Jalilov. Qaydlar
4.11K subscribers
1.47K photos
17 videos
23 files
2.3K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Oldingi postga ilova
👍4
Kun.uz bir qancha nodavlat OTMlarning litsenziyasi bekor qilingani yuzasidan material tayyorlabdi. Bundan oldin Qalampir.uz eʼlon qilgan materialda litsenziyasi bekor qilingan OTMlardan biri taʼsischisi undan pul talab qilinganini iddao qilgan edi.

Juda qiziq vaziyat. Menda materiallarni oʻqib bir qancha savollar tugʻildi. Masalan, OTMlardan birining litsenziyasi bekor qilinishiga sabab boʻlgan "binolarga mulk huquqi yoki ijarani tasdiqlovchi hujjat yoʻqligi", "hisob varagʻida 150 ming dollar yoʻqligi", "ARM tashkil qilinmaganligi" singari holatlar litsenziya berishdan oldin tekshirilmaydimi? Yoki kamchiliklar aniqlangan holatda ularni bartaraf qilish uchun muddat berilmaydimi? Yoki, masalan, davlat OTMlarini tekshirsa, ularning hammasida ham nodavlat OTMlaridan talab qilinayotgan sharoitlar bormi?

Umuman, menimcha, davlat OTMlarini boshqarish uchun masʼul Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi davlat OTMlariga raqobatchi boʻlgan nodavlat OTMlariga litsenziya berishi, litsenziyasini toʻxtatishi yoki bekor qilish uchun sudga murojaat qilishi - sogʻlom mantiqqa va "Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib- taomillari toʻgʻrisida"gi qonunga zid.

"Litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar ushbu vakolatli organlar tomonidan litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshiradigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni tashkil etishga yoki ularning faoliyatida muassislar, aksiyadorlar yoxud ishtirokchilar sifatida ishtirok etishga haqli emas, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno".

Masalan, orginfo.uz saytida vazirlik bir qancha davlat OTMlari muassisi ekanligini koʻrish mumkin.

"Maʼmuriy islohotlar" deya taqdim qilingan jarayon paytida OTMlarga litsenziya berish, ularni akkreditatsiyadan oʻtkazish vakolatiga ega boʻlgan Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasini "qurbon qilish" taklifini kim kiritgan, bilmadim, lekin agar maqsad "davlat idoralari" sonini qisqartirish boʻlgan boʻlsa, oʻshandan keyin taʼlimga masʼul idoralar koʻpaysa koʻpaydiki, aslo kamaymadi. "Islohot"lardan bir necha oy oʻtib nega kerakligi haligacha mavhum qolayotgan Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, yaqinda esa Taʼlimda loyihalar markazi tashkil qilindi.
👍9🤯4
Shunday paytlarda qozondan oʻzimizmi sal uzoqroq tutsak boʻlarmidi ...
👍21🤔3👎1
Jamiyatda, ilmda o'z o'rniga ega olimning o'zaro gurungda emas, auditoriya oldida boshqa bir hamkasbining fikrlay olish qobiliyatiga shubha bildirishi, qilgan ishiga nisbatan konkret ilmiy e'tirozlarini keltirmasdan umumiy gaplar bilan haqorat qilishi - qay darajada insonlik rutbasiga yoki olimlik rutbasiga to'g'ri keladi, bilmadim, lekin ta'limda ham, ilmda ham dunyo miqyosida ko'zga ko'rinarli bir natijalarga erisha olmayotganimiz sabablaridan biri ham shunda bo'lsa kerak. Muammo qo'yib, uning yechimlari ustida ilmiy (shaxsiyatga o'tmagan holda) bahs yuritishdan ko'ra shaxslarga urg'u berishni yaxshi ko'ramiz.
👍28👏1
Oldingi postga ilova.

"... Toʻgʻri, endi ehtimol bular oʻquvchilarda qandaydir sifatlarni shakllantirishni oʻylagan boʻlsa - agar shuni oʻylashga aqli yetgan boʻlsa - ehtimol, shuni oʻylab qilgandir, lekin bu juda ham toʻgʻri emas. ..."

"Mana biz 20-yilda edi shekilli, Milliy dastur degan dastur tuzgan edik va tamomila boshqa dastur edi, tamomila boshqa yoʻsin edi, lekin qarang-ki, oʻsha dastur asosida hozirgi darsliklar paydo boʻldi. ... Tuppa-tuzuk dastur tuzildi,
lekin maxluq tugʻildi ..."

Vebinardan.
👍7
Oʻylab-oʻylab yuqoridagi postlarga izoh berishni lozim topdim.

Telegramdagi "Metodist jurnali minbari" degan guruhda pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yoʻldoshev ishtirokida vebinar tashkil qilingan ekan. Shu vebinarda moderator oʻqituvchilardan biri tomonidan 2022-yilda chop etilgan (va men ham tuzishda ishtirok etgan) "Adabiyot" darsliklari haqida savol beradi: "Bu darsliklarda 70% chet el adabiyoti, 30% oʻzbek adabiyoti boʻlib qolgan, aslida buning aksi boʻlishi kerak emasmi?" Vebinar mehmoni bu savolga javob berib turib, yuqoridagi gaplarni aytadi: "Toʻgʻri, ehtimol bular (tushunishimcha, darslik tuzuvchilari demoqchi) oʻquvchilarda qandaydir sifatlarni shakllantirishni oʻylagan boʻlsa - agar shuni oʻylashga aqli yetgan boʻlsa..."

Savolning qoʻyilishi oʻzi notoʻgʻri ekanligini qoʻyib turaylik (darsliklarning mundarijasini koʻzdan kechirib, savol bergan oʻqituvchi iddao qilganidek, 70% jahon - 30% oʻzbek adabiyoti emasligiga ishonch hosil qilish qiyin emas: 6 sinf, 7 sinf, 10 sinf). Gap hatto "tuppa-tuzuk dastur" asosida darsliklarning muhtaram professor aytmoqchi "maxluq" boʻlib tugʻilganida yoki "maxluq" emasligida ham emas (darsliklarning metodik va ilmiy sifati boʻyicha konkret eʼtirozlar boʻlsa - javob berishga (yoki xato oʻtgan boʻlsa, tan olishga) tayyormiz).

Gap jamiyatda, ilm olamida tan olingan, OAVlarda millat haqida bot-bot bong uradigan olim ishlatgan jumlalarda. Biri - ilmiy darajasi oʻziga teng (fan doktori), ikkinchisi - ilmiy darajasi boʻlmasa ham, harqalay, pedagogika yoʻnalishida mana 10 yildirki, dunyo reytingida birinchi oʻrinni bermay kelayotgan universitetning "oʻquv dasturlari yaratish, metodika va baholash" ixtisosligi magistraturasini "distinction" (aʼlo baholar) bilan tugatishga "aqli yetgan" mutaxassisga nisbatan "agar shuni oʻylashga aqli yetgan boʻlsa" degan jumlalarning ishlatilishini men haqorat, boshqalarni mensimaslik, aqliy qobiliyatlarini shubha ostiga olish sifatida qabul qildim.

Yuqorida yozganimdek, qanchalik yuksak marralarni egallagan boʻlmaylik, ilmiy bahslarda shaxsiyatlarga oʻtmasdan, birovni haqorat qilmasdan, ilmiy va professional etika doirasida fikrlarimizni, eʼtirozlarimizni konkret ifodalashni oʻrganmas ekanmiz, olgʻa siljishimiz qiyin. Menimcha.
🔥12👍7👎1🤬1
Yuqoridagi holat, nazarimda, yana bir muhim xulosaga yetaklaydi.

Qozoqboy Yoʻldoshev oʻrta maktablarning bir qancha sinflari (shu jumladan, 7-sinf uchun ham) darsliklar muallifi. 2022-yilda yaratilgan darsliklar, shu jumladan, hurmatli olim yaratgan darslik oʻrniga kiritilgan. Lekin, men yaratilishida ishtirok etgan darslik fanni oʻqitishning yagona toʻgʻri yoʻli boʻlishga daʼvogarlik qilmaganidek, Qozoqboy Yoʻldoshev yaratgan darslik yoki metodika ham yagona yechim boʻlmasligi, boshqa muqobil samarali yechimlar boʻlishi lozim.

Yaʼni, "yagona darslik" yondashuvidan voz kechilishi kerak. PISAda yuqori natijalarga erishgan davlatlar tajribasida bir fan uchun vazirlik tasdiqlagan dastur asosida turli, bir-biriga raqobatchi nashriyotlar darsliklar yaratishi, oʻqituvchi yoki maktab jamoasi bu darsliklar ichidan erkin tanlashi haqida yozgan edim. Qaysidir oʻqituvchiga yoki maktab jamoasiga Yoʻldoshevning, boshqasiga Mirzayeva va Jalilovning yondashuvi maʼqul koʻrinar. Boshqalariga esa butunlay boshqa muallif(lar) yaratgan darsliklar samarali koʻrinar. Asosiysi - ularning hammasi vazirlik tasdiqlagan umumiy maqsadga olib borishi va ilmiy, metodik talablarga javob berishi. Umumiy maqsadga olib borish yoʻllari esa turlicha boʻlishi mumkin. Shunda, oʻylaymanki, qandaydir haqoratlarga oʻrin qolmasa kerak - bozor va erkin raqobat hammasini hal qiladi.
👍16
Darvoqe. Yana bir qiziq holat.

Oʻsha vebinar audiosi eʼlon qilingan "Metodist jurnali minbari" guruhida men bloklangan ekanman. Kim va nima sababdan bunday qarorga kelgan, bilmadim, lekin agar guruh, uning nomida aytilganidek, sof metodik masalalarni muhokama qilish uchun ochilgan boʻlsa, hamma uchun ochiq boʻlishi kerak emasmi? Metodika, pedagogikaga oid qizgʻin bahslarda "haqiqat tugʻilishi" uchun turli tajriba, dunyoqarash va fikrlarga ega mutaxassislarni qabul qilishi kerak emasmi? Yoki ... faqat bir-birining fikrini maʼqullaydiganlar bir joyga yigʻilsa, qiziqroq boʻladimi?
👍15😱10
Izohlarga qaraganda, ona tili fanidan Milliy oʻquv dasturi va darsliklari mualliflaridan biri Shokir Tursun ham "guruhga kirishi bilan quvilgan" ekan. Darslik muallifi metodikaga bagʻishlangan guruhdan quvilishi - qiziq holat. Senzurami yoki boshqa narsa - bilmadim. ...
🤬9😱4🤯2
Maktabni oʻquvchilar uchun doʻstona va oʻrganishni ragʻbatlantiradigan muhit emas, qamoqxonaga aylantirish tajribalari davom etmoqda.
😱5🤬3
Bir savol. Jiddiy o'ylab ko'rish kerak bo'lgan savol.

Darsliklar bilan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi shug'ullanmaydi - "yangi avlod" "4K" "fin" darsliklari sifati va borligi blan muammolar chiqqanda vazirlik "koptok"ni Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga, markaz esa vazirlikka oshirgan edi.

Ta'lim standartlari va o'quv dasturlari bilan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi shug'ullanmaydi - bu Ta’lim sohasidagi loyihalar markazining asosiy faoloyat yo'nalishlaridan biri qilib belgilangan. Masalan, vazirlik shu paytgacha turli sinflarning turli yillarda qabul qilingan va bir-biri bilan nomutanosib o'quv dasturlari asosida tahsil olayotgani bo'yicha, bu muammoni qanday hal qilmoqchi ekanligi bo'yicha biron-bir jo'yali izoh berganicha yo'q.

Maktablarda davomat masalasi bilan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi shug'ullanmaydi - buning uchun Milliy gvardiya bor.

Ta'lim sifati bilan ham, tushunishimcha, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi shug'ullanmaydi - Masalan, PISAdagi ayanchli natijalarimizdan keyin nima qilmoqchligi haqida na vazir va vazirlik mas'ullari biron-bir intervyu yoki ochiq matbuot o'tkazib, izoh berganicha yo'q.

Maktab direktorlari nima qilayotgani, maktabda qanday muhit o'rnatayotgani, o'quvchilar ustidan noqonuniy (O'zbekiston ratifikatsiya qilgan xalqaro Konvensiyaga zid) xatti-harakatlarni amalga oshirayotganini ham Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bilmaydi - OAVda yoki ijtimoiy tarmoqlarda "yong'in" chiqqach, munosabat bildiradi.

Ta'limga mas'ul idoralar shu darajada ko'pki, muammo chiqsa, hammasi o'zini chetga olishi, "koptokni" bir-biriga otishi mumkin. Masalan, "soch oldirish" marosimida Milliy gvardiya xodimi qarab turibdi, lekin ular go'yoki "jarayonni to'xtatishga harakat qilgan".

Maktab ta'limini qayerga boshlayotgani mavhum, maktab ta'limining qaysi jihatiga javob berishi ham mavhum, faqat ta'lim ustida tushunarsiz tajribalar o'tkazish va PR bilan shug'ullanadigan vazir(lik) bizga kerakmi?
👍17🤯1