Jalilov. Qaydlar
4.09K subscribers
1.46K photos
17 videos
22 files
2.29K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Ayni paytda eshitayotgan kitobimdan:

O'quvchining (talabaning) oldingi bilimi (prior knowledge) o'rganish jarayoniga yordam yoki xalal berishi mumkin. Bu tamoyilning muhimligidan kitob mualliflari uni kitobda eng birinchi tamoyil sifatida berishgan.
🔥5🤔4👍1
"Xalq taʼlimi info" kanalining yozishicha, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining lavozimga tayinlangandan keyin 1 yil-u 9 oy oʻtib ilk marta oʻtkazgan matbuot anjumanida "bir qator dolzarb savollarga javob berilgan".

Taʼlim mazmuni haqida ham soʻraldimi, javob berildimi? Shu paytgacha vazirning debyut matbuot anjumaniga bagʻishlangan bironta nashr yoki telegram kanal xabarida taʼlim mazmunidek oʻta muhim va oʻta dolzarb masalada vazir yoki uning atrofida savlat toʻkib oʻtirganlar gapirganiga koʻzim tushmadi.

... Yoki taʼlim mazmuni - Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi uchun matbuot anjumanida muhokama qilishga arzimaydigan mayda masalami?
👍5
Vazir Hilola Umarova boschiligidagi ikkinchi to'liq o'quv yili aniq ta'lim maqsadlarisiz va aniq curriculum'siz boshlanmoqda

Respublika ta'lim markazining rasmiy telegram kanalida bir qator fanlardan 2024/25 o'quv yilining 1-choragi uchun taqvim-mavzuiy rejalar e'lon qilindi. Bu rejalarni ko'zdan kechirib, quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

- boshlang'ich sinflar: "Novda"ning o'tgan yili nashr qilingan va qaysi o'quv dasturlari asosida yaratilgani halicha mavhum qolayotgan darsliklari asosida o'qishadi (ona tili, o'qish savodxonligi, musiqa, tarbiya, texnologiya, tasviriy san'at, informatika, ta'lim rus tilida olib boriladigan maktablar uchun ona tili, o'qish savodxonligi). Matematika va tabiiy fanlardan boshlang'ich sinflar uchun taqvim rejani RTM kanalidan negadir topa olmadim.

- o'rta maktab va yuqori sinflar: 6, 7, 10-sinflar 2022-yilda Milliy o'quv dasturi asosida yaratilgan darsliklar bo'yicha, 5, 8, 9, 11-sinflar 2017-2018-yillarda va undan oldin chop qilingan darsliklar bo'yicha tahsil oladilar.

Bunda bir qator fanlardan o'quv dasturlari ham, metodik yondashuv ham bir-biriga bog'lanmaydi. Masalan:

- ona tili: boshlang'ich sinflar, shuningdek, 5-8-9-11 sinflar tilshunoslik qoidalarini tizimli yodlatishga qaratilgan yondashuv asosida, 6, 7, 10 sinflar kommunikativ (nutq ko'nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan yondashuv asosida o'qiydilar;

- tarix: 8-sinf "O'zbekiston tarixi" XV asr bilan tugaydi, 9-sinf "O'zbekiston tarixi esa XIX asrning ikkinchi yarmidagi vaziyat bilan boshlanadi - orada Shayboniylar davlati, Markaziy Osiyoda uch xonlikning paydo bo'lishi va rivojlanishi "yo'qolib ketadi";

- biologiya: 7, 9, 10 sinflarda bioligiya yaxlit fan sifatida o'rganiladi, 8, 9, 11-sinflarda esa uning alohida bo'limlari (masalan, 8 - odam anatomiyasi, 9 - sitologiya va genetika) o'rganiladi;

- geografiya: 7-sinf: ilgari ikki yil davomida o'tilgan tabiiy geografiya hamda materiklar va okeanlar geografiyasi bir yil davomida "zichlashtirib" o'tiladi, 8-sinfda O'zbekiston iqtisodiy geografiyasi, 9 va 10 sinflarda jahon iqtisodiy geografiyasi o'tiladi, ilgari 7-sinfda o'tilgan Markaziy Osiyo va O'zbkiston tabiiy geografiyasi o'tilmaydi.

