Jalilov. Qaydlar
3.89K subscribers
1.42K photos
17 videos
22 files
2.24K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
"Garvarchilar maktabi"ga "oddiy maktab" o'quvchsi kira oladimi?

Umumiy o'rta ta'limdagi tobora kengayib borayotgan tengsizlik, tabaqalashtirish siyosatidagi navbatdagi qadam - o'quvchilarni dunyodagi top universitetlarga maqsadli tayyorlashi aytilayotgan Al-Beruniy xalqaro maktab-internatiga "oddiy maktab" o'quvchisi kira oladimi? Ushbu savolning javobi bir qarashda oddiy va aniq tuyulishi mumkin. Va albatta bu savolni Maktabgacha va maktab ta'limi vaziriga yoki vazirlikdagilarga bersangiz "albatta kira oladi, cheklov yo'q" deb javob beradi. Lekin maktabning rasmiy kanalida e'lon qilingan saralash imtohoni ingliz tili fani test topshiriqlari namunalari tahlili "yo'q, kira olmaydi" degan javobga yetaklaydi.

Ilgariroq maktabning rasmiy telegram kanalida ingliz tili va matematikadan kirish testlari spetsifikatsiyalari e'lon qilingan edi. Rasman e'lon qilingan hujjatlarga ko'ra, ingliz tilidan test topshiriqlari A2+ darajasida bo'lishi kerak. Lekin bugun e'lon qilingan test topshiriqlari namunalari va ularga asos bo'lgan matn bu talabga mos kelmaydi.

Dastlab matnga e'tibor qaratamiz. Badiiy uslubda yozilgan va bu yoshdagi ("oddiy" maktabning 8-sinf bitiruvchisi) uchun qiyin so'zlarga to'la bu matnning darajasi ikkita vosita yordamida tekshirildi: Britaniya Kengashi tavsiya qilgan TextInspector va TextAnalyzer. Har ikki vosita matndagi kalit so'zlar tahlili, matn zichligi, gaplar uzunligi va boshqa belgilarga qarab matnning darajasini aniqlab beradi, Har ikki vositaga ko'ra, matnning darajasi - C1dan yuqori.

Endi matn asosidagi test topshiriqlariga e'tibor qilamiz. Matndan keyingi ikki test topshirig'ida so'ralayotgan so'zlarning darajalari (deliberately, loom) - Kembrij lug'atiga ko'ra, B2 va C2. Ya'ni, A2+ darajasidagi oquvchi bu savollarga javob bera olmaydi. "Mulohaza darajasi" deyilayotgan oxirgi ikki test topshirig'i esa ingliz tilidagi matnning badiiy tahliliga oid: muallif matnda qanday "atmosfera" yaratgan va bosh qahramonning matn boshidagi kayfiyati matn oxirida qanday o'zgaradi. Bu yoshdagi o'quvchilar ona tilida o'qilgan badiiy matn asosidagi shunga o'xshash savollarga javob bera oladimi?

Vazirlik "bor" deya iddao qiladigan (aslida ishlamayotgan) Davlat ta'lim standartlariga ko'ra, 9-sinf bitiruvchisi chet tilini A2 darajasida, 11-sinf bitiruvchisi esa B1 darasida bilishi kerak. Xorijiy tilni C1 darajasida bilish faqat xorijiy filologiya yo'nalishi bo'yicha oliy ta'lim muassasasi bitiruvchisidan talab qilinadi. (Hatto maktab o'qituvchisidan ham B2 daraja talab qilinmoqda, C1 yoki undan yuqori emas). 8-sinf bitiruvchisidan Davlat ta'lim standartida ko'zda tutilmagan va maktab unga bera olmaydigan darajani talab qilish orqali qanday maqsad ko'zlangan?

Natija nima bo'ladi?

1. O'quvchi repetitorga (bo'lib ham tilni C1 va undan yuqori darajada tilni biladigan va bunday murakkab matnlar bilan ishlashga bolani tayyorlay oladigan repetitorga) borishi kerak - demak, "Garvardchilar maktabi" shundoq ham pulli ta'lim imkoniyati bor oilalar farzandlarini saralab oladi va "oddiy" maktab o'quvchilari bilan bunday o'quvchilar o'rtasidagi mavjud tengsizlikni yanada kattalashtirib beradi.

2. Yoki ... imtihondan o'tishning boshqa "yo'llari"ni qidirish kerak ...
Masala faqat agentlikni kim boshqarishida emas. Boshqa savol ham bor ...

"Senator Alisher Sa’dullaev Stenford universitetiga o‘qishga ketsa Yoshlar ishlari agentligini kim boshqaradi?" degan savol qo'ymoqda Uzdiplomat nashri. Nashrning agentlik matbuot xizmatiga tayanib yozishicha, o‘qish muddati bir oylik bo‘lib, bu xizmat safari sifatida rasmiylashtiriladi va agentlik rahbari onlayn tarzda boshqaruv faoliyatini davom ettira oladi.

Menda esa boshqa savol bor. Ijtimoiy tarmoqlarda yozishlaricha, Alisher Sa'dullayev Stenfordning "Executive Program" (SEP) dasturiga o'qishga kirgan. Stenfordning rasmiy saytiga ko'ra, bu dasturda o'qish narxi 86000 (sakson olti ming) AQSH dollarini tashkil qiladi. (Tushunishimcha, bu - faqat o'qish narxi, borish-kelish va yashash xarajatlarisiz). Bu mablag'ni kim to'laydi: soliq to'lovchilarmi yoki Sa'dullayevning o'zi? Soliq to'lovchilar to'laydigan bo'lsa - nima uchun? Sa'dullayevning o'zi bo'lsa - davlat xizmatchisining bir oylik kurs uchun o'rtacha O'zbekistonlikning 222 oylik (18,5 yillik) ish haqiga teng summani to'lay olishi .. juda qiziq emasmi?
Darvoqe.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga savol:

Vazir tasdiqlagan hujjat boʻyicha aslida berilmasligi kerak boʻlgan, lekin vazirlik huzuridagi naq ikki tashkilotning birinchi rahbarlari qoʻl qoʻygan va oʻqituvchilarga pullangan sertifikatlar masalasi nima boʻldi? Mana bu savollarga javoblar ochiqlanadimi? Yoki masala jimjitlik bilan yopiladimi?
"Qiladigan ishi ochko ishlash faqat. ... tubga qulagani sari ochko ishlarni ko‘paytirish bilan yanada ovora qilishaveradi, chalg‘itaverishadi, shu bilan band qilib qo‘yishadi". (Post muallifi - hurmatli Bakiroo bu yerda konkret soha haqida yozgan, lekin nazarimda koʻpnuqta oʻrniga istalgan sohani qoʻysa boʻladi).

Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi.

Muammo faqat ochko ishlayotganlardami? Ular kim(lar)ning oldida ochko ishlashyapti? Balki muammo ochko berayotganlarda, yoki faqat ochko uchun ishlanadigan tizim yaratganlardadir?
Forwarded from Farengeyt Press
Farengeyt Press nashriyoti o’smirlarning moliyaviy savodxonligini oshirish yo‘lida Anorbank bilan hamkorlik kelishuvini imzoladi.

Hamkorlik doirasida “Usborne” nashriyotining mashhur “For Beginners” turkumidan Pul: boshlang‘ich saboqlar kitobi o‘zbek tilida nashr etiladi. Ushbu kitob bolalar va o‘smirlarga pulning mohiyatini, iqtisodiyotda qanday rol o‘ynashini, tarixini, valyutalar, ularning banklar va boshqa moliyaviy tizimlardagi o‘rnini sodda va qiziqarli tushuntirib beradi.

Bolalar va o’smirlarda moliyaviy savodxonlikni erta yoshdan shakllantirish muvaffaqiyatli moliyaviy kelajak sari pillapoyadir.

📘 Kitob sentabr oyida sotuvga chiqadi. Yoshlar uchun — bilimga moliyaviy eshik ochildi!

