Jalilov. Qaydlar
4.1K subscribers
1.48K photos
17 videos
23 files
2.3K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Iqtisodchi Bekzod Hoshimov oʻtgan yili mamlakat iqtisodiyotiga kiritilgan toʻgʻridan toʻgri investitsiyalar kamayib ketgani haqida yozmoqda. Albatta, investorlarni (haqiqiylarini, Shotlandiyada talabalar nomiga firma ochayotgan yoki Kreml soyasiga yashiringan "oʻzuvuzani qorakoʻzlar"ni emas, yoki asosiy maqsadi iqtisodiy ekspansiya boʻlgan "ajdarlar"ni emas) jalb qilish uchun PR aksiyalar-u mehmonlarga yuz minglik somsalar tortiladigan anjumanlardan, shaxsiy kafolatlar-u personal imtiyozlardan koʻra aniq va shaffof oʻyin qoidalari, hamma uchun bir xilda ishlaydigan qonunlar, ijro hokimiyatini tiya oladigan mustaqil sud muhim. Bularsiz normal investor kelmaydi, oyogʻi tagiga qoʻy soʻysangiz ham.

Darvoqe. Oʻtgan yili investitsiyalar kamayib ketganiga eng katta "oʻyin qoidasi"ning oʻzgargani ham (bevosita yoki bilvosita) sabab boʻlmaganmikin?
👍16
"O'g'lim, hali san eshitdingmi, yo'qmi, haytovur biz sening ustingdan bir ish qilib qo'ydiq"

Gazeta.uz ning xabar berishicha, endilikda o‘ta muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularni ishlab chiqish boshlanishidan oldin aholidan taklif va tavsiyalar olish uchun internet tarmog‘ida e’lon qilinadi.

Shu o'rinda tushunarsiz: "o‘ta muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari" muhokamaga olib chiqiladimi yoki "loyihalarini tayyorlash to‘g‘risidagi ma’lumotlar" e'lon qilinadimi? Xuddi Yusufbek hoji o'g'liga uning uylanishi haqidagi "o'ta muhim" ma'lumotni e'lon qilgandek? "Ularni ishlab chiqish boshlanishidan oldin" nima degani? Yo'q loyiha qanday muhokamaga olib chiqilishi mumkin?

Agar, hujjatlar loyihalari muhokamaga olib chiqiladigan bo'lsa, bu norma shundoq ham bor edi-ku? 2018-yilda barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini majburiy jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish talabi kiritilgandi, keyin esa “muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalar” “qoida tariqasida” muhokamaga olib chiqiladigan bo'ldi, qaysi loyihalar muhim-u qaysilari muhim emasligini masalasi ochiq qoldi - shu bilan regulation.gov.uz ham hovullab qoldi, birov kirsa kiradi, kirmasa yo'q.

Yoki endi shunchaki muhim emas, faqat o'ta muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar lohihalari muhokamaga olib chiqiladimi? "O'ta muhim"likning aniq mezonlari bormi?
👍18
Qiziq, butun boshli Ta'limni rivojantirish respublika ilmiy-metodik markazida ta'limning mazmuniga mas'ul bu tashkilot veb-saytining normal ishlashini ta'minlaydigan bo'lim (xodim) yo'qmi? Yoki sayt "bormi-bor" tamoyilida ishlaydimi?

P.S. Muammo brauzerda emas. Har xil qurilmalar va brauzerlarda tekshirildi - natija yuqorida ko'rib turganingizdek, (deyarli) bo'm-bo'sh ekran.
😢7👍1😱1
Mana bu - Taʼlimni rivojlantirish markazi saytining mobil qurilmada Microsoft Edge brauzeridan kirganda (mendagi) koʻrinishi.
👍6
Hisobot uchun hisob...mi?

Va nihoyat Ta'limni rivojantirish respublika ilmiy-metodik markazining saytini ochishga muyassar bo'ldim. Qiziq ma'lumotlar qo'shilibdi. Shunday diqqatga savozor ma'lumotlardan biri - markaz xodimlari tomonidan e'lon qilingan ilmiy maqolalar ro'yxati. Bu - oldingi postlardan birida ko'tarilgan "Markaz xodimlari xalqaro va mahalliy ilmiy jurnallarda, konferensiyalarda e'lon qilgan 50dan ortiq ilmiy maqolalar bilan markazning rasmiy manbalarida tanishish imkoni bormi?" degan savolga javobanmi yoki bu maqolalar ro'yxatini saytda oldindan bormidi, bilmadim. Xullas, 50ta bo'lmasa ham, 10ta maqola ro'yxati berilibdi.

"Xalq ta'limi info" kanali e'lon qilgan videohisobotda markaz xodimlari e'lon qilgan ilmiy maqolalar "ta'lim sohasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilghan ishlar" sifatida taqdim etilgan edi. Qizig'i, markaz saytidagi ro'yxatda keltirilgan 10ta maqoladan 8tasining, tushunishimcha, ta'limga aloqasi yo'q. Bu maqolalar:

- nanokatalizatorlarning elektrokatalitik oksidlanishi haqida (maqola hammuallifining ish (yoki tadqiqot) joyi (affiliation) sifatida TRM emas, Andijon davlat pedagogika universiteti va Yangi O'zbekiston universiteti ko'rsatilgan),

- qora tuynuk atrofidagi gravitatsion kuchsiz linzalashish haqida (maqola 2022-yilda, TRM tashkil topshidan bir yil oldin e'lon qilingan),

- qora tuynuklar atrofidagi kvazidavriy tebranishlar haqida (bu maqola ham 2022-yilda, TRM tashkil topshidan oldin e'lon qilingan),

- fotonlar harakati haqida (bu maqola mualliflari affiliationida ham negadir TRM yo'q),

- Lesli-Gauer tipidagi diffuzion yirtqich-o'lja modeli haqida;

- elektron to'lov tizimlarida yuzni tanish orqali autentifikatsiya qilish haqida (bu maqola ham 2022-yilda, TRM tashkil topshidan oldin e'lon qilingan va mualliflar affiliation'ida, tabiiyki, TRM yo'q);

- chakana savdo logistikasida katta ma'lumotlar simulyatsiyasi haqida (bu maqola ham 2022-yilda, TRM tashkil topshidan oldin e'lon qilingan va mualliflar affiliation'ida, tabiiyki, TRM yo'q);

- tarmoqni aniqlash tizimlarida Aho-Korasik algoritmlar haqida (bu maqola ham 2022-yilda, TRM tashkil topshidan oldin e'lon qilingan).

Ro'yxatdagi ta'limga aloqador 2ta maqoladan bittasi "American Journal of Interdisciplinary Research and Development" degan jurnalda e'lon qilingan ekan. Nomi "American" bo'lsa ham, tahrir hay'atining (editorial board) mutlaq ko'pchiligi O'zbekistonliklardan iborat bu jurnal asosan yurtdoshlarimizning maqolalarini chop qilishga ixtisoslashgan shekilli. Masalan, TRM ro'yxatidagi, lekin muallif affiliation'i sifatida TATU ko'rsatilgan maqola e'lon qilingan 2023-yil 23-sonida ham faqat O'zbekistonlik mualliflarning ta'limdan tortib tibbiyotgacha, iqtisodiyotdan tortib tarix, tilshunoslik va adabiyotshunoslikkacha maqolalari e'lon qilingan. (Bizga yaqinda bir ilmiy seminarda bunday xususiyatlar, masalan, har qanday sohadan maqola e'lon qilish "qaroqchi" jurnallarga ("predatory journals") xos deb o'rgatishgandi).

Va TRM ro'yxatdagi ta'limga aloqador 2ta maqoladan 2chisida ham negadir bironta muallifning TRMga aloqadorligi qayd etilmagan.

Sarlavhaga chiqarilgan savolga qaytamiz: Hisobot uchun bo'laveradi...mi? Ta'limga (ya'ni TRM faoliyatiga) va (yoki) TRMning o'ziga aloqasi yo'q, hatto tashkilot tuzilishidan oldin chop qilingan maqolalarni tashkilot tomonidan "ta'lim sohasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilghan ishlar" sifatida o'z ro'yxatiga kiritib e'lon qilish ... qay darajada etikaga to'g'ri keladi?
👍10🤯3
Oldingi postga ilova
👍4
Kun.uz bir qancha nodavlat OTMlarning litsenziyasi bekor qilingani yuzasidan material tayyorlabdi. Bundan oldin Qalampir.uz eʼlon qilgan materialda litsenziyasi bekor qilingan OTMlardan biri taʼsischisi undan pul talab qilinganini iddao qilgan edi.

