Jalilov. Qaydlar
4.09K subscribers
1.45K photos
17 videos
22 files
2.28K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
"Vatandosh" klubining kechagi muhokamasida koʻtarilgan taqsimlovchi Leviafan hamda oʻzaro tiyib turish mexanizmlari va fuqarolik jamiyatining roli haqida xorijiy tadqiqotchilarning fikrlari:

Markaziy Osiyoda siyosiy partiyalar qattiq nazorat ostida ushlab turiladi va qonun chiqaruvchi organlar shunchaki prezidentlarning qarorlarini tasdiqlab beradi. Ularning (prezidentlarning) ijroiya hokimiyati ustidan nazoratiga esa hech qanday siyosiy oppozitsiya xalal bermaydi. Prezidentlar qanday qilib bunday maqomga erishganini tushunish uchun esa sovet davri merosiga qayta nazar solish lozim boʻladi. Sovet davrining oxirlarida Kommunistik partiya resurslarni taqsimlovchi siyosiy mashina edi va u bu ishni koʻpincha norasmiy kelishuvlar asosida amalga oshirardi. Markaziy Osiyodagi kommunist elitalar Sovet Ittifoqi qulagandan keyin ham iqtisodiyot ustidagi nazoratni saqlab qola oldilar. Partiya endi yoʻq, lekin resurslarni taqsimlaydigan norasmiy strukturalar saqlanib qolgan, bu strukturalarning faoliyati esa noshaffof. Prezidentlar resurslardan foydalanish va daromad olish imkonini beruvchi patronaj tizimlarining tepasida. Kuzatuvchilar bunday tizimlarni tasvirlash uchun koʻpincha "klan" atamasini qoʻllashadi. Bu unchalik ham toʻgʻri emas, chunki klan deganda qarindosh-urugʻchilikka asoslangan anʼanaviy, ibtidoiy birodarlik tushuniladi. Patronaj tizimlari esa qarindoshlik munosabatlari ustiga qurilmaydi. Sodiqlik va itoat evaziga liderlar oʻz mijozlariga davlat mansablaridan shaxsiy boylik orttirish yoʻlida foydalanishda imkon berishadi. Siyosiy iqtisodchilar buni renta izlashning bir shakli deb atashadi. Misol uchun, mansabdorlar oʻz lavozimidan foydalanib tadbirkorlarga oʻlpon solishlari yoki ulardan otkat olishlari mumkin, biroq ular oʻz boyligining bir qismini oʻzlaridan yuqoridagilar bilan boʻlishishlari kerak. Bunday norasmiy tarmoqlar davlat bilan parallel emas, balki unga singib ketgan.

Adib Xolid: "Markaziy Osiyo: Imperiyalar bosqinlaridan hozirgi kungacha boʻlgan yangi tarix" kitobidan
👍11😢7🔥4🤯2
"Vabo paytidagi bazm"?

O'zbekiston hukumatini "ixcham" deya ta'riflash qiyin bo'lsa kerak. Ma'lumotlarga qaraganda, O'zbekistonda naq 70ta davlat boshqaruv organi (vazirliklar, qo'mitalar, agentliklar, inspeksiyalar) mavjud. Ular ichida, masalan, konkret funksiyasi nimadan iborat ekanligi, qaysi sohani boshqarishi (bu soha o'zi davlat tomonidan boshqarilishi kerakmi? degan savol paydo bo'ladi) yoki soliq to'lovchi uchun qanday ijtimoiy qiymat yaratishi mavhumlari ham (madaniyat vazirligi, yoshlar ishlari agentligi, kinematografiya agentligi singari) yetarli. Qolaversa, Administratsiya huzuridagi tashkilotlar va davlat boshqaruvi organi hisoblanmaydigan, soliq to'lovchilar hisobidan moliyalashtiriladigan har xil davlat va kvazi-davlat idoralari ham talaygina.

