Jalilov. Qaydlar
4.07K subscribers
1.44K photos
17 videos
22 files
2.27K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Kun.uz "Ibrat Academy" atrofidagi gaplarni oʻrganishga harakat qilibdi.

Kun.uz gaplashgan yoshlar yetakchisi bu ixtiyoriy-majburiy topshiriq ekanini aytdi. Unga ko‘ra, agentlikning joylardagi boshqarmalari xodimlari yetakchilardan ilovani necha kishi sotib olgani haqida ma’lumot so‘raydi.


Materialda bir qiziq - va nazarimda, muhim - detal aytilmagan: Super start ilovasi uchun toʻlovni qabul qiladigan MCHJning taʼsischisining ism-familiyasi, orginfo maʼlumotlariga koʻra, kun.uz oldingi materialida "Ibrat farzandlari" loyihasi rahbari sifatida tanishtirgan shaxsning ism-familiyasi bilan juda oʻxshash.

Manfaatlar toʻqnashuvi? Nima edi u?
👍6🔥4
Xarajati davlatdan, foydasi MCHJga emasmi ishqilib?

Kun.uz eʼlon qilgan materialda yana bir qiziq detal:

“Ibrat Academy” – til o‘rgatuvchi “Ibrat farzandlari” loyihasining bir qismi bo‘lib, 2022 yilda tashkil qilingan. Dastlab loyiha xorijiy tillarni yoshlarga bepul o‘rgatish maqsadida, budjet mablag‘lari asosida bilan tashkil qilingan edi. Hozir loyihaning pulli shakli ham bor. Agentlikning izohlashicha, loyiha o‘z-o‘zini rivojlantirishi uchun pulli versiya joriy etilgan. “Bu loyiha, ya’ni “Super start” uchun budjetdan mablag‘ ajratilmagan”, – dedi tashkilot xodimi.


Eʼtibor bering: materialda loyiha byudjet mablagʻlaridan moliyalashtirashtirilgan, lekin aynan pulli qismi uchun byudjetdan mablagʻ ajratilmagan, deyilmoqda.

Qiziq, agentlik loyihaning "davlat juni"dan, uzr, davlat pulidan boʻlgan qismi bilan davlat byudjetidan boʻlmagan qismining aniq hisob-kitobini olib boradimi? Hammasi - davlat byudjeti hisobiga yaratilgani qismi ham, davlat byudjetidan moliyalashtirmagan, deyilayotgan qismi ham bitta ilova tarkibida boʻlsa, buni qanday ajratib olishadi? Xarajati davlatdan, foydasi MCHJga boʻlib qolmasligi qanday nazorat qilinadi?
🔥18👍9
"Takomillashtirilayotgan" o'quv dasturlarida pedagogikaning tamal qonuniyatlari hisobga olinadimi?

Respublika ta'lim markazining bir paytning o'zida ikki "kreslo"ni egallagan yangi rahbariyati "o'quv dasturlarini takomillashtirish" deb atalgan jarayondan uzuq-yuluq videolavhalar berishda davom etmoqda. Qizig'i, umumiy o'rta ta'lim tizimida yagona dastur mavjud emasligini, turli sinflar turli davrlarda yaratilgan va bir-biriga nomutanosib dasturlar-u darsliklar asosida tahsil olayot "kasha" vaziyat yuzaga kelganini hisobga olsak, aynan qaysi dastur "takomillashtirilayotgani" haqida savol hali ham ochiq qolmoqda. Jamoatchilik va mutaxassislar uchun, masalan, bunday uzuq-yuluq reklama videolaridan ko'ra aynan qaysi dastur "takomillashtirilyapti", "takomillashtirish" deganda aynan nima nazarda tutilmoqda, bunda qaysi tamoyillar va ma'lumotlarga tayanilmoqda, jarayon "o't-o'lanni boshqa rangga bo'yash" - Kembrijdan falon pulga o'rganib kelingan yangi jadvallarga solishdan nimasi bilan farq qilmoqda - shu haqida tahliliy ma'lumotlar berilgani foydaliroq bo'lardi.