Juda qiziq vaziyat. Menda materiallarni oʻqib bir qancha savollar tugʻildi. Masalan, OTMlardan birining litsenziyasi bekor qilinishiga sabab boʻlgan "binolarga mulk huquqi yoki ijarani tasdiqlovchi hujjat yoʻqligi", "hisob varagʻida 150 ming dollar yoʻqligi", "ARM tashkil qilinmaganligi" singari holatlar litsenziya berishdan oldin tekshirilmaydimi? Yoki kamchiliklar aniqlangan holatda ularni bartaraf qilish uchun muddat berilmaydimi? Yoki, masalan, davlat OTMlarini tekshirsa, ularning hammasida ham nodavlat OTMlaridan talab qilinayotgan sharoitlar bormi?

Umuman, menimcha, davlat OTMlarini boshqarish uchun masʼul Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi davlat OTMlariga raqobatchi boʻlgan nodavlat OTMlariga litsenziya berishi, litsenziyasini toʻxtatishi yoki bekor qilish uchun sudga murojaat qilishi - sogʻlom mantiqqa va "Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib- taomillari toʻgʻrisida"gi qonunga zid.

"Litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar ushbu vakolatli organlar tomonidan litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshiradigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni tashkil etishga yoki ularning faoliyatida muassislar, aksiyadorlar yoxud ishtirokchilar sifatida ishtirok etishga haqli emas, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno".

Masalan, orginfo.uz saytida vazirlik bir qancha davlat OTMlari muassisi ekanligini koʻrish mumkin.

"Maʼmuriy islohotlar" deya taqdim qilingan jarayon paytida OTMlarga litsenziya berish, ularni akkreditatsiyadan oʻtkazish vakolatiga ega boʻlgan Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasini "qurbon qilish" taklifini kim kiritgan, bilmadim, lekin agar maqsad "davlat idoralari" sonini qisqartirish boʻlgan boʻlsa, oʻshandan keyin taʼlimga masʼul idoralar koʻpaysa koʻpaydiki, aslo kamaymadi. "Islohot"lardan bir necha oy oʻtib nega kerakligi haligacha mavhum qolayotgan Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, yaqinda esa Taʼlimda loyihalar markazi tashkil qilindi.
👍9🤯4
Shunday paytlarda qozondan oʻzimizmi sal uzoqroq tutsak boʻlarmidi ...
👍21🤔3👎1
Jamiyatda, ilmda o'z o'rniga ega olimning o'zaro gurungda emas, auditoriya oldida boshqa bir hamkasbining fikrlay olish qobiliyatiga shubha bildirishi, qilgan ishiga nisbatan konkret ilmiy e'tirozlarini keltirmasdan umumiy gaplar bilan haqorat qilishi - qay darajada insonlik rutbasiga yoki olimlik rutbasiga to'g'ri keladi, bilmadim, lekin ta'limda ham, ilmda ham dunyo miqyosida ko'zga ko'rinarli bir natijalarga erisha olmayotganimiz sabablaridan biri ham shunda bo'lsa kerak. Muammo qo'yib, uning yechimlari ustida ilmiy (shaxsiyatga o'tmagan holda) bahs yuritishdan ko'ra shaxslarga urg'u berishni yaxshi ko'ramiz.
👍28👏1
Oldingi postga ilova.

"... Toʻgʻri, endi ehtimol bular oʻquvchilarda qandaydir sifatlarni shakllantirishni oʻylagan boʻlsa - agar shuni oʻylashga aqli yetgan boʻlsa - ehtimol, shuni oʻylab qilgandir, lekin bu juda ham toʻgʻri emas. ..."

"Mana biz 20-yilda edi shekilli, Milliy dastur degan dastur tuzgan edik va tamomila boshqa dastur edi, tamomila boshqa yoʻsin edi, lekin qarang-ki, oʻsha dastur asosida hozirgi darsliklar paydo boʻldi. ... Tuppa-tuzuk dastur tuzildi,
lekin maxluq tugʻildi ..."

Vebinardan.
👍7
Oʻylab-oʻylab yuqoridagi postlarga izoh berishni lozim topdim.

