Jalilov. Qaydlar
4.06K subscribers
1.44K photos
17 videos
22 files
2.27K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Xabarlarga qaraganda, shu kunlarda umumtaʼlim maktablarida "cerebry'bozlik" - oʻquvchilarni Cerebry platformasida testlar yechishga majburlash(ga oʻqituvchilarni majburlash) avj olgan. Aytishlaricha, bu navbatdagi PISA tadqiqotlariga tayyorgarlik bilan bogʻliq - vazirlik Oʻzbekistonning PISA tadqiqotlaridagi natijalarini yaxshilash boʻyicha yuqori idoralarga kiritgan takliflari ichida mazkur platformani mahalliylashtirish va undan foydalanish ham boʻlgan.

Aftidan, vazirlik PISA - bu DTM testlariga oʻxshagan "trenirovka" qilinadigan test emas, taʼlim sifatini oʻlchaydigan tadqiqot ekanligini esdan chiqargan koʻrinadi.
👏18👍8🔥3
Yana oʻsha oʻquvchilarni taʼtil paytida maktabga chaqirib, Cerebry platformasida test yechtirish topshirigʻi haqida yozishmoqda.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi oʻz veb-saytida oʻquvchilar bilimini mazkur platforma yordamida baholash yoʻlga qoʻyilishi haqida yozgan ekan. Platformaning oʻzidagi maʼlumotlarga tayanilsa, u oʻquvchilar bilimini baholash yoki ularni PISA singari tadqiqotlarga tayyorlash maqsadida emas, balki maktabda oʻtilayotgan mavzularni qaytarish va praktika qilish maqsadida ishlab chiqilgan. Yaʼni bu platforma - qoʻshimcha vosita, xolos. Taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari "kasha" boʻlib yotgan sharoitda bu platforma samara berishi dargumon. Bu haqida "Tanaffus" podkastida ham fikrlashgan edik.
🔥15👍2
Yana PISAga tayyorgarlik masalasida: PISA "dressirovka" qilish orqali tayyorlanadigan test emasligini tushunish lozim

Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi maktablardagi "cerebry'bozlik" kampaniyasi bo'yicha rasmiy munosabat bildiribdi. Unda "oʻquvchilarni Cerebry platformasi orqali test va topshiriqlarni bajarish jarayonlariga dars yoki taʼtil vaqtlarida majburan jalb etish mumkin emasligi" ma'lum qilingan, lekin masalan, ota-onalardan, o'qituvchilardan mazkur platformadagi testlarni ishlash uchun 8-9 sinf o'quvchilarining (ya'ni aynan PISA tadqiqotiga jalb qilinishi ehtimoli bor o'quvchilarning) ta'til paytida maktabga kelishini ta'minlash talab qilinayotgani haqidagi xabarlarga (masalan, qarang: 1, 2) izoh berilmagan. Qolaversa, ta'lim tizimi vakillaridan biri boshqarma aynan shu masalada onlayn yig'ilish o'tkazganini, yig'ilishda, xususan, o'quvchilari 2-darajaga ham (PISA bo'yicha 15 yashar o'quvchilar uchun savodxonliking minimal darajasi) chiqa olmagan maktablarni "qo'zg'atish" kerakligi qayd etilganini tasdiqladi.

Bundan tashqari, Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi buyrug'iga ko'ra tashkil etilgan ishchi guruh maktablarga chiqib o'rganishi kerak bo'lgan savolnomada ham (ilova qilingan suratga qarang) "ishlab chiqilgan reja asosida “Cerebry” platformasidan foydalanish holati" degan band turibdi. Ya'ni, Singapurdagi bir xususiy kompaniya "onlayn repetitorlik platformasi" (tutoring platform) sifatida ishlab chiqqan platforma nima uchundir bizning rasmiylar tomonidan qandaydir kampaniyabozlik darajasiga olib chiqildi. Mana bu podkast tagidagi ayrim izohlarga qaraganda, shunchaki vazirlik so'rayotgan statistikani berish uchun platformada o'quvchilar o'rniga o'qituvchilar ham test yechishmoqda. Qizig'i, bu platformani Singapurning xususiy kompaniyasi vazirlikka hadya qilganmi yoki undan foydalanish huquqi soliq to'lovchilar hisobidan sotib olinganmi (agar sotib olingan bo'lsa - qanchaga tushgan va nega aynan shu platforma?), degan savollar hozircha ochiq qolmoqda.