Bu tashkilotlar nimalar bilan mashg'ul? Bittasining rahbari o'z teleram-kanalida multfilmlarni anons qilish va yutuq fondi nima hisobidan shakllantirilishi mavhum bo'lgan tanlovlarni kunda-kunda e'lon qilish bilan ovora. Xorijiy saytlardagi reklama materiallari qo'shnilarning e'tiroziga sabab bo'lgan boshqa bir idora agressor davlat bilan birga hujjatli film ishlab, uning propaganda mashinasi tegirmoniga suv quyish niyatida. Konstitutsiyaga zid takliflari bilan tanilgan boshqa bir tashkilot "sun'iy intellekt" yordamida "qahramon obrazi" yaratganini iddao qilmoqda. Yana bir vazirlik xuddi asosiy vazifasini qoyillatib qo'yib, ta'lim sifatini ta'minlab qo'ygan-u boshqa yumushi qolmaganidek tanlovlar-u festivallar bilan band.

Ajoyib, lekin ... multfilmlar-u hujjatli filmlar, tanlovlar-u konkurslar o'zi davlatning, davlat tashkilotining vazifasimi? "Davlat" deb ataladigan strukturaning asl vazifalari nimalardan iborat, soliq to'lovchilar davlat tashkilotlaini moliyalashtirish evaziga nimalarni olishlari kerak?

Mutaxassislarning yozishicha, davlatning (va davlat organlarining) funksiyalarini uch guruhga tasniflash mumkin:

- tartib va himoya (order and protection): fuqarolar huquqlarini himoya qilish, qonunchilikni ta'minlash, muhofaza, tashqi siyosat;

- ijtimoiy rivojlanish (social welfare): ta'lim va sog'liqni saqlash singari ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga yordam, jamiyat uchun muhim tadqiqotlarni moliyalashtirish;

- iqtisodiy rivojlanish (economic welfare): iqtisodiy regulyatsiya (qoidalar o'rnatish va ularga rioya qilinishini nazorat qilish), tegishli infrastrukturani ta'minlash orqali fuqarolarning iqtisodiy farovonligi uchun sharoitlar yaratish.

Qiziq, yuqoridagi kabi filmlar-u tanlov va festivallar ushbu funksiyalardan qaysilariga kiradi? Fuqarolar xavfsizligiga hissa qo'shadimi? Davlat ko'rsatishi kerak bo'lgan ijtimoiy xizmatlar sifatini oshiradimi? Fuqarolar farovonligiga yordam beradimi? To'g'ri, "ma'naviyat" singari mavhum tushunchalar bilan mablag'larning bunday sarflanishini oqlash mumkindir, lekin real tahlil qilinsa - bular davlat qilishi kerak bo'lgan ishlar emas. Ayniqsa tashqi qarz rekord darajaga yetgan bir sharoitda. Balki, ayrim (aksar) davlat organlari va tashkilotlarning real qiladigan ishi bo'lmasa, tashqi qarzni ko'paytiravermasdan, bunday idoralarni shunchaki yopib qo'ya qolgan ma'quldir?

O'zi, umuman, oshgandan oshib borayotgan qarz evaziga nimalar olayotganimiz haqida biron-bir hisobot berilar? Axir bu qarzni siz-u biz va farzandlarimiz to'laydi-ku?
🔥20😢6👍3
Muammoni xaspoʻshlash - yechim emas

"1 ta ota ona yangi baholash tizmini qoralab chiqqan ekan, endi bizni majburlab dislike bosishga undashyabdi, bu ne hol?"

Maktablarda joriy qilinayotgan "mezonlarga asoslangan" baholash tizimi yaratayotgan muammolardan va bu muammolarni na vazirlik, va na boshqa idoralar tan olib, hal qilishni istamayotganidan charchagan ota-onalar "Mening fikrim" portaliga ushbu tizimni bekor qilishni soʻrab petitsiya joylashtirishgan edi. Kelayotgan xabarlarga koʻra, pedagoglar portalga kirib, petitsiyaga qarshi ovoz berishga va buni tasdiqlovchi skrinshotlarni maktab maʼmuriyatiga taqdim qilishga majburlanmoqda. Petitsiya ostida tizimni yoqlovchi shablon izohlarga qaraganda, nafaqat "dislike" bosish, balki tizimni oqlab-koʻklab izohlar qoldirish ham tizim xodimlariga majburiyat sifatida yuklangan koʻrinadi. Aftidan, vazirlik taʼlim tizimini besh kunlikka oʻtkazish haqidagi petitsiya kerakli ovoz toʻplab, tegishli idoraga yuborilganidan xavotirga tushgan va shu yoʻl bilan bu petitsiyaning ham kerakli ovozlar toʻplashining oldini olish choralarini qidirayotgan koʻrinadi. Lekin muammo bor ekan - uni tan olish va hal qilish lozim, qoʻl ostidagilarni uni xaspoʻshlashga safarbar qilish emas.
👍17🔥5
Mana bu guruhda "sixni ham, kabobni ham kuydirmaslik" - agar yangi baholash tizimidan norozi boʻlsangiz, ham maktab rahbariyatini talabini bajarish va oʻz fikringizni bildirish boʻyicha maslahat berishibdi.