Telegramdagi "Metodist jurnali minbari" degan guruhda pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yoʻldoshev ishtirokida vebinar tashkil qilingan ekan. Shu vebinarda moderator oʻqituvchilardan biri tomonidan 2022-yilda chop etilgan (va men ham tuzishda ishtirok etgan) "Adabiyot" darsliklari haqida savol beradi: "Bu darsliklarda 70% chet el adabiyoti, 30% oʻzbek adabiyoti boʻlib qolgan, aslida buning aksi boʻlishi kerak emasmi?" Vebinar mehmoni bu savolga javob berib turib, yuqoridagi gaplarni aytadi: "Toʻgʻri, ehtimol bular (tushunishimcha, darslik tuzuvchilari demoqchi) oʻquvchilarda qandaydir sifatlarni shakllantirishni oʻylagan boʻlsa - agar shuni oʻylashga aqli yetgan boʻlsa..."

Savolning qoʻyilishi oʻzi notoʻgʻri ekanligini qoʻyib turaylik (darsliklarning mundarijasini koʻzdan kechirib, savol bergan oʻqituvchi iddao qilganidek, 70% jahon - 30% oʻzbek adabiyoti emasligiga ishonch hosil qilish qiyin emas: 6 sinf, 7 sinf, 10 sinf). Gap hatto "tuppa-tuzuk dastur" asosida darsliklarning muhtaram professor aytmoqchi "maxluq" boʻlib tugʻilganida yoki "maxluq" emasligida ham emas (darsliklarning metodik va ilmiy sifati boʻyicha konkret eʼtirozlar boʻlsa - javob berishga (yoki xato oʻtgan boʻlsa, tan olishga) tayyormiz).

Gap jamiyatda, ilm olamida tan olingan, OAVlarda millat haqida bot-bot bong uradigan olim ishlatgan jumlalarda. Biri - ilmiy darajasi oʻziga teng (fan doktori), ikkinchisi - ilmiy darajasi boʻlmasa ham, harqalay, pedagogika yoʻnalishida mana 10 yildirki, dunyo reytingida birinchi oʻrinni bermay kelayotgan universitetning "oʻquv dasturlari yaratish, metodika va baholash" ixtisosligi magistraturasini "distinction" (aʼlo baholar) bilan tugatishga "aqli yetgan" mutaxassisga nisbatan "agar shuni oʻylashga aqli yetgan boʻlsa" degan jumlalarning ishlatilishini men haqorat, boshqalarni mensimaslik, aqliy qobiliyatlarini shubha ostiga olish sifatida qabul qildim.

Yuqorida yozganimdek, qanchalik yuksak marralarni egallagan boʻlmaylik, ilmiy bahslarda shaxsiyatlarga oʻtmasdan, birovni haqorat qilmasdan, ilmiy va professional etika doirasida fikrlarimizni, eʼtirozlarimizni konkret ifodalashni oʻrganmas ekanmiz, olgʻa siljishimiz qiyin. Menimcha.
🔥12👍7👎1🤬1
Yuqoridagi holat, nazarimda, yana bir muhim xulosaga yetaklaydi.

Qozoqboy Yoʻldoshev oʻrta maktablarning bir qancha sinflari (shu jumladan, 7-sinf uchun ham) darsliklar muallifi. 2022-yilda yaratilgan darsliklar, shu jumladan, hurmatli olim yaratgan darslik oʻrniga kiritilgan. Lekin, men yaratilishida ishtirok etgan darslik fanni oʻqitishning yagona toʻgʻri yoʻli boʻlishga daʼvogarlik qilmaganidek, Qozoqboy Yoʻldoshev yaratgan darslik yoki metodika ham yagona yechim boʻlmasligi, boshqa muqobil samarali yechimlar boʻlishi lozim.

Yaʼni, "yagona darslik" yondashuvidan voz kechilishi kerak. PISAda yuqori natijalarga erishgan davlatlar tajribasida bir fan uchun vazirlik tasdiqlagan dastur asosida turli, bir-biriga raqobatchi nashriyotlar darsliklar yaratishi, oʻqituvchi yoki maktab jamoasi bu darsliklar ichidan erkin tanlashi haqida yozgan edim. Qaysidir oʻqituvchiga yoki maktab jamoasiga Yoʻldoshevning, boshqasiga Mirzayeva va Jalilovning yondashuvi maʼqul koʻrinar. Boshqalariga esa butunlay boshqa muallif(lar) yaratgan darsliklar samarali koʻrinar. Asosiysi - ularning hammasi vazirlik tasdiqlagan umumiy maqsadga olib borishi va ilmiy, metodik talablarga javob berishi. Umumiy maqsadga olib borish yoʻllari esa turlicha boʻlishi mumkin. Shunda, oʻylaymanki, qandaydir haqoratlarga oʻrin qolmasa kerak - bozor va erkin raqobat hammasini hal qiladi.
👍16
Darvoqe. Yana bir qiziq holat.

Oʻsha vebinar audiosi eʼlon qilingan "Metodist jurnali minbari" guruhida men bloklangan ekanman. Kim va nima sababdan bunday qarorga kelgan, bilmadim, lekin agar guruh, uning nomida aytilganidek, sof metodik masalalarni muhokama qilish uchun ochilgan boʻlsa, hamma uchun ochiq boʻlishi kerak emasmi? Metodika, pedagogikaga oid qizgʻin bahslarda "haqiqat tugʻilishi" uchun turli tajriba, dunyoqarash va fikrlarga ega mutaxassislarni qabul qilishi kerak emasmi? Yoki ... faqat bir-birining fikrini maʼqullaydiganlar bir joyga yigʻilsa, qiziqroq boʻladimi?
👍15😱10
Izohlarga qaraganda, ona tili fanidan Milliy oʻquv dasturi va darsliklari mualliflaridan biri Shokir Tursun ham "guruhga kirishi bilan quvilgan" ekan. Darslik muallifi metodikaga bagʻishlangan guruhdan quvilishi - qiziq holat. Senzurami yoki boshqa narsa - bilmadim. ...
🤬9😱4🤯2
Maktabni oʻquvchilar uchun doʻstona va oʻrganishni ragʻbatlantiradigan muhit emas, qamoqxonaga aylantirish tajribalari davom etmoqda.
😱5🤬3
Bir savol. Jiddiy o'ylab ko'rish kerak bo'lgan savol.

Darsliklar bilan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi shug'ullanmaydi - "yangi avlod" "4K" "fin" darsliklari sifati va borligi blan muammolar chiqqanda vazirlik "koptok"ni Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga, markaz esa vazirlikka oshirgan edi.

Ta'lim standartlari va o'quv dasturlari bilan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi shug'ullanmaydi - bu Ta’lim sohasidagi loyihalar markazining asosiy faoloyat yo'nalishlaridan biri qilib belgilangan. Masalan, vazirlik shu paytgacha turli sinflarning turli yillarda qabul qilingan va bir-biri bilan nomutanosib o'quv dasturlari asosida tahsil olayotgani bo'yicha, bu muammoni qanday hal qilmoqchi ekanligi bo'yicha biron-bir jo'yali izoh berganicha yo'q.

Maktablarda davomat masalasi bilan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi shug'ullanmaydi - buning uchun Milliy gvardiya bor.

Ta'lim sifati bilan ham, tushunishimcha, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi shug'ullanmaydi - Masalan, PISAdagi ayanchli natijalarimizdan keyin nima qilmoqchligi haqida na vazir va vazirlik mas'ullari biron-bir intervyu yoki ochiq matbuot o'tkazib, izoh berganicha yo'q.

Maktab direktorlari nima qilayotgani, maktabda qanday muhit o'rnatayotgani, o'quvchilar ustidan noqonuniy (O'zbekiston ratifikatsiya qilgan xalqaro Konvensiyaga zid) xatti-harakatlarni amalga oshirayotganini ham Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bilmaydi - OAVda yoki ijtimoiy tarmoqlarda "yong'in" chiqqach, munosabat bildiradi.

Ta'limga mas'ul idoralar shu darajada ko'pki, muammo chiqsa, hammasi o'zini chetga olishi, "koptokni" bir-biriga otishi mumkin. Masalan, "soch oldirish" marosimida Milliy gvardiya xodimi qarab turibdi, lekin ular go'yoki "jarayonni to'xtatishga harakat qilgan".

Maktab ta'limini qayerga boshlayotgani mavhum, maktab ta'limining qaysi jihatiga javob berishi ham mavhum, faqat ta'lim ustida tushunarsiz tajribalar o'tkazish va PR bilan shug'ullanadigan vazir(lik) bizga kerakmi?
👍17🤯1