Jalilov. Qaydlar
4.13K subscribers
1.47K photos
17 videos
22 files
2.29K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Rossiyaning Ukrainaga hujumi tufayli Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi tomonidan hibsga olish orderi berilgan rasmiylar soni yana ikki nafarga ko'paydi: sud Rossiyaning sobiq mudofaa vaziri (hozirda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi) Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovni hibsga olish to'g'risida order chiqardi. Bu ikki shaxs Ukraina fuqaroviy obyektlariga va tinch aholiga hujumlarda ayblanmoqda.

Ilgariroq sud Vladimir Putin va Rossiya bolalar ombudsmeni Mariya Lvova-Belovani ham hibsga olish uchun order chiqargan edi.
👍7
Vazifasi fuqarolarning tinchligini himoya qilish bo'lgan Ichki ishlar xodimlari yana bir fuqaro o'limiga sabab bo'lgani aytilmoqda. Bu haqda bir qancha nashrlar (BBC O'zbek xizmati, Kun.uz, Gazeta.uz) xabar berishdi.

Inson qadri hurmat qilinadigan davlatlarda bunday hodisadan keyin Ichki ishlar vaziri kamida parlamentga chaqirtirilib, so'roqqa tutilgan, tizimning qanday ishlashi va nima uchun bunday hodisa ro'y bergani obdon tekshirilgan bo'lardi. Lekin O'zbekistonda bunday holat - ichki ishlar binosidan o'lik chiqishi - birinchisi ham, tushunishimcha, oxirgisi ham emas. Parlament jim, vazir jim, rasmiylar jim ... "Inson qadri"? Nima edi u?
😢10
"2016-yildan keyin "yangi" Oʻzbekiston paydo boʻlayotganday koʻrindi: davlat sobiq prezident Islom Karimov davridan koʻra ochiqroq tuyuldi. Biroq bunga ham bir necha yil oʻtdi, tarki odat esa amri mahol", deyiladi Osiyo - Tinch okeani mintaqasining yetakchi nashrlaridan biri The Diplomat da chop etilgan "Yangi Oʻzbekiston - eski qiliqlar" maqolasida.

Maqola muallifi yangi Oʻzbekistonda koʻrayotgan narsalari haqida yozadi. Unga koʻra, bugungi Oʻzbekistonda koʻrayotganlari - ichki ishlarning hukumatni tanqid qilayotganlarni hibsga olishi, parlamentning "nomaqbul" xorijliklarni kiritmaslik haqidagi qonunni koʻrib chiqayotgani, huquq himoyachilari, blogerlar va hukumat tanqidchilarini qamoqqa soladigan Oʻzbekistonning qaytishi ... Maqola muallifi 19 yashar yigitning davlat rahbari haqida bitta izohi uchun jinoiy javobgarlikka tortilib, 2,5 yilga koloniyaga yuborilganini va boshqa holatlarni misol qilib keltirgan.

"Yo asling kabi koʻrin, yo koʻringaning kabi boʻl" degan ekan Mavlono Rumiy. Biz ogʻiz koʻpirtirib demokratiya, inson huquqlari, inson qadri haqida koʻp va xoʻb gapirishimiz mumkin, lekin xalqaro tashkilotlar, kuzatuvchilar, jurnalistlar bizning gaplarimizga qarab emas, ishlarimizga qarab xulosalar chiqaradilar. Chala homiladorlik imkonsiz boʻlganidek, demokratiya, soʻz erkinligi, inson huquqlari ham yoki bor, yoki yoʻq. Yoki ularga rioya qilaylik, yoki rioya qilish niyatimiz boʻlmasa ochigʻini aytaylik. Shunda adolatdan boʻlardi, menimcha. Hech boʻlmaganda, ortiqcha illyuzilyalarga berilmasdan, har kim oʻzi uchun qizil chiziqlarni va keyingi qadamlarini belgilab olardi.
👍11🤯8
Yaxshi yangilik: Spot.uz nashrining yozishicha, “Tahrirchi” startapi “Tilmoch” sun’iy intellektiga asoslangan o‘zbek va qoraqalpoq tillari uchun onlayn tarjimonni ishga tushirdi.
👍8
Bir necha kundan beri ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilaydigan qonun loyihasi qizg'in muhokama qilinmoqda. Jurnalistlar, faollar o'z fikrlarini bildirishmoqda. Keling, bu masala (bolalarning diniy ta'lim olishi) ayrim boshqa davlatlarda qanday hal qilinganini ko'rib chiqaylik.