Uzr-ku, lekin tizimda ishlaydigan, tizimga qaram boʻlganlarni bunday majburlab, "dislike" yigʻish - gʻirt pastkashlik, kim bu jarayonning tepasida turgan boʻlsa ham.

P.S. Ovozni oʻzgartirib boʻlmas ekan deyishyapti. Shuning uchun agar siz bu tizimga qarshi boʻlsangiz (yaʼni petitsiyani qoʻllasangiz) - fikringizni erkin bildirishini maslahat beraman. Mute va qoʻrqoq pedagog faqat mute va qoʻrqoq avlodni tarbiyalay oladi. Mute va qoʻrqoq boʻlmang.
👍42
"При этом министерству важно понимать, что петиция — это не просто жалоба, это индикатор того, что где-то система даёт сбой. Когда тысячи родителей, учителей и детей говорят в унисон, что “так нельзя”, — это сигнал, который нельзя игнорировать.

Реформа ради реформы — это путь в никуда. Образование должно мотивировать, развивать и уважать труд ученика, а не сводиться к одной цифре в СОРе и СОЧе".

"Vazirlik shu narsani tushunishi kerakki, petitsiya - shunchaki shikoyat emas, tizimda nimadir xato ketayotganining koʻrsatkichi", deb yozmoqda vaib.uz nashri. Lekin muammo shundaki, tushunish uchun tushunishni istash kerak, dialog kerak. Vazirlikda esa bunga xohish yoʻq koʻrinadi.

Bir necha oy oldin vazirlik binosida suhbat boʻlgandi. Tizimdan norozi ota-onalar vakillari vazir oʻrinbosarlaridan biriga tizimdagi muammolarni oʻz farzandlari misolida tushuntirishga harakat qilishdi. Men esa "yangi baholash tizimi" yaratayotgan muammolarni ilmiy nuqtayi nazardan tushuntirishga harakat qildim. Maqsad - dialog orqali muammolarga yechim topishga harakat qilish edi. Lekin vazir oʻrinbosarining argumentlarga asosiy javobi "Bu sizning shaxsiy fikringiz, mendagi maʼlumotlar boshqacha" tarzida boʻldi. 4 soatdan ortiq davom etgan uchrashuv hech qanday samara bermadi. Shundan ham, nazarimda, maqsad haqida muayyan xulosalar chiqarish mumkin.
🔥8👍4
Ikkinchi urinish (tanqidiy so'lchilik tomon)
Ўша киши яқинда хурсанд бўлиб менга Илон Маскни ўқув дарасликларидан олиб ташлашга муваффақ бўлганини ёзиб қолдилар. Яқиндагина бутун дунёда қахрамон ўлароқ кўрилаётган одам хатто бизнинг мактаб дарсликларидан ўрин олишга улгураётган эди. Шу ишни ўша киши бартараф этганини хурсандчилик билан бўлишиб, бир кичик ғалабаси хақида менга айтиб берди.
O'zbekiston maktab darsliklarida Ilon Mask haqidagi ma'lumotga ko'zim tushmagan ekan, kekin u haqidagi ma'lumotning kiritilishidan ham, olib tashlanishidan ham katta voqelik yasash shart emas deb o'ylayman. Nima uchunligini tushunish uchun darslik ta'lim jarayonida qanday vazifani bajarishi va darslik uchun material qanday tanlanishi kerakligi haqida bir to'yxtamga kelishimiz kerak.

Ta'lim jarayoni uchta asosiy ustunga quriladi: curriculum (maqsad - nimani, nima uchun o'qitamiz?), pedagogy (vosita - qanday o'qitamiz?) va assessment (natija - maqsadga erishganimizni qanday bilamiz?). Mana shu uch unsur bir-biri bilan uyg'un bo'lsa (constructive alignment) - aniq ta'limiy maqsadlar belgilansa, bu maqsadga olib boruvchi metodik yondashuvlar va vositalar to'g'ri tanlansa hamda baholash bu maqsadlarga qay darajada erishilganini (o'quvchilar ular o'zlashtirishi kerak bo'lgan bilim va ko'nikmalarni qay darajada egallaganini) to'g'ri aniqlab bera olsa, ta'lim jarayoni samarali deyishimiz mumkin.

Darslik bu jarayonda shunchaki maqsadga olib boruvchi vositalardan biri vazifasini bajarishi kerak, aslida. Maqsadga esa turlicha yo'llar bilan borish mumkin. Ta'lim tizimi samarali ishlayotgan davlatlarda yagona darslik yo'qligi haqida ko'p marta yozganman - aynan vositalar xilma-xil bo'lishi mumkinligini tan olish va o'qituvchiga turli vositalardan o'z o'quvchilari uchun mosini tanlashga imkon berish ta'lim jarayoni samarasiga hissa qo'shadigan omillardan biridir. Bizda esa o'qituvchilar darslikni tanlash imkoniyatidan mahrim, shuning uchun ham aksar holarda ular uchun darslik = curriculum. O'qituvchi aksar hollarda vazifasini darslikni o'tish deb biladi, o'quv dasturida belgilangan ko'nikmalarni shakllantirish emas.

Bu holatning o'qibatlaridan (yoki sabablaridan?) biri esa darslikka o'ta siyosiy tus beriladi - darslik hukmron mafkuraning narrativ va propagandalarini singdirish vositalaridan biri sifatida qaraladi. Masalan, Amir Temur "milliy qahramon" deb e'lon qilindimi, darsliklarga uni faqat ijobiy tarafdan ko'rsatuvchi matnlar kiritiladi, uning avlodi Boburni bu hududdan siqib chiqargan Shayboniyxonga esa salbiy bo'yoq berishga harakat qilinadi. (Aslida tarix yoki adabiyot fanlari orqali - u, deylik, Amir Temur mavzusi bo'ladimi, Bobur yoki Shayboniymi, Alisher Navoiymi, farqi yo'q - tanqidiy fikrlash, tahlil qilish ko'nikmalarini rivojlantirish mumkin, lekin tanqidiy fikrlash, tahlil qilishni biladigan avlod bizdagi ta'lim tizimining maqsadimi o'zi? degan savol tug'iladi). Yoki "milliylik" rasmiy propagandaning tayanch nuqtalaridan biri ekan, darsliklardagi illyustratsiyalarda milliy kiyim va / yoki atributdagi (masalan, do'ppi) bolalar chiziladi, vaholanki illyustratsiyalar ham xilma-xillikni (diversity) hurmat qilishga o'rgatishi mumkin edi.

Darslikka uning asl vazifasi - ta'limiy maqsadlarga olib boruvchi vositalardan biri nuqtayi nazaridan qarasak, darslikda, masalan, Amir Temur yoki Shayboniy haqidagi ma'lumotlar qanday berilishi kerak, Murod Nazarov yoki Ilon Mask haqidagi matn kirishi kerakmi yoki yo'q singari savollarga javobni butunlay boshqa rakursdan qidirish kerakligi oydinlashadi. Masalan, Ilon Mask haqidagi matn til (ona tili, chet tili) darsligiga matnni o'qib (yoki tinglab) tushunishga oid kompetensiyalarni rivojlantirish topshiriqlari uchun asos sifatida kiritilishi mumkin. Bunda maqsad - bolaga Maskni o'qitish emas, shu matn orqali matnni tushunishni o'rgatish. Yoki Mask haqidagi matn (keys) iqtisodiyot darsligiga iqtisodiyot yoki biznesga oid qaysidir qonuniyatlarni tahlil qilish topshiriqlari uchun asos sifatida kiritilishi mumkin. Bunda ham maqsad - bolaga Maskni o'qitish emas, shu keys orqali iqtisodiyot yoki biznesga oid qaysidir qonuniyatlarni tahlil qilishni o'rgatish. Maskning o'rniga boshqasi ham bo'lishi mumkin - maqsad u emas.

(davomi quyida)
👍10🔥1
(davomi)

Ya'ni, darslikka material tanlashdagi asosiy mezonlar - tanlangan materialning mazkur fan rivojlantirishi kerak bo'lgan kompetensiyalarni rivojlantirishga yordam berishi, maqsadli (target) auditoriya uchun mos va qiziqali bo'lishi hamda autentiklik (real hayotdagi manbalardan olingan bo'lishi). Shunday ekan, darslikka shartli Mask haqidagi ma'lumotning (matnning) kirishi ham, kirmasligi ham muammo emas.

Suratda - AQSHning Kaliforniya shtatida uchun jamiyatshunoslik (social studies) fani darsliklaridan biriga kiritilgani aytilayotgan Mask haqidagi matn. Men, masalan, matnni aynan shunday shaklda bermagan bo'lardim, nazarimda, bir yoqlama (biased) bo'lib qolgandek. Lekin, umuman olganda, asosiysi - yuqorida yozganimdek, darslik uchun material (matn) tanlashda asosiy mezonlar hisobga olinishi kerak. Gap materialning shartli Mask haqida ekanida bo'lmasligi kerak.
👍5🔥1😱1
Медуза — LIVE
Нас, молодое поколение граждан Узбекистана, война также коснулась. Теперь каждую неделю в университете нам читают лекции, на которых человек старшего поколения рассказывает нам об сво и храбрых войсках РФ. Я до сих пор помню цитату работника из центра по делам религий: "Я как носитель древней православной русской культуры буду утверждать, что войска РФ воюют против сатанистов". Это бред, это абсурд. Какое отношение к войне в Украине имеем мы — молодежь
Kecha Rossiyaning Ukrainadagi Sumi shahri markaziga yo‘llagan raketa hujumi oqibatida 30 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 84 kishi jarohatlandi. Bir hafta muqaddam Ukrainaning Krivoy Rog shahriga hujum esa, BMTga koʻra, urush boshlanganidan beri eng koʻp sonli bolalarning oʻldirilishiga sabab boʻlgan edi.

Yuqorida keltirilgan iqtibos esa Gubkin nomidagi neft va gaz universiteti Toshkent filiali talabasidan. U filialdagi aksilukrain, Rossiyaning suveren Ukrainaga qarshi tajovuzini oqlovchi propaganda haqida yozmoqda. Bundan oldin Rossiya Kinematografiya instituti Toshkent filialidagi shunga oʻxshagan propaganda haqida yozishgan edi.

Xabarlarga koʻra, Oʻzbekiston Rossiya OTMlarining xorijdagi filiallari soni boʻyicha yetakchi ekan. Bu filiallarga Oʻzbekiston hududida Oʻzbekiston qonunlariga, xususan, "davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslangan" tashqi siyosati yuritilishi belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga (qarang: 17-modda) zid faoliyat olib bormaslik kerakligi tushuntirilganmi? Bir suveren davlatga qarshi tajovuzni oqlovchi propaganda ertaga boshqa suveren davlatga, masalan, Oʻzbekistonga qarshi qaratilmasligiga kafolat bera olamizmi?
👍20🤔3😢1
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi oʻqituvchilarni trollikka majburlamoqdami?

Ingliz tili oʻqituvchilari va oʻrganuvchilari uchun moʻljallangan School English Teachers kanali "Mening fikrim" portalida yangi baholash tizimining bekor qilinishini talab qilib joylangan petitsiya ostidagi tizimni yoqlab qoldirilgan bir xil shakldagi izohlarga eʼtibor qaratib, "oʻqituvchilar trollikka majburlanmoqda" degan xulosa bermoqda. Oldinroq oʻqituvchilar portalga kirib, petitsiyaga qarshi ovoz berish va buning dalilini maktab rahbariyatiga taqdim qilishga majburlanayotgani haqida yozgan edim.

Qizigʻi, portalda tizimga qarshi (yaʼni petitsiyani qoʻllab) qoldirilgan izohlarni tahlil qilsangiz, ular har xil, yaʼni yangi baholash tizimiga qarshi boʻlganlar oʻzlari duch kelgan tizim bilan bogʻliq muammolar haqida oʻz fikrlarini qoldirganlar. Yangi baholash tizimini yoqlab (yaʼni petitsiyaga qarshi) qoldirilgan izohlar esa shaklan va mazmunan juda oʻxshash, faqat ayrim jumlalarning tushib qolganligi bilan farq qiladi. Yaʼni, kimdir bir xil shablonni yozib bergan-u, qaysidir izoh qoldiruvchilar ushbu shablonni toʻliq, kimlardir esa shablonni qisman (ayrim jumlalarini tushirib qoldirib) saytga joylashtirganga oʻxshaydi. Umid qilamizki, petitsiyani tahlil qiluvchi tegishli mutasaddilar (agar bundaylar mavjud boʻlsa) nafaqat ovozlar va izohlar soniga, balki izohlar sifati va ularda koʻtarilgan muammolarga ham eʼtibor qaratishadi.

Umuman, Qozogʻistondan koʻr-koʻrona va notoʻgʻri koʻchirilgan bu tizimning muammolari mana bu maqolada tahlil qilingan edi. Vazir oʻrinbosarlaridan biri bilan muammoga yechim topishga urinishlar besamar ketgani haqida ham yozgan edim. Tizim bilan bogʻliq muammolar haqida ota-onalarning Oliy Majlis va Bosh Prokuraturadan tortib Bolalar ombudsmanigacha turli instansiyalarga yuborayotgan murojaatlariga ham shu vazir oʻrinbosari imzosi bilan otpiskalar yuborilib, goʻyoki muammo shu bilan "hal boʻlmoqda". Aftidan, vazirlik rahbariyati eng yuqori doirada "zoʻr" deb taqdimot qilingan tizim bilan bogʻliq real muammolar "tepa"ga yetib borishidan juda xavfsirayotgan, "kreslo"ning qimirlab qolmasligi uchun kerak boʻlsa taʼlim sifatini va oʻquvchilar kelajagini qurbon qilishga tayyor koʻrinadi.
👍19😱2
«Мы всех убьём, мы покорим Олимп, падут к утру гиганты и атланты. И я стою, и на моих костях стоит Донецк — сияющий некрополь. Это, конечно, очень здорово звучит».


Gubkin nomidagi neft va gaz universiteti Toshkent filiali darslarda urush tashviqoti olib borilayotgani haqidagi xabarga raddiya bilan chiqibdi. Filial "murojaatda nomi tilga olingan shaxs filial talabalari tarkibida mavjud emasligini" aytib chiqqan. (Rostini aytsam, aniqlanganida hayron qolardim.)

Yuqoridagi iqtibos esa Rossiyaning oʻzida urush tashviqoti oʻrta maktablarga qanday kirib borgani haqidagi materialdan olingan.Xulosa oʻzingizdan.
😱5🤬3
Narsalarni oʻz oti bilan atay oladigan kunlarimiz ham kelarmikan?

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi ham oʻzining Telegram kanalida Gubkin nomidagi neft va gaz universiteti Toshkent filialidagi holat yuzasidan munosabat eʼlon qilibdi. Aniqrogʻi, shunchaki filialning munosabatini "forward" qolgan. Munosabatda bitta jumla eʼtiborimni tortdi:

Шунингдек, мурожаатда келтирилган дарс жараёнларидаги “тарғибот ишлари” ҳақидаги маълумотлар асоссиз эканлиги, яъни улар ҳақиқатга тўғри келмаслиги аниқланди.


"Targʻibot ishlari". Eʼtibor bering, bu jumlada nimadir yetishmaydi: "targʻibot ishlari" jumlasidan oldin aniqlovchi. Qanday targʻibor ishlari? Urush, bosqin, tajovuz yoki agressiya singari soʻzlardan qochish uchun ham, garchi jumla grammatik jihatdan aniqlovchini talab qilsa-da, hech qanday aniqlovchi ishlatmasdan, shunchaki "targʻibot ishlari" deyilgandek taassurot qoldiradi. Rossiya universiteti filiali tomonidan bunday harakatni tushunsa boʻladi, lekin suveren davlatning rasmiy idorasi narsalarni oʻz oti bilan atashdan, oqni oq, qorani qora deyishdan qochishi qandaydir gʻalati koʻrinar ekan.
🔥14👍5👏1