Jalilov. Qaydlar
4.11K subscribers
1.47K photos
17 videos
23 files
2.3K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Darvoqe. Maktabgacha va maktab ta'lim vazirligiga savol.

Bolalarni maktabda ommaviy tahqirlash - sport zaliga yig'ib, sochini oldirish keysi natijasi nima bo'ldi? Vazirlik holatni o'rgandimi? Qanday choralar ko'rildi?

Yoki direktor bolalarning iltimosi bilan sartarosh chaqirgan, degan gapga ishonib qo'yaveramizmi?
👍3🔥1
Freedom House tashkilotining 2024-yilgi hisobotida O'zbekiston 100dan 12 ball bilan erkin bo'lmagan davlatlar qatoridan joy oldi. Siyosiy huquqlar bo'yicha - 40dan 2 ball va fuqaroviy erkinliklar bo'yicha - 60dan 10 ball.

Tashkilot xulosasiga ko'ra, O'zbekiston avtoritar davlat bo'lib qolmoqda. Mamlakatda qonuniy faoliyat yuritadigan muxolif partiyalar mavjud emas, "qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati ijro etuvchi hokimiyatning instrumentlari bo'lib xizmat qiladi". Ommaviy axborot vositalari hukumat tomonidan qattiq nazorat qilinadi. Tashkilot hisobotida O'zbekiston "avtoritarizm qattiq o'rnashgan" davlatlar qatorida sanalgan.
😢27👍6
Oʻzbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda Xavfsizlik kengashi raisi oʻrinbosarining oʻgʻliga tegishli kompaniya "Oʻzbekneftgaz"ning avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻini va Chinozdagi neftni qayta ishlash korxonasini sotib olgani haqida xabar berilgan edi. Iqtisodchilar 101 million soʻmlik ustav kapitaliga ega MCHJ qanday qilib bir necha milliardlik qiymatga ega aktivlarni sotib olgani haqidagi savollarni ham oʻrtaga tashlashdi.

Vesti.uz esa har ikkala holat haqida bergan xabarida yangi mulkdorning Rossiya fuqarosi ekanini iddao qilmoqda. Birinchi xabarda "Rossiyalik oligarx" jumlasi, ikkinchi xabarda esa "Sharof Rashidovning nevarasi" jumlasi sarlavhaga chiqarilgan boʻlsa-da, har ikkala xabar matnida Oʻzbekiston xavfsizlik kengashi raisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Donetsk va Lugansk respublikalarini tan olmasligi haqida bayonot bergan sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning oʻgʻli Rossiya fuqarosi ekani iddao qilingan. Rasmiy manbalar hozircha bu iddaolarga biron bir tarzda munosabat bildirishmadi.
🤬16🤯5👍1
Yangi metodika? "Usuli jadid"?

Kun.uz va Oyina.uz nashrlari joriy yil yakuniga qadar 100 mingdan ziyod o‘qituvchilarning malakasi yangi metodikalar bo‘yicha oshirilishi haqida xabar berdi. Deyarli so'zma-so'z bir xil bo'lgan ushbu ikki xabarda "yangi metodika" deganda nima nazarda tutilgani ochiqlanmagan. Qolaversa, amaldagi qonunchilik bo'yicha, xalq ta’limi tizimidagi rahbar, pedagog va mutaxassis xodimlarning malaka oshirishi ixtisoslashtirilgan ta’lim tashkilotida (Avloniy nomidagi institut, Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlari, malaka oshirish bilan shug‘ullanadigan nodavlat ta’lim tashkilotlari, pedagog tayyorlaydigan OTMlar) amalga oshiriladi, Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga esa ixtisoslashtirilgan ta’lim tashkiloti maqomi berilmagan. TRM o'zi darslik yaratadigan tashkilotmi, darslik tasdiqlaydiganmi, malaka oshiradiganmi yoki boshqa? Uning vakolat va vazifalari o'zi qayerda boshlanib, qayerda tugaydi? TRM maka oshirish bilan shug'ullansa, Avloniy instituti va Milliy markazlarning nima keragi bor? Birinchi navbatda shularga aniqlik kiritilsa zarar qilmasdi, menimcha.

