilida hisobot berilganmi - xabarda yoritilmagan.
👍13🤯2🤔1
Yana bir qiziq narsa.

"Hududlardagi 11 ta pedagogika kollejini Malaka oshirish markazlari tasarrufiga o‘tkazib, xorijdan trenerlarni jalb etish vazifasi qo‘yildi. ... Taqdimotda Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti negizida Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etish taklifi ham muhokama qilindi".

Qaysidir muassasalarni u tasarrufdan olib bu tasarrufga o'tkazish, nomini o'zgartirishni men "islohot" emas, "ИБД" ("jo'shqin faoliyat imitatsiyasi") deb atagan bo'lardim. Pedagogika fanlari - butun dunyoda pedagogika fanlari, bu sohada ilmiy ishlar olib borilishi, ilmiy asoslangan xulosalar berilishi zarur. "Tarbiya pedagogikasi" esa anchagina tor tushuncha va jadidlar merosiga hurmat saqlagan holda shuni qat'iy ishonch bilan aytishim mumkinki, "jadidlarning tarbiyaviy qarashlarini ilmiy tadqiq etish" bilan XXI asrda pedagogika sohasida ilmiy yangilik qilish u yoqda tursin, uzoqqa borish qiyin masala. Pedagogika sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borishi, ilmiy asoslangan xulosalar berishi kerak bo'lgan muassasaning faoliyatini bu darajada toraytirish bilan qanday maqsad ko'zlangan, bilmadim ...

Yoki maqsad - taqdimotda qandaydir "yangilik" olib chiqish, u yog'i esa bir gap bo'lar ...mi?
👍3
PISA-2022 xalqaro tadqiqotining kreativ (ijodiy) fikrlash domeni boʻyicha natijalari eʼlon qilindi. Bu domen oʻquvchilarning yangi gʻoyalar yarata olish, ularga baho berish va ularni yaxshilash koʻnikmalarini tekshiradi.

Kreativ fikrlash boʻyicha eng yuqori natijalar qayd etgan davlatlar: Singapur (41 ball), Koreya, Kanada (38 ball), Avstraliya (37 ball), Yangi Zelandiya, Estoniya, Finlyandiya (36 ball).

Kreativ fikrlash boʻyicha eng past natijalar qayd etgan davlatlar: Dominikan respublikasi, Marokash (15 ball), Oʻzbekiston, Filippin (14 ball), Albaniya (13 ball).

OECD boʻyicha oʻrtacha ball: 33.

Oʻzbekistonlik oʻquvchilarning 83%i kreativ fikrlash domeni boʻyicha 2- yoki undan quyi darajaga erishgan (solishtirish uchun: OECD boʻyicha 2- yoki undan quyi darajaga erishgan oʻquvchilar 20%ni tashkil etgan), 5-6-darajalarga erishganlar 1,7%ni tashkil qilgan (OECD boʻyicha oʻrtacha - 27%). Maʼlumot uchun: kreativ fikrlash boʻyicha bazaviy daraja - 3-daraja.

Umuman olganda, kreativ fikrlash boʻyicha qizlar oʻgʻil bolalarga nisbatan yuqoriroq natijalar qayd etishgan. Oʻzbekistonda qizlar va oʻgʻil bolalar natijalari oʻrtasidagi farq 1 ballni tashkil qilgan (OECD boʻyicha oʻrtacha farq - 3 ball).

Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yaxshi oilalarning farzandlari va yomon oilalarning farzandlari natijalari oʻrtasidagi farq bor-yoʻgʻi 3 ballni tashkil qilgan (OECD boʻyicha oʻrtacha farq - 10%).

Shuningdek, matematika boʻyicha yuqori va quyi natijalar hamda kreativ fikrlash boʻyicha yuqori va quyi natijalar oʻrtasida korrelyatsiya kuzatilgan: matematik savodxonlik boʻyicha yuqori natijalar koʻrsatgan oʻquvchilar kreativ fikrlash boʻyicha ham yuqori natijalar koʻrsatishgan.
👍11😢2
Bu xabardan keyin Oʻzbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligida Singapuromaniya ahdi yanada qatʼiylashsa ajab emas.
PISA-2022 tadqiqotida kreativ fikrlashni baholash uchun ishlatilgan test topshiriqlaridan namunalar.

Berilgan illyustratsiya uchun original sarlavha oʻylab toping.

"Asalarilarni qutqaring" klubi uchun insonlarning asalarilar ahamiyati haqida bilimini oshirishga moʻljallangan uch original gʻoya bering.
👍9
Bugun - Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi eʼlon qilingan kun. Aynan 1990-yil 20-iyunda Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilgan edi.

Bu deklaratsiya qanday qabul qilingan edi? Nega ayrim manbalarda OʻzSSR Kommunistik partiyasi birinchi kotibi Islom Karimov bu deklaratsiyaga qarshi boʻlgani haqida yozishadi? Nega oradan bir yildan sal koʻproq vaqt oʻtib (1991-yil 31-avgustda) Oʻzbekiston mustaqilligi qaytadan eʼlon qilindi? Nega bunday hujjatlarni qabul qilishga jurʼati yetgan, hozirgidek tilsiz-zabonsiz boʻlmagan, parlament deyishga arzigulik parlament Oʻzbekistonning mana 33 yildan beri chiqa olmayotgan "oʻziga xos, oʻziga mos" yoʻlidan emas, normal taraqqiyot yoʻlidan borishini taʼminlay olmadi?

Balki shu savollarga xolis javoblar topa olsak "post sovet" davlatidan rosmana demokratik, inson qadri faqat minbarda emas, amalda qadrlanishini har bir vatandosh kundalik hayotida his qiladigan davlatga aylanarmiz?
🔥5
PISA-2022 tadqiqotining kreativ fikrlash domeni boʻyicha natijalari haqida yozgan edim. Kutilganidek, Oʻzbekiston, tadqiqotning asosiy domenlarida (matematika , oʻqish savodxonligi, tabiiy fanlar) boʻlgani kabi, kreativ fikrlash boʻyicha ham eng oxirgi oʻrinlarni egalladi. Kutilganidek - chunki tadqiqot mualliflari taʼkidlashicha, kreativ fikrlash va matematika, oʻqish, tabiiy fanlar koʻnikmalari oʻrtasida maʼlum darajada korrelyatsiya bor va bu sohalarda bazaviy darajaga erishmasdan turib kreativ fikrlash haqida gapirish imkonsiz. Esingizda boʻlsa, Oʻzbekiston oʻquvchilarining 60%dan koʻpi uch asosiy domenning birontasi boʻyicha minimal darajaga ham erisha olmagan.

Muammoning sabablarini kengroq tahlil qiladigan boʻlsak, mustaqil, kritik, kreativ fikrlashni ragʻbatlantirmaydigan, asosan maʼlumotlarni yodlatishga qaratilgan, hamma bolalarni hatto tashqi koʻrinishi boʻyicha bir xil qolipga solishga harakat qiladigan maktab taʼlimi bilan birga, yana bir sabab, nazarimda, bolalar adabiyoti bilan bogʻliq.

Tafakkurning rivojlanishi, kengayishi mutolaa bilan roʻy beradi. Biz bolalar adabiyoti deganda nimani tushunamiz? Asosan pand-nasihat ruhidagi asarlarni va buyuk oʻtmishimiz, ota-bobolarimiz haqidagi bola tushunmaydigan tilda yozilgan asarlarni. Hatto "adabiyot - bu odobiyot" deb uqtiramiz. Uzr, lekin bunday asarlar bola uchun qiziq emas, bunday asarlar bolani kitobga oshno qilmaydi, dunyoga, atrofidagi olamga boshqacha nigoh bilan qarashga, kutilmagan rakursdan tahlil qilishga undamaydi.

Biz bolalar adabiyotidan birinchi navbatda "tarbiya" kutamiz. Bolalar adabiyotida klassika darajasiga chiqqan asarlarni eslang: Karlson har xil shoʻxliklar qiladi. Vinni Pux turli gʻaroyib voqealarga tushib, ulardan yechim qidiradi. Moʻjizalar mamlakatiga tushgan Alisaga hech kim "bu yaxshi, bu yomon" deb vaʼz oʻqimaydi. Prostokvashinodagi it va mushuk maza qilib oʻzi xohlaganday yashaydi. Bizda shunday - bolalarni oʻziga torta oladigan qahramonlar, olamlar bormi?

Menimcha, fikrlay oladigan bolaga pand-nasihatning keragi yoʻq: u oʻzi xulosalar chiqara oladi, yaxshi-yomonni ajrata oladi. Bola uchun badiiy adabiyot - "odobiyot" emas, birinchi navbatda turfa olamlarga sayohat qilish, dunyoga turli rakurslardan boqish, oʻzini va oʻzgalarni tushunish imkoni boʻlishi kerak. Shunda mutolaaga mehr paydo boʻladi, bu esa oʻqish savodxonligi uchun ham, boshqa fanlardan yutuqlar uchun ham, kreativ fikrlash uchun ham zaruriy asosdir.
👍12👏2😱1