Bu - shunchaki ayrim fanlardan turli sinflar dasturlaridagi nomuvofiqliklarga misollar. O'ylaymanki, soha mutaxassislari yuqorida misol keltirilgan va boshqa fanlarning ichiga chuqurroq kirsalar, boshqa nomuvofiqliklarni ham ko'ra oladilar.

Shunday qilib, Hilola Umarova va uning jamoasi boshchiligidagi ikkinchi to'liq yilini O'zbekiston maktablari 11 yillik majburiy ta'limning umumiy maqsadlari va bu maqsadlarga erishish uchun har bir o'quv yilida egallanishi lozim bo'lgan bilimlar hajmi va ko'nikmalarni belgilab beradigan, ta'lim uchun asosiy hujjat - curriculum'siz boshlamoqdalar. Yagona va izchil curriculum o'rniga turli sinflar turli davrlarda turli dasturlar asosida (yoki hatto dasturlarsiz) yaratilgan darsliklardan darsliklarga sakrashga majbur bo'lmoqdalar.
👍19😢10
Oʻquv dasturlari (curriculum) bilan bogʻliq yana bir qiziq holat

Eʼtibor berilsa, yil davomida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rasmiy telegram kanalida 5-sinf oʻquv dasturlari (ayrim - Singapur darsliklari tarjima qilinayotgan fanlardan - 5-6 sinflar) "takomillashtirilayotgani" haqida xabarlar berildi (masalan, ona tili va adabiyot, oʻzbek tili, tarix, tarbiya, tasviriy sanʼat, texnologiya, matematika). Odatda dastur "takomillashtirildi" degani - darsliklar, taqvim-mavzuiy rejalar oʻzgaradi degani. Biroq Respublika taʼlim markazi telegram kanalida boshlanayotgan oʻquv yili 1-choragi uchun 5-sinflar taqvim rejalari (tabiiy fanlardan tashqari) eski darsliklar asosida berilgan.

Ayrim manbalarga koʻra, 5-sinf uchun yangi darsliklar yaratilgan. Ularni yaratish (yoki Singapur darsliklaridan tarjima qilib, moslashtirish) va chop qilish koʻpchiligimiz taniydigan (har qalay, tanib olgan) bir xususiy nashriyotga ishonib topshirilgan. (Kecha tasodifan ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarga tarqalgan muqovadan bu qaysi nashriyot ekanligini taxmin qilish mumkin). Bu nashriyot oʻquv yili boshlanishiga darsliklarni chop qil(dir)ib, Oʻzbekistonga yetkazib bera olmagani uchun 5-sinf oʻquvchilari oʻquv yilini eski darsliklar bilan boshlab turishadi. Yangi darsliklar oʻquvchilarga qachon yetkazib berilad, hozircha aniq emas, lekin Respublika taʼlim markazida aksar fanlar boʻyicha taqvim rejalari faqat 1-chorak uchun eʼlon qilingan.

Shu oʻrinda vazirga savollar: Ushbu iddaolar qay darajada haqiqatga yaqin? Agar shunday boʻlsa, bu xususiy nashriyot qaysi mezonlar asosida tanlab olingan? Bu nashriyotni tanlashda manfaatlar toʻqnashuvining oldi olinganmi? Va nega bu nashriyot "sharofati" bilan taʼlim mazmuni "oʻlda-joʻlda" boʻlib yotishi, oʻquvchilar aziyat chekishi kerak?
👍6
Curriculum haqidagi oldingi postga qoldirilgan izohlardan:

"Barcha nomutanosibliklar milliy dasturni turli sinflarda joriy qilishdan boshlangan. Hozir esa bu bosqichma-bosqich yo'lga solinyapti. Har narsaga vazirni ayblashdan oldin bu vaziyat nimaning oqibatlari ekanini tahlil qilib o'rganing".

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy
markazi direktori o'rinbosari Iroda Saibova

Iroda opa, postda shunchaki bor fakt (mavjud vaziyat) keltirilgan - unda vazir ayblanmagan. Agar postda ayblov ohangi sezilgan bo'lsa, uzr so'rayman. Muammo bor va u aytilgan. Muammoni ham kimdir aytishi kerak-ku, to'g'rimi?

Endi keling, "vaziyat nimaning oqibatlari ekanini" tahlil qilib ko'raylik. Siz haqsiz - Milliy o'quv dasturini ketma-ket emas, turli sinflarda (oldin 1-2 sinflar, keyin 3, 6, 7, 10) joriy qilish boshlangan. Bilishimcha (to the best of my knowledge), bu vazirlikning yoki o'sha paytdagi vazir Shermatovning xohishi yoki "injiqligi" bo'lmagan. Unga va uning jamoasiga Milliy o'quv dasturini aynan shu ketma-ketlikda - o'sha paytda amalda bo'lgan darsliklarning yangilanish muddatiga bog'liq holda - joriy qilish topshirig'i berilgan va bu topshiriq (aynan shu ketma-ketlikda joriy qilish) davlat rahbari farmoni bilan mustahkamlangan.

O'sha farmonning 3-a bandiga muvofiq 2022-yilda 3, 6, 7, 10 sinflarda Milliy o'quv dasturi va u asosidagi darsliklar joriy qilingandan keyin, jarayon to'xtadi. Nima sababdan to'xtaganiga biron bir izoh yoki asos keltirilmadi (har qalay men ko'rmadim). Shundan so'ng, Hilola Umarova vazirligi davrida boshlang'ich sinflarga (1-4) "Finlyandiya tajribasi" bahonasi bilan "Novda"ning darsliklari joriy qilindi (vaholanki, Prezident famonida Umarovaga Milliy o'quv dasturini joriy qilishni yakunlash topshirig'i berilgan edi). Ha, balki bu darsliklarni joriy qilish tashabbusi vazirdan chiqmagandir, lekin ta'limga mas'ul shaxs sifatida vazir ta'lim mazmunining bevosita ifodasi bo'lgan darsliklarning sifati bilan qiziqishi, qaysi dastur asosida yaratilganligini so'rashi, o'z so'zini aytishi kerak edi deb o'ylayman. Axir, maktab davrining poydevori bo'lgan boshlang'ich sinflar darsliklari mazmuni va sifati bilan ta'lim vaziri qiziqmasa, kim qiziqishi kerak?

Xullas, davlat rahbari farmonida aniq-tiniq qilib Umarovaga 2024-yil 1-sentyabrga qadar Milliy o‘quv dasturining ta’lim jarayoniga to‘liq joriy etilishini ta'minlash vazifasi yuklanganiga qaramasdan, 2023-yilda boshlang'ich sinflarga "Finlyandiya tajribasi" deyilgan, aslida qaysi dastur asosida yaratilgani haligacha mavhum qolayotgan darsliklar joriy qilindi. Undan keyin, PISAda Singapur natijarini ko'rib, 5-6 sinflarga Singapur darsliklarini joriy qilishga kirishildi - Marshall Cavendish va Stars nashriyotlariga chopildi. Bir o'quv yili davomida 11 yillik ta'lim tizimidagi turli sinflar 3 xil, bir-biriga nomutanosib dasturlar va darsliklar asosida o'qishdi. Agar bu yildan 5-sinflarga yangi darsliklar joriy qilinsa, 11 yillik ta'lim tizimidagi bir-biriga nomutanosib dasturlar va darsliklar turi 4taga yeta(r)di.

Endi, sizning postingizga qaytsak. "Har narsaga vazirni ayblashdan oldin bu vaziyat nimaning oqibatlari ekanini tahlil qilib o'rganing". Vaziyat nima(lar)ning oqibati ekan? "Hozir esa bu bosqichma-bosqich yo'lga solinyapti". Oxirgi 1 yil-u 9 oydagi harakatlarni "yo'lga qo'yilyapti" deb talqin qilish qanchalik adolatdan bo'ladi?
👍24🤯2
"O‘zbekistonda 2025-yil yakunigacha 1−11-sinflarni o‘z ichiga oladigan yagona ta’lim tizimi uchun o‘quv dasturlari va davlat ta’lim standarti (DTS) jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi", deya bayonot bergan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘quv jarayonini metodik jihatdan ta’minlash va darsliklar boshqarmasi boshlig‘i Dilshoda Norboyeva matbuot anjumanida davlat rahbari farmoni bilan 2024-yil 1-sentyabrgacha to'liq joriy qilinishi bevosita rahbari, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga topshirilgan Milliy o'quv dasturining keyingi taqdiriga oydinlik kiritgan yoki kiritmaganligi ma'lum emas. Xususan, OAVlarda e'lon qilingan matnli va video lavhalarda prezident farmonida belgilangan topshiriq nega bajarilmagani va maktablar yangi o'quv yilini nega yana bir-biriga nomutanosib uch xil dastur bilan boshlayotganiga oydinlik kiritgani ko'rinmaydi. Ma'lumot o'rnida: Milliy o'quv dasturi o'z vaqtida jamoatchilik muhokamasidan va o'sha paytda butun ta'lim tizimi sifati nazoratiga mas'ul vakolatli davlat organi bo'lgan Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida muhokamadan o'tgan va inspeksiyaning "O'zbekistonda uzluksiz ta'limni rivojlantirish konsepsiyasi"ga kiritilgan edi.

Shuningdek, vazirlik tizimida darsliklarga mas'ul Norboyeva darsliklarning chop etilishi bilan bog'liq, xususan, bu jarayonda ko'pchilik biladigan xususiy nashriyotning ehtimoliy ishtirokiga oid masalalarga oydinlik kiritmagan.
😱10🔥3👍2👏2🤬1
Yana bir narsa. Norboyevaning mazkur bayonotidan, O'zbekiston o'quvchilarining yana kamida ikki avlodi maktabni bir-biriga nomutanosib uch xil (balki to'rt xil?) o'quv dasturlari va darsliklar bilan bitirib ketadi, degan xulosaga kelish mumkin. O'zingiz o'ylab ko'ring: "o'quv dasturlari va DTSlarni takomillashtirish 2025-yil oxirigacha yakunlanadi" degani - ular eng ertasi 2026/27 o'quv yilidan (ya'ni ikki o'quv yilidan keyin) joriy qilinadi (yoki joriy qilinishi boshlanadi) degani.
😢9🤯3
Norboyevaning mazkur bayonotidan yana bir savol tug'iladi (savollar ko'payib ketgani uchun uzr so'rayman, lekin nachora?)

DTS va o'quv dasturlari endi muhokamaga qo'yilsa, ularni "takomillashtirish 2025-yil oxirigacha yakunlansa", nashrga tayyorlanganligi aytilayotgan 5-sinf darsliklari nima bo'ladi? Tarjima qilingani aytilayotgan Singapur darsliklari-chi? Yoki o'sha muhokamaga qo'yiladigan DTS va dasturlar bu darsliklarga moslanadimi?
👍11👏4
Taʼlim sohasi mutaxassislari, tadqiqotchilar (Shokir Tursun, Shohrux Abdurahim va kamina) bilan tadqiqot metodologiyalari, O'zbekistondagi ilm-fan va ilmiy kadrlarni tayyorlashga yondashuv hamda shu atrofdagi masalalar haqida suhbatlashdik.

Suhbatda:

– ilmiy tadqiqot metodologiyalari
– oliy taʼlimdan keyingi taʼlim muammolari
– oliy taʼlim muammolari


kabi mavzular atrofida fikrlashdik, oʻzimiz koʻrayotgan sabablarni izohlashga urindik.

Bu shunday suhbatlarning birinchisi ekanidan kamchiliklari koʻp, keyingi safarlarda shu kamchiliklarni toʻgʻrilab boramiz.