#FarengeytPress #Anorbank #BoshlangichSaboqlar #MoliyaviySavodxonlik
Dovud va Goliaf: teng boʻlmagan tomonlar haqida

Bugun bir maʼmuriy sud ishida qatnashishga toʻgʻri keldi. Daʼvogar - fuqaro, javobgar - davlat organi. Yaʼni, fuqaro davlat organi ustidan sudga ariza kiritgan. Ishning va sudya chiqargan qarorning mazmuni haqida hozir yozmoqchi emasman, lekin bir soatdan kamroq davom etgan ishdan chiqargan umumiy xulosalarim haqida yozmoqchiman. Alohida eslatib oʻtaman: quyida yozilganlar - shaxsiy fikrlar.

Garchi mantiqan ham, qonun boʻyicha ham tomonlar sud oldida teng boʻlishi kerak boʻlsa-da, maʼmuriy ishda tomonlar amalda teng emas. Sababi - javobgar tomon - davlat organining shtatida yuristlar va soha mutaxassislari bor. Va davlat organi sudda oʻzining nomidan qatnashish uchun ularni yuboradi.

Daʼvogar tomon - fuqaro esa oʻz manfaatlarini himoya maqsadida advokat yollamoqchi boʻlsa, mablagʻ toʻlashi kerak. Va fuqaroning bu mablagʻni toʻlashga imkoni boʻlmasligi mumkin. Har xil normativ-huquqiy hujjatlardagi formulirovkalarning nyuansini unchalik tushunmaydigan (zero u bunga majbur emas, chunki yurist emas) fuqaroni davlat organi shtatida oʻtirgan yurist "yanchib tashlashi" mumkin. Paradoksni qarang: soliq toʻlovchilar hisobidan moliyalashtiriladigan va soliq toʻlovchilarga xizmat qilishi kerak boʻlgan davlat organi huquqini buzgani uchun sudga murojaat qilgan soliq toʻlovchini shu organda soliq toʻlovchilar hisobidan oylik oladigan yurist "yanchib" tashlaydi.

Javobgar tomondan - davlat organi nomidan sudda bir necha kishi qatnashadi. Daʼvogar esa sudga oʻz tarafidan mutaxassis jalb qilmoqchi boʻlsa, sudga iltimosnoma kiritishi kerak va bu iltimosnomani qanoatlantirish yoki rad qilish sudyaning ixtiyorida.

Ishda qatnashuvchi prokuror ham davlat organi tomonda (chunki u ham davlat organi). Sud majlisi oxirida soʻz berilganda u ham davlat organini qoʻllashni soʻraydi (negaligini izohlamaydi). "Mustaqil"ligi xalqaro tashkilotlar tomonidan-da eʼtirof etilgan sudlarimiz prokurorning fikriga qarshi boradigan qaror chiqarishini tasavvur qilish qiyin.

Sudya ham ishni formal koʻradi. Mohiyatga kirishga, daʼvogar keltirayotgan asoslarni oʻrganish, tahlil qilishga unda vaqt (balki xohish ham?) yoʻq. Jarayon oxirida "maslahatlashuv xonasi"ga chiqishi eʼlon qilingan sudya oʻsha xonaga yetib bormasdan (zero buncha qisqa vaqt ichida yetib borib, ish ustida oʻylab, qarorga kelib, qaytishga jismonan ulgurishi - juda bahsli masala) qaytib keladi va qarorni eʼlon qiladi.

Qarorni u Oʻzbekiston Respublikasi nomidan eʼlon qiladi. Va Oʻzbekiston Respublikasida adolatga, adolatni tiklashi kerak boʻlgan oxirgi chora - sudga ishongan daʼvogarning - shu Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining adolatga boʻlgan ishonchiga hukm oʻqiydi.
"Suveren davlat hududini raketa-bomba zarbalariga duchor qilish to‘g‘risidagi mas’uliyatsiz qaror, bunga qanday sabablar keltirilishidan qat’iy nazar, xalqaro huquqni, BMT Nizomini va bunday harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida ilgariroq aniq xulosa bergan BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzadi. Ayniqsa, zarbalarni BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan davlat amalga oshirgani tashvishli holdir."