Buyuk Britaniya. "Diniy ta'lim" fani (Religious Education) - Milliy o'quv dasturining (National curriculum) bir qismi hisoblanadi. Mazkur fan boshlang'ich sinflardan (Key Stages 1-2) boshlab o'qitiladi va nafaqat rasmiy Anglikan cherkovining qarashlari, balki boshqa asosiy dinlarning (islom, buddizm, hinduizm va hokazo) ham asoslarini qamrab oladi. Maktab bu fanni o'qitishga majbur, lekin ota-onaga maktabga ariza bilan murojaat qilib farzandini bu darsdan to'liq yoki qisman ozod qilishini (masalan, ma'lum bir mavzular o'tilayotgan paytda darsga qatnashmasligini) so'rashi mumkin. Maktablarda fanning o'qitilish sifati hatto parlamentning yuqori palatasida maxsus ko'rib chiqilgan.

Finlyandiya. Maktablarda "din" fani o'qitiladi - o'quvchilarga o'zining dini (xristianlik, islom yoki boshqa) o'qitiladi yoki hech qaysi dinga mansub bo'lmasa, "din" fani "etika" fani bilan almashtiriladi. (Buni bolaning ota-onasi birgalikda hal qiladi). "Din" fanining dasturi har bir din uchun (lyuteranlik, pravoslaviye, islom, yahudiylik) uchun alohida ishlab chiqilgan.

Germaniya maktablarida "din" fani maktab dasturiga kiritilgan. Bunda asosan xristianlik dini o'rgatiladi, lekin ayrim federal yerlarda maktablarda islom dinini ham o'rganish mumkin - 2018-yilda 54 ming yuqori sinf o'quvchilari islom dinini o'rganishgan. Biroq, ota-ona farzandini "din" darsidan ozod qildirishi mumkin, shuning uchun ko'p hollarda maktablar din darslarini dars jadvalida birinchi yoki oxirgi soatga qo'yishga harakat qiladi.

Fransiyada XIX asr oxirida qabul qilingan maktablar sekulyarizatsiyasi haqidagi qonunga asosan, maktablarda biron-bir din o'rgatilishi mumkin emas, Haftada bir kun o'quvchilar maktabdan tashqarida diniy ta'lim olishlari uchun maktabga kelmasliklari mumkin.

Ehtiyoj bor joyda shu ehtiyojni qondirish yo'llari qidiriladi - bu tabiiy jarayon. Diniy ta'lim ham bir ehtiyoj. Demak, "qonunga xilof yo'llar" bilan ehtiyojni qondirish uchun javobgarlikni joriy qilishdan oldin bu ehtiyojni qonuniy qondirish imkoni berilishi kerak. Va muhimi, Ilyos Safarov yozganidek, har qanday "jiddiy masalalarda xulosa qilishdan avval tahlil markazlari, undagi olimlarning ilmiy, ba'zaviy xulosalari asos sifatida albatta olinishi kerak", ya'ni qarorlar ilmiy tadqiqotlarga asoslangan holda qabul qilinishi kerak. Masalan, maktablarda dinni o'qitish kerakmi yoki yo'q, o'qitilsa qanday o'qitish kerak, qanday oqibatlari bo'lishi mumkin - xorijda bu bo'yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi va sog'lom bahsga kirishiladi (misol uchun: 1, 2, 3, 4).
👍15👏2👎1
Tizimlilik? Nima u?