Yana bir qiziq narsa. Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi tasdiqlagan so'rovnomaning 3-bandiga ko'ra, maxsus ishchi guruh maktablarda "PISA-2025 xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligi, yo‘l xarita (reja) ishlab chiqilganligi va uning ijro holati
(15 yoshli o‘quvchilar ro‘yxati shallantilganligi va ular bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etilayotganligi)"ni o'rganishi kerak. Ya'ni, ta'limni boshqaradiganlar shu yil bahorda (bir necha oydan keyin) bo'ladigan PISA-2025 tadqiqotlariga 15 yashar o'quvchilarni "qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etish" orqali tayyorlash mumkin, deb hisoblamoqda.

PISA - sport emas. Unga o'quvchilarni "dressirovka" yoki "trenirovka" qilish orqali tayyorgarlik ko'rilmaydi. PISA - 15 yashar bolalar shu yoshga kelguncha ularga maktabda berilgan ta'limning sifatini va unga ta'sir qiluvchi omillarni o'rganadigan tadqiqot. PISAdagi natijalarni yaxshilash uchun ta'lim sifatini ko'tarish, aniq maqsadlarga asoslangan o'quv dasturlarini joriy qilish, ta'limning uch muhim komponenti: o'quv dasturlari - metodika - baholash o'rtasidagi uzviylikni ta'minlash va boshqa ko'plab islohotlar (real islohotlar, "islohotlar imitatsiyasi" emas) o'tkazish kerak. Ta'limni boshqaradigan vazirlik nahotki shu oddiy haqiqatni tushunishi qiyin bo'lsa?
👍34👎4
"1000 kitob" loyihasi atrofidagi epopeyaning bir qismi tugadi. Yoshlar ishlari agentligi loyiha uchun kontent menejer va moliyaviy menejer lavozimlariga ishga qabul qilish haqida eʼlon berdi.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov loyiha atrofidagi adolatsizlik haqida yozibdi. Shaxsiy kuzatishlarim boʻyicha, eng katta adolatsizlik bir yil davomida "yoʻqdan bor" qilgan - oʻzbek tilida analogi yoʻq eng sara ilmiy va ilmiy-ommabop kitoblarning tanlanishi, asliyatdan tarjima va tahrir qilinishi hamda nashrga tayyorlanishiga erishgan loyiha menejeri Xurshid Yoʻldoshevga nisbatan boʻldi. Unga nisbatan asossiz iddaolar ilgari surildi, gap-soʻzlar koʻpaytirildi va bu voqealar oxiri uning loyihadan ketishi bilan yakunlandi.

"1000 kitob" atrofidagi gaplardan kim qanday maqsad koʻzlagan edi, bilmayman, lekin bir narsa aniq. Loyiha yutqazdi, oʻzbek kitobxoni yutqazdi. Xurshid Yoʻldoshev bilan birga loyihaga kelgan ayrim ekspertlar, tarjimonlar, loyiha ofisi xodimlari, bilishimcha, loyihani tark etishdi yoki tark etish niyatida. Men oʻzim ham boʻlib oʻtgan voqealardan keyin loyihada faoliyatimni davom ettira olmayman degan xulosaga keldim.

Yana bir narsa. Nazarimda, bir oilaning ikki vakili davlat (soliq toʻlovchilar) hisobidan moliyalashtiradigan bir loyihada ishtirok etishi potensial manfaatlar toʻqnashuviga zamin yaratadi, disbalans yaratadi va voqea-hodisalarga obyektiv, ratsional baho berishga toʻsqinlik qiladi. Ayniqsa oila vakil(lar)i respublika darajasidagi davlat organi amaldori boʻlsa.

Umid qilamanki, loyihaning birinchi bosqichida nashr uchun tayyorlangan adabiyotlar kitobxonlar qoʻliga yetib boradi va oʻzbek ilmiy tafakkuriga oʻz hissasini qoʻshadi. Loyihaning uzoq istiqboldagi kelajagi haqida hozir bir narsa deyishim qiyin - nekbinlik, afsuski, yoʻq menda.
👍48😢21👎4🤯3
"1000 kitob" loyihasi boʻyicha yana bir mulohaza.

Ijtimoiy tarmoqlarda loyiha doirasida nashrga tayyorlangan kitoblarning poligrafik sifati muhokama qilinmoqda va agentlik oldin chop qilgan kitoblardan ("Jadidlar", "Uyg'onish" singari) farq qilishiga umid bildirilmoqda. Loyiha ofisi har bir kitobning o'ziga xosligidan kelib chiqib poligrafiya sifatiga talablar ishlab chiqqan edi - bu haqida dekabr oyida o'tkazilgan taqdimotda ham aytilgan edi. Bu talablar qay darajada inobatga olinadi?

Ayrim ma'lumotlarga qaraganda, loyiha ofisi va agentlik o'rtasida ham shu masalada ma'lum darajada ziddiyat bo'lgan. Bir taraf kitoblarning bosma sifatiga e'tibor berish kerak degan, ikkinchi taraf esa sifat talablarini yumshatish tarafdori bo'lgan. Albatta, bunda ikkinchi taraf mavjud mablag'lar evaziga kitoblarni ko'proq adadda chiqarish, ko'proq joylarga tarqatishni o'ylagan bo'lishi ham mumkin. Lekin, nazarimda, shuncha katta ish amalga oshirilgandan keyin uning qo'lda ushlab ko'rsa bo'ladigan (tangible) hosilasi - bosma kitob ham sifatli bo'lishi, o'qiganda nafaqat ilmiy yoki ma'naviy ozuqa, balki estetik zavq ham berishi kerak. O'zbek kitobxoni ham - qishloqlik yoki shaharlik bo'lishidan qat'iy nazar - sifatli kitobga arziydi. Buning uchun kitoblar bosmasi uchun tender ham - agentlikning ayrim oldingi loyihalaridan farqli ravishda - savollar qoldirmaydigan tarzda o'tkazilishi kerak.
👍21🤯1
Oʻylab oʻylab, "1000 kitob" mavzusiga oʻzim uchun nuqta qoʻyishim uchun yana bir narsani ochiqlamasam boʻlmaydi, degan xulosaga keldim.

Bir necha kun oldin Eltuz "1000 kitob" ekspertlari kengashining majlisida boʻlgan noxush gaplar (aniqroq aytganda, huquqshunos, bloger, OʻzA rahbari oʻrinbosari Xushnud Xudoyberdiyev tomonidan aytilgan "erkakcha gaplar") haqida yozgan edi. Ayrim ekspertlar, masalan, Baxtiyor Sheraliyev, bunday gap boʻlmagan, deb bayonot berishdi. Xushnudbek Xudoyberdiyev esa oʻzining "oʻta shaxsiy" postida bu haqida tushuntirish berdi-yu, lekin Eltuz keltirgan "bir joyni yirtish" haqidagi gap boʻlgani borasida indashni lozim topmadi. Aslida Eltuz keltirgan gaplar va voqea boʻlgan edi, faqat Eltuz (yoki uning manbasi) negadir majlisda va majlisdan keyin boʻlgan gaplar va voqealar xronologiyasini chalkashtirib yuborgan. Ayrim ekspertlar, masalan, Baxtiyor Sheraliyev masofadan (Zoom orqali) qatnashgan edi va bu gaplar Zoom platformasi oʻchirilgandan keyin boʻlgani uchun ularning xabari boʻlmagan boʻlishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda "1000 kitob" haqida dastlabki noxush gaplar chiqa boshlagandan keyin, ekspertlar telegram guruhida yanvar oyining boshlarida majlis oʻtkazib, tomonlarni eshitish, xulosaga kelish va gap-soʻzlarga chek qoʻyishga kelishildi.

Yanvarning boshida, yangi yil bayrami oʻtgandan keyin men ekspertlar guruhida majlis qachon oʻtkazilishi haqida qayta-qayta soʻradim. Loyiha rahbaridan bu savolga aniq javob boʻlmadi. Mening xavotirim - tomonlarni eshitib, yakuniy xulosaga kelinmasa va yechim topilmasa, loyiha atrofidagi gap-soʻzlar koʻpayishidan edi.

4-yanvar, shanba kuni ham (ish kuni edi) "Bugun majlis boʻladimi?" deb bir necha marta soʻradim. Loyiha rahbaridan "Agentlik rahbarining vaqti boʻlmayapti" mazmunida javob boʻldi. Men bunga nisbatan "mendagi maʼlumotlarga qaraganda, bu yolgʻon" deb javob yozdim. Sababi - oʻsha kuni oldinroq agentlik rahbariga loyiha atrofidagi gap-soʻzlarga nuqta qoʻyish uchun majlis oʻtkazish va tomonlarni eshitish kerak, degan mazmunda yozgan edim va undan "bugun vaqtim bor, agar bugun majlis oʻtkaziladigan boʻlsa, qatnashishga harakat qilaman" mazmunida javob olgan edim. Shundan kelib chiqib, loyiha rahbarining "agentlik rahbarining vaqti boʻlmayapti" degan javobiga munosabat bildirgan edim.

Oʻsha kuni kechki payt majlis boʻldi. Majlisda men va yana bir-ikki ekspertlar tomonlarga soʻz berishni soʻradik, lekin kengash "xonadagi fil"ni koʻrib koʻrmaslikka olishni maʼqul koʻrdi, mojaro (loyiha boshligʻi va menejeri oʻrtasidagi konflikt) sabablari oʻrganilmadi, muammo ochiq qolib ketdi. Xushnudbek Xudoyberdiyev majlisda "kim loyihadagi gaplarni koʻchaga chiqarsa, loyihadan haydash kerak" mazmunida keskin gapirdi.

Majlis tugagach esa oʻsha Eltuz soʻzma-soʻz keltirgan "erkakcha gap" boʻldi. Tushunishimcha, Xushnudbek Xudoyberdiyev mening ekspertlar guruhida qayta-qayta majlis haqida soʻrashimni turmush oʻrtogʻi - loyiha rahbariga nisbatan "bosim", "mendagi maʼlumotlarga qaraganda, bu yolgʻon" degan munosabatimni esa "tuhmat" sifatida qabul qilgan. Qolaversa, kimdir loyiha ofisida dekabr oxirlarida oʻtkazilgan va loyiha rahbari loyiha menejeriga "bu loyihada yoki siz qolasiz, yoki men" mazmunida gapirgan majlisning audiosi borligi haqida shama qilgan koʻrinadi, buni "shantaj" deb tushungan. Xushnudbekning vajohatidan oʻsha kuni unga biron narsani tushuntirish befoyda koʻrindi va ekspertlardan biri uni tashqariga olib chiqib ketdi. Bu gaplar agentlik binosida boʻlgan edi va tushunishimcha, hali koʻpchilik tarqalishga ulgurmagan edi - bu gaplar hatto dunyoning boshqa qitʼasidagi ekspertgacha yetib boribdi.

Shundan keyin esa "1000 kitob" atrofidagi mojaro ijtimoiy tarmoqlarda bir necha kun bosilganday boʻldi-yu, kechadan oldin oʻz kulminatsiyasiga chiqib, loyiha menejerining ketishi bilan yakun topdi (aslida u bunday qarorga oldinroq kelgan ekan, oʻsha "kulminatsiya"dan keyin ochiqladi).

Mana shunaqa gaplar. Xulosa oʻzingizdan.

P.S. Postda tilga olingan shaxslarga nisbatan haqoratlar boʻlmasligi uchun izohlar oʻchirildi.
😱50👍24🤯18👎5🤔2
Yana "1000 kitob" mavzusida. Loyihaning jamiyat uchun ahamiyatini hisobga olgan holda, o'zim uchun ayrim yangi ma'lumotlar va ular asosida tug'ilgan fikrlarni bo'lishishga qaror qildim. Agar kimgadir noo'rin yoki erish tuyulsa uzr so'rayman - shunchaki ushbu postni o'qimang (e'tibor bermang).

Mana bu yerda loyiha atrofidagi voqealar xronologiyasini tizimlashtirishga harakat qilishibdi. Bundagi ayrim tafsilotlardan, masalan, men ham bexabar edim. Agar bunda tasvirlangan xronologiya haqiqatga yaqin bo'lsa, loyiha atrofidagi mojaroning bir ildizi agentlik rahbari Alisher Sa'dullayevga borib taqaladi deb o'ylayman. Uning ikki tarafga (loyiha rahbari va menejeriga) ikki xil gapirishi, har ikki tomonning shubhalarini tekshirmasligi, hech bo'lmaganda uchalasi birga o'tirib bir-birini eshitishga va vaziyatga oydinlik kiritishga harakat qilmagani ikki tarafda bir-biriga nisbatan gumonlarni kuchaytirib, voqealarning keyingi rivojiga turtki bergan bo'lishi mumkin. Albatta, bu xronologiya qay darajada to'g'ri va/yoki to'liq - bilmaymiz. (Balki endi bilmasmiz ham). Nima bo'lganda ham, oldin yozganimdek, loyiha yutqazdi: jamoa parokanda bo'ldi, loyiha atrofida salbiy imij shakllandi, loyihaning keyingi taqdiri (qadamlari) hozircha mavhum turibdi.

Mening ushbu xronologiyadan chiqargan xulosalarim:

1. Mazkur keysda Sa'dullayev rahbar sifatida o'zining nokompetentligini ko'rsatgan. Conflict management - rahbar uchun muhim ko'nikma. Mazkur keysda Sa'dullayev konfliktni vaqtida yechishga harakat qilmagan. Vaqtida yechilganida - voqealar bunday tus olmasligi mumkin edi.

2. Shaxsan menda loyihaning agentlik tomonidan muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonch qolmadi. Umuman, davlat organlari bunday loyihalarni yuritganda natija bo'yicha savollar tug'ilishini tajribada ko'p ko'rganmiz. Loyiha agentlikdan olinishi kerak. Yechim - mustaqil loyiha ofisini tuzish bo'lishi mumkin. Loyiha ofisi Ekspetlar kengashiga va jamoatchilikka hisobdor bo'ladi, barcha qadam, qaror va hisobotlarini ochiq e'lon qilib boradi. Moliya vazirligi yoki Markaziy Bank loyiha ofisining talabnomasi asosida, talabnomaning asosliligini tekshirib, loyiha ofisiga va nashriyotlarga kerakli mablag'larni ko'chirib turadi.

3. Ekspertlar kengashi tarkibida qarindoshlar va davlat organlari vakillari (amaldorlar) bo'lmasligi kerak. Loyiha ofisida va/yoki kengashda qarindoshlar bo'lishi manfaatlar to'qnashuvini keltirib chiqaradi (hatto oylik olinmagan taqdirda ham), davlat amaldorlarining bo'lishi esa disbalans yaratadi, qarorlar obyektivligiga ta'sir qiladi. Kengash protokollari ham, shaffoflik maqsadida, ochiq e'lon qilib borilishi kerak.

Va yana bir narsa.

Loyihaning asosiy fokusi badiiy adabiyot tarjimasiga qarab og'ib ketmasligi kerak. (Menda, masalan, shunday xavotir bor). Men badiiy adabiyotni yaxshi ko'raman, o'rta maktab adabiyot darsliklarini yaratishda qatnashganman, lekin badiiy asarlarni nashriyotlar o'zlari ham davlat yordamisiz tarjima qilib chop qilish va sotishni uddalashayotganini ko'rib turibmiz. Loyiha asosan (balki faqat?) o'zbek tilida baza mavjud bo'lmagan sohalar va yo'nalishlar bo'yicha ilmiy va ilmiy-ommabop kitoblarni, bolalar uchun sara ilmiy-ommabop kitoblarni va dunyoning top universitetlarida qo'llaniladigan darsliklarni tarjima qilishi kerak. Chunki mavjud reallikdan kelib chiqsak, bizda nashriyotlar bunday adabiyotlarning bozori tor ekanidan hadiksirashadi va o'zlari tarjima, chop qilish uchun riskka borishmaydi.

Mana shunday fikrlar, azizlar.
🔥36👍14👏12🤯3
O'zi maktab ta'limini soqqa mabayi sifatida qarash "yangi" deyilayotgan davrning va yangilangan Konstitutsiyasida "ijtimoiy" deya ta'rif berilgan davlatning asosiy g'oyasiga aylandi shekilli?

"Baraka topgurlar, shu maktablarga siz oyog‘i erdan uzilgan o‘zga sayyoraliklarning emas, xalqning bolasi boradi. 2 ming so‘mlik pirojkidan qancha daromad topsa bo‘ladi? Ijaraga olingan oshxona ijara pulini to‘lash uchun 2 ming so‘mlik pirajki narxini qanchaga oshirish kerak? O‘zi kichik va o‘rta tadbirkorlarga tijoriy maskan sifatida maktab oshxonasi qiziqmi? Biron bir o‘rganish, so‘rov yo tadqiqot o‘tkazildimi? Ëki doim ulgi oladiganingiz shimoldagi kabi maktablar oshxonasini qaysidir oligarxlarga topshirmoqchimisizlar? Balki bu byudjetdan bir necha trillion so‘mlik "bepul nonushta" o‘zlashtirish loyihasining tarkibiy qismidir?"

degan savolni qo'ymoqda Bakiroo.

"Bir qo'lli" qilinganidan beri har yili byudjetdan trillionlar ajratilayotgan va shunga qaramasdan, ota-onalar o'z hisobidan chiqarishga majbur bo'layotgani aytilayotgan "fin-Singapur-Somali" darsliklari. Milliardlarga sotib olinganiga hali ikki yil to'lmaganiga qaramasdan yana sotib olish "zarurati" tug'ilgan cholg'u asboblari. Bog'cha bolalarini ovqatlantirish uchun tuzilgan qandaydir "markaz"lar. Maktabgacha va maktab ta'limi tizimida "soqqa" qilsa bo'ladigan yana nima qoldi? Ha, hojatxonalarni ham tadbirkorlarga topshirib, kirishini pulli qilsa bo'ladi. Agar maktabda normal hojatxona bor bo'lsa, albatta.
👍22🔥5👎3🤯3
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi maktab oshxonalarini tadbirkorlarga ijara berishni va bog'cha bolalarining ovqatlanishini bir markazga yig'ishni o'ylayotgan bir paytda ota-onalar "darsliklar qani?" deyishmoqda. Joriy hafta O'zbekiston maktablarida o'quv yilining 3-choragi boshlandi.

Shunchaki ma'lumot o'rnida. Darsliklar sohasi "bir qo'lli" qilinganidan beri har yili davlat byudjetidan "darsliklarni yangilash"ga trillionlar ajratish an'ana tusiga kirgan ko'rinadi. 2024-yil byudjetida buning uchun 1,31 trln so'm ajratilgan edi. 2025-yil byudjetida esa bu maqsadga 1,3 trln so'm yo'naltirish ko'zda tutilgan.
🔥12👍5
Bugungi kunning ayrim yangiliklaridan
👍7😢5😱1
O.Henri - Yigirma yildan so'ng.pdf
1.7 MB
Darvoqe.

Yana darsliklar masalasida: Respublika ta'lim markazi ayrim fanlar uchun darsliklar yaratishga tanlov e'lon qilgan ekan - qiziqqanlar topshirib ko'rishi mumkin.