Masalan, xuddi shu markazning oldingi rahbari Milliy o'quv dasturi yaratilayotgan paytda bergan intervyusida uning oldingi dasturlardan farqi, maqsadi haqida gapirgan edi. Lekin, o'ylaymanki, markazning hozirgi rahbarini bunday batafsil va ochiq muloqotga taklif qilish imkonsiz - chunki biladiki, beradigan har qanday ma'lumotlari qiziq xulosalarga va javobi yo'q yangi savollarga yetaklashi mumkin.

Shunday savollardan biri: "o'quv dasturlarini takomillashtirish" deganda shu paytgacha trillionlar sarflab chiqarilgan (?) va qaysi dasturlar asosida yaratilgani haligacha ochiqlanmagan darsliklarga "podgon" qilish - dasturlarni chiqarib bo'lingan darsliklarga moslash tushunilmayaptimi? "Takomillashtirish" jarayonida shu paytgacha "ignor" qilingan pedagogikaning bazaviy qonuniyatlari hisobga olinadimi?

Oddiy misol. Yangi o'quv materialini o'qitishda o'quvchida mavjud bilim, ko'nikmalar, hayotiy tajribani hisobga olishning zarurati - hozirgi zamon pedagogikasi uchun yangilik emas. Bu haqda o'z vaqtida XX asrning buyuk psixologlaridan biri, zamonaviy pedagogik qarashlarning "ota"laridan biri Piaje ham yozgan edi. Keyinchalik "sxemalar nazariyasi"ni boshqa olimlar ham rivojlantirishdi, yangi bilimning samarali o'zlashtirilishi uchun ularning muhimligi tajribalarda ham isbotlangan. Sxemalarning matnni tushunishdagi ahamiyati haqida ham yetarlicha yozilgan (masalan, qarang: 1, 2). Qizig'i, olimlar abstrakt tushuncha sifatida tadqiq qilgan "sxemalar"ning fiziologik, jismoniy asosi borligini - miya qabul qilayotgan yangi ma'lumot miyada mavjud ma'lumotlar bilan bog'lanmasa, sinapslar o'rtasidagi bog'lanishlar yaxshi bo'lmasligini zamonaviy kognitivistikadagi tadqiqotlar ham (masalan, qarang) ham isbotlaydi.

Pedagogikaning ushbu tamal tushunchalari hisobga olinmaganini, masalan, 2024-yilgi 5-sinf "Adabiyot" darsligida ko'rishimiz mumkin. Yaqool misol - darslikning boshida keltirilgan "Tilla baliqcha" she'ri. Adabiyotshunoslar tomonidan chuqur ramziy ma'noga ega, deya e'tirof etiladigan (masalan, qarang: akademik Baxtiyor Nazarov hammuallifligidagi 11-sinf adabiyot darsligi) ushbu she'rni tushunish, tahlil qilish uchun o'quvchida yetarlicha konstektual bilim ham, nazariy bilim ham (masalan, ramz nimalagi haqida) mavjud emas. Shunday ekan, bu yoshdagi o'quvchi she'r bilan bog'liq savollarga javob bera olmaydi. Demak, o'qituvchida ikkita yo'l qoladi: o'quvchining har qanday fikrini - u qanchalik jo'n bo'lmasin - to'g'ri deb qabul qilish, yoki she'r haqida o'zi gapirib berish. Har ikkalasi ham pedagogika nuqtayi nazaridan samarali yechim emas. Qizig'i, adabiyotni fan sifatida o'rganishni endi boshlagan va ramz haqida tushunchaga ega bo'lmagan o'quvchi mavzu nihoyasidagi "Uchala she’rdagi obrazlar hayotda kimlar yoki nimalarning ramzi bo‘lishi mumkin?" topshirig'ini qanday bajaradi - bu savol darslik mualliflarini ham, mas'ul muharrir va taqrizchilarni ham, dastur mualliflarini ham unchalik qiynamagan ko'rinadi.

Xullas, savollar ko'p - yurak yutib javob beradigan esa yo'q.
👍6🤯2
BookClub (Madina Musayeva) tijoriylashayotgan loyihalar haqida
👍9
Havoga sovurilgan pullar va oʻquvchilarning bekor ketayotgan vaqti

"Novda" nashriyotining taʼlim rus va boshqa tillarda olib boriladigan maktablar 3-sinfi uchun oʻzbek tili darsligiga eʼtibor bering. Tilni qanday oʻrgatmaslik boʻyicha master klass. Soliq toʻlovchilarning havoga sovurilgan pullari va maktab oʻquvchilarining bekor ketayotgan vaqti. Rasmda koʻrib turganingiz matnni metodika nuqtayi nazaridan alohida tahlil qilamiz, hozircha esa Respublika taʼlim markazining ikki "kreslo"da oʻtirib "dasturlarni takomillashtirayotgan" rahbariyatiga savol:

Siz bu darsliklarni varaqlab koʻrganmisiz? Institutda "til oʻqitish metodikasi" degan fan oʻtgan boʻlsangiz kerak, bunday darsliklar yordamida til (xususan, taʼlim tili boʻlmagan tilni) oʻrgatish mumkin deb hisoblaysizmi? "Oʻquv dasturlarini takomillashtirish" dega ularni mana shunday sifatsiz darsliklarga "podgon" qilish - moslashtirish nazarda tutilmayaptimi?
🔥9👍4
Ona tili bo'lmagan tilni o'qitishda matnlar qanday tanlanadi?

Ko'pincha til darslarida matn markaziy rol o'ynaydi: u kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirish, til birliklarini o'rgatish, o'rganilayotgan til madaniyati bilan bog'liq ma'lumotlarni taqdim qilish uchun asos bo'lib xizmat qiladi. Demak, til o'rgatishga mo'ljallangan o'quv materiallarining (darsliklar, qo'llanmalar va hokazo) hamda til darslarining samarasiga matnning to'g'ri tanlanishi kuchli ta'sir qiladi. Til o'rgatish uchun matn tanlayotganda nimalarni hisobga olish lozim?

1. Darsning maqsadi.

Tanlangan matn asosida qanday ko'nikmani (kompetensiyani) rivojlantirish maqsad qilingan? Masalan, maqsad - matnni tez (ko'z yugurtirib) o'qib kerakli ma'lumotni topish (scanning) kompetensiyasini rivojlantirish bo'lsa, har xil ma'lumotlar (raqamlar, ismlar, joy nomlari va hokazo) ko'p, faktik ma'lumotlar asosida qurilgan matn ma'qulroq bo'lishi mumkin. Yoki, deylik, maqsad muayyan mavzu bo'yicha fikr bildirish va fikrini asoslash (argumentatsiya) ko'nikmasini rivojlantirish bo'lsa, shu mavzu bo'yicha turfa qarashlarni (masalan, ijobiy / salbiy jihatlari) aks ettirgan matn tanlanadi. Maqsad muayyan til birliklarini (leksika, grammatika) o'gatish bo'lsa, kerakli til birliklari matnda mavjudligiga va ularning chastotasiga e'tibor berish kerak. Albatta, bitta matn bir necha maqsadga xizmat qilishi mumkin - demak, matn har bir maqsad uchun muvofiq bo'lishi kerak.

2. Matnning til o'rganuvchilar darajasi va yoshiga mosligi.

Til o'rganishning darajalari mavjud: masalan, CEFR shkalasida A1dan C2gacha. Har bir daraja tushunadigan, bilishi lozim bo'lgan va bilishi lozim bo'lmagan (darajasiga mos kelmaydigan) til birliklari (so'zlar, grammatik konstruksiyalar) bo'ladi. Tabiiyki, quyi daraja uchun bunday birliklar soni cheklangan bo'ladi va odatda yuqori chastotali (o'quvchi ko'p eshitadigan, nutqda ko'p qo'llaniladigan) so'zlardan iborat bo'ladi. Tanlangan matn o'quvchining darajasiga mos bo'lishi kerak - agar o'quvchi har bir (yoki deyarli har bir) so'zning ma'nosini lug'atdan qidirishi yoki boshqalardan so'rab olishi kerak bo'lsa, undagi grammatik konstruksiyalarning ma'nosi o'quvchiga notanish bo'lsa, bunday matn asosida samarali til o'rganish imkonsiz. (Albatta, matndagi har bir so'z o'quvchiga tanish bo'lishi shart emas, lekin notanish so'zlarning ma'nosini o'quvchi kontekstdan chiqara olishi, bu notanish so'zlar matnni tushunishga va o'quvchining motivatsiyasiga salbiy ta'sir qilmasligi uchun notanish so'zlar ulushi 10%dan oshmasligi kerak). Shu bilan birga, matn mazmun (kontekst) jihatdan ham o'quvchi uchun tushunarli bo'lishi kerak.

