Jalilov. Qaydlar
4.11K subscribers
1.47K photos
17 videos
23 files
2.3K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Xullas, kun.uz da bugun kunduzi e'lon qilingan va keyinchalik negadir olib tashlangan maqola Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasining qo'shma qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatiga taklif qilinayotgan o'zgarishlar haqida. PQ-5117da ta’lim muassasalarining kamida C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega xorijiy tillar o‘qituvchilariga har oy 50% miqdorida ustama haqi berilishi ko'zda tutilgan.

Maktabgacha va maktab ta'limi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari taklif qilayotgan yangi ro'yxatda ingliz tilidan bir qator sertifikatlar olib tashlangan. Shu jumladan, quruq til bililishini emas, aynan tilni o'qita olish bo'yicha bilim va ko'nikmalarni tekshiradigan barcha sertifikatlar (TKT, CELTA, DELTA va hokazo) yangi ro'yxatga kiritilmagan.

Nima asosda bunday qarorga kelingan, bilmadim, lekin o'chirilgan maqoladagi va boshqa o'qituvchilarning fiklariga qo'shilaman:

"CEFR yoki IELTS'dan C1, 7+ o‘qituvchilarni ko‘rdik, boshlang‘ich sinflarning kitoblari dasturiga tushunmay, bolaga nima o‘rgatishni bilmay o‘tiribdi"

"Shu sertifikatga tayyorlanish ortidan universitetda olmagan bilimlarimni oldim. Ishonavering, universitetda pedagogika fani, metodika fanlari umuman hech qanday bilim bera olmasligini anglaganman. Ish reja, maqsad, konspekt, yuklama, maktab bilan bogʻliq yuzlab holatlar aynan ushbu modulda nazarda tutilgan"

Tilni (umuman fanni) bilish boshqa, uni o'rgata olish - boshqa. Bizda o'qituvchilar bilimini baholash (kasbiy zsertifikat, toifa, ustama) bilimni tekshirishga asoslangan. Lekin, masalan, men ingliz tilini C2 darajasida bilishim mumkin, lekin o'quvchilar bilan ishlash olmasligim, sinfni boshqara olmasligim, darsni tashkil qila olmasligim mumkin. Xo'sh, bunday holatda mening C2 darajamdan o'quvchilarga nima naf? O'quvchilarni baholashda quruq bilimga emas, pedagogika, metodikani qanchalik bilishiga qarash kerak. Taklif qilinayotgan o'zgarishlar esa teskari tarafga ketayotgani achinarli holat. Yoki ... izohlarda yozishayotganidek, TKT, CELTA, TESOl singari sertifikatlar olganlar ko'payib ketib, budjet ko'tara olmay qoldimi?

Darvoqe. Portalda loyihaga 4000dan oshiq izoh qoldirilgan ekan, negadir bu izohlarni ko'rish imkoni bo'lmayapti ...
👍15👏2🔥1
Oldingi postga izohlarda soʻrashmoqda: "Tilni bilmaydigan, metodikani boladigan oʻqituvchi sertifikat olsa-chi, oʻtaveradimi?"

Aynan TKT, CELTA, DELTA, TESOL singari sertifikatlar misolida oladigan boʻlsak, tilni bilmaydigan oʻqituvchi qanday qilib bu sertifikatlarni ola oladi? Imtihon savollari ingliz tilida, demak, kamida savollarni (buning ustiga professional jargon - terminologiya ishlatilgan savollarni) tushunish kerak. Imtihonga tayyorlanish uchun bilish kerak boʻlgan metodik tushunchalar yoritilgan oʻzbek tilidagi manbalarni (professional adabiyotlarni) koʻrmaganman - imtihonga tayyorlanish uchun metodik adabiyotlarni tushunish darajasida tilni bilish kerak. Bu sertifikatlarning ayrimlarini (masalan, CELTA) olish uchun ingliz tilidan dars oʻtib berish kerak. Oʻzingiz oʻylab koʻring, tilni bilmagan mutaxassis bunday talablarni bajara oladimi?

Yana bir narsa. Ayrim hamkasblar "TESOL" degan nom ostida har xil tashkilotlar beradigan (va ayrim hollarda pulga sotib olsa boʻladigan) sertifikatlar koʻpaygani uchun bira-toʻla metodikani baholaydigan barcha sertifikatlar loyihada olib tashlangandir, degan fikr bildirishmoqda. Balkim. Bilmadim. Lekin agar haqidatda shunday boʻlsa, bu "burgaga achchiq qilib koʻrpa kuydirish" boʻladi. Haqiqiy TESOLning oʻz talablari bor (oʻquv soatlari hajmi, dars oʻtib berish va hokazo). Qarorga bu talablarni kiritish va faqat shu talablarni bajarib olingan sertifikatlarga ustama berish mumkin. Qolaversa, bitta TESOLni deb qolgan sertifikatlardan voz kechib yuborish ham toʻgʻri yechim emas.