Nazarimda, oxirgi paytlarda qarorlarni qabul qilishda muammoga tizimli yondashish - muammoning ildizi (sababini) aniqlash emas va uni hal qilish emas, qandaydir "o't o'chiruvchi" yoki "nuqtali" rejimi ustivorday ko'rinadi. Va bir qaror qabul qilinasyotganda unda belgilangan normalarning oldinroq qabul qilingan qarorlarga qay darajada muvofiqligi haqida ko'p ham o'ylanmayotgandek. Yoki qaror shunchaki qabul qilinish, qaysidir davlat organining "ishlayotganini" ko'rsatish uchun qabul qilinayotgandek. Bir misol - xorijiy tillarga o'qitish samadorligini oshirish bo'yicha kechagi qaror.

Qarorga ko'ra, Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga bir qancha qo‘shimcha funksiyalar yuklanadi:

- yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish jarayonlarini takomillashtirish, talab yuqori bo‘lgan chet tillarini mukammal o‘zlashtirish uchun sharoitlarni kengaytirish;

- xorijiy tillarni o‘qitish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar va o'quv markazlarini qo'llab-quvvatlash, xususiy o‘quv markazlari reytingini shakllantirish;

- yoshlar orasida kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishni targ‘ib qilish, ushbu yo‘nalishdagi ijtimoiy loyihalar, ko‘rik-tanlov va olimpiadalarni tashkil etish.

"Ma'muriy islohotlar" e'lon qilinganda davlat organlarining turli kategoriyalari (vazirlik, qo'mita, agentlik, inspeksiya) qanday vazifa bilan shug'ullanishi belgilangan edi. Unga ko'ra, "agentlik" maqomidagi tashkilotlarning asosiy vazifasi - tegishli sohada davlat xizmatlarini ko‘rsatish. "Xorijiy tillarga o‘qitish jarayonlarini takomillashtirish", "tadbirkorlar va o'quv markazlarini qo'llab-quvvatlash", "xorijiy tillarni o‘rganishni targ‘ib qilish" - bular davlat xizmatimi? "Xorijiy tillarga o'qitish" va yoshlar ishlari agentligining bir-biriga qanday aloqasi bor? "Xorijiy tillarga o'qitish" shu darajada muhim, davlat ahamiyatidagi vazifa bo'lsa, "Xorijiy tillarni o'qitishni ommalashtirish agentligi" deb astalgan maxsus tashkilotni nega yopdik? O'sha agentlik yopilganda uning vazifalari ikkita ta'lim vazirligiga taqsimlangan edi shekilli, ular "xorijiy tillarga o‘qitish jarayonlarini takomillashtirish"ni eplay olmayaptimi, yana Yoshlar ishlari agentligiga "qo'shimcha funksiyalar" yuklashga ehtiyoj tug'ilmoqda? Xullas, tushunmadim.

"Xususiy o‘quv markazlari reytingini shakllantirish". Savol: kimga kerak bu reyting? Bu reyting bizga nima beradi? Xususiy o'quv markazlari bozorida qaysi mijoz agentlik tuzgan reytingga qarab qaror qabul qiladi? Nima keragi bor agentlikning bozorga aralashishi? "Chekka hududlardagi eng yuqori ko‘rsatkichli xususiy o‘quv markaziga ijara xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilish" uchun bo'lsa, bu reytingdan boshqa mexanizm yo'q edimi? 100ta o'quv markaziga ijara haqining bir qismini kompensatsiya qilish uchun agentlik shundoq ham rekord darajadagi defitsitli byudjetdan qancha mablag' sarflaydi?

"Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining sinf xonalarini ta’lim jarayonidan bo‘sh vaqtda kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tekin foydalanish huquqi bilan xususiy o‘quv markazlariga berish". 73%dan oshiq maktab ikki va uch smenada o'qiyotgan sharoitda qaysi "bo'sh" sinf xonalar ijaraga beriladi?

Yana bir qiziq narsa. Qarorga ko'ra, 2024−2026-yillarda xorijiy til filologiyasi ta’lim yo‘nalishining C1 darajadagi sertifikatga ega 3- va 4-kurs talabalari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida o‘qituvchi sifatida ishlashiga ruxsat beriladi. C1 darajadagi sertifikatga ega talabalar o'qituvchi bo'lib ishlay oladimi yoki o'qituvchi-stajyor bo'lib? Yoki boshqa fan o'qituvchilari uchun joriy qilingan bir yil stajyor bo'lib, keyin kasbiy sertifikat olish talabi ularga tadbiq etilmaydimi? Nima uchun?

Davomi quyida
👍7
... davomi

Xullas, tushunarsiz narsalar ko'p. Maqsad - "xorijiy tillarga o'qitish samadorligini oshirish" bo'lsa, buning uchun birinchi navbatda maktabda xorijiy til o'qitish sifatini oshirish kerak. Bola maktabda 11 yil davomida xorijiy tilni o'rganib, hatto B1 darajaga ham ega bo'lmay chiqib ketmoqda. Lekin qarorda aynan shu yechimga xizmat qiladigan biron-bir normani ko'rmadim.

Maktabda xorijiy til o'qitish sifatini oshirish, albatta, umumiy ta'lim sifati bilan chambarchas bog'liq. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligini ta'lim sifati emas, har xil "ura-ura" tadbirlar qiziqtirgandan keyin, albatta, mana bunday tushunarsiz choralar bilan ta'lim sifatini oshirishga harakat qilinadi. Lekin bu qaror ham, bundan oldin xorijiy tillar bo'yicha qabul qilingan ko'plab qarorlar singari, ish bermay "yuk" bo'lib yotishi haqiqatga yaqinroq.
👍10
"Endi, Prezident maktablari agentligi qoshida “Olimpiadalarga tayyorlash markazi” ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi".

"Oddiy" maktablar va agentlik o'rtasidagi tengsizlikni kuchaytirishda davom ettiramiz.
😢10👍2
Bakiroo aytgan "sharmandali lotereya"ni toʻxtatishning boshqa, bundan ham zoʻr yoʻli bor.

Televizor sotuvchilar shunday sharmandali lotereya oʻtkazadimi? "Falon kuni Samsung (LG va hokazo va hokazo) televizoriga kontraktatsiya ochilarkan" desa yuz minglab odam "koʻzi toʻrt" boʻlib kutib oʻtiradimi? Pulini toʻlab, keyin puli toʻlangan mahsuloti qoʻliga tegishini poylab oʻtiradimi? Yoʻq. Istagan doʻkoniga boradi, pulini toʻlaydi, mahsulotni olib chiqib ketadi. Doʻkonga borishga erinsa - kerak boʻlsa, uyiga olib kelib oʻrnatib ketishadi.

Muzlatgich / kompyuter / telefon / ... sotib oladiganlar-chi? "Sharmandali lotereya"ni kutadimi? Yoʻq.

Endi menga tushuntiringlar-chi, iqtisodiyot nuqtai nazaridan, avtomobil va televizor, muzlatgich, kompyuter, boring-ki, non yoki kolbasa oʻrtasida qanday farq bor? Mening tushunishimcha, hech qanday - unisi ham, bunisi ham sotiladigan va sotib olinadigan iqtisodiy tovar. Shunday ekan, nega avtomobil sotib olish qandaydir sharmandali lotereyalar-u oldindan toʻlov qobiliyatini isbotlash bilan bogʻliq boʻlishi kerak?

Bu sharmandali lotereyani toʻxtatishning yagona yoʻli - bozorni ochish. Rosmana ochish. Yopiq bozor ichida monopolistlarga goʻyoki raqobatchilar (aslida - kartelchilar) paydo boʻlayotganday illyuzilya hosil qilish emas. Bu, kerak boʻlsa, bitta imzo bilan hal boʻladigan masala. Faqat xohish va iroda boʻlsa boʻldi. Monopolistdan oʻz monopoliyasini yoʻqotish xohishini kutish esa mantiqsizlikdir.
👍17🔥6
Back to the USSR?

"Все новое - это хорошо забытое старое".

"Har qanday yangilik - unutilgan eskilikdir".
🤯26😢6👎4👍1
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar (masalan, 1, 2 ,3) rasmiy tasdigʻini topdi: maktabgacha taʼlim agentligi tugatildi. Bir oz oldin Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti bevosita Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boʻysunuviga oʻtkazilgan edi.

Xullas, "maʼmuriy islohotlar" davom etmoqda. Oʻzi aslida oldin maktabgacha taʼlim tizimi uchun ham Xalq taʼlimi vazirligi javob berardi. Keyin alohida vazirlik qilindi, keyin agentlik sifatida yangi vazirlik tarkibiga kirdi. Bunday "islohotlar"dan qanday maqsad koʻzlangan, bilmadim, lekin vazir Hilola Umarova tizimdagi tashkilotlarni shaxmat donalariday u yoqdan bu yoqqa surish va nomini oʻzgartirishdan koʻra taʼlim mazmuni va sifati bilan shugʻullansa foydaliroq boʻlardi, degan fikr bor. Masalan, haligacha umumiy oʻrta taʼlimning yagona dasturi yoʻq va turli sinflar turli yillarda yaratilgan, bir-biriga mos tushmaydigan dasturlar bilan tahsil olmoqda. Kelayotgan oʻquv yilida 5-6 sinflar uchun Singapurning matematika va tabiiy fanlar darsliklari joriy qilinishi bu muammoni yanada kuchaytiradi.
👍9
Kanal kuzatuvchilaridan kelgan xabar:

Assalomu alaykum, bugun ixtisoslashtirilgan maktablar uchun kirish imtihonlarida 1- smenaga kirgan o'quvchilarning savollari tarqalib ketib, keyingi smenadagilar ularni ustozi bilan ishlab, javoblarini yodlab kirishdi. Agentlik tizimida shunaqa xatolar gapirilsa ham har yili bo'laveradimi? Qani bu yerda jajji bolajonlarimiz uchun adolat? Yana eng qiziq tomoni 2- smenada kirgan o'quvchilar o'sha yod olgan savollar va ularning javoblari o'zlariga qaytib tushganini aytmoqda. Smena qilar ekan shuni ehtiyotini qilib bir xil kuchdagi har xil savollar tuzmaydimi? Birinchi smenaga kirgan boladan ko'ra keyingi smenada kirgan bolaning kirish ehtimoli yuqori bo'ladiku bunaqada!

Xabar muallifi bilan bog'langanimda farzandi Qarshida imtihon topshirganini aytdi, lekin bunday holat (1-smena test topshiriqlarining 2-smenada aynan takrorlangani) nafaqat Qarshida, balki butun respublikada kuzatilganini iddao qildi.

Test topshiriqlarining test topshiruvchilarining ma'lum bir guruhiga oldindan ma'lum bo'lishi testning validligini yo'qqa chiqaradi. Agar shunday holat haqiqatda kuzatilgan bo'lsa, bu test natijalari asosida qaror qabul qilish aslo mumkin emas.

Qizig'i, o'tgan yili Prezident maktablariga kirish imtihonida shunga o'xshash holat kuzatilgan edi. Nahotki xatolardan tegishli xulosalar chiqarilmagan bo'lsa?
👍15🤯1
Tizimsizlik - bizning shiorimizdir?

Qandaydir bahsli talablar joriy etib, "doʻppi tor kelganda" ularni bekor qilish emas, talablarni joriy qilishdan oldin ularning ehtimoliy taʼsirlarini tahlil qilish lozim. Shunda har xil qarorlar qabul qilib, keyin ularni bekor qilib, keyin yana qabul qilib bekor qilish va kulgiga qolishga hojat qolmaydi.
👍6😱2
Darvoqe.

Mana bu xabarga koʻra, 2024-yil 6-iyul kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova va vazir oʻrinbosarlari bir qancha jurnalist va blogerlar bilan muloqot qilishgan ekan. Qiziq, qaysi nashlardan jurnalistlar va qaysi blogerlar bo'lgan, qanday masalalarni ko'tarishgan? Bunday muloqot bo'lishi haqida oldindan xabar berilganmi, muloqot istalgan jurnalist / bloger uchun ochiq bo'lganmi? Yoki "noqulay" savollar bermaydiganlarni yig'ish ma'qulroq ko'rilganmi?

Masalan, mening ta'lim sohasi mutaxassisi sifatida ham, ta'lim masalalarini tahlil qiladigan kolumnist / bloger sifatida ham, farzandlari davlat maktabiga va davlat bog'chasiga boradigan ota sifatida ham vazirga savollarim bor edi ...
👍7