Bu bayonotni o'zi suveren davlat hududiga 3 yildan beri raketa-bomba zarbalari yog'dirayotgan va o'zi BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan Rossiya tashqi ishlar vazirligi chiqaribdi. Ilgariroq Putin "rus soldatining oyog'i tekkan har qanday joy bizniki" degan edi.
So‘nggi oylarda O‘zbekistonda IELTS imtihonini qog‘ozda topshirganlarning (paper based) javoblari qayta tekshirilmoqda, ayrim natijalar ommaviy bekor qilindi. Bu test javoblarining internetga sizdirilayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Gazeta British Council va IDP bilan bog‘lanib, vaziyatni o‘rgandi.

https://www.gazeta.uz/oz/2025/06/23/ilets/

Telegram | Instagram | YouTube
"Bu yerda begonalar yurmaydi"

Vikipediya ochiq ensiklopediyasidagi taʼrifga koʻra, nepotizm - bu qarindoshlarga yoki doʻstlarga kasbiy koʻnikma va qobiliyatlaridan qat’iy nazar (masalan, ishga qabul qilishda) imtiyozlar berish tizimi.

Kun.uz bundan bir necha yil oldin, "yangi Oʻzbekiston" endi boshlangan paytlarda qarindosh- urugʻchilik - nepotizm haqida qiziq bir maqola tayyorlagan ekan. Bu maqolada nepotizm korrupsiyaning eng xavfli koʻrinishlaridan biri deb atalgan va "boshlangan islohotlar" bu illatni yoʻq qilishiga umid bildirilgan.
"Tarix - oʻqituvchi emas, nazoratchi. U hech narsaga oʻrgatmaydi, lekin saboq olmaganlarni qattiq jazolaydi".

Vasiliy Klyuchevskiy, XIX asr rus tarixchisi
"Axir oʻlmasman-ku, oʻlmas"

Oleg Tabakov Kashshey rolida, "Qizil qor yoqqanda" filmidan
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
#ilm_fan nima deydi?

Nepotizm va PISA natijalari o'rtasida bog'liqlik bormi?

Demak, nepotizm - bu ishga olish, lavozimga tayinlash yoki lavozim bo'yicha ko'tarishda lavozim uchun kerakli bilim, ko'nikma, malaka, tajribani emas, ijtimoiy munosabatlarni (qarindoshlik, do'stlik singari) asosiy mezon qilib olish. Xalqaro tashkilotlarga ko'ra, nepotizm - korrupsiyaning bir ko'rinishidir.

Germaniyalik tadqiqotchilar Perez-Alvarez va Strulikning aniqlashicha, nepotizm va inson kaptali, xususan, mamlakat o'quvchilarining PISAdagi natijalari o'rtasida bog'liqlik bor ekan. Olimlarning yozishicha, qabul qilingan (perceived) nepotizm indeksining bir standart og'ishga oshishi o'rtacha PISA natijalarining 0,16 standart og'ishga pasayishiga olib kelar ekan. Tadqiqotchilar Singapur va Livanni misol sifatida keltirishadi: oxirgi o'n yilliklarda nepotizmga qarshi qoidalar mvaffaqiyatli ishlayotgan Singapur PISAda yuqori o'rinlarni egallab kelmoqda, Transparency International'ga ko'ra nepotizm keng tarqalgan Livan esa PISA tadqiqotlarida past natijalarni qayd etgan. Bu degani - nepotizm mamlakatdagi inson kapitaliga - o'quvchilarning kognitiv qobiliyatlari va maktabdagi sa'y-harakatlariga (effort) salbiy ta'sir ko'rsatadi. Shuningdek, nepotizm qobiliyatlilarning mamlakatdan chiqib ketishiga va o'z qobiliyatlarini nepotizm darajasi kamroq bo'lgan joylarda ishga solishiga olib keladi.

Qiziq xulosalar. Balki O'zbekistonning PISAdagi ayanchli natijalari sabablaridan biri ham lavozimlarga qobiliyat va tajriba asosida emas, balki kimningdir o'g'li - qizi, jiyani, do'sti - dugonasi va hokazo bo'lgani uchun tayinlash amaliyotidir?
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM