Jalilov. Qaydlar
4.11K subscribers
1.47K photos
17 videos
23 files
2.3K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi huzuridagi (matryoshkalarni qarang!) Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi pedagog kadrlarni umumtaʼlim fanlari bo‘yicha kasbiy sertifikatlash uchun sinov topshiriqlari spetsifikatsiyasini e'lon qildi. Spetsifikatsiyani ko'zdan kechirib, shaxsan menda "pedagogika yo'nalishi bo'yicha dunyoning 1-o'rinda turadigan universitetida ikki semestr baholashni nima uchun o'rgandim, spetsifikatsiya deb turib shunchaki mavzular ro'yxatini berib qo'yish ham mumkin ekan-da?" degan savol tug'ildi.

Keling, aytim narsalarga oydinlik kiritaylik.

Kasbiy sertifikatlash nima uchun joriy qilinmoqda? O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi 79-sonli farmoni 3-bandida "maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash maqsadida" 2024-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik kasblariga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan talabgorlarni kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etilishi belgilangan. Demak, farmondan kelib chiqilsa, kasbiy sertifikatlashning maqsadi - pedagogning malakasini tekshirish bo'lishi kerak.

Test spetsifikatsiyasi nima? "Pedagogik va psixologik testlar uchun standartlar"ga ko'ra, test spetsifikatsiyasi - testning maqsadi, baholanadigan domen / konstruktning ta'rifi, test topshiradigan aholi tavsifi va testning qo'llanilishidan kelib chiqib natijalari talqini bo'yicha tavsiyalarni o'z ichiga olgan hujjat. Bu hujjatda domen / konstrukt batafsil tasvirlangan, domen / konstruktning test qamrab oladigan bilim, ko'nikma, kognitiv jarayonlari aniq aks etgan bo'lishi kerak. Shunchaki mavzular ro'yxati va adabiyotlar ro'yxati - bu spetsifikatsiya emas! ("Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi" deb nomlangan tashkilotda ishlaydiganlar bu oddiy narsani tushunishlari kerak, menimcha). Hatto VM qarori bo'yicha beriladigan 50ta test topshirig'i domen / konstruktning qamrab olingan elementlari bo'yicha qanday taqsimlanadi? degan oddiy savolga ham bu "spetsifikatsiya"da javob yo'q.

Endi savol. Markaz e'lon qilgan "spetsifikatsiya" asosida tuzilgan testlar "ta’lim tashkilotlarini malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash" vazifasini bajara oladimi? Yo'q. Nima uchun?

Sababi oddiy - "spetsifikatsiya" deb nom berilgan, aslida shunchaki har bir fan bo'yicha mavzular va adabiyotlar ro'yxatidan iborat hujjatlarga qaralsa, yana o'qituvchining xotirasi (amaldagi darsliklarda berilgan ma'lumot, qoida, nazariya, formulalarni yodda saqlash qobiliyati) tekshiriladi. Bu testlar o'qituvchining tegishli fan bo'yicha dars bera olish malakasini aniqlab bera olmaydi. Buning ustiga, bu testlar ayrim fanlardan o'qituvchi bilishi kerak bo'lgan muhim sohalarni qamrab olmaydi.

Oddiy misol. Ingliz tilini olaylik. "Spetsifikatsiya"ga ko'ra, o'qituvchi tilshunoslikdan (fonetika, semantika, pragmatika va hokazo) xabari bo'lishi hamda o'qigan matnini tushunishi kerak. "Spetsifikatsiya"dagi adabiyotlar ro'yxatida berilgan va hozirda maktablarda qo'llanilayotgan darsliklar kommunikativ til o'qitish metodikasiga asoslangan, ya'ni o'quvchining nutq ko'nikmalarini (tinglab tushunish, o'qib tushunish, yozish, gapirish) rivojlantirish maqsad qilinadi. Markaz esa na o'qituvchining kommunikativ til o'qitish metodikasidan xabardorligini va na o'zida nutq ko'nikmalari qay darajada rivojlanganini tekshiradi. Faqat tilshunoslikni bilgan va qisman o'qib tushunish ko'nikmasi bor, lekin boshqa nutq ko'nikmalari rivojlanmagan va kommunikativ til o'qitish metodikasidan umuman xabari yo'q o'qituvchi bu darsliklardan foydalanib samarali dars o'ta oladimi?