Endi "yangi metodika" atamasiga qaytsak. Agar "yangi" deganda TRM "mantra"day ushlab olgan "4K" nazarda tutilgan bo'lsa, bu - yangi metodika yoki model emas. Bu haqida yozgan edim. Qolaversa, TRM tasdiqlagan "4K" darsliklarida "4K" aslida yo'qligi haqida ham yozgan edim. Shunday ekan, TRM "yangi metodika" deganda nimani nazarda tutayotganini ochiqlasa zarar qilmasdi.

Qolaversa, metodikaning "eski" yoki "yangi"si bo'lmaydi. Biron-bir fanni o'qitishda, konkret darsda ishlatiladigan metodik yondashuvlar fanning yoki konkret darsning o'quv maqsadlaridan kelib chiqib, ta'lim nazariyalariga tayangan holda tanlanadi. O'quv maqsadlari esa o'quv dasturlarida belgilanadi. TRM esa "Novda" darsliklariga asos bo'lgan o'quv dasturlarini haligacha (mana, o'quv yilining 3-choragi tugayapti hamki) e'lon qilganicha yo'q. O'quv maqsadlarini bilmagan holda qanday qilib "yangi metodika"ni tanlash mumkin?
👍7
O'zbekistonda umumiy ta'lim: Kim nimaga mas'ul?

O'zbekistonda umumiy ta'limga daxldor tashkilotlar shu darajada ko'payib ketdi-ki, qaysi nimaga mas'ulligini, qaysi birining vakolati qayerda boshlab qayerda tugashini anglash juda qiyin ...
🤯10👍6😱2👎1🤬1
Haagada joylashgan Xalqaro jinoyat sudi Rossiya armiyasi qoʻmondonlari Sergey Kobilash (aviatsiya qoʻmondoni) va Viktor Sokolovni (Qora dengiz floti qoʻmondoni) hibsga olish uchun order chiqardi. Mazkur qoʻmondonlar Ukraina elektr infratuzilmasini nishonga olishda aybdor koʻrilmoqda. Xalqaro normalarga muvofiq, urush paytda fuqarolik obyektlari va infratuzilmalarini nishonga olish taqiqlanadi.

Oldinroq mazkur sud Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olish uchun order chiqargan edi. Ushbu shaxslar Ukraina bolalarini majburan Rossiyaga koʻchirishga aloqadorlikda gumonlanmoqda.
👍6👎3🔥1
Qoʻshiluvchilarning oʻrni almashgani bilan yigʻindi oʻzgarmaydi.

Matematika darsligidan.
👏9😱4👍3
Maktabdagi yana bir noxush holat: xabar berishlaricha, Margʻilonda oʻqituvchi oʻquvchining ruxsatsiz hojatxonaga chiqib kelgani uchun telefon bilan urib boshini yorgan.

Charchagan, asablari tarang oʻqituvchilar. Charchagan oʻquvchilar. Muammoni hal qilish boʻyicha aniq strategiyasi yoʻq vazirlik. Nima qilishni bilmay, taʼlimga daxldor tashkilotlarni koʻpaytirish bilan ovora hukumat.

Vazirlik oʻqituvchilardagi asabiy zoʻriqish sabablarini oʻrganyaptimi? Bu sabablarni bartaraf qilish boʻyicha qandaydir izlanishlar olib boryaptimi? Umuman, borgan sari boshi berk koʻchaga kirib borayotgan taʼlimni qaysi tomonga boshlash boʻyicha aniq rejasi bormi? Yoki faqat Singapur safarlari-yu OAVlarda "islohotlar" haqida vaʼz oʻqish bilan ovorami?
👍3
Internet arxivlarini "varaqlab", 2018-yil iyunida Xalq ta'limi vaziri lavozimiga tayinlangan Sherzod Shermatov xuddi shu iyun oyida matbuot anjumani o'tkazib, o'zining va o'z jamoasining ta'limdagi muammolarni hal qilish bo'yicha rejalarini ochiqlaganini ko'rish mumkin. Oradan bir necha oy o'tib, 2019-yil martida Shermatov yana matbuot anjumani o'tkazgan va ta'lim tizimidagi prioritetlar haqida gapirgan. Xuddi shu yil iyunida bo'lib o'tgan keyingi matbuot anjumanida Shermatov maktablarga qabul bo'yicha o'zgarishlar haqida tushuntirish bergan. Iyul oyida intervyu bergan. 2019-yil noyabr oyida navbatdagi matbuot anjumanida maktab ta'limi tizimida nimalar qilingani va nimalar qilinishi kerakligi haqida gapirgan. 2021-yil may oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida maktablar yetishmovchiligi muammosi haqida gapirib, o'z takliflarini bergan.

Hilola Umarova 2022-yil dekabrida Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri lavozimiga tayinlangan. Oradan bir yildan ko'proq vaqt o'tdi hamki, vazir biron marta ochiq matbuot o'tkazmadi ("Novda" darsliklari masalasida "yopiq", "off the records" - eshitilgan gaplarni hech qayerga chiqarmaslik sharti bilan o'tkazilgan tadbir hisob emas), biron-bir nashrga kattaroq intervyu bermadi (har qalay men ko'rmadim, adashayotgan bo'lsam uzr so'rayman - shu paytgacha ko'rganim faqat "O'zbekiston 24"dagi bir necha minutlik lavha bo'ldi, xolos).

Post Shermatov haqida yoki Shermatovning rejalari yoki ishlari to'g'ri-noto'g'riligi, aytgan gaplari amalga oshgan-oshmaganligi haqida emas. Post ochiqlik haqida. Maktabgacha va maktab ta'limi - juda katta tizim. Bir necha yuz ming o'qituvchi va ta'lim xodimlari, bir necha million o'quvchi va ularning ota-onasiga daxldor tizim. Ta'bir joiz bo'lsa, mamlakatning kelajagini belgilaydigan tizim. Lekin shu ulkan tizimni boshqarayotgan vazirning shu paytgacha biron marta tizimni qaysi tarafga boshlayotgani, tizimdagi muammolarga qanday yechimlar taklif qilayotgani haqida ochiq gapirmagani, savollarga javob bermayotganini qanday tushunish mumkin, bilmadim.
👍20🔥5
Yuqoridagi gap ta'limga daxldor boshqa tashkilotlarga ham tegishli. Ta'limni rivojlantirish Respublika ilmiy-metodik markazi - shuncha paytdan beri nimalar qilgani haqida, bu yog'iga nimalar qilmoqchiligi biron-bir ochiq matbuot anjumani o'tkazmadi. Aslida bu tashkilotga ham savollar ko'p. Masalan, "Novda" darsliklari - "Finlyandiya standartlari asosida"mi yoki ular "yo'nalishni Finlyandiya tomon burmagan"mi? Nega hujjatlarda "fin", intervyularda "fin emas"? Umuman, nega aynan "Novda"? Qani boshlang'ich sinflar o'quv dasturlari? Bu tashkilotning o'zi missiyasi nimada, nimaga kerak bu tashkilot? Bu tashkilot yopilmasa ta'limning qaysi muammosini hal qilib beradi-yu, yopilsa qaysi muammosi hal bo'lmay qoladi?

Ta'limda loyihalar ofisi. Bu tashkilot o'z missiyasini nimada ko'rmoqda? Ta'limni qayerga boshlamoqda? O'zi bu tashkilot qayerda joylashgan, unda kimlar ishlamoqda, biron-bir aloqa manbai (sayti, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari) bormi?

Lekin baribir asosiy so'rov, savollar Maktabgacha va maktab ta'limi vaziriga bo'ladi. Chunki qolgan tashkilotlar - sun'iy ochilgan. Qonunchilik va sog'lom mantiq nuqtayi nazaridan ta'lim tizimining "issiq-sovug'i", "uvol-savobi"ga javobgar - vazirlik. Parlament aynan Hilola Umarovani ta'limga javobgar sifatida tasdiqlagan, Ta'limni rivojlantirish markazidagilarni yoki Ta'limda loyihalar ofisidagilarni emas.
👍6
Charchagan o'qituvchilar, charchagan o'quvchilar ...

Ta'limga oid bugungi yangilik - Marg‘ilondagi maktabda o‘qituvchi ruxsatsiz hojatxonaga chiqqan o‘quvchining boshini telefon bilan urib yorgani. Bundan oldinroq Xorazmda o‘qituvchi boshlang‘ich sinf o'quvchilarini urgan edi. Chinozda esa o‘qituvchi o‘quvchining boshini devorga bir necha bor qattiq urib, jarohat yetkazgan edi. Navoiyda o'qituvchi ikki o'quvchini kaltaklagan edi. O'quvchilarni sport zaliga yig'ib sochini oldirish voqeasi ham Navoiyda sodir bo'lgan edi.

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bunday xabarlarga xushi kelsa, munosabat bildiryapti, xushi kelmasa - yo'q. Lekin muammoning sabablarini va yechimlarini kimdir o'rganyaptimi?

Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, o'qituvchilik - stress yuqori bo'lgan kasblardan biri. Stressni o'rgangan olimlarning fikricha, ish talabi (job demands: workload, deadlines, etc) yuqori, mustaqil qaror qabul qilish imkoniyati (decision latitude: autonomy and control) past bo'lgan ishlarda stress xavfi yuqori bo'ladi. (Bizning o'qituvchilarda aynan shunday - ish hajmi ko'p, hamma tomondan nazorat, bir qadam o'ngga yoki so'lga og'ishsang - tamom). Shuningdek, ishda talab qilinadigan harakat (effort) ishdan keladigan mukofotdan (reward - ish haqi, ijtimoiy himoya, ishda o'sish imkoniyatlari va h.z.) yuqori bo'lgan holatlarda ham stress xavfi yuqori bo'ladi. (Bizda o'qituvchilarning aksariyati o'rtachadan past oylikka ishlaydi, ijtimoiy kafolatlar ham yo'q, ishda o'sish imkoniyatlari esa deyarli 0ga teng).

Eng yomoni, tadqiqotchilar fikricha, stressning "yuqumli"ligi - stressdan zo'riqqan o'qituvchining o'quvchilari ham emotsional portlashga moyil bo'ladi. O'rganish jarayoni o'quvchilar uchun qulay (comfortable) muhit yaratilgan sinflarda sodir bo'ladi. Buning uchun esa o'qituvchining ijtimoiy va emotsional kompetensiyasiga hamda uning xotirjamligiga (well-being) ham alohida e'tibor berish kerak. Ta'lim tizimi boshqaruvchilarida buning uchun tegishli strategiya bo'lishi lozim. Lekin bormi?
👍24
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining O'zbekiston maktablaridagi infratuzilma va ta'lim sifatiga ta'sir etuvchi omillarga bag'ishlangan hisobotida qiziq jumla bor ekan:

"O‘quv darsliklari bo‘yicha bugungi kunda respublikada qator ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Hozirgi kunga qadar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun barcha darsliklar yangilandi va xalqaro tashkilotlar tomonidan ularga a’lo baholar berildi. Keyingi o‘quv yillarida yuqori sinf o‘quvchilari uchun ham barcha darsliklarni bosqichma-bosqich yangilash rejalashtirilgan".

Agar tashkilot Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi joriy qilgan "Novda"ning "fin - fin emas" darsliklarini nazarda tutgan bo'lsa, hisobotni yozganlar ijtimoiy tarmoqlarda ota-onalar va pedagoglarning bu darsliklar bo'yicha faryodlariga ko'zi tushmaganmi? Darsliklarni bir qaraqlab ko'rb, ulardagi memga aylangan xatolarga e'tibor bermaganmi? Qolaversa, qaysi xalqaro tashkilotlar bu tashkilotlarga "a'lo baholar" bergan ekan? Bu "a'lo baholar" bilan tanishishning iloji bormi? Agar bu "a'lo baholar" haqiqatda berilgan bo'lsa, Ta'limni rivojlantirish markazi va / yoki "Novda" ularni shu paytgacha hamma yoqda e'lon qilib, jar solgan bo'lmasmidi?
👍12🤯5👏2🤔2