Jalilov. Qaydlar
4.17K subscribers
1.48K photos
17 videos
23 files
2.31K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Demak, savollarga o'tamiz. Bilaman, vazir yoki vazirlik bu savollarga javob bermaydi, lekin hech bo'lmaganda yangi tuzilganligi aytilayotgan va katta umidlar yuklanayotgan Loyiha ofisi bu xususda mushohada yuritib ko'rar.

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko'ra, “Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish” yo‘nalishi doirasida xorijiy til fanini tanlagan o‘quvchilar 10–11-sinflarda ikkinchi xorijiy tilga o‘qitiladi. 2024-yil 1-mayga qadar 11-sinfda ikkinchi xorijiy tilning kamida A2 darajada o‘zlashtirilishini nazarda tutuvchi xorijiy til fani bo‘yicha o‘quv reja va dasturlar takomillashtiriladi.

Birinchidan, o'zbek maktablarida shundoq ham ikkita ona tili bo'lmagan til o'qitilmoqda. 1-sinfdan chet tili (ingliz, nemis , tili va hokazo), 2-sinfdan rus tili o'quv rejasiga kiritilgan (rus tili ta'lim o'zbek / qoraqalpoq / tojik / qozoq / qirg'iz / turkman tilida olib borilayotgan maktablar o'quvchilari uchun ona tili emas). "Ikkinchi" deyilayotgan xorijiy til aslida uchinchisi bo'ladi. (Ta'lim o'zbek / rus tilidan boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun - to'rtinchisi, deylik, Qoraqalpog'istonda ta'lim qozoq yoki turkman tilida olib boriladigan maktablar - agar shundaylar bo'lsa - o'quvchilari uchun esa - beshinchisi.)

Maktablarda ona tiliga qo'shimcha ravishda uchta xorijiy tilga o'rgatish ... qay darajada o'zini oqlaydi? Masalan, Qirg'izistonning 2006-yildagi PISA tadqiqotida ishtirokidan keyin uning ta'lim tizimini tahlil qilgan OECD va Xalqaro Bank maktab o'quv dasturidagi fanlar soatlari o'rtasida nomutanosiblik (disbalans) borligini, tillarga haddan tashqari ko'p soat ajratilganini muammo sifatida qayd etishgan edi. (Qirg'iziston maktablarida ham ona tiliga qo'shimcha ravishda rus tili + xorijiy til o'qitiladi). Ikkinchi deyilayotgan, aslida uchinchi xorijiy tilni kiritish bizning o'quv dasturlarimizda undan ham battar nomutanosiblikka olib kelmaydimi?

Undan ko'ra, o'quvchilar ona tilida sal "oyoqqa turib olganlaridan" keyin, deylik, 3-sinfdan, ikkita xorijiy tilni erkin tanlash (maktabning imkoniyatidan kelib chiqib) imkoniyati berilsa samaraliroq bo'lmaydimi? Istagan o'quvchi rus tilini tanlaydi, istamagani - uning o'rniga boshqa til o'rganadi.

Ikkinchidan, hozirda 1-11-sinflarda xorijiy tilga ajratilgan 984 soat doirasida oʻquvchilarni yarmi ham “B1” darajaga ega boʻla olmayotgani aytilmoqda. Kembrij tadqiqotlariga ko'ra, tilni umuman bilmaydigan o'rganuvchi uchun C1 darajaga erishishga 800 soat kerak bo'ladi. (Albatta, bunda boshqa faktorlar ham, masalan, o'rganuvchining yoshi, til o'rganish tajribasi tajribasi va hokazo ham rol o'ynaydi.) Ya'ni, C1 darajaga olib chiqish uchun yetarli soatlar doirasida biz o'quvchini B1 darajaga ham olib chiqa olmayapmiz. Shunday ekan, "yana bitta xorijiy til o'qitamiz" deyish cheklangan resurslarni (o'quv rejadagi soatlar ham - cheklangan resurs, "rezinka" emas) samarasiz sarflash emasmi? Yoki shunchaki ko'zbo'yamachilik?

Uchinchidan, tilni umuman bilmaydigan o'quvchini A2 darajasiga olib chiqish uchun taxminan 200 soat kerak. Agar ikkinchi (de-fakto uchunchi) xorijiy til 10-11 sinflarda o'qitilsa, bu fan uchun haftasiga kamida 3 soat ajratilishi kerak. Bu soatlar qaysi fan(lar) hisobidan bo'ladi?

Umuman, "tepa"ga qarorlar olib chiqib, imzolatishdan oldin vazirlik bu qarorlardagi o'zlariga o'zlari belgilayotgan topshiriqlarning qay darajada realligini, amalga oshirish mumkinligini tadqiq (research) qilib ko'radimi? Yoki asosiysi - hozir o'zini ishlayotganday ko'rsatib, "tepa"ga "yangilik" olib kirish, uning amalga oshish-osmasligi - minginchi masalami?

Boshqa savollar ham bor, bu haqda keyinroq.
👍23👏1
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, professional ta’lim uchun mas’ul idoralar ko‘payib ketgan. Shuning uchun tizim rivojlanmayapti.

Oʻrta taʼlimda ham xuddi shunday emasmi? Bir tomondan, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, ikkinchi tomondan Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi. Mana endi ularga Loyiha ofisi ham qoʻshildi. Real muammo tugʻilganda esa (masalan, darsliklar masalasida) bu tashkilotlarning hammasi - koʻzi koʻr, qulogʻi kar.
👍15🤯4
Demak, "Ta'lim sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'grisida"gi qarorga muvofiq, Loyiha ofisi ("Ta'lim sohasidagi loyihalar markazi") Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi, Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan alohida tashkilot bo'ladi. Ya'ni, ma'muriy islohotlardan bir yil o'tib, ta'lim sohasiga mas'ul tashkilotlar soni kamida ikkitaga ko'paydi: ma'muriy islohotlardan bir necha oy o'tib Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tuzilgan edi, mana endi Ta'lim sohasidagi loyihalar markazi.

Loyiha ofisi:

- ta'lim sohasini isloh qilish bo'yicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslar ishlab chiqadi (ikkita vazirlik va Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi nima ish qiladi, degan savolni bermadim);

- ta'lim standartlari, o'quv rejalari va dasturlarini ilg'or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish bo'yicha takomillashtirish bo'yicha takliflar tayyorlaydi (amaldagi, lekin amal qilinmayotgan "Ta'lim to'g'risida"gi qonun bo'yicha ta'lim standartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlarining, ya'ni vazirliklarning vazifasi edi, qolaversa, ochilganiga hali bir yil bo'lmagan Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga ham "ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash" vazifasi yuklangan edi);

- ta'lim sifati madaniyatini shakllantirishga ko'maklashadi, ta'lim sifatini nazorat qilish yo'nalishida xalqaro aloqalarni mustahkamlaydi (Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini nega yopgandik?)

Xullas, ta'lim tizimida yana bitta tashkilotning tuzilishi - Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi, Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ishiga yuqoridan berilgan baho. Har qalay, yaxshi baho bo'lmasa kerak. Menimcha.
👍9🤯1
"Novda"ning ta'lim rus tilida olib boriladigan maktablar 4-sinfi uchun o'zbek tili darsligidan topshiriq.

Hurmatli darslik mualliflari, "Novda" va bu darslikni tasdiqlagan Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi:

- O'zbek tili ona tili bo'lmagan 4-sinf o'quvchisi o'ng ustundagi so'zlarning ma'nosini biladi, deb o'ylaysizmi? Va 4-sinf o'quvchisi (til o'rganishning A1, ya'ni boshlang'ich) darajasidagi o'quvchi bu so'zlarni bilishi kerak, deb o'ylaysizmi?

- Hamma ovqatni pishiramiz. Pishgach, suzamiz. O'zbek oshxonasidagi ko'p taomlarda masalliqlar avval qovuriladi, keyin qaynatiladi, dimlanadi yoki damlanadi. Siz o'quvchidan qanday javoblar kutyapsiz?

- Bu mashqdan qanday ta'limiy maqsad ko'zlangan? O'quvchida qaysi ko'nikmani rivojlantirish maqsad qilingan?
👍11🤯8😱4
Taʼlim tizimi bugungi kunda

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda yangi tuzilgan "Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi"
👍20🤬5😢3🔥2
"Ta'limni egasi qancha ko'p bo'lsa, u bir joyda debsinib turaveradi", demoqda Xalq ta'limi kanali administratori Ulug'bek Po'latov. Buni oddiyroq qilib bitta xalq maqoli bilan ifodalash mumkin: "Cho'pon ko'paysa, qo'y harom o'ladi". Ta'limga (umuman, istalgan sohaga) mas'ul tashkilotlarni ko'paytirganimiz sari ahvol og'irlashsa og'irlashadiki, o'nglanmaydi. Chunki byurokratik mashina qanchalik katta bo'lsa, shunchalik beso'naqay bo'ladi - qarorlar qabul qilish va ularni ijro qilish qiyinlashadi, har bir tashkilot "ko'rpa"ni o'ziga tortishga harakat qiladi, muammo chiqqanda esa "otangga bor - onangga bor" bo'ladi. Masalan, o'tgan yili tashkil qilingan va katta vakolatlar berilgan Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazidan shu o'tgan vaqt ichidagi faoliyati bo'yicha hisobot so'raldimi? Yana bitta yangi, mustaqil tashkilot ochilganidan, na Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va na Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi o'z ishini eplay olmayapti, degan xulosaga kelingan, desak bo'ladimi? Agar "ha" bo'lsa, bu muammoni yangi tahkilot ochish bilan hal qilib bo'ladimi? Yo'q. Umuman, muammoning yechimi - yangi tashkilot (vazirlik, markaz, agentlik, qo'mita va hokazo) ochish, degan xato qarashdan voz kechish kerak.

"Shaxsan meni tasavvurimda yagona ta'lim vazirligi bo'lishi va hamma tashabbus va loyihalar faqat mana shu vazirlik tomonidan amalga oshirilishi kerak", deb yozadi Po'latov. Ha, ta'limi rivojlangan, PISA singari xalqaro tadqiqotlarda yuqori natijalar qayd etayotgan davlatlarda aynan shunday. Yagona ta'lim vazirligi bor va ta'limga shu vazirlik javob beradi. Faqat bir narsa: buning uchun uzoq muddatli strategiya bo'lishi, shaxslar (vazirlar va ularning komandasi) almashganda hamma narsa 180 gradusga o'zgarmasligi, ta'lim tizimi ustida muttasil tajribalar o'tkazilmasligi kerak. Hozirgi vazirlikda bunday uzoq mudatli strategiya bormi? Vazir biron marta intervyu berib yoki matbuot anjumani o'tkazib rejalarini ochiqlaganini eslay olmayman. Lekin bunday uzoq muddatli strategiya Ta'limni rivojlantirish markazida bormi? Loyiha ofisida bo'ladimi? Bunga katta shubham bor.
👍16🔥1
"1000 kitob" loyihasining ilk bosqichi uchun mualliflik huquqi xarid qilingan kitoblar orasida "Ways of Learning: Learning Theories and Learning Styles in the Classroom" kitobi ham borligi quvonarli hol. Kitob ta'lim nazariyalariga bag'ishlangan. Ta'lim nazariyalari insonning o'rganish jarayonini ilmiy nuqtayi nazardan tushuntirishga harakat qiladi va bu jarayonni samarali tashkil qila olish uchun kerakli bilimlar beradi. Chet elda bu nazariyalarni, ularni dars jarayonida qanday qo'llashni bilmasdan turib o'qituvchilik diplomini (litsenziyasini, sertifikatini) olib bo'lmaydi.