Shu o'rinda, adashmasam, 2023-yilda bo'lgan bir voqea esga tushdi. Respublika ta'lim markazi vakillari vazirlik adabiyot fanidan 5 va 8 sinflar darsliklari mualliflariga qandaydir tanlov o'tkazayotganini aytishdi va bizdan (milliy o'quv dasturi asosidagi darsliklarni yaratishda qatnashgan mualliflardan) imkon qadar tezlik bilan mazkur tanlov uchun bo'lajak darsliklardan bir nechta mavzularni yozib berishni iltimos qilishdi. Bu tanlovga u qadar ishonmasam-da (bu paytga kelib darsliklarni kim chop qilishi hal bo'lgan edi shekilli), so'ralgan materiallarni tayyorlab topshirdik. Shundan keyin bu "tanlov"ning taqdiri nima bo'ldi, kimlar qanashgan edi-yu, kimlar o'tdi, biz topshirgan materiallar qaysi mezonlar asosida baholangan edi - bu haqida hech qanday ma'lumot berilmadi. Va oradan bir qancha vaqt o'tib 5-sinf "Adabiyot" darsligi (1-qism, 2-qism) o'sha hal bo'lganligi taxmin qilingan nashriyot grifi ostida, negadir Milliy o'quv dasturi asosida emas, butunlay boshqa dastur asosida chiqib keldi. Bu safargi e'lon qilingan tanlov o'sha "tanlov" andozasi asosida o'tmasligiga ishonsangiz - o'zingizni sinab ko'rishingiz mumkin.

Qizig'i, Respublika ta'lim markazi darsliklar uchun tanlov e'lon qilmoqda-yu, lekin bu darsliklar o'zi qaysi dastur asosida yaratiladi? Axir haligacha amalda ishlayotgan ta'lim standartlari ham, uzviy bir o'quv dasturlari ham yo'q - turli sinflar turli davrlarda yaratilgan va bir-biri bilan bog'lanmagan dasturlar-u darsliklar asosida tahsil olishmoqda. Standartlar va dasturlar masalasini hal qilmasdan turib yangi darsliklar yaratish shundoq ham "kasha" vaziyatni battar chigalashtiradi, xolos.

Yuqorida aytilgan va aftidan, biz "fon" bo'lib bergan "tanlov" masalasiga qaytsak - o'sha "tanlov" uchun taqdim qilingan bir materialni (bir oz qayta ishlagan holda) e'tiboringizga havola qilmoqchiman. Bu - amerikalik hikoyanavis O.Henrining "Yigirma yildan so'ng" hikoyasi asosida 8-sinf uchun didaktik material (Milliy o'quv dasturida mazkur adib hikoyalaridan birini o'rganish 8-sinf uchun tavsiya qilingan edi). Marhamat, darslaringizda sinab ko'ring. Umid qilamizki, mazkur material adabiyot darslaringizni qiziqarli tashkil qilishga, o'quvchilarda badiiy matnni tushunish va tahlil qilish kompetensiyalari hamda tanqidiy fikrlash, ijodiy fikrlash singari hayotiy ko'nikmalarni rivojlantirishga yordam beradi.
👍19
Ona tili va oʻzbek tili - har xil fanlarmi?

Axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga qaraganda, oʻzbek tili fani oʻqituvchilariga ona tili va adabiyot fanidan olgan milliy sertifikati uchun ustama toʻlash toʻxtatib qoʻyilgan. Bu haqida, masalan, kun.uz va uzdiplomat nashrlari maqolalar eʼlon qilishdi, bugun esa mazkur masalada adolat soʻrab petitsiya joylangani haqida xabar chiqdi. Ona tili va adabiyotdan milliy sertifikat uchun 50%lik ustama toʻlanishi oldinroq Prezident tomonidan eʼlon qilingan edi.

Qizigʻi, vazirlik ona tili va adabiyot fanidan olingan milliy sertifikat uchun 50%lik ustama nima uchun oʻzbek tili oʻqituvchilariga (yaʼni taʼlim oʻzbek tilida olib borilmaydigan maktablarda dars beradigan oʻqituvchilarga) berilmasligi boʻyicha joʻyali izoh keltirmagan. Kun.uz eʼlon qilgan materialda buning sababi - ona tili va oʻzbek tili har xil fanlar sifatida qaralishida boʻlishi mumkinligiga ishora qilingan.