Suhbatni bu yerda ko'rish mumkin.
👍16
Mustaqillik - bu nafaqat oʻz yeri ostidagi va ustidagi boyliklarni oʻzi tasarruf qilish.

Mustaqillik - bu nafaqat oʻz uyida va xalqaro minbarlarda baralla oʻz tilida gapira olish.

Mustaqillik - bu nafaqat shimoldagi yoki sharqdagi yoki boshqa tarafdagi katta ogʻaning qosh-qovogʻiga qarab oʻtirmaslik, kimningdir sovgʻasini otrabotka qilmaslik.

Mustaqillik - bu nafaqat oqni oq, qorani qora, populistni populist, poraxoʻrni poraxoʻr, agressorni agressor deya olish.

Mustaqillik - bu nafaqat har oʻn-oʻn besh yilda asosiy qonuni hisobni boshqatdan boshlash uchun instrument sifatida ishlatilib, qolgan payt chang bosishiga "yoʻq" deya olish.

Mustaqillik - bu birinchi navbatda oʻz qadrini bilish, hokimiyat legitimligining birdan-bir yuridik, maʼnaviy va moddiy manbai sifatida oʻz taqdirini oʻzi belgilash, ichki va tashqi masalalarda obyekt emas, subyekt boʻlish, yolgʻonga yoʻq deyish.

Mustaqilligimiz haqiqiy boʻlsin!
🔥46👍9👏9😢1
Bizga berilgan zamon
Suzmakka sayoz keldi.
Erk deb urugʻ qadadik,
Tinmasdan ayoz keldi.
Til qantariq keldi va
Tori uzuk soz keldi.
Umrimiz shunday oʻtsa,
Yashash bekordir, joʻra ...

Najmiddin Ermatov
👍15😢6🔥4👏1
O'zbekiston maktab darsliklari tizimiga egalik "Novda" xususiy nashriyotiga necha yilga "bog'lab" berildi? Va nima uchun? Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bu borada jo'yali izoh beradimi?

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi huzuridagi Respublika ta'lim markazi rasmiy telegram-kanalida 5-sinflar uchun "Tabiiy fanlar" darsligi va mashq daftarinining 1-o'quv choragi uchun mo'ljallangan qismlari e'lon qilindi. Darslik va mashq daftarining ichki muqovalarida vazirlik, "Marshall Cavendish" va "Novda"ning logotiplarini ko'rish mumkin. (Vazirlik 5-6 sinflar uchun tabiiy fanlar va matematika darsliklarini tarjima qildirayotgani haqida ilgari yozgan edim, vazirlik esa bu haqda indamaslikni, hech qanday izoh bermaslikni ma'qul ko'rgan edi). Bundan oldinroq ijtimoiy guruhlarda yangilangan 5-sinf "Adabiyot" darsligining muqova va mundarijasi tarqalgan edi.

Ayrim manbalarga 5-sinflar uchun darsliklar yaratilgani, tabiiy fanlar va matematikadan 5-6-sinflar darsliklari Singapurdan tarjima qilinganini iddao qilishgani haqida yozgan edim. O'sha va ayrim boshqa manbalarga ko'ra, bu darsliklarni chop qilish bitta xususiy nashriyotga topshirilgan va bu nashriyot darsliklarni chop qilib xorijdan olib kelishga ulgurmayapti ekan.

O'tgan yili "Novda" darsliklarini Janubiy Koreyada chop qilib olib kelgan, buni "mahalliy tipografiyalar kerakli sifatni ta'minlab bera olmasligi, Koreaya chop qilib O'zbekistonga olib kelish arzonroqqa tushishi bilan izohlagan edi. Qizig'i, darsliklarning o'zidagi nashr ma'lumotlarida esa ular Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tasarrufiga o'tkazilgan "O'zbekiston" nashriyotida chop qilingani yozilgan edi. O'tgan yili ham maktablar o'quv yilini darsliklarsiz boshlashga majbur bo'lishgani haqida mahalliy matbuot yozgan edi.