Afsuski, bizda pedagogika yo'nalishlaridagi OTMlarda ham, malaka oshirish institutlarida ham bu nazariyalar o'tilmaydi. Umuman, bizda o'tilayotgan pedagogika va metodika fanlari asosan oldi-qochdi gaplardan iborat (har qalay, men o'qiganimda shunday edi va hozir ham unchalik o'zgarmagan bo'lsa kerak, masalany, yetakchi pedagogik OTM - Nizomiy nomidagi TDPU saytidagi o'quv dasturlari ro'yxatida bu nazariyalarni o'rgatadigan biron fan ko'rmadim). O'zim, masalan, bu nazariyalar bilan birinchi bor 2000-yillarda chet el loyihasi doirasida tashkil qilingan treninglarda tanishganman, keyinchalik esa tizimli tarzda Kolumbiya Universitetida (Nyu York, AQSH) bir semestr "Pedagogik psixologiya" fanini o'qish jarayonida o'rganganman.

Xullas, mazkur kitobning o'zbek tiliga tarjima qilinishi quvonarli hol. Umuman, dastlabki ro'yxatdan yaxshi va foydali kitoblar o'rin olganga o'xshaydi (misol uchun, Adib Xolidning jadidlar haqidagi kitobi). Umid qilamanki, sara badiiy, ilmiy-ommabop va ilmiy kitoblarni asliyatdan o'zbek tiliga o'girish ishlari tizimli davom etadi.
🔥14👍5
Ya'na ta'lim nazariyalari haqida. Ta'lim nazariyalari bilish nafaqat pedagog, balki o'quv materiallari (darslik, o'quv qo'llanma va hokazo) yozadigan mutaxassis uchun ham muhim - o'quvchi o'rganishi kerak bo'lgan materiallarni qanday ketma-ketlikda, qanday tamoyllar asosida berish, qanday topshiriqlar kiritish kabi muhim savollarga javob berish uchun ta'lim nazariyalariga tayaniladi.

Masalan, PISA tadqiqotlarida top-10talikka kirgan Singapur yoki Kanada darsliklari (har qalay, men o'rganib ko'rganlarim), yoki Oksford, Kembrij, Pirson singari mashhur xalqaro nashriyotlar darsliklarida konstuktivizm va ijtimoiy konstruktivizm nazariyalariga tayanilgani haqida Gazeta.uz da e'lon qilingan maqolamda yozgan edim.

Qonun chiqaruvchilarga "Finlyandiya tajribasi asosida" deya taqdim qilingan, intervyuda esa Finlyandiya standartlariga aloqasi borligi inkor qilingan "Novda"ning darsliklarida esa men mutaxassis sifatida biron-bir ta'lim nazariyasiga tayanilganini ko'rmadim: Ta'limni rivojlantirish markazi o'zining chiqishlarida doim qaytaradigan "4K modeli" aslida ta'limdagi qandaydir yangi yondashuv yoki metodika yoki nazariya emasligini, sinchiklab qaralsa, "Novda" darsliklarida "4K"ning o'zi yo'qligini ham yuqorida aytilgan maqolada ko'rsatib berganman.
🔥4👍1
Yuqorida ta'lim nazariyalarini bilishning o'quv materiallari (darslik, qo'llanma va hokazo) yaratishdagi ahamiyati haqida yozdim. 2022-yilda Milliy o'quv dasturi asosida yaratilgan "Adabiyot" darsliklariga ham konstruktivizm va "kitobxon javobi" nazariyalari asos qilib olingan edi. Konstruktivizm nazariyasiga ko'ra, inson uchun o'rganishning eng samarali usuli - tayyor bilimni o'zlashtirish emas, balki yangi bilim hosil qilishdir. "Kitobxon javobi" nazariyasiga ko'ra esa o'quvchi (kitobxon) badiiy matnni o'qish jarayonida ma'noni o'zi yaratadi - bir asardan har xil kitobxon har xil xulosalarga kelishi tabiiy hol. O'quvchi matndan ma'no yaratishi, xulosalar chiqarishiga yordam beradigan samarali metodikalardan biri esa matn bilan uch bosqichda ishlash:

- o'qishdan oldin: kitobxonda matn bilan ishlashga qiziqish (motivatsiya) uyg'otiladi, kitobxonda matnni tushunishga yordam berishi mumkin bo'lgan bilimlar ("sxema"lar) faollashtirib olinadi, ya'ni o'quvchi bilimlari va matn o'rtasida "ko'prik" hosil qilinadi yoki matnni tushunishga yordam beradigan bilimlar (kontekst) taqdim qilinadi;

- o'qish davomida: matnning muhim nuqtalariga e'tibor beriladi, tahlil qilinadi;

- o'qishdan keyin: matn "makro" darajada tahlil qilinadi, o'quvchi hayoti bilan bog'lanadi. Blum taksonomiyasining yuqori bosqichlarida (baho berish, sintez qilish) ishlanadi.

Suratlarda 7-sinf darsligiga kiritilgan "Xameleon" hikoyasi misolida bu metodikaning qanday ishlashini ko'rishingiz mumkin.
👍6
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini o'qigandan keyin tug'ilgan ayrim savollarni yozgan edim. Bilaman, savollar berish befoyda - qaror qabul qilib bo'lingan va undagi ko'p rejalarning norealligi, tadqiqot qilinmasdan kiritilgani yuzasidan mas'uliyatni hech kim bo'yniga olmaydi, savollarga ham javob berilmaydi. Lekin baribir bu savollarni berish zarur deb o'ylayman.

Qarorning 4-bandida 2024-yil yakuniga qadar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ajratiladigan Davlat budjeti mablag‘lari doirasida xorijiy tilni ("ikkinchi" deyilayotgan, aslida esa uchinchi xorijiy til nazarda tutilmoqda) o‘qitish bo‘yicha xalqaro nashriyotlar darsliklarini xarid qilish va mahalliylashtirish choralarini ko‘rish topshirig'i berilgan. O'quvchilarning yarmi 11 yil davomida (1-sinfdan boshlab) o'qitilayotgan xorijiy til bo'yicha hatto B1 darajaga erisha olmayotgan sharoitda yana bitta xorijiy tilni 2 yil o'qitib, A2 darajaga olib chiqish - noreal vazifa. Demak, bu darsliklarga ajratilayotgan byudjet mablag'lari ham samarasiz sarflanishi aniqroq bo'lib turibdi. Hozirgi sharoitda e'tiborni fanlarni ko'paytirishga emas, mavjud fanlarni o'qitish sifatini oshirishga qaratish kerak emasmi?
👍10🔥7
“Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bo'yicha yana bir savol.

Qarorning 2-bandida 10-11-sinflarida tayanch o‘quv rejasi asosida o‘qitish bilan bir qatorda “Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish” hamda “Biznes va kasb-hunarga o‘qitish” yo‘nalishlari bo‘yicha ham ta’lim dasturlarini joriy qilish nazarda tutilgan. “Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish” yo‘nalishi doirasida — e’tibor aniq, tabiiy yoki xorijiy til fanlariga qaratiladi, “Biznes va kasb-hunarga o‘qitish” yo‘nalishida esa — o‘quvchilarni ishchi yoki raqamli texnologiyalarga oid kasblarga o‘qitishga e'tibor beriladi.

Bu sizga hech narsani eslatmayaptimi? O'zimiz bir necha yil qurib, maqtab, keyin o'zimiz voz kechgan 12 yillik ta'lim tizimida o'quvchilar 9-sinfdan keyin akademik litsey yoki kasb hunar kollejlariga yo'naltirilar edi. Akademik litseylar qaysidir fanlarni chuqurroq o'rganaman, deganlar uchun, kollejlar esa kasb o'rganmoqchi bo'lganlar uchun edi. Yuqoridagi “Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish” hamda “Biznes va kasb-hunarga o‘qitish” yo'nalishlari ham xuddi shu tizimni eslatmayaptimi? Aylanib-o'rgilib shu tizimga qaytar ekanmiz, bir necha yil oldin shu tizimdan nega voz kechdik? Tayyor tizim, infrastruktura bor edi-ku? To'g'ri, tizim ideal ishlamayotgan edi, lekin "burgaga achchiq qilib ko'rpani kuydirmasdan", ayrim muammolarni deb butun tizimni demontaj qilmasdan muammolarni hal qilish mumkin edimi?

Mana endi, "o‘quvchilarni kasblarga o‘qitish ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish uchun umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ustaxonalar tashkil etiladi va oylik ish haqi oliy ma’lumotli umumta’lim maktabi o‘qituvchisiga tenglashtirilgan “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi joriy qilinadi". Oddiy ichimlik suvi yoki hojatxonasi yo'q, sinfxonalari xarob ahvolda bo'lib yotgan maktablarda ustaxonalar tashkil etishni tasavvur qilyapsizmi? Kollejlarda bu narsalar bor edi-ku?

Yana bir narsa. Menimcha, hali ham bizda maktab ta'limining maqsadi haqida aniq tasavvur yo'q shekilli. Maktablarning o'zida yo'nalishlarga bo'lib, chuqurlashtirilgan fanlar yoki kasblarga o'qitiladigan bo'lsa, akademik litseylar va kasb-hunar maktablarining vazifalari haqida ham jiddiy o'ylab ko'rish kerak bo'ladi. Bir-birini takrorlaydigan (дублировать) tizimlarga pul sarflashga qurbi yetadigan darajada boy davlat emasmiz.
👍11🤯3🔥2
O'tmish sari olg'a?

SSSRda "sharmandalar taxtasi" bo'lgan, unga turli xil qilmishlari uchun aybdor (yoki totalitar davlat aybdor deb hisonlagan) insonlarning fotosuratlari, ular haqida ma'lumotlar joylashtirilgan. Maqsad - "taxta"ning nomidan ham ko'rinib turibdi, ularni "sharmanda qilish", sazoyi qilish bo'lgan. SSSR parchalanib ketgandan 33 yil o'tib, uchinchi Renessans qurayotganini iddao qilayotgan, "hamma narsa inson qadri uchun" deyilayotgan mustaqil O'zbekistonda bunday amaliyotni tiklashga qaror qilingan ko'rinadi - Navoiy viloyatida shunday taxtalar paydo bo'libdi. Bunday taxtalar uchun qonuniy asosni 2021-yilda Vazirlar Mahkamasi qaror bilan tasdiqlab bergani aytilmoqda. Ombusdman esa bunday amaliyot Konstitutsiyaga ham, Jinoyat kodeksiga ham, umuman, inson huquqlariga ham zidligi haqida bayonot berdi.

Savol: Qarorni qabul qilishdan oldin butun boshli Vazirlar Mahkamasida bunday amaliyotning Konstitutsiyaga zidligini ko'ra oladigan malakali yurist topilmadimi?

Yana bir savol: Keyingi qadam nima bo'ladi? "Men Pasternakni o'qimaganman, lekin qoralayman" qabilidagi "sud"larmi?
👍10😢3
Kecha o'quv materiallarini, xususan, darsliklarni yaratishda ta'lim nazariyalarini hisobga olish zarurati haqida yozgan edim. Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi rahbari Vohid Hamidov Facebook tarmog'ida o‘quv-metodik kontentlarning ilmiy asosini takomillashtirish masalasi haqida post qoldirdi, Postda markaz rahbari, xususan, o‘quvchilarning o‘qib tushunish darajalarini aniqlash va matnning o‘qishlilik darajasini belgilash, tadqiqot natijalaridan ta’limni rivojlantirishda tizimli foydalanish zarurati haqida yozmoqda va Ta’limni rivojlantirish markazida bu borada ishlar boshlanganini aytmoqda.

Shu o'rinda markaz rahbari Vohid Hamidovga bir savol bilan yuzlanmoqchiman:

Hurmatli Vohid Sobirovich, Siz hozirda boshqarayotgan Ta'limni rivojlantirish markazi boshlang'ich sinflarda aynan nutq ko'nikmalari, shu jumladan, o'qish savodxonligini tizimli rivojlantirishni maqsad qilgan va xorijiy ekspertlar ishtirokida yaratilgan darsliklarni yig'ishtirib olib, siz bu markazga kelishdan oldin boshqargan "Novda" xususiy nashriyotining o'qish savodxonligini rivojlantirishga yordam bermaydigan (masalan, 1, 2, 3, 4) darsliklarini joriy qilganiga qanday munosabat bildirasiz?
👍8🔥3
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi pedagoglar attestatsiyasi malaka sinovlari uchun zarur adabiyotlar ro‘yxati tasdiqlanganini e'lon qildi. Ro'yxatga qarasangiz, undan asosan maktabda hozirgi kunda foydalanilayotgan darsliklar o'rin olganini ko'rishingiz mumkin.

O'qituvchini imtihon qilish uchun o'quvchiga mo'ljallangan darslikdan test savollari tuzish nimani anglatadi? Vazirlik ham, bu test savollarini tuzadigan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi ham o'qituvchining vazifasi - o'quvchi uchun mo'ljallangan darsliklarni yod olishda, deb biladi. Test savollari shu darsliklardagi qaysidir ma'lumot, qoida, ta'rif, formula asosida tuziladi va o'qituvchi shu narsalarni qay darajada xotirasida saqlab olganligi tekshiriladi.

O'zbekistonning PISAdagi ayanchli natijalari tahliliga bag'ishlangan maqolamda ta'limdagi bunday ahvolning sabablaridan biri - asosan xotirani tekshirishga qaratilgan baholash tizimida, deb yozgandim. Biz ta'limda xotiraga zo'r beramiz - o'quvchining ham, o'qituvchining ham vazifasi darsliklardagi ma'lumotlarni yodda saqlash, deb o'ylaymiz. Yosh bola ham o'ziga kerakli ma'lumotni Google'dan yoki Alisa'dan bir pasda so'rab topa oladigan bugungi kunda ta'limning vazifasi boshqa narsa bo'lishi kerak, deb hech o'ylab ko'rmaymiz.

Muvaffaqiyatli ta'lim tizimlari o'quvchilarda yuqori darajadagi kognitiv ko'nikmalarni va hayotiy ko'nikmalarni rivojlantirishga e'tibor qaratadi va baholash tizimi ham shularni tekshiradi, o'qituvchining vazifasi esa o'quvchilarda bu ko'nikmalarni shakllantirish uchun sharoit yaratish. Buning uchun esa o'qituvchiga darsliklarni yod olish kerak emas.

Quyidagi ilovada Cambridge TKT (ingliz tili o'qituvchilari uchun test), ETS tashkilotining (mashhur TOEFL testlarini yaratadigan tashkilot) o'qituvchilar uchun Praxis testlari fizika va rus tili o'qituvchilari uchun test namunalari hamda Nyu York shtati o'qituvchilari uchun sertifikat testlari namunalari berilgan. Bularning birontasi o'qituvchining darsliklarni yod olganini tekshirmaydi. Ular o'qituvchining o'z fani doirasidagi muhim tushunchalarni bilishi, ularni darsda o'quvchiga yetkaza olishini tekshiradi.

Ta'limning vazifasi, o'qituvchining vazifasi haqidagi qarashlarimiz o'zgarmas ekan, ta'limdagi muammolarimiz hal bo'lmaydi. Mingta Loyiha Ofislari va Markazlar ochsak ham.
👍6