Yuqorida yozganimdek, IELTS 9 olgan, lekin metodikani bilmaydigan oʻqituvchidan koʻra IELTS darajasi pastroq boʻlgan, lekin metodikani yaxshi biladigan oʻqituvchining oʻquvchilar uchun foydasi koʻproq boʻladi. Aks holda - IELTSi bor maktab oʻquvchisini ham oʻz sinfdoshlariga dars berishga kiritib yuboraylik?
👏19👍3👎1😢1
Keling, endi masalani faqat ingliz tili sertifikatlari misolida emas, kengroq olaylik.

Umuman olganda, fan oʻqituvchisiga shu fanni bilgani uchun ustama (yaʼni qoʻshimcha pul) toʻlash - menimcha, absurd. Masalan, matematika oʻqituvchisiga matematikadan DTM beradigan milliy sertifikatni olgani (yaʼni oʻz fanini abituriyent darajasida bilgani) uchun qoʻshimcha pul toʻlash - absurd. Xuddi shunday, chet tili oʻqituvchisiga oʻzi dars beradigan tilni bilgani uchun (DTM sertifikatini, IELTSni va hokazoni olgani uchun) ustama toʻlash ham absurd. Chunki chet tili oʻqituvchisi uchun - bu chet tili emas, mutaxassisligi.

Fikrimcha, amaldagi kasbiy sertifikatsiya, ustama, toifa tizimlarini bekor qilib, yagona bitta tizim qilish kerak: uzluksiz malaka oshirishga asoslangan tizim. (Uzluksiz malaka oshirish deganda Avloniy instituti yoki uning filiallarida 36 soat "oʻtirib" chiqishni nazarda tutmadim).

Masalan, OTMni bitirib endi ishga kirgan oʻqitivchiga bitta daraja beriladi va u shu darajaga mos oylik oladi. (Albatta, bu oylik hech boʻlmaganda oʻrtacha oylikdan past boʻlmasligi kerak. Va albatta, fanini bilmaydigan bitiruvchi diplom ola olmasligi kerak). Oʻqituvchi oʻz yoʻnalishi boʻyicha treninglardan oʻtsa - darajasi (toifasi) va oyligi oshadi. Oʻqituvchi oʻz ustida ishlab, milliy yoki xalqaro sertifikatlar olsa ham (fanini bilishini tasdiqlaydigan emas, dars bera olishini tasdiqlaydigan) uning darajasi va oyligi koʻtariladi. Oʻqituvchi oʻz yoʻnalishi boʻyicha nufuzli OTMlarda akkreditatsiyan oʻtgan kurslarni bitirsa - yana darajasi koʻtariladi va oyligi oshadi. Oʻqituvchi pedagogika, metodika sohasida tadqiqotlar, tahlillar qilib, nufuzli ("qaroqchi" emas) jurnallarda maqolalar chiqarsa - yana darajasi va oyligi oshadi. Oʻqituvchi ilmiy daraja olsa, yana darajasi va oyligi oshadi. Mana shunday uzluksiz malaka oshirish tizimi. Toifalar va ustamalar oʻqituvchining qay darajada oʻz ustida ishlashiga bogʻlanishi kerak, fanni bilishiga yoki maktab darsliklaridagi maʼlumotlarni yodlashiga emas. Chunki oʻqitivchi a priori oʻz fanini bilishi lozim, metodikasi puxta oʻqituvchiga esa darslikni yodlash kerak boʻlmaydi - darsdan oldin varaqlab chiqish kifoya.
👍16
Oldingi postga izohlarda "real vaziyatdan kelib chiqing, fanni bilmaydigan va biladigan bir xil oylik olsinmi" deb soʻrashmoqda. Ha, oʻz fanini bilmaydigan oʻqituvchilar ham koʻp. Undaylar fanini biladiganlar bilan bir xil oylik olishi kerak emas, maktabda ishlamasligi kerak.

Real vaziyatda, menimcha:

1. Oʻqituvchining oyligini koʻtarish kerak. Hech boʻlmaganda hech qanday ustamalarsiz hozirgidan ikki baravar koʻp (5,5 - 6 mln) boʻlishi kerak. Budjetda pul yoʻq deyishingiz mumkin - keraksiz tashkilotlar va xarajatlardan tejash mumkin. Bu band bajarilmasa - keyingi bandlarga oʻtib boʻlmaydi, chunki hozirgi oylikka sifatli oʻqituvchini maktabga jalb qila olmaysiz yoki ushlab qola olmaysiz.

2. 1-band bilan parallel ravishda: OTMda oʻz sohasini (pedagogik OTMda - oʻzi dars beradigan fanlarni va metodikani) bilmasa bitira olmaydigan tizim qilish kerak.

3. 1-band bilan parallel ravishda: bor oʻqituvchilarni qanchadir muddat ichida yoppasiga fan boʻyicha bilimi va pedagogik mahoratini tekshirish kerak. Tekshiruv xolis, shaffof, valid baholash instrumentlariga asoslangan boʻlishi kerak. Va albatta, bu qanday instrumental ekanligini oʻqituvchilar oldindan bilishi kerak. Tekshiruvdan oʻtmadimi - xayrlashiladi.

Va keyin yuqoriga aytilgan uzluksiz malaka oshirish va toifa olish tizimini joriy qilib, oylik oshib borishini shu tizimga bogʻlash kerak.
👍24🔥1
Колумнист «Газеты.uz» Комил Джалилов проанализировал новые учебные планы для школ Узбекистана на следующий год и подчёркивает, что без комплексного подхода можно не только не добиться нужного результата, но и столкнуться с новыми проблемами.

https://www.gazeta.uz/ru/2024/05/17/study-program/

Telegram | Instagram | YouTube
👍4
Shokir Tursun Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi joriy qilayotgan va zoʻr berib maqtalayotgan "mezonga asoslangan baholash tizimi"ning muammolari haqida yaxshi tahlil tayyorlabdi. Tavsiya qilaman. Ayniqsa bu tizimni "ura ura" qilib joriy qilayotganlarga.

https://shokirtursun.blogspot.com/2024/05/mezonga-asoslangan-baholash-tizimiga.html
👍14🔥2
Bizda soʻz erkinligidan nega qoʻrqishadi?

Bu savolga mening javobim bor, lekin jurnalistlar - "Amerika ovozi" oʻzbek xizmati jurnalisti Navbahor Imamova va Oʻzbekistonda saytlari hali ham bloklangan holda qolayotgan "Ozodlik" radiosi oʻzbek xizmati rahbari Pahlavon Sodiq fikrlarini eshitish, oʻylaymanki, qiziq boʻladi.
👏5
Menimcha, suhbatda aytilgan uch asosiy tezisni suhbat ishtirokchilaridan sarlavhaga olib chiqilgan savolga javob sifatida qabul qilish mumkin:

- "Yangi" deb eʼlon qilingan narsa aslida unchalik yangi ham emasdi, eski fasad boʻyab, "yangi" deb eʼlon qilindi, xolos.

- Barcha jarayonlar institutlar emas, shaxs darajasida kechar ekan, boshqacha holatni kutish qiyin.

- Erkinlik - uzviy narsa, bir sohada erkinlik berib, boshqa sohada bermaslik mumkin emas. Shundan xulosa chiqaravering.
🔥9👍1
"Bu tizimni ("mezonga asoslangan baholash tizimi" deb atalgan, aslida oʻquvchining xotirasini muttasil tekshirib borishga asoslangan) ishlab chiqayotganlar hamma yoqni shunday testlarga (masalan, 1, 2) toʻldirib tashlashyapti. Oʻylaymanki, vazirlikda hamon aqlli odamlar bor, ular bunday nomaqbulchilikning butun Oʻzbekiston oʻquvchilarga joriy qilinishining oldini olishadi", deb yozmoqda pedagog Shokir Tursun.

Tushunishim boʻyicha, vazirlik ichida boʻlinish yuzaga kelgan. Jamoaning bir qismi qarorlar qabul qilish yoki qarorlarga taʼsir qilishdan chetlatilgan, ularga faqat OAVlarga chiqib turish yoki anjumanlarda koʻrinib turish vazifasi yuklatilgan. Vazir Hilola Umarova butun vakolatni oʻzi ishongan PIIMAchilarga berib qoʻygan va ular taʼlimni istagan kuyga solishmoqda, hech qanday tahlilda asoslangan tajribalarini butun respublikaga joriy qilishmoqda. "Mezonga asoslangan baholash" deb atalgan tizim yoki "Finlyandiya"dan "Singapur" tomon burilishlar ham shunday tajribalar sirasiga kiradi.

Agar bunday tajribalar, xususan, baholash tizimi zudlik bilan toʻxtalmasa, qoʻrqamanki, shundoq ham reanimatsiyada yotgan taʼlimning biratoʻla janozasi oʻqib qoʻya qolinadi.
👍13
6-sinf adabiyot darsligida mavzuga illyustratsiya sifatida berilgan surat va qanday maʼlumotni koʻrsatayotgani izohlanmagan diagramma oʻrtasida bogʻliqlikni topish vazifasi berilgan test topshirigʻi. Siz ham oʻylab koʻring-chi, bu test topshirigʻida qanday muammolarni (ha, muammolar, chunki ular bir emas, bir nechta) koʻryapsiz?

P.S. Shu bittagina test topshirigʻi yordamida qanday testlarni tuzmaslik kerakligi boʻyicha master-klass oʻtish mumkin.
🤯10
Keling, yuqoridagi postda keltirilgan test topshirig'ini testologiya nuqtayi nazaridan tahlil qilib ko'ramiz.

Ilmiy jihatdan olib qaraganda, test - bu o'lchov vositasi. Xuddi tarozi yordamida og'irlik yoki chizgʼich yordamida uzunlik o'lchanganidek, test yordamida ma'lum bir konstruktlar (xususiyatlar) o'lchanadi. Masalan, o'quvchining kvadrat tenglamani yecha olishi yoki chet tilida eshitgan matnini tushuna olishi yoki qo'shma gapni sodda gapdan ajrata olishi - bu konstrukt.

Har qanday test uchun asosiy sifat mezoni - validlik. Soddaroq qilib aytganda, validlik - bu testning qay darajada o'lchanishi kerak bo'lgan konstruktni o'lchab bera olishi. Masalan, testdan maqsad - o'quvchining qo'shma gapni sodda gapdan ajrata olishini baholash (o'lchash) bo'lsa, test shu narsani o'lchab bera oladimi? Test validlik talablariga javob bermasa, u foydalanishga yaroqsizdir. Validlik talablariga javob bermaydigan testdan foydalanish - xuddi uzunlikni tarozi yordamida yoki og'irlikni chizgʼich yordamida o'lchashday gap.

Tahlil qilayotganimiz testda (aniqrog'i, test topshirig'ida) 6-sinf adabiyot darsligining 178-betidagi surat va 6-sinf ona tili darsligining 214-betidagi diagramma keltirilgan hamda ikkalasi o'rtasidagi bog'liqlikni topish so'ralgan. Bunda na surat va na diagrammaga izoh berilmagan. O'quvchi surat va diagrammada nima tasvirlaganini tushunishi uchun yoki ularni eslab qolgan, vizual xotirasida saqlab yurgan bo'lishi, yoki "fol ochishi" kerak. O'ylab ko'ring, siz darslik bilan ishlaganingizda undagi rasmlar-u diagrammalarni "yodlab" olasizmi? O'zi maktab ta'limining maqsadi - o'quvchiga darslikni ipidan ignasigacha (rasmlari bilan qo'shib) yodlatishmi?

Endi test topshirig'ida so'ralayotgan narsaga diqqat qilaylik: "surat va diagramma o'rtasidagi bog'liq fikrlardan qaysilari to'g'ri?" Suratda 2-jahon urushi paytida Toshkentga evakuatsiya qilingan bolalarning Toshkentda kutib olinishi aks etgan, diagrammada - hozirgi O'zbekiston aholisining etnik tarkibi. Bu ikki narsa o'rtasida bog'liqlik bormi o'zi? Diagramma O'zbekiston aholsining hozirgi etnik tarkibi 2-jahon urushi paytida (bundan 80 yillar oldin) O'zbekistonga bolalarning ko'chirib kelinishi natijasida shakllangan, degan xulosani beradimi? Aslo yo'q. Chunki u bolalar son jihatdan qancha bo'lgan, qancha qismi urush tuhagandan keyin ham O'zbekistonda qolib ketgan, qancha qismi ko'chib ketgan - bu haqida diagrammada ma'lumot yo'q. Qolaversa, diagrammaga ko'ra, aholining eng ko'p qismini o'zbeklardan keyin tojiklar, qozoqlar, qoraqalpoqlar tashkil etadi, bu aholi yashaydigan hududlarda esa urush bo'lmagan, demakki, ular urush tufayli evakuatsiya qilingan aholining avlodlari emas. Diagrammada "boshqa millatlar" deganda esa aynan qaysi millatlar nazarda tutilgan, bu millatlar 2-jahon urushi paytida urush bilan qamrab olingan hududlarda yashashganmi - bu haqda berilgan rasm va diagrammadan xulosa chiqarib bo'lmaydi.

Katta ehtimol bilan, test tuzuvchi C varianti to'g'ri javob sifatida olgan. Lekin na diagramma va na rasmdan O'zbekistondagi iqlim va sharoit haqida xulosa chiqarib bo'lmaydi. Demak, C javob noto'g'ri.

Umuman olganda, mazkur test topshirig'ida to'g'ri javobning o'zi yo'q, chunki rasm va diagramma o'rtasida bog'liqlik yo'q. O'zingiz o'ylab ko'rib, adabiyot darsligida o'rganilayotgan asarga illyustratsiya sifatida tanlangan va ona tili darsligida grafikni o'qiy olish kompetensiyasini rivojlantirish maqsadida berilgan diagramma o'rtasida qanday bog'liqlik bo'lishi mumkin? Axir, bu har ikki darslikda boshqa surat va diagramma ham berilishi mumkin edi-ku.

davomi quyida ...
👍7🤬1
... davomi

Endi validlik masalasiga qaytamiz. Test topshirig'i ona tili fani bilan bogʻliq qaysi konstruktni - ona tili fanida rivojlantirilishi kerak bo'lgan qaysi nutqiy yoki lingvistik kompetensiyani tekshiradi (baholaydi, o'chaydi)? Hech qaysi. Test shunchaki testni tuzgan mutaxassis "ko'ziga ko'ringan", aslida yo'q bo'lgan bog'liqlikni topishni so'rayapti, ya'ni unga javob berish uchun o'quvchi testni tuzgan mutaxassis xayoliga nimalar kelganini taxmin qilishi kerak. Bu esa maktab ona tili ta'limining (va umuman, maktab ta'limining) vazifasi emas. Demak, test validlik talablariga javob bermaydi va mutlaqo yaroqsiz.

Yuqorida yozganimdek, shu bittagina test topshirigʻi yordamida qanday testlarni tuzmaslik kerakligi boʻyicha master-klass oʻtish mumkin. "Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy markazi" deb atalgan tashkilotning shu oddiy bitta test topshirigʻini tuzishda shuncha ilmiy xatoga yoʻl qoʻyishini va eng asosiysi, bunday test topshirigʻini baholash uchun ishlatishini qanday izohlash mumkin, bilmadim.
👍9
Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy markazining maktablarda summativ baholash uchun tuzib yuborayotgan testlar validlik talablariga javob bermasligi - yagona muammo emas. Yana bir muammo - Shokir Tursun yozganidek, testlarda Markaz o'zi belgilab bergan kognitiv darajalarga amal qilinmasligi (yoki, Markaz va u jalb qilayotgan testologlarning bu darajalarni farqlay olmasligi). Natijada, testlar asosan xotirani tekshirishga qaratilgan.

Fikrimning isboti sifatida 4-chorak summativ baholash uchun Markaz tuzib berganligi aytilayotgan ayrim testlarni ko'rib chiqamiz.

(B-2,5 ball) Erkin Vohidovning xalqlar, millatlar, dinlar o‘rtasidagi nizolar bashariyatga naqadar katta falokatlar olib kelishi teran tasvirlangan asari?
A) “Ruhlar isyoni” B) “Ona tuproq” C) “Iztirob” D) “Nido”


(Q-4,5 ball) “Hellados” hikoyasida Yanguli qaysi voqeadan so‘ng Jamol bilan janjallashishni to‘xtatdi?
A) Jamol uni urgandan keyin B) Otasidan tayoq yegach C) Nina xoladan gap eshitgach D) Jamolning onasi o‘lganini bilgach

(M-5,5 ball) Ko‘p jahongir ko‘rgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh yer osti
Lekin do‘stlar, she’r ahli aro
Jahongiri kam bo‘lar, rosti.
A.Oripov ushbu misralar bilan boshlanuvchi she’r bandida qalamga olgan ijodkor haqida berilgan to‘g‘ri ma’lumotni belgilang?
A) “Boburnoma” – memuar asarning ijodkori.
B) U Said Ahmad aytganidek: “…dostondek o‘qiladi” gan asar yozgan.
C) Tarixga oid yirik “Astrobod” nomli qissa muallifi hisoblanadi.
D) “Hayrat ul-abror” dostonida rostgo‘ylikning foydasi haqida yozadi.


E'tibor bering: 5-sinf adabiyot fanidan 4-chorak summativ baholash uchun mo'ljallangan yuqoridagi uch test topshirig'ini test tuzuvchilar uch darajaga mansub deb ko'rsatgan: bilish, qo'llash va mulohaza yuritish.

Markaz direktori Dilrabo Davidovaning keltirishicha:

- bilish - o‘quv materialini qayta ishlamagan holda, qonunlar, xossalar, formulalar, tushunchalar va atamalarning mohiyatini eslab qolish;

- qo'llash - bu fanning qonun va qonuniyatlari, xossalari va formulalarini qo‘llash, tahlil qilish, taqqoslash va qarama-qarshi qo‘yish, bir qancha qonun va qonuniyatlardan foydalanish, shu bilan birga, umumlashtirish va xulosa qilish;

- mulohaza yuritish - o‘zlashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalarni notanish vaziyatlarda qo‘llashni, qonun va qonuniyatlardan foydalangan holda tahlil, sintez, taqqoslash, umumlashtirishdir.

E'tibor bering: "bilish" darajasi tushunarli, u Blum taksonomiyasining eng quyi - "bilish (eslab qolish)" darajasiga mos kelyapti. "Qo'llash" va "mulohaza yuritish" darajalari o'rtasidagi farq esa tushunarsiz, chunki har ikkala daraja ham, ta'rifda keltirilishicha, qo'llash, tahlil, umumlashtirishni taqozo qiladi.

Endi yuqorida misol sifatida keltirilgan test topshiriqlariga qaytaylik. "Bilish" darajasi uchun berilgan test topshirig'i 5-sinf darsligining 204-betida berilgan jumlani so'zma-so'z qaytaradi va o'quvchining shu jumlani qay darajada eslab qolganligini tekshiradi. E'tibor bering: bu yerda, markaz direktori Dilrabo Davidova aytganidek, o'quvchining fanga oid qonunlar, tushunchalar, atamalarning mohiyatini eslab qolgani emas, shunchaki darslikdagi ma'lumotni eslab qolgani tekshirilmoqda. (Axir, darslik muallif(lar)ining "Ruhlar isyoni" asari haqidagi fikrlari - bu adabiyotga oid qonun yoki tushuncha yoki atama emas-da. Bu shunchaki darslikda berilgan ma'lumot.)

"Qo'llash" darajasi uchun berilgan test topshirig'i ham mohiyatan xotirani tekshirishga qaratilgan: test topshirig'iga javob berish uchun o'quvchi "fanning qonun va qonuniyatlari, xossalari va formulalarini qo‘llash, tahlil qilish, taqqoslash va qarama-qarshi qo‘yishi, umumlashtirishi, xulosa qilishi" talab qilinmaydi. Shunchaki "Hellados" hikoyasi syujetidagi detalni esga olish kerak.

"Mulohaza yuritish" darajasi uchun berilgan test topshirig'i ham mohiyatan xotirani tekshirishga qaratilgan: o'quvchi berilgan she'rning davomini eslab, bu bandda Navoiy haqida gap ketayotganini eslashi va berilgan gaplardan qaysi biri Navoiy haqida ekanligini topishi (buning uchun yana xotirani ishga solishi) kerak.

davomi quyida ...
👍1🔥1
... davomi

Baholash ta'lim tizimi ishtirokchilari nima muhim va nima emasligi haqida signal beradi, ularning xatti-harakatlarini yo'naltiradi.
Faqat xotirani, darsliklardagi ma'lumotlarni eslab qolishni tekshiradigan baholash tizimining muammosi shundaki, bunday tizim o'quvchilarga "mening vazifam - darslikni yodda saqlash", o'qituvchilarga esa "mening vazifam - o'quvchilarga darslikni yodlatish" degan signal beradi. Bunday yondashuv bilan nafaqat PISAdagi natijalarni yaxshilash imkonsiz, balki fikrlaydigan, ertaga jamiyatdagi muammolarga yechimlar taklif qila oladigan avlodni yetishtirish imkonsiz. Yoki ... Markazga ta'lim tizimidan fikrlashni "surib tashlash", faqat to'tiqushga o'xshab yodlashni biladigan avlodni shakllantirish vazifasi qo'yilganmi? Hilola Umarova, nima deysiz?
👍15🔥1
Xabar berishlaricha, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova boshchiligidagi delegatsiya Londonda bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon ta’lim forumida ishtirok etmoqda. Forumning birinchi kunida ta'limda yangi metodikalarni joriy qilish, sun'iy intellektdan foydalanish va ta'lim madaniyatini yaratish kabi masalalar muhokama qilingan.

Bir savol. Har zamonda vazirlik mana shunday xalqaro tadbirlardagi ishtiroki, turli mamlakatlarga "tajriba o'rganish" uchun tashriflar haqida xabarlar beradi. Dunyo tajribasini o'rganish yaxshi, lekin ... bunday tadbirlar va tashriflardan ta'lim uchun qandaydir amaliy naf bo'lyaptimi? Metodikadagi yangi tendensiyalar-u ta'limda sun'iy intellektni qo'yib turaylik, bundan 100 yillar oldin yaratilgan va ta'limi rivojlangan davlatlar uchun tamal toshi bo'lib xizmat qilgan fundamental nazariyalar hali ta'lim jarayoniga kirib kelgani yo'q-ku? Hali ham maktab ta'limining maqsadini, har bir fanda o'quvchilar egallashi kerak bo'lgan kompetensiyalarni belgilab beradigan yaxlit hujjat - curriculum yo'q va katta ehtimol bilan, kelayotgan o'quv yilida ham har xil sinflar har xil, bir-biriga nomutanosib darsliklar asosida ta'lim olishni davom ettiradi. Hali ham vazirlik o'quv rejasiga fanlarni qo'shish, ayirish, olib tashlash bilan ovora. Hali ham pedagogikani (haqiqiy pedagogikani, bizdagi aksar oliygohlarda o'qitiladigan oldi-qochdi fanni emas) o'rganishni boshlagan har qanday talabaga tushuntiriladigan "constructive alignment" (ta'lim maqsadlari - o'qitish uslublari - baholash o'rtasdagi uzviylik) ta'minlanmagan: vazirlik va uning qoshidagi markazlar maktab ta'limining asosiy maqsadi - o'quvchiga darslikni yodlatish deb biladi va butun e'tiborini shunga qaratgan. Hali ham ko'p maktablarda elementar suv va hojatxona yo'q ...

Shunday ekan, "yangi metodikalar" va "sun'iy intellekt"gacha bizda hali ancha "qovun pishig'i" bor. Oldin fundamental muammolarni hal qilish kerak - busiz qolgan hamma xatti-harakatlar sirkdagi fokuschining o'yinlari singari illyuziya.
👍33👏3🤔1
Oldingi postga izohlarda "rivojlangan davlatlarda 100 yilcha oldin hal qilingan fundamental muammolar" haqida batafsilroq maʼlumot berishni soʻrashmoqda.