Keling, mantiqan fikrlab koʻraylik. Deylik, chet tili oʻqituvchisiga chet tilidan, matematika oʻqituvchisiga matematikadan sertifikatga ustama nima uchun toʻlanadi? Oʻzi dars beradigan fanni bilishini isbotlagani uchun. Bu yerda gap mazkur fanni oʻqitish metodikasini yaxshi bilishi, fanni samarali oʻqita olishi haqida ketmayapti - chunki milliy sertifikat testida metodikadan savollar boʻlmaydi. Oʻzbek tilini siz "ona tili" sifatida oʻzbek bolasiga oʻqitasizmi yoki "oʻzbek tili" sifatida boshqa millat vakiligami - u mohiyatini oʻzgartirmaydi: oʻsha-oʻsha leksika, oʻsha-oʻsha grammatika va hokazo. Shunday ekan, milliy sertifikat asosida ustama toʻlash mantigʻidan kelib chiqsak, sertifikati bor oʻzbek tili oʻqituvchilariga ham ona tili va adabiyot oʻqituvchilari bilan teng ustama toʻlash adolatdan boʻladi.

Endi masalaning tub mohiyatiga qarab koʻraylik. Oʻqituvchiga oʻzi dars beradigan fanni abituriyent darajasida bilishi uchun (milliy sertifikat aslida abituriyentlar uchun tuzilgan) ustama toʻlash - mantiqsizlik. Tasavvur qiling, shifokorga tibbiyotni bilgani uchun, injenerga muhandislikni bilgani uchun yoki advokatga huquqni bilgani uchun ustama toʻlayapsiz. Kulgili emasmi? Axir, mutaxassis oliy taʼlimda kamida 3-4 yil oʻqib diplom olgan sohasini shundoq ham bilishi kerak emasmi? Axir sohasini bilmasa, u qanday dars beradi, ishlaydi?

Toʻgʻri, oʻqituvchiga oʻz fanini abituriyent darajasida bilgani uchun ustama berish xorijdan jalb qilinayotgan va samarasi ilmiy isbotlanmagan oʻqituvchilarga oʻzimizning "qorakoʻzlar" tushiga kirmaydigan oylik va imtiyozlar berilayotgan bir sharoitda PR uchun yaxshi aksiya va oʻrtachadan past maoshga qanoat qilishga majbur oʻqituvchilar uchun harna. Lekin taʼlimdagi keraksiz xarajatlarni (masalan, hech qanday tayinli dasturlarsiz darsliklarni har yili yangilash, xorijdan mutaxassislar jalb qilish singari) qayta koʻrib chiqib, oʻqituvchilar hech qanday ustamasiz oladigan oyliklarini hech boʻlmasa boshqa sohalarning oʻrtacha oyliklariga tenglashtirish, ustamalarni esa boshqa mezonlar - pedagogik mahorat, dars berish samaradorli, pedagogikadagi yuruqlari singari koʻrsatkichlar uchun berish kerak.
👍32👏4
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi olib borayotgan izchil "islohotlar" natijasida, Cerebry platformasini pulga yechib beradigan maxsus telegram kanallar ham faoliyatini boshladi. Ilgariroq maktablarda "cerebry'bozlik" - 8-9 sinf oʻquvchilarini Singapurning xususiy kompaniyasi yaratgan Cerebry onlayn repetitorlik platformasida testlar yechishga majburlash kampaniyasi ketayotgani haqida yozgan edik.

Mustaqil Oʻzbekiston tarixida maktab taʼlimi hech qachon bu darajada absurd holatga chiqmagan boʻlsa kerak. Bizni oldinda vazir va vazirlik jamoasining qancha "islohotlar"i kutayotganini tasavvur qilish qoʻrqinchli.
🤯28🤬15👍4👎1