3. Matnning autentikligi

Matn o'rganilayotgan tilning til egalari tomonidan real hayotda qanday qo'llanilishini ko'rsatishi kerak. Buning uchun esa matn darslik muallifi yoki o'qituvchi tomonidan tuzilmasligi, balki autentik manbalardan (kitoblar, komikslar, OAV, ijtimoiy tarmoqlar, e'lonlar, reklamalar, etiketkalar, instruksiyalar va hokazo) olinishi, lozim o'rinlarda o'quvchi darajasiga moslanishi kerak. Darslik mualliflari yoki o'qituvchi tomonidan tuzilgan sun'iy matnlar tilning real kontekstda qo'llanilishini ko'rsatib bera olmaydi va o'quvchini qiziqtirmaydi.

4. Matnning qiziqarliligi

Til o'rganishda (umuman, har qanday fan yoki sohani o'rganishda) motivatsiya katta rol o'ynaydi. Demak, til darslari uchun tanlangan matn o'quvchiga qiziq bo'lishi, buning uchun o'quvchi hayoti, hayotiy tajribasi bilan bog'liq bo'lishi kerak. O'quvchi uchun qiziq bo'lmagan matn asosida qiziqarli topshiriqlar tuzish va qiziqarli dars tashkil qilish imkonsiz.

(davomi quyida)
👍12🔥2
(davomi)

Endi "Novda" nashriyotining taʼlim rus va boshqa tillarda olib boriladigan maktablar 3-sinfi uchun oʻzbek tili darsligidan olingan "Non - aziz ne'mat" matnini yuqoridagi mezonlar (tamoyillar) asosida tahlil qilib ko'raylik. Bunda bir narsani yodda tutishimiz kerak: o'zbek tili darslari 2-sinfda boshlanadi va bir o'quv yilida 68 soat o'tiladi. Bir darajadan ikkinchisiga o'tish uchun taxminan 200 o'quv soati talab qilishini hisobga olsak, asosiy muloqot tili o'zbek tili bo'lmagan 3-sinf o'quvchisi o'zbek tilini hali A1 (boshlang'ich) darajada o'rganayotgan bo'ladi.

1. Darsdan qanday maqsad ko'zlangan va matn bu maqsadga xizmat qila oladimi? Bu yoshda va til o'rganishning bu darajasida shunchaki "matnni o'qing va mazmunini aytib bering" degan mavhum topshiriq berib bo'lmaydi. Topshiriq aniq bo'lishi va uni bajarish uchun yetarlicha yordam (scaffolding) ko'rsatilishi kerak.

2. Matn o'quvchi darajasiga va yoshiga mosmi? Mant "tanovul", "ne'mat", "qiyoslamoq", "ardoqlamoq", "noz-ne'mat", "rizq-ro'z", "beqiyos", "zinhor", "zavol" singari badiiy bo'yoqdorlikka ega, kundalik nutqda kam ishlatiladigan, tilni A1 darajada o'rganayotgan o'quvchi u yoqda tursin, bu yoshdagi o'zbekzabon o'quvchi uchun og'irlik qiladigan so'zlar, ravishdoshli konstruksiyalar va murakkab gaplar bilan to'la. Tasavvur qiling, o'quvchi matnni tushunish uchun darslik oxiridagi lug'atga murojaat qildi. "Non hammamizning rizq-ro'zimiz" degan gapdagi "rizq-ro'z" o'rniga lug'atdagi "достаток еды" jumlasini qo'ysa, gap ma'nosini chiqara oladimi?

3. Matn autentik emas. O'zbeklar real hayotda shunday, balandparvoz so'lar ishlatib gaplashadimi? Bu matndagi qaysi til birliklarini A1 darajasidagi o'quvchi kundalik hayotida o'zi ishlatadi yoki birovdan eshitadi?

4. Matn o'quvchi uchun qiziqmi? Boshlang'ich sinf o'quvchisiga qandaydir mavhum (abstrakt) ma'no tashiydigan emas, har kungi hayoti bilan bog'liq matnlar qiziq bo'ladi.

Bunday matn yordamida til o'rgatish imkonsiz: darslikni yaratish va chop qilish uchun bekor sarflangan pul hamda o'quvchining va o'qituvchining bekor ketgan vaqti zavoli.

To'g'ri, Respublika ta'lim markazi bu darsliklarni yaratmagan va tasdiqlamagan. Lekin, adashmasam, bu darsliklar joriy qilinganda ham vazirlikning va vazirlikdagi darsliklarga, ta'lim mazmuniga javobgar boshqarmaning hozirgi rahbariyati amalda edi. Ta'lim sifatiga va mazmuniga javobgar davlat xizmatchilari sifatida darsliklarni varaqlab, ularning metodik va ilmiy sifati bo'yicha fikrlarini aytsa, eksteriza qildirsa, otilib ketarmidi? Yoki "sadoqat"ni namoyish qilish millionlab o'quvchilarning kelajagidan ko'ra muhimroqmidi?
👍23🔥5
"Biz uni qayerda yoʻqotdik?"

"Men kichkinaligimda otam baʼzan remenni olardi-da, meni rosa savalardi. Oʻzimga oʻzim soʻz bergandim: ota boʻlsam, farzandlarimni hech qachon urmayman deb. Yaxshiroq ota boʻlmoqchi edim. Yaxshiroq boʻldimmi?"

"U oʻzining xonasida edi. Biz uni xavfsiz joyda deb oʻylardik. Axir oʻzining xonasida unga nima ham xavf solishi mumkin?"

"U doim xonasida oʻtirardi. Uyga kelardi, eshikni qarsillatib yopardi-da, xonasiga kirib ketib kompyuterda oʻtirardi. Kechasi soat 1da ham xonasida chiroq yoqilgan boʻlardi. Baʼzan taqillatib, "bolam, boʻldi, uxla, ertaga maktabing bor", derdim. U chiroqni oʻchirardi, lekin hech qachon hech narsa demasdi".


Tasavvur qiling, oddiy shaharchada, oddiy oilaning uyiga ertalabdan qurollangan politsiya eshikni buzib kiradi, uyning agʻdar-toʻntarini chiqaradi va ... 13 yashar bolaning qoʻliga kishan solib olib ketadi. U mudhish jinoyatda - sinfdoshini oʻta vahshiylik bilan oʻldirishda ayblanmoqda. Nima bu? Xatomi? Anglashilmovchilik? Nahotki shu jussasi kichkina, rasm chizishni va fransuz tili darslarini yoqtiradigan bolakay qotil boʻlsa?

Netflix'ning yangi "Adolescence" ("Oʻtish davri" yoki "Oʻsmirlik") serialini koʻrishni tavsiya qilaman. Serial unchalik katta emas - atigi 4 qism. Lekin mana shu 4 soat davomida maktablardagi bulling va kiber-bulling, oʻsmirlar dunyoqarashi, oʻzaro hamda ota-onalar va kattalar bilan munosabatlari, ota-onalarning oʻsmir farzandlari bilan munosabatlari, ijtimoiy tarmoqlarning bolalar psixologiyasiga taʼsiri, maktabning bolalarga taʼsiri singari jiddiy muammolar koʻtarilgan. Ogʻir film. Mushohada chorlovchi film. Lekin koʻrish, fikrlash kerak boʻlgan film.
👍25🔥2
Bulling Oʻzbekiston maktablarida bormi?

Biz koʻpincha bulling faqat chet elga xos xususiyat, Oʻzbekiston maktablarida bunday hodisa yoʻq deb hisoblaymiz. (Balki "bulling" soʻzining oʻzi notanish boʻlgani uchundir).

Lekin tadqiqotlar bulling hodisasi Oʻzbekiston naktablari uchun ham begona emasligini koʻrsatadi. UNICEF tadqiqotida koʻplab oʻquvchilar bulling qurboni boʻlgani va bu oʻqishiga taʼsir qilgani haqida aytishgan. PISA tadqiqotlarida ham maktabda oʻzini xavfsiz his qilmaydigan oʻquvchilar ulushi OECD oʻrtacha koʻrsatkichidan balandroq ekanligi aniqlangan. Boshqa tadqiqotlarda ham bulling koʻlami ancha keng ekanligi, oʻquvchilarning oʻzlashtirishiga jiddiy taʼsir qilishi aniqlangan. Bulling nafaqat oʻzlashtirishga taʼsir qiladi, bulling qurbonlari jiddiy psixologik travmani boshdan kechirishadi, ularning kelgusi hayotiga katta taʼsir qiladi.

Shuning uchun ham bullingning turli shakllarini aniqlay olish, ularga qarshi kurashish va oldini ola bilish muhim. Lekin Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bu borada nimadir qilyaptimi? Oʻqituvchilar bulling haqida, uning shakllari, bulling qurbonlari va agressorlar bilan qanday ishlash haqida tushunchaga egami? Turli xil "islohotlar", "takomillashtirishlar" va tadbirlar orasida bu jiddiy muammoga ham eʼtibor qaratilmoqdami?
👍11
Milliy oʻquv dasturiga va 6-sinf adabiyot darsligiga kiritilgan, ayrim ilmiy darajali mutaxassislar "zerikarli" deb baho bergan "Bir kunlik yoz" hikoyasi ham fantastika qobigʻi orqali aynan maktablardagi bulling, uning sabablari va ayanchli oqibatlari masalasini koʻtaradi. Bir bu asarni dastur va darslikka kiritishda oʻquvchilarga tolerantlik, insonlar orasidagi turfa xillikni hurmat qilish, bir-birini tushunish, oʻz xatti-harakatlari oqibatlarini tahlil qilish singari tushunchalarni singdirishni maqsad qilgandik. Maqsadimizni tushuntirganimda hikoyani oʻzbek tiliga oʻgirgan tarjimon matndan foydalanish uchun begʻaraz taqdim qilgan edi.

Ayrim xabarlarga koʻra, oʻquv dasturlarini "takomillashtirish" jarayonida bu va Milliy oʻquv dasturiga kiritilgan jahon adabiyotining bir qator, nazarimizda, sara, oʻquvchi yoshiga mos va badiiy asar mutolaasiga qiziqtira oladigan namunalari chiqarib tashlanmoqda ekan.
👏6😢5👍2
"Qirgʻiziston prezidenti Akayevni hisobga olmaganda, hamma Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari, aftidan, toʻntarishni (1991-yil avgustdagi GKCHP nazarda tutilmoqda) qoʻllab quvvatlagan koʻrinadi, chunki ular ittifoqning tiklanishini maʼqul koʻrishardi. Toʻntarishning muvaffaqiyat qozonmasligi aniq boʻlgandan keyin, ularning hammasi oʻz respublikalarini mustaqil deb eʼlon qilishga shoshilishdi. Kelajak tushunarsiz edi va oʻylab oʻtirishga vaqt yoʻq edi, kemadan qochish eng maqbul chora koʻrinardi. ... Bu deklaratsiyalar (mustaqillik eʼlon qilinishi) xalqaro miqyosda dekabrning oxirigacha tan olinmadi, chunki Sovet Ittifoqi hali rasman mavjud edi. U (Sovet Ittifoqi) Rossiya, Ukraina va Belarus - 1922-yilda Sovet Ittifoqining tuzilishiga olib kelgan shartnomani imzolagan toʻrt davlatdan qolgan uchtasi - prezidentlarining yuridik manyovrlari natijasida tugadi".

Adib Xolid: "Markaziy Osiyo: Imperiyalar bosqinlaridan hozirgi kungacha boʻlgan yangi tarix" kitobidan
👍22🔥4
In “Adolescence,” he said, the boy’s school is underfunded and teachers are too stressed and overworked to stop bullying, the police are ignorant of how teenagers talk to one another on social media and the boy’s friends and family were oblivious to what he was capable of.

"Oʻtish davri" ("Oʻsmirlik") seriali haqida yozgandim. NY Times nashrining yozishicha, mazkur serial Britaniyada (serial voqealari Britaniyaning bir shaharchasida boʻlib oʻtadi) 16 yoshga kirmagan shaxslarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash masalasini kun tartibiga olib chiqqan. Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer parlamentda serialni farzandlari bilan birga koʻrgani va bolalarni internetdagi zararli axborotdan himoya qilish uchun qadamlar tashlash kerakligi haqida gapirgan.

Serial mualliflaridan biri esa fojiada (serial ssenariysi real voqealardan taʼsirlanib yozilgan) maktabning roliga eʼtibor qaratgan: "Maktablarga yetarlicha mablagʻ ajratilmaydi, oʻqituvchilarning oʻzlari stressda va ish hajmi juda ham koʻp, ular bullingni toʻxtata olmaydi".

Keltirilgan iqtibosga eʼtibor bering: xuddi Oʻzbekiston maktablari haqida gapirilgandek. Oʻzbekiston rasmiylari esa taʼlim sifatini oshirish va maktablardagi psixo-emotsional vaziyatni yaxshilash oʻrniga ota-onalarni ogohlantirishlar bilan qoʻrqitib davomatni taʼminlash bilan ovora.
👍15
Iqtisodchi Kundaligi
Menga fizikani o’qitgan domla - Boris Oksingendler O’zbek televideniyasiga intervyu beribdi.

Dodamni sinfdoshi bo’lgani uchun bizni o’qitar edi. O’zi katta olim odam.
Ha, katta olim va - shu bilan birga, shaxsiy kuzatishlarim bo'yicha, juda kamtar va samimiy inson.

Men Boris Oksingendlerni tanishimning sababi - uning rafiqasi, Nadejda Nikiforova qo'li ostida bir necha yil ishlaganman. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litseyda ingliz tilidan dars berganimda Nadejda Nikiforova kafedra mudiri edi. Litseydagi faoliyatim davomida hamkasblar bir-birimizdan ko'p narsalarni o'rganganmiz va bunday professional, do'stona muhitning shakllanishida Nadejda Nikiforovaning hissasi juda katta bo'lgan edi deb o'ylayman.

Umuman, o'sha paytda ta'lim tizimidagi muhitning o'zi ham qandaydir erkinroq edi nazarimda va bu erkinlik pedagoglarga kasbiy rivojlanish, o'z ustida ishlash uchun turfa imkoniyatlar eshigini ochar edi. Pedagoglarning o'zida ham o'z ustida ishlash, rivojlanishga qiziqish bor edi. Undan keyingi o'zgarishlar borib-borib pedagoglarni aksar hollarda qandaydir "kunim o'tsa bo'ldi" deydigan va hech narsaga qiziqmaydigan shaxslarga aylantirdi.
🔥11👍5👏2
Kanal kuzatuvchilaridan kelgan videolar. Videolarda ayni damda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida Respublika umumtaʼlim oʻqituvchilarining bilimlarini teksirish boʻyicha diagnostik test jarayoni tasvirlangani aytilmoqda.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bunday diagnostik testlar orqali qanday maʼlumotlar yigʻishni maqsad qilgan, bilmadim, lekin bir narsani bilaman: bunday sharoitda oʻtkazilgan test natijalari - testologiya "tili" bilan aytganda, validlik talablariga javob bermaydigan, oddiy "til" bilan aytganda, hech narsaga yaroqsiz boʻladi. Vaqt va pul bekor sarflangani, shuncha odam bekorga ovora qilingani qoladi, xolos.
😢31🤬11👍7😱3