O'tgan hafta bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Hilola Umarova ham, davlat ta'lim standartlari va o'quv dasturlarini "takomillashtirish 2025-yil oxirigacha yakunlanishini" aytgan o‘quv jarayonini metodik jihatdan ta’minlash va darsliklar boshqarmasi boshlig‘i Dilshoda Norboyeva ham O'zbekiston maktab darsliklari tizimi "Novda"ga necha yilga va qaysi karomatlari uchun "bog'lab" berilganini ochiqlashmagan.

Darsliklarni butun normal dunyoda, xususan, o'sha Singapur yoki Finlyandiyada bo'lganidek, ochiq bozorga topshirish vaqti keldi. Shunda xususiy nashriyotlar davlatdan milliardlar olmasdan kerak bo'lsa sifatli darsliklar ham yaratishadi, kerak bo'lsa Singapurning yoki boshqa davlatning eng oldi darsliklarini tarjima qilib berishadi. Faqat buning uchun ochiq bozor, halol raqobat kerak. Shunda affillangan "Novda"ga qarab qolgan o'qituvchilar, o'quvchilar va ota-onalar "har sentyabrda shu bo'lar takror" deb o'tirishmaydi.
👍30🔥3😢1
O'quvchilar (talabalar) bilimni qanday tartibga solishari ularning qay tarzda o'rgnishlariga va olgan bilimlarini qay tarzda qo'llay olishlariga ta'sir qiladi.

Har birimiz umrimiz davomida yangi narsalarni o'rganib borar ekanmiz, bu bilimlarni oldingi bilimlarimiz bilan bog'laymiz (qarang: "sxemalar nazariyasi") va miyamizda biron-bir shaklda tartib beramiz (strukturalashtiramiz). Syuzan Ambrouz (Susan Ambrose) va boshqalarning "O'rganish qanday ishlaydi: Aqlli o'qitish uchun tadqiqotlarga asoslangan 7 strategiya" ("How Learning Works: 7 Research-Based Principles for Smart Teaching") kitobida shu tamoyilni keltrirar ekan, bilimlarni tartibga solishning ikki xil - yangi o'rganuvchiga (novice) va tajribali o'rganuvchiga (expert) xos yo'lini farqlaydi. Yangi o'rganuvchida bilimlar asosan tarqoq, bir-biri bilan yoki oldingi bilimlar bilan bog'lanmagan holatda bo'ladi: o'rganuvchi faktlar, voqea-hodisalar, qonuniyatlar o'rtasidagi bog'lanishlarni ko'rmaydi, yoki bu bog'lanishlar sun'iy bo'ladi. Tajribali o'rganuvchi esa faktlar, voqea-hodisalar, qonuniyatlar o'rtasidagi bog'lanishlar, o'xshashliklar va farqlar, sabab va oqibatlarni ko'ra oladi, yangi bilimlarni bir-biri bilan va o'zining oldingi bilimlari bilan ma'noli tarzda bog'lay oladi. Ikkinchi holatda o'quvchi bilimlarini qo'llay oladi, birinchi holatda - ko'pincha yodlashdan nariga o'tmaydi va yodlashga ham qiynalishadi.

Bu yerda bir narsani hisobga olish lozim: "yangi o'rganuvchi" va "tajribali o'rganuvchi" degan bo'linish faqat o'rganuvchining yoshi yoki fanni (sohani) o'rganish tajribasidan kelib chiqmagan. Yoshi katta yoki sohani bir necha yildan beri o'rganayotgan o'rganuvchi ham "yangi o'rganuvchi" darajasida qolib ketishi mumkin, agar u shunchaki tarqoq faktlarni yodlashga urg'u bersa va bu faktlar o'rtasidagi bog'liqliklarni ko'rishni o'rganmasa (o'rgatilmasa). Va aksincha: yosh yoki biron-bir sohaga endi kirishgan o'rganuvchi tez orada "tajribali o'rganuvchi" darajasiga chiqib olishi mumkin.

Mualliflar bu ikki turdagi o'rganuvchiga xos farqlarni bir misolda ko'rsatishgan. Bir tadqiqotda o'quvchilardan Britaniya qachon Ispaniya armadasini yengani so'ralgan. Bir o'quvchi "1588-yilda" deb javob bergan, ikkinchisi "aniq sanasi esimda yo'q, taxminan 1590-yillar bo'lishi kerak" degan. O'quvchilardan javoblarni izohlash so'ralganda birinchi o'quvchi shunchaki sanani darslikdan yodlaganini aytadi, ikkinchisi esa Britaniya Virjiniyani 1600-yildan keyin koloniyaga aylantirishgani, bu ishni esa Ispaniya armadasini mag'lubiyatga uchratmasdan turib amalga oshirish imkonsizligini, armada mag'lubiyatidan keyin esa Britaniyaliklarga dengiz qatnovini yo'lga qo'yish uchun vaqt kerak bo'lishini aytadi.

Birinchi o'quvchi shunchaki faktni yodlab olgan, u bu bilimlarini qo'llay olmaydi. Ikkinchi o'quvchi esa aniq sanani yodlab olmagan bo'lsa ham, turli bilimlarini bog'lay oladi, sabab va oqibatlarni ko'radi, tahlil qiladi. Ikkinchi o'rganuvchi yangi bilimlarni samaraliroq o'zlashtiradi.

Bizda tarix va boshqa fanlarni o'qitish va baholash asosan birinchi turdagi o'rganuvchilarni tayyorlaydi. O'quvchi imtihon (test) uchun faktlarni zo'r berib yodlaydi, lekin ularni bir-biriga bog'lay olmaydi, tahlil qilmaydi. Bundaylar mutaxassis sifatida qo'shimcha qiymat yarata olmaydi, qolaversa, ularni boshqarish (manipulyatsiya qilish) oson bo'ladi.
👍7🔥2👎1
Aldagani jurnalist yaxshi?

Ba'zan matbuot anjumanlarida rasmiylar shunday ma'lumotlarni berishadiki, ular unchalik ham haqiqatga to'g'ri kelmaydi, lekin anjumanda qatnashayotgan jurnalistlar turli sabablar bilan (masalan, sohaning o'ziga xosliklarini yoki undagi turli normativ hujjatlarni yaxshi bilmaslik, berilgan ma'lumotlarni o'sha joyda tekshirish uchun imkoniyat / vaqt bo'lmasligi va hokazo) ma'lumot yoki uning bir qismi haqiqatga to'g'ri kelmasligini anglay olmasliklari mumkin.

"Bugungi kundagi barcha ta’lim mazmuni bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar, o‘quv dasturlari aynan mana shu amaldagi (2021-yilda Xalq ta'lim vazirining buyrug'i bilan qabul qilingan, demoqchi) DTSdan chiqib ketmagan va uni to‘liq qoplagan holda ta’lim jarayoni tashkil etilgan". Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘quv jarayonini metodik jihatdan ta’minlash va darsliklar boshqarmasi boshlig‘i Dilshoda Norboyeva

Bu bayonot qay darajada haqiqatga to'g'ri keladi? Tahlil qilib ko'raylik:

- 2023/2024 o'quv yilidan boshlab 1-4-sinflarga joriy qilingan "Novda" darsliklari 2017-yilda tasdiqlangan DTSga ham, 2021-yildan boshlab Prezident farmoni asosida 1-3 sinflarga joriy qilingan Milliy o'quv dasturiga ham mos kelmaydi. (Bu darsliklar qaysi dastur asosida yaratilgani haligacha ochiqlanmadi.) Qolaversa, bilishimcha, u paytda boshlang'ich sinflarda informatika fanini kiritish rejada bo'lmagan, hozir 1-2 sinflarda bu fan o'qitiladi).

- 5-sinflar uchun bu yil "Marshall Cavendish" nashriyotining "Tabiiy fanlar" darsligi tarjima qilinib, "Novda" xususiy nashriyoti logosi ostida chop qilindi(-moqda) - bu darslik 2017-yilda tasdiqlangan DTSga yoki Tabiiy fanlar bo'yicha Milliy o'quv dasturiga mos kelmