Jalilov. Qaydlar
4.09K subscribers
1.45K photos
17 videos
22 files
2.28K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Saylov natijalari boʻyicha rasmiy eʼlon qilingan raqamlarda menda savol tugʻdiradigan ikki jihat bor:

1. Saylovdagi davomat

Qariyb 75% aholi saylovda ishtirok etdi deb eʼlon qilindi. Men uchastkaga chiqqan payt vaqt peshin edi, lekin odamlar juda siyrak, roʻyxatlarda qoʻl qoʻyganlar juda kam edi. Men taniydiganlarning koʻpchiligi chiqmadik deyishdi. Shaxsan men aholining siyosiy faolligini kuzatganim yoʻq. 75% qayerdan keldi?

2. Oʻrinlar taqsimoti

Rasmiy eʼlon qilingan raqamlarda bironta ham "buzilgan" (hisobga olinmaydigan) byulleten haqida xabar berilmadi, 150 oʻrinning hammasi taqsimlandi. Menga oʻxshab hamma nomzodlarga qarshi ovoz berganlar (demakki ovozi hisobga olinmaydiganlar) butun respublika boʻylab bironta ham chiqmaganmi?

Ha, yana bir narsa. Kecha Bosh prokuratura koʻpchilik uchun saylovlardan koʻra qiziqroq tuyulayotgan bir jarayonni muhokama qilmaslik haqida ogohlantirish bilan chiqdi. Har ehtimolga qarshi soʻrab qoʻyay: rasmiy natijalarga shubha bilan qarash yoki ular haqida savollar berish jinoyat qatoriga kiritilmadimi hali?
👍7
Ha, uzr, yana bir savol. Aslida bu savolga javob boʻlsa yuqoridagi savollarga hojat qolmasdi.

Uchastkalar, okruglar haqida maʼlumotlar bormi? Ular bilan qaysi ochiq manbada tanishsa boʻladi? Uchastkalardagi davomat (va uning kun davomidagi dinamikasi), uchastkalardagi ovozlar taqsimoti (va ularning kun davomidagi dinamikasi) singari maʼlumotlarni nega ochiq eʼlon qilish mumkin emas? Axir bunday maʼlumotlar MSKda bor boʻlsa kerak?

Va nega bizda ekzit-pollarga ruxsat yoʻq? Yoki ekzit-pollar va rasmiy raqamlarni solishtirish imkoni boʻlsa qandaydir qoʻrqinchli kartina chiqib keladimi?
🔥9
Сайлов куни давомида ХСКМ кузатувчилари овоз беришда қатнашган сайловчилар сони ва расман эълон қилинган сайловчиларнинг дастлабки маълумотлари ўртасидаги тафовутни қайд этдилар.

Умуман олганда, овозларни санаш жараёни ЙХҲТнинг 1990-йилги Копенгаген ҳужжати 7.4-бандига мувофиқ, сайлов бюллетенлари тўғри саналганлиги юзасидан жиддий хавотир уйғотди.

YXHT kuzatuv missiyasining dastlabki natijalari ham kecha koʻtarilgan savollarda jon borligini tasdiqlaydi.
👍7🔥1
Yana bir bor feyklar haqida

Prezident farmoni bilan "fuqarolarning so‘z va axborot erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarining ro‘yobga chiqishini ta’minlash, mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, media-bozorda ular uchun teng sharoitlar yaratish, shuningdek, jurnalistlar huquqlarini himoya qilish" vazifalari yuklatilgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rasmiy telegram-kanalida qiziq bayonot:

Сўнгги кунларда ижтимоий тармоқлар орқали тасдиқланмаган ва асоссиз, шунингдек, ишончли расмий манбаларга таянилмаган маълумотлар кенг тарқатилмоқда.

Қайд этиш лозимки, аҳоли орасида ёлғон, ҳақиқатга тўғри келмайдиган, текширилмаган маълумотларни тарқатиш қонунчиликда белгиланган тартибда жавобгарликка сабаб бўлади.

Шу нуқтаи назардан, журналист ва блогерларга фақат расмий манбаларда тақдим этилган маълумотлардан фойдаланиш тавсия этилади.


Agentlik bu bayonotni o'sha ko'pchilik muhokama qilgan va har xil farazlar bildirgan voqea yuzasidan e'lon qilgan qilgan ko'rinadi. U voqea o'z yo'liga, lekin agentlik bayonotida diqqatni tortadigan qiziq narsa bor:

"yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi"

Endi bayonotda berilgan havola bo'yicha o'tib ko'ramiz. Havola bo'yicha JKning mana bu moddasi ochiladi:

Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, ushbu Kodeksning 2441-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.


E'tibor bering: AOKA havola bergan qonunchilik normasida umuman "yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, tekshirilmagan ma’lumotlar" deyilmayapti, balki "shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan" va "jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi" ma'lumotlar tarqatish javobgarlikka sabab bo'ladi, deb aniqlashtirilgan. Umuman "yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, tekshirilmagan ma’lumotlar" va "aynan "shaxsni obro'sizlantiruvchi" yoki " "jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi" ma'lumotlar - har xil narsalar bo'lsa kerak. AOKA bayonotida "jurnalist va blogerlarga faqat rasmiy manbalarda taqdim etilgan ma’lumotlardan foydalanish"ni tavsiya etmoqda. Ya'ni "rasmiy manbalarda taqdim etilgan"idan boshqacha fikrlar bo'lishiga yo'l qo'ymaymiz, demoqchimi? Agar jurnalist va blogerlar faqat rasmiy manbalardagi axborotni retranslyatsiya qilishi kerak bo'lsa, unda faqat rasmiy manbalarning o'zini qoldirib, qolganini yopa qolaylik?
👍19🤔1
Najmiddin Ermatovdan

ERTAK

Falon mamlakatning falon shahrida,
Falonchi kimsalar etganda bazm,
Qizlari qaltirab qattol qahridan,
Erlari eshilib etarkan ta'zim.

Fuqaro birdayin otsiz falonchi,
Nomdor shiorlarga tamshanib shodon -
Ortib borar emish falon ishonchi,
Qotib borar emish ko'ksida iymon ...

Falon zamonlarga falon rejalar
tuzganda,
shukuhdan to'lg'anib omma,
Atoqli o'ylarning otin nechalar
Qordayin kurarmish tinimsiz ongdan.

Falon yillar o'tib,
armon o'tida,
Top debon, avlodlar urganida do'q -
Falon bir ertakning falon betida
Shoirlar tirilgan varaq emish yo'q ...

"Izlam" turkumidagi "Turon sog'inchi" kitobidan
🔥18👍11
Monopoliya qilingan maktab darsliklariga ijara to'lovi qaytadan joriy qilinishi kutilmoqda

"Bayram" ko'pga cho'zilmadi: ikki yil oldin "Finlyandiya ta'lim tizimi asosida darsliklar yaratish" bilan bog'liq jarayonlar fonida "doimiy bepul bo'ladi" deya va'da qilingan maktab darsliklari ijarasi uchun ota-onalardan to'lovni qayta joriy qilish qilish rejalashtirilmoqda. "Darsliklar va mashq daftarlarining toʻliq Davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar masʼuliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan eʼtiborsiz munosabatda boʻlish holatlarini keltirib chiqarmoqda", deyiladi "2025-2027 yillar Byudjetnomasi"da.

Xabarlarga ko'ra, 2023-yildan beri maktab darsliklarini chop qilish "Novda" xususiy nashriyotiga topshirilgan: 2023-yilda mazkur nashriyotning 1-4 sinflar darsliklari maktablarga joriy qilingan bo'lsa, joriy yilda 5-sinf darsliklarini ham mazkur nashriyot chop etayotgan ko'rinadi.

Goh Finlyandiya, goh Singapur ta'lim tizimini joriy qilishga urinayotgan ta'lim vazirligining bu va PISA taqdiqotlarida yuqori natijalar qayd etgan boshqa davlatlar singari yagona darslik tizimidan voz kechish niyati yo'qqa o'xshaydi.
🤔6🔥1
O'zbekiston o'qituvchilari kambag'allashishda davom etayotgan bir paytda xorijiy o'qituvchilarni jalb qilish xarajatlarini oshirish ko'zda tutilmoqda

O'zbekiston o'qituvchilari o'rtacha maoshlar, inflyatsiya va boshqa faktorlarni hisobga olganda kambag'allashishda davom etayotgan bir sharoitda xorijdan o'qituvchilarni jalb qilish xarajatlari 2025-yilda 25%dan oshiqroqqa - joriy yil uchun mo'ljallangan 190 mlrd so'mdan 250 mlrd so'mga oshiriladi. Shuncha mablag' evaziga xorijdan 1500 o'qituvchini jalb qilish "2025-2027 yillar Byudjetnomasi"da ko'zda tutilgan.

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining o'zi forumlar-u konferensiyalarga jalb qilgan ekspertlari ham, boshqa ilmiy tadqiqotlar ham xorijdan o'qituvchilarni jalb qilishning ta'lim sifatiga ta'sirini shubha ostiga olayotgan bir sharoitda, xorijdan o'qituvchilarni jalb qilish xarajatlarining ko'paytirilishi tushunarsiz. Vazirlik shu paytgacha xorijdan o'qituvchilarni jalb qilish qay darajada o'zini oqlayotgani bo'yicha biron-bir ishonarli tadqiqot natijalarini e'lon qilgan emas.
👍14🤔2
1 o'qituvchiga salkam 170 million so'm. Agar O'zbekiston fuqarosi bo'lmasangiz

Oldingi postga izohlarda yozishmoqda:

"1 o'qituvchiga sal kam 170 million to'g'ri kelyapti, bu katta raqam".

Darhaqiqat, 1500 nafar xorijiy o'qituvchini jalb qilish uchun soliq to'lovchilar pulidan yiliga 250 mlrd sarflanadi degani - bir o'qituvchini jalb qilish yiliga sal kam 170 million so'mga, oyiga qariyb 14 million so'mga tushadi degani. 99% O'zbekistonlik o'qituvchilarning tushiga ham kirmaydigan bunday katta xarajatlar samarasi bo'yicha kimdir hisobot beradimi?
🤯9
Ta'limga byudjetdan ajratiladigan mablag'larning ko'payishining mazasini o'qituvchilar yoki o'quvchilar emas, asosan xorijliklar va darsliklarni yangilaydigan monopollar tortadigan ko'rinadi

"2025-2027 yillar Byudjetnomasi"da qiziq narsalar bor. "2025-yilda taʼlim va fan sohasi uchun 86,6 trln soʻm (2024-yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 18,2 foiz koʻp) yoki Davlat budjeti xarajatlarining 25,1 foizi miqdoridagi mablagʻlar rejalashtirilmoqda", deyiladi hujjatda. Ya'ni bir tarafdan, ta'lim va fan uchun ajratiladigan mablag'lar miqdori oshiriladigandek. Lekin buning kambag'allashayotgan o'qituvchilar yoki cheklangan sanitariya-gigiyena xizmatlariga ega (yoki bunday xizmatlar yo'q), ikki yoki uch smenali maktablarda tahsil olishga majbur o'quvchilar uchun foydasi kam bo'ladigan ko'rinadi.

Davlat byudjetidan ish haqiga xarajatlar 2024-yildagi 176,5 trl so'mdan 2025-yilda 197,9 trl so'mga, ya'ni taxminan 9%ga oshirilishi kutilmoqda. Bu degani - byudjetdan oylik oladigan o'qituvchilar o'z ish haqlining real inflytsiyani qoplaydigan yoki respublika bo'ylab o'rtacha ish haqiga tenglashadigan darajada oshirilishiga umid qilmasalar ham bo'ladi, deb tushunish mumkin.

2025-yilda maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi davlat dasturlari va tadbirlar uchun ajratilishi rejalashtirilayotgan mablag'larning salmoqli qismini - qariyb 5dan 1 qismini (6,9 mlrd so'mdan 1,3 mlrd so'm) "darsliklarni yangilash xarajatlari" tashkil qiladi. Umuman, hujjatda aytilishicha, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasidan kelib chiqib "umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida darsliklarni toʻliq yangilash" ko'zda tutilgan. (O'quv dasturlari "kasha" bo'lib yotgan bir paytda darsliklarni yangilashga balo bormi, o'zi o'tgan yili "fin tajribasi" bahonasida, bu yil "Singapur tajribasi" bahonasida darsliklar yangilandi-ku. degan savol, tabiiyki, qo'yilmagan). Oxirgi ikki yil tendensiyasidan kelib chiqilsa, "darsliklarni to'liq yangilash" qaysi xususiy nashryotga "ishonib" topshirilishini taxmin qilish qiyin bo'lmasa kerak.

Dasturda yana bir oshirilayotgan xarajat - xorijiy o'qituvchilarni jalb qilish. Bu xarajatlar 25%dan ko'proqqa oshiriladi va 2025-yilda bitta xorijiy o'qituvchini jalb qilish oyiga o'rtacha qariyb 14 millionga tushishi prognoz qilinmoqda. Bunday xarajatlarning ta'lim sifatiga ta'siri bo'yicha haligacha izoh berilgani yoki biron-bir ishonarli tadqiqot natijalari e'lon qilingani yo'q.

Darvoqe, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri va islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmalariga ajratiladigan mablag'lar ham oshirilishi kutilmoqda. Bilishimcha, vazirlik va uning huzuridagi agentlik va markazlar xodimlariga ustamalar shu jamg'armalardan to'lanadi.
👍13🔥4
Rasman tasdiqlanmagan yoki inkor qilinmagan maʼlumotlarga koʻra, partiyalar roʻyxatlari boʻyicha nomzodi koʻrsatilgan vazirlar (jumladan, maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova) deputatlikdan voz kechishgan.
Ijtimoiy tarmoqlardan:

"Shunaqa tasavvur uyg‘onadiki, 2 yil avval darsliklar ijarasini bepul deb e’lon qilish, darsliklar yaratishni bir qo‘lli qilib olish uchungina kerak bo‘lgan. Vaqtinchalik manyovr ya’ni. Biz kutgandik, biz bilgandik".

"Davlat pul iqtisod qilish va orttirish uchun maktabdan boshqa sohani topolmayotgan bo‘lsa, hay, ishni birdan o‘quvchilarga darslik solig‘i solishdan emas, shu darsliklarni chiqarayotganlarning ishini taftish qilishdan boshlagani ma’qul".
👍16
Asosiy muammo, nazarimda, "darsliklarni yangilash" uchun byudjetdan yana 1,3 mlrd so'm ajratrilishida yoki darsliklar ijarasi uchun qaytib to'lov joriy qilinishida va buning yap-yangi, 1-moddasida "O'zbekiston ijtimoiy davlat" deb belgilangan Konstitutsiyaga qay darajada mosligida ham emas. Asosiy muammo(lar) boshqa joyda.

1. O'quv dasturlarining "kasha"si chiqib yotgan, umumiy o'rta ta'limning maqsadi-mazmunini belgilaydigan aniq bir hujjat amalda ishlamayotgan, vazirlikning aynan o'quv dasturlari va darsliklariga mas'ul boshqarma boshlig'i bunday hujjat 2025-yilning yakunigacha muhokamaga qo'yiladi (ya'ni 2025-yilgacha tasdiqlanmaydi, axir tasdiqlangan hujjatni muhokamaga olib chiqishdan ne ma'no?) deb bayonot berib turgan bir sharoitda, qanday qilib "darsliklarni yangilash" haqida gapirish va buning uchun mablag' ajratish mumkin? Aravaning otdan oldin qo'shilganini (o'quv dasturlaridan oldin darsliklar yaratilganini) qaysi ta'lim tizimida ko'rgansiz? 2025-yil oxirigacha vazirlik mas'uli aytgan o‘quv dasturlari va davlat ta’lim standarti (DTS) muhokamaga qo'yilsa va tasdiqlansa, yana "darsliklarni yangilash" uchun pul ajratiladimi?

2. PISA natijalarini ko'rdik: dunyoda oxirgi o'ntalikdamiz. PISAda yuqori natijalarni ko'rsatgan davlatlarning hech qaysisida - o'sha ikki yil oldin "yopishganimiz" Finlyandiyada ham, o'tgan yildan beri "yopishib olganimiz" Singapurda ham - yagona darslik tizimi mavjud emas. Xo'sh, bizda bu tizimdan voz kechishga nima xalal beradi? Nega butun O'zbekiston bolalari metodik va ilmiy sifati qator savollar tug'diradigan darsliklardan o'qishga majbur bo'lishi kerak? Nega tanlov imkoniyati bo'lmasligi kerak? Axir tanlov yo'q bo'lgan sharoitda ishlab chiqaruvchi hech qachon sifatga ishlamasligini, aynan tanlash imkoniyati va halol raqobat mahsulot sifatini oshirishga majbur qilishini isbotlab o'tirish shart bo'lmasa kerak? Yoki yagona darslik tizimidan voz kechilsa, kimlardir nimalardandir quruq qolishidan qo'rqamizmi?

3. Darsliklar yaratish va chop qilish tizimining "bir qo'lli" qilinishi ortidan 2023-yildagi darsliklarning sifatini ko'rdik. Hatto ayrimlarini bir yil o'tar-o'tmas "qayta nashr" qilib chiqarishga majbur bo'lishdi va "bu ziyofat kimning hisobidan?" degan savolga haligacha javob berilmadi. Shunga qaramasdan, 2024-yilgi 5-sinf darsliklari ham shu "o'zuvuzani qorako'zlarga" ishonib topshirildi. 2025-yilga mo'ljallanayotgan 1,3 trln ham shu "qorako'zlar"ga "in'om" qilinmoqdami? Qaysi mezonlar asosida butun mamlakatning millionlab nusxada chiqadigan darsliklari ularga topshirildi? Bu bo'yicha qandaydir izoh beriladimi?

"Yagona darslik" tizimidan voz kechilishi kerak. Aniq o'quv dasturlari e'lon qilinishi kerak va shu dasturga mos har qanday darslik yashashga haqli bo'lishi kerak. Darsliklarni nashriyotlar o'z hisobidan yaratishi, maktablar va o'qituvchilar darsliklarni tanlash huquqiga ega bo'lishi, vazirlik esa aynan o'qituvchilar tanlagan darsliklarni maktab kutubxonalariga olib berishi kerak. Nashriyotlar esa o'z darsliklarini erkin savdoga chiqara olishi, ota-ona istasa, farzandiga darsliklarni sotib olib bera olishi kerak. Butun normal dunyo shunday qiladi.

To'g'ri, bunday tizimda kimlardir nimalardandir quruq qolishi mumkin, lekin oxir-oqibat darsliklar sifati ta'minlanadi va ular arzonroqqa ham tushadi. Va asosiysi, millionlab bolalar xatolarga to'la darsliklar asosida o'qishga majbur qilinmaydi.
👍9👏4🤔2🔥1🤯1
Darhaqiqat, Shokir Tursun yozganidek, oxirgi yillarda taʼlimni "oʻldirish" uchun nima qilish mumkin boʻlsa hammasi qilindi: oʻquv dasturlaridagi pala-partishlik, tinimsiz almashtirilayotgan darsliklar, hech qanday ilmiy asosga ega boʻlmagan va zoʻr berib tiqishtorilayotgan CHSB-BSBlar, taʼlimdagi tengsizlikning davlat siyosati darajasiga chiqishi, oʻqituvchilarning eng nochor qatlamlardan biriga aylantirilishi, xorijdan oʻqituvchilarni jalb qilish singari samarasi va taʼlim sifatiga taʼsiri katta soʻroq ostida boʻlgan loyihalarga, har xil xoʻjakoʻrsin tadbirlarga ulkan mablagʻlarning sovurilishi .... Bularning aksariyati hozirgi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri va uning jamoasi tomonidan amalga oshirildi va oshirib kelinmoqda. Oxirgi parlament saylovi natijalariga koʻra bu tuturuqsiz tajribalar toʻxtab, taʼlim normal izga qaytishiga (qayta boshlashiga) oxirgi umid, ilinj ham yoʻqqa chiqadiganga oʻxshaydi.

Men shaxslarga murojaat qilishni unchalik yoqtirmayman - shaxslar emas, tizim ishlashi kerak, deb hisoblayman. Lekin vazirga murojaat qilmoqchiman:

Hurmatli Hilola Oʻktamovna, iltimos, taʼlimdagi maqsad(lar)ingizni aniq-tiniq tushuntirib bering yoki deputatlikka oʻtib qoʻya qoling! Millionlab bolalar taqdirini, millat kelajagini oʻylang!
👍27😢4👎2
Toʻgaraklarga 500 mlrd. Toʻxtang. Toʻgaraklar oʻqituvchilar "pedagogik yuklamasi"ga kiritilmaganmidi?

"2025-2027 yillar Byudjetnomasi"da "ajoyib" xarajatlar paydo boʻlgan. Masalan, 2025-yilda "umumtaʼlim maktablarida toʻgaraklarni tashkil etish va ularga “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlarini jalb qilish xarajatlari"ga 500 mlrd soʻm ajratish koʻzda tutilmoqda. 2024-yilda, masalan, bunday xarajatlar bandining oʻzi boʻlmagan.

Ajoyib maqsad. Faqat bir savol. “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari, qonun boʻyicha, qaysidir umumtaʼlim maktabida oʻqiydi (axir qonun boʻyicha 11 yillik taʼlim majburiy, shunday emasmi?). Maktablarda esa oʻqituvchilar shundoq ham toʻgaraklar tashkil etishadi - bu ularning "pedagogik yuklama" degan tushunchasiga kiritilgan.

2018-yildan beri qoʻllanilayotgan tartibga koʻra, oʻqituvchilarning ish yuklamasi bevosita dars berish va dars bergan soatlariga deyarli teng miqdorda "pedagogik yuklama"dan ("o‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta’minoti va tashkiliy-pedagogik jarayon"dan) tashkil topadi. "Pedagogik yuklama"ga esa, shu jumladan, toʻgaraklar tashkil qilish ham kiradi. Yaʼni, oʻqituvchilarga toʻgaraklar uchun alohida pul toʻlanmaydi - ular bu ishlarni olayotgan oyligi hisobidan amalga oshirishga majburlab qoʻyilgan.

Shunday ekan, savol tugʻiladi: "toʻgaraklarga" deb ajratilayotgan yarim trillion soʻm qayerga ketadi?
😢14👍3🤔3
"Vazir va amaldorlarni Parlamentda ko‘rishni istab, partiya uchun ovoz bergan saylovchilar aldandimi?", degan savolni qo'ymoqda Uzdiplmat nashri.

Darhaqiqat, yagona saylov okrugi bo'yicha biron-bir partiyaga ovoz bergan saylovchi aynan partiya ro'yxatida yuqori o'rinlarni "to'ldirib turgan" vazirlar va boshqa taniqli shaxslar uchun ovoz bergan bo'lishi mumkin-ku? Bu vazirlarning deputat bo'lib ishlash niyati bo'lmasa, ular "parovoz" bo'lib berishdimi? Bunday ko'zbo'yamachilikning nima keragi bor edi?

P.S. Ilgariroq Uzdiplomat nashri bir qancha vazirlar, agar deputatlikka saylansa vazir lavozimidan voz kechishi haqida ariza yozganini xabar qilgan edi. Xo'sh, bu arizalar (agar yozilgan bo'lsa) nima bo'ldi?
🔥10👍3
Endi ... mamlakatning asosiy qonunini kerak paytda o'zgartirib yuborish yoki unga qat'iy amal qilmaslik ko'p-da muammo bo'lmagan bir sharoitda SSSRdan meros olingan bu qoidani o'zgartirish muammo bo'lmasa kerak? Agar xohish bo'lsa, albatta.
Ertaga - partiya ro'yxati bo'yicha OM QPga saylangan vazirlar qaror qabul qilishining oxirgi kuni. Siz deputatlikka nomzodini qo‘ygan vazirlar va boshqa taniqli shaxslarning natijalar e’lon qilinganidan keyin deputatlikdan voz kechishiga qanday qaraysiz?
Final Results
53%
Qarshiman (men ularning nomzodi uchun ovoz berganman, ularning voz kechishi saylovchilarni aldash)
17%
Qo'shilaman (men partiya uchun ovoz berganman, voz kechish yoki kechmaslik ularning huquqidir)
30%
Betarafman (menga farqi yo'q)
👍11