Eʼtibor bering: oldingi postda "bundan 100 yillar oldin yaratilgan va taʼlimi rivojlangan davlatlar uchun tamal toshi boʻlib xizmat qilgan fundamental nazariyalar hali ham kirib ketgani yoʻq" deb yozdim. Bular qanday nazariyalar?

Keling, oldin nazariya nima ekanligini aniqlab olaylik. Nazariya - bu biron-bir voqea-hodisani, bu voqea zamiridagi qonuniyatlar va tamoyillarni tushuntiruvchi fikrlar. Masalan, fizikadagi Nyutonning gravitatsiya nazariyasi massaga ega boʻlgan jismning tortishish maydoni hosil qilishini tushuntiradi.

Nazariya - bu "quruq gap" emas. Har qanday fanning asosini nazariyalar tashkil qiladi. Shu jumladan, pedagogikaning ham. Masalan, pedagogikada inson qanday oʻrganishi, uning miyasi qanday ishlashini tasvirlovchi nazariyalar bor: bihevorizm, kognitivizm, konstruktivizm va boshqa bir qator nazariyalar. Masalan, "sxemalar nazariyasi" haqida oldinroq yozganman. Yana bir pedagogikada keng tarqalgan nazariya - 1950-yillarda yaratilgan Blum taksonomiyasi.

Aksar davlatlarda bu nazariyalar pedagoglar tayyorlaydigan OTMlarda oʻqitiladi, ularni bilmasdan maktab oʻqituvchisi sertifikatini (litsenziyasini) olish mumkin emas. Va albatta oʻquv dasturlari va oʻquv materiallari (darsliklar, qoʻllanmalar) yaratishda, bevosita dars jarayonida, baholashda bu nazariyalar hisobga olinadi.

Bizda esa, afsuski, haligacha pedagogikamiz qaysi tamoyillarga, nazariyalarga suyanadi, degan savolga aniq javob yoʻq. Uni qoʻyib turaylik, haligacha oʻrta taʼlimning maqsadini belgilaydigan aniq hujjat yoʻq: masalan, boshlangʻich sinflarning oʻquv dasturi (kalendar tematik rejasi emas!) haligacha eʼlon qilinmadi (bormi oʻzi, deb qayta-qayta berilgan savolga ham javob berilmadi).

Londonlarda "taʼlimda sunʼiy intellekt"ni muhokama qilishdan oldin, bunday fundamental savollarga javoblarni aniqlashtirib olish kerakmi deyman-da.
👍21
Ha, xohlasa, shunday qilish ham mumkin. Umuman, xohlaganini qilish mumkin - asosiysi, telegram kanallarda va "tepa"ga chiroyli hisobotlar ketsa boʻldi-da. Baholashga bunday yondashuv shundoq ham abgor taʼlimni "bir joyga" battar kiritvorishi bilan kimning nima ishi bor?

Yuqoridagi postga izohlardan birida "darsliklarni yodlatish maktab taʼlimining maqsadi qilib belgilanganini qayerda koʻrdingiz" mazmunida izoh qoldirilgan edi.

Toʻgʻri, rasmiy hujjatlarga bunday maqsad belgilanmaydi. Lekin pedagogikani, oʻquv dasturlarini yaratish tamoyillarini (curriculum development) oʻrgangan mutaxassislar biladi: intended curriculum (maqsad qilingan oʻquv dasturi) va enacted curriculum (amalga oshirilgan oʻquv dasturi) tushunchalari bor. Bulardan birinchisi - oʻquv dastur(lar)ida rasman belgilangan maqsadni bildiradi, amalda nima boʻlishini esa koʻp faktorlar, xususan, baholash tizimi belgilaydi. Aynan baholash taʼlim tizimi ishtirokchilarining xatti-harakatlarini boshqaradi (washback). Bu narsani test tuzuvchi tashkilot, xususan, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi bilishi kerak.

Adabiyot fanidan 10-sinf 4-chorak oxiridagi summativ baholash uchun tuzilgan test topshiriqlariga eʼtibor bering. Bu test topshiriqlari oʻquvchining darslikda berilgan jumlalarni yod olganini tekshirmay nimani tekshiryapti axir?

Hurmatli markaz testologlari! Shu darslik mualliflaridan biri sifatida butun masʼuliyat bilan sizni ishontirib aytamanki, biz "Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq" asarini (yoki boshqa bironta asarni) darslikka yodlatish maqsadida kiritmaganmiz. Darslikka asarlar adabiyotga oid kompetensiyalarni - badiiy matnni tushunish, tahlil qilish, fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida kiritilgan. Sizlar esa bunday testlaringiz bilan bu maqsadni chippakka chiqaryapsizlar.

P.S. Normal test tuzish qoʻlingizdan kelmasa, oʻzingizni ham, boshqalarni ham qiynamay,"karam shoʻrva"ni yigʻishtirib qoʻya qolsangiz ham boʻladi-ku.
Tasavvur qiling: kelayotgan o'quv yilida bunday rasvogarchilik kamida 1500 maktabga joriy qilinadi. Bu rasvogarchilikni joriy qilish bo'yicha "eng yaxshi" maktab rahbarlari va pedagoglariga esa ustama to‘lanadi.
😢9👍4👎2
Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazidan "shedevr". "Eng ahmoqona distraktorlar (javob variantlari)" nominatsiyasi g'olibi, desak ham bo'ladi. Javob variantlaridagi jumlalarning "go‘zalligiga" e'tibor bering.

10. (M – 5,5 ball) Myuller Kemmeriхning botinkasiga ko‘z tikkan bo‘lsa, bu unga ichi achimayapti degani emas. Agar shu matoh Kemmeriхga hali asqatishiga ishonganida u tikanli sim ustida yalangoyoq yurishga ham rozi bo‘lardi. Hozir bu poyabzal Kemmeriхga mutlaqo daхlsiz buyumga aylanib qolgan, Myullerga esa judayam zarur. Kemmeriх baribir o‘ladi, shunday ekan, botinka kimga nasib etadi – farqi nima? Allaqanday sanitar ilib ketganidan ko‘ra Myuller olgani yaхshi-da. Bunga uning ko‘proq haqqi bor. Kemmeriх o‘lganidan keyin kech bo‘ladi.

Kimmerixning oyoq kiyimi bilan bog‘liq voqealar “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romaniga nima uchun ramz sifatida kiritilgan deb o‘ylaysiz?

A) Kimmerix yangi botinka sotib olgani uchun do‘sti okopda qiynalmasligi va bu botinka inson hayotichalik qimmatroq bo‘lmagani sababli beradi.

B) Bir juft botinka inson hayotiga qaraganda qimmatroq va uzoqroqligini,urushda inson hayoti mutloq ahamiyatsizligini anglatgan

C) Urushda qancha uzoq umr ko‘rsa, shunchalik undan nafratlanadi va azoblanadi, botinkasiz ham shu azoblarni boshdan kechirish uchun

D) Myuller josus sifatida biror davlatning yeriga kirishi u urush paytida amalga oshirishi kerak bo‘lgan eng xavfli harakatlardan biri bo‘lganligi uchun
"O‘zbekiston o'z meva-sabzavot eksportiga yana bir zarba berdi", deb yozadi xalqaro meva va sabzavotlar bozorini tahlil qiluvchi EastFruit platformasi.

"EastFruit tahlilchilari O'zbekistondan ushbu tovarlarni (mava va sabzavootlarni) eksport qilish shartlari yomonlashganinii kuzatgan. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko'ra, 2024-yil 14-maydan boshlab meva-sabzavot mahsulotlarining ilgari tavsiya etilgan narxlari endi ruxsat etilgan minimal narxlar bo‘lib xizmat qiladi.

Binobarin, endilikda meva-sabzavotlarni davlat organlari tomonidan belgilangan narxidann past narxlarda eksport qilish taqiqlangan. Shunisi e'tiborga loyiqki, bu narxlar mahsulotning sifati, xilma-xilligi yoki boshqa farqlovchi omillardan qat'iy nazar, meva-sabzavot sanoatining o'ziga xos xilma-xilligini e'tiborga olmagan holda belgilangan.

Tarixiy tahlillar shuni ko'rsatadiki, bunday tartibga solish qarorlari chegaraning har ikki tarafi uchun zararli. Ular, birinchi navbatda, ishlab chiqaruvchilar va kichik eksportchilarning bozor imkoniyatlarini cheklaydi. Bu cheklov nafaqat qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishning investitsion jozibadorlikni pasaytiradi, balki O‘zbekistonning yirik importchilar uchun savdo hamkori sifatidagi jozibadorligini ham pasaytiradi. Bunday to'g'ridan-to'g'ri nazoratni joriy etish uzoq muddatli shartnomaviy sheriklik istiqbollarini o'ta xavfli qiladi.

Bundan tashqari, soliq tushumlarini oshirish va valyutani tartibga solishni takomillashtirish nuqtayi nazaridan bunday siyosat samarasiz hisoblanadi. Yirik korporatsiyalarda murakkab moliyaviy vositalardan foydalangan holda ushbu minimal narx cheklovlarini osongina aylanib o'tish imkoni bor, lekin umumiy soliq bazasi qisqarishi mumkin".


Xullas, bozor qonuniyatlari O'zbekiston Vazirlar Mahkamasiga bo'ysunmaydi. Bozorga qarshi qabul qilinayotgan har qanday qarorlar va cheklovlar oxir-oqibatda o'zimizga qarshi bo'lib chiqadi. Buni tushunish uchun "katta kalla" shart emas edi, lekin ...
👍8🤯1