davomi quyida ...
👍3
... davomi

Yoki ona tili va adabiyotni olaylik. O'qituvchi faqat til tuzilishini (fonetika, leksikologiya, morfemika va hokazo) bilishi va she'r, g'azal, nasriy matnni tushuna olishi kerak. (Darvoqe, Oskar Uayld, Shekspir, Ogahiy, Nodiralar tilshunoslikning morfemika bo'limiga, Chingiz Aytmatov, G'afur G'ulom, Muhammad Yusuflar morfologiyaga kiradimi? deydigan odam yo'q). Ona tili darslarining maqsadi - o'qituvchining nutqini (og'zaki, yozma), turli matnlarni tushuna olish va turli matnlar yarat olish ko'nikmalarini rivojlantirish. Til qurilishini "suv qilib ichvorgan", lekin o'zi tuzuk-quruq insho, esse, tahlil, referat singari matnlar yarata olmaydigan, badiiy matndan boshqa turdagi matnlarni tushunmaydigan o'qituvchi samarali dars o'ta oladimi?

Bir aylanib, butun ta'lim tizimida o'quvchilar-u o'qituvchilarni baholash "missiya"sini bo'yniga olgan Markazga murojaatim: biron-bir vazifani bo'yningizga olsangiz, sifatli, ilmiy yondashgan holda bajaring, yoki umuman bo'yningizga olmang! Baholashga bo'lgan aynan mana shunday ko'r-ko'rona yondashuvlar ham PISAdagi ayanchli natijalarimiz sabablaridan biridir! Sizning o'z vazifangizga bunday yondashuvingiz bilan esa ta'limdagi ahvolimiz o'nglanishi dargumon!
👍9👏1😱1
Mutolaa uchun tavsiya:
"Qurbaqalar" (Mo Yan)

Partiyaning buyurgani, talab qilayotgani shifokor sifatida ichilgan qasamga, asl missiyaga zid kelsa nima boʻladi? Hozir hukumatning aytganini qilishga undayotgan burch ertaga oʻz oʻrnini azoblanayotgan vijdonga boʻshatib bermaydimi?

Xitoylik yozuvchi, "xalq ertaklarini tarix va zamonaviylik bilan bogʻlagan gallyutsinator realizmi uchun" Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan Mo Yanning "Qurqabalar" romani - aniqrogʻi, uzun maktublar va pyesadan iborat metaromani - shu haqida. Unda asl vazifasi - yangi hayotni dunyoga keltirish boʻlgan va partiya chaqirigʻiga "labbay" deb minglab tugʻilmagan goʻdaklarni (va baʼzan ularning onalarini ham) nobud qilgan inson taqdiri hikoya qilinadi. Bu ayol taqdiri fonida Xitoyning yaqin tarixidagi ayanchli (va ayrim jihatlari bizga juda-juda tanish boʻlgan) voqealarni koʻrasiz. Asar tilida esa sharqona falsafa, nozik metaforalar va oʻxshatishlarni sezmaslikning iloji yoʻq.
👍8
O'zbekiston Milliy Universiteti bitiruvchisi, O'zbekistondagi TED loyihasi faollaridan biri Abdurashid Abdusalomov va do'stlari chorshanba, 8 may kuni Ziyo Forum'da xorijiy universitetlar magistraturasiga kirish - magistratura yo'nalishlari va ularning farqi, hujjat topshirish, o'qishga kirish uchun esse yozish va shu kabi masalar bo'yicha master-klass tashkil qilishmoqda. Qatnashish bepul, faqat oldindan ro'yxatdan o'tish so'raladi. Batafsil ma'lumot havolada.
🔥7👍6👏2
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining xabar berishicha, endi davlat grantlari har yili eng yuqori baholarga erishgan talabalar oʻrtasida qayta taqsimlanadi.

Yaʼni, tushunishim boʻyicha, abituriyent testdan yuqori ball toʻplab oʻqishga kirgan yili davlat granti asosida oʻqiydi. Keyingi yillarda uning grant asosida oʻqish-oʻqimasligini OTMda olgan baholari hal qiladi.

Agar oliy taʼlim ichidagi korrupsiya va talabaning rektorat/dekanat/oʻqituvchiga mutlaq qaramligini 4 yilga "mixlab" qoʻyish maqsad qilingan boʻlsa, albatta, bundan yaxshiroq yechim topish mushkul edi, nazarimda.
👍18👎4🤯1
Yuqoridagi postga izohlarda yozishmoqda: "Butun dunyoda shunaqa, nimadan norozisiz?"

Toʻgʻri, butun dunyoda boʻlmasa ham, koʻp davlatlarda shunaqa: oliy taʼlim muassasasi har yili eng yaxshi oʻqiydigan talabalarga grant beradi, maxsus "dekan roʻyxati" ("Dean's list") va shunga oʻxshash roʻyxatlar tuziladi va bu roʻyxatlarga kirgan talabalarga qandaydir imtiyozlar beriladi.

Shu oʻrinda bizdagi oliy taʼlim va yuqoridagi tizim ishlaydigan oliy taʼlim oʻrtasida muhim farqlarni koʻrib chiqaylik.

1. Xorijda oliy taʼlim muassasasi - mustaqil tashkilot. Unda akademik va moliyaviy mustaqillik bor. Oliy taʼlim muassasasi nimani va qanday oʻqitishni, qanday baholashni, yuqoridagi kabi roʻyxatlarga talablarni qanday mezonlar asosida kiritishni, bu roʻyxatga kirgan talabalarga grant yoki boshqa imtiyozlarni qaysi manbalardan berishni mustaqil hal qiladi.

Ularda mustaqillik bilan birga javobgarlik ham bor. Universitet jamoatchilikning universitet haqidagi fikri, turli reytinglardagi oʻrni va oliy taʼlim sifatini monitoring qiluvchi tashkilotlar bahosini yuqori qadrlaydi - chunki bu narsalar universitetning kelajagiga taʼsir qiladi. Demakki, universitet uchun haqiqatda iqtidorli talabalarning bunday roʻyxatlarga tushishi va qoʻllab-quvvatlanishi muhim.

Bizdagi davlat oliy taʼlim muassasasida na mustaqillik bor va na javobgarlik. Chunki nodavlat oliy taʼlim hali davlat oliy taʼlimi bilan amalda raqobatlasha oladigan koʻlamga erishgani yoʻq, qolaversa, koʻpchilik uchun qimmat. Demakki, bizdagi oliy taʼlim muassasalariga haqiqatda iqtidorli talabalarni qoʻllab quvvatlashdan haqiqatda manfaatdorligi - bahsli masala.

2. Xorijdagi oliy taʼlim muassasalarida baholash tizimi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan. Har bir fan boʻyicha baholash tizimi aynan shu fanning maqsadlaridan (learning objectives) kelib chiqib belgilanadi va talabaga berilayotgan topshiriqlarning talaba aynan shu fan boʻyicha egallashi kerak boʻlgan kompetensiyalarni tekshira olishi nazorat qilinadi. Talabaga beriladigan topshiriqlar ham, talabaga qoʻyilgan baholar ham moderatsiyadan (bir necha bosqichli tekshiruvdan) oʻtadi.

Bizdagi oliy taʼlim muassasalarida bu narsalar ishlaydimi? Oʻzimning tajribamdan aytishim mumkin: yoʻq. Bizdagi oraliq va yakuniy nazoratlarda talabaning asosan xotirasi sinaladi, baholar esa talabaning aynan shu fan boʻyicha kompetensiyalari darajasini aks ettirmaydi.

Xorijdan bir narsani "koʻchirayotganda" kontekstni ham hisobga olish kerak emasmi? Qoʻpol qilib aytganda, "koʻk Jiguli"ga Mersedesning bitta boltini koʻchirib qoʻyganingiz bilan Jiguli Mersedes boʻlmaydi. Oldin yuqorida men aytgan ikkita faktorni (hech boʻlmaganda) toʻgʻrilab qoʻyib, keyin talabaning grantda qolish-qolmasligini OTMdagi baholari hal qiladigan tizim joriy qilsa, shunda tizim toʻgʻri ishlashi mumkindir.

Umuman, har qanday tizimda oldin tizimning umumiy faoliyatiga taʼsir qiladigan jihatlari toʻgʻrilanadi. Ayni keysda - taklif qilinayotgan oʻzgarishlar boshqa faktorlar toʻgʻrilanmaguncha nafaqat ijobiy oʻzgarishlar qilishi dargumon, balki salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Oʻsha gap: taʼlimda islohotlarga moratoriy eʼlon qilish kerak.
👏15👍4🤬1
Bektosh Hatamov postida qo'yilgan kafolat xatini mening kanalim kuzatuvchilari ham yuborishdi. Demak, bunday kafolat xati yozdirish "ommaviy" va tizimli tus olgan ko'rinadi. Kafolat xatini yuborgan kuzatuvchi izohi:

Kecha kechqurun to‘rtinchi sinf o‘quvchisiga yozdirilgan kafolat xati!?! Dastlab o‘zim yozaman deb ochdim dok faylni, qarasam, o‘quvchi nomidan! To‘qqizinchi sinf o‘g‘lim ham yozdi. Yozish asnosida menga berilgan savol: Ayrim g‘arazgo‘y kimsalar kimlar, oyi? (Qizim) G‘arazgo‘yligini qayerdan bilvolamiz? (o‘g‘lim)

Shu o'rinda ayrim savollar tug'iladi.

1. Qonunchiligimizda "kafolat xati" degan tushuncha bormi? U qanday hujjat va uni yozgan shaxs uchun qanday huquqiy oqibatlar keltirib chiqaradi? Lex.uz da "kafolat xati" degan tushunchani izohlaydigan biron-bir normativ-huquqiy hujjat topa olmadim.

2. Haqiqatdan, yuqorida bola o'rinli qo'ymoqda: "G'arazgo'y kimsalar" kimlar? Ularning g'arazgo'yligini qanday bilib olamiz? "Turli oqimlar" deganda nima nazarda tutilmoqda?

3. "Bemaqsad yurish" deganda nima tushuniladi? Masalan, yozning issiq kunidan keyin tun salqinida shunchaki sayr qilish - bemaqsad yurishga kiradimi? Bu qonun bilan taqiqlanganmi?

4. O'quvchi nega "savdo-sotiq, aravakashlik, chipta sotish" bilan shug'ullanmaslikka kafolat berishi kerak? Mehnat Kodeksi bor, "Voyaga yetmaganlarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha talablar to‘g‘risida"gi nizom bor, 18 yoshga toʻlmagan shaхslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan holatlar tasdiqlangan. Agar qonun va qonun hujjatlari to'sqinlik qilmasa, maktab o'quvchisi yozgi ta'til paytida nega ishlamasligi kerak?

5. "Yengil mashina va avtotransportda sayr qilmaslikni ...", "Bitiruv kechalarini nishonlmasalikni..." Bu ishlar - sayr qilish, bitiruv kechalarini noshonlash - qaysi qonun bilan taqiqlangan? O'sha qonunga havola bera olasizmi?

6. "Agar ushbu kafolatimni buzsam, barcha qonuniy choralar ko'rishiga roziman". Qanday qonuniy choralar? Yuqoridagi birinchi savolga qaytamiz: bu "kafolat xati" (ayniqsa voyaga yetmagan shaxs tomonidan yozilgan va imzolangani) biron-bir yuridik kuchga egami o'zi?

Va asosiy savol: Maktabgacha va maktab ta'lim vazirligi, boshqa qiladigan ishingiz qolmadimi?
👍15👏1🤯1
Yuqoridagi postga ilova: "Kafolat xati"ning menga yuborilgan nusxasi.
🤯4
Maktabgacha va maktab ta'lim vazirligi e'tiboriga: yuqoridagi postga izoh:

To‘qqizinchi sinf o‘g‘lim har kuni zo‘rg‘a, mening qistovim bilan maktabga boradi, sababi - qamoqxonaga o‘xshaydi, vaqtim bekor o‘tyapti, deydi, 25-mayni esa orziqmay kutyapti, sababi - o‘sha kuni maktab eshiklarini berkitib soat to‘rtgacha bitiruvchilarni ushlab o‘tirishadi, o‘tgan yili shunday bo‘lgan, deydi.

Vazirga va vazirlikka mana shu izoh haqida o'ylab ko'rishni tavsiya qilaman. Bu - "ta'limdagi islohotlar"ga pastdan berilgan baho, nazarimda.
🔥7👍2🤯1
"Fin tajribasi asosidagi yangi avlod darsliklari"da tabiat moʻjizalari: Afrikadan Amerikaga koʻchgan Viktoriya sharsharasi va Afrikadan Osiyoga (Arabiston yarim oroliga) koʻchgan Sahroi Kabir.
🤬15🤯5👍2😱2😢1
Oliy, ta'lim fan va innovatsiyalar vazirligi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning yangi tizimi joriy qilinishi haqida xabar bermoqda.

Jumladan, davlat buyurtmasi asosida grant o‘rinlari har bir yo‘nalish uchun respublika bo‘yicha to‘plangan ballar ketma-ketligiga ko‘ra abituriyentlarning tanloviga muvofiq amalga oshiriladi. Ya'ni, tushunishim bo'yicha, tanlagan yo'nalishi bo'yicha davlat granti asosida o'qishga balli yetgan abituriyent qayerda o'qishini o'zi tanlaydi.

Yaxshi. Bir savol. Hamma abituriyentlar bitta OTMni tanlasa nima bo'ladi? Masalan, hamma injener bo'laman deydiganlar TDTUni, pedagog bo'laman deydiganlar Nizomiyni tanlasa? Hammasi o'zi tanlagan OTMga yuboriladimi? Yoki yana qo'shimcha saralash o'tkaziladimi?

Shuningdek, kvotalarni oliygohlar kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinishi, qabul parametrlarini oliygohlarning o‘zi belgilashi haqida aytilmoqda.

Yaxshi. Bir savol. Bittagina binosi bor OTM "men bu yil 1000ta abituriyent olaman" deb qolsa nima bo'ladi?
🤯7👍2😢1
Prezident harbiy klinik gospitalga tashrifi chog‘ida Sirdaryo hokimiga o‘sha yerda davolanayotgan urush qatnashchilaridan biriga uy ajratish bo‘yicha topshiriq berdi. Yana bir urush faxriysi esa saylovlarni bekor qilib, Shavkat Mirziyoyevni umrbod prezident qilib qo‘yishni taklif etdi.

"Quyidan bildirilgan" hamma takliflar ham inobatga olinishi shart emas, menimcha. Ayniqsa Konstutsiya va qonunlarga zid takliflar "filtr"lanishi kerak.
🤬20👍1
Yana bir qiziq narsa.

Tashriflar chogʻida (yoki ulardan keyin) uy, mashina singari qimmatbaho sovgʻalar berish reglamenti bormi, qaysi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi? Agar davlat budjetidan beriladigan boʻlsa, budjet xarajatlarining qaysi moddasiga tushadi, bunday xarajatlarni parlament tasdiqlashi kerak emasmi?

Amirlik yoki xonliklar davrida parlament boʻlmagan, amir yoki xon davlat gʻazanasini oʻz bilganicha ishlatavergan. Oʻzbekiston - amirlik yoki xonlik emas, parlamentiga, Konstitutsiya va qonunlariga ega respublika-ku?
👍24🤬4
Qiziq, OTMga kirishni ham "sovgʻa" qilib yuborsa boʻlar ekan-da? Bira toʻla bakalavr yoki magistr diplomini sovgʻa qilishmabdi-da?

Oliy taʼlim muassasasiga qabul qilishning oʻz qonun-qoidasi, tartibi borligini, bu tartibni buzgan holda abituriyentni OTMga qabul qilish noqonuniyligini hech kim tushunmasa ham, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri tushunishi va boshqalarga ham tushuntirishi kerak emasmi? Respublika Konstitutsiyasi va qonunlariga qatʼiy rioya etishga qasamyod qilgan, rioya etish burchi boʻlgan davlat xizmatchilari hatto eng yaxshi niyatlar bilan ham mavjud qonunlarni, tartib-qoidalarni buzmasliklari kerak emasmi?
🤬17👎2
"Menimcha, biz hozir [rektorlarni saylashga] tayyor emasmiz, bunga vaqt kerak. Bilasizlar, bizning o‘zimizga yarasha mentalitetimiz bor. Qachonki jamoatchilik nazorati yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, keyin bunaqa ishlarni qilsak bo‘ladi". Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov.

Hey, baraka topgur, olim odamsiz, "mentalitet" nima oʻzi? Uning ilmiy taʼrifi nima? "Biz"ning "oʻzimizga yarasha" qanday mentalitetimiz borki, rektorlarni saylashga toʻsqinlik qilsin?

Oʻzbekiston xalqi hokimlarni saylashga, demokratiyaga, inson huquqlariga tayyor emas deydiganlarni eshitsam ensam qotadi. Prezidentni saylayapti-ku shu "tayyor boʻlmagan" xalq? Parlamentni saylayapti-ku shu"tayyor boʻlmagan" xalq?
Oʻtgan yili yangilangan Konstitutsiyani shu "tayyor boʻlmagan" xalq muhokamasiga olib chiqdinglar-ku?

Bir tarafdan, siyosatchilar xalqni "tayyor emas" desa, tushunsa boʻladi, siyosatchilar hokimlar saylanmasligi, hamma narsa "tepa"da hal boʻlishidan manfaatdordir balki - saylov payti "oʻtdimmi - oʻtmadimmi" deb jon hovuchlab oʻtirish, har bir qadami uchun xalq oldida hisobdor boʻlishdan koʻra shunisi tinchroqdir balki.

Lekin shu xalq ichidan chiqqan olim, ziyoli odam xalqni "tayyor emas" deb oʻtirsa ... Bilmadim, bilmadim.
👍15👏3🤯3
"Bugun nodavlat telekanallar vakillari bilan navbatdagi uchrashuv bo‘ldi. Unda so‘z erkinligi, milliy kontent va bolalar uchun sifatli media mahsulotlarni yaratish masalalarini muhokama qildik. Shu o‘rinda Prezidentimizning matbuot va so‘z erkinligi borasidagi pozitsiyalari juda qat’iyligi, ochiqlik siyosatisiz taraqqiyotga erishish qiyinligi yana bir bor ta’kidlandi".

Ommaviy axborot vositalari haqiqatda erkin mamlakatlarda axborot siyosatiga mas'ul davlat amaldori nodavlat (rasman mustaqil!) OAVlar vakillarini chaqirib, "sizlar erkinsizlar, biz ochiqlik siyosati tarafdorimiz" demaydi, zero ularga bunday deyishning o'zi mohiyatan ularning erkin emasligini eslatib qo'yish emasmi? Ommaviy axborot vositalari haqiqatda erkin mamlakatlarda davlat amaldori nodavlat OAVlar vakillarini chaqirib, ular bilan "milliy kontent va sifatli media" yaratish masalalarini muhokama qilmaydi, zero mustaqil OAVlar tahririyatlari qanday kontent yaratish masalasini o'zlari hal qilishlari kerak emasmi? Aslida-ku, ommaviy axborot vositalari haqiqatda erkin mamlakatlarda "axborot siyosatiga mas'ul amaldor"larning o'zi bo'lmaydi.

"Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi". Yangi O'zbekistonning yangi Konstitutsiyasidan.

"Tahririyat o‘z kasb faoliyatida mustaqildir". O'zbekiston Respublikasi "Ommaviy axborot vositalari to'g'risidagi Qonuni"dan.
👍10🔥5
"Teach for Uzbekistan" nodavlat notijorat tashkiloti bir loyiha boshlagani haqida yozgandim: nopedagogik OTMlar bitiruvchilari bir necha bosqichli saralashdan va intensiv tayyorlarlikdan oʻtib, oʻqituvchilar yetishmovchiligi kuzatilayotgan maktablarga ikki yil davomida ishlashga yuboriladi. Ikki yil davomida loyiha ishtirokchilari metodik qoʻllab quvvatlanadi va oʻqituvchi ish haqi bilan birga loyiha tomonidan stipendiya bilan taʼminlanadi. Maqsad - eng yaxshi, bilimdon, qobiliyatli yoshlarni maktablarga jalb qilish. Bunday loyiha dunyoning koʻplab mamlakatlarida faoliyat olib boradi.

Bugun tashabbuskorlari, "Teach for Uzbekistan" NNT vakillari tashabbusi bilan yigʻilib, taʼlimdagi dolzarb muammolar, ularning yechimi, kelajak maktabi haqida fikr almashdik. Loyihaning qanday borayotgani haqida ham eshitdik. Hozirda saralash bosqichi ketmoqda. Tashkilot vakillarining aytishicha, xorijdagi vatandoshlar ham loyihaga qiziqish bildirib, Oʻzbekistonga qaytish va maktabda ishlashga qiziqish bildirishmoqda. Baʼzan kichik qadamlar bilan ham katta oʻzgarishlar qilish mumkin.
👍23🔥5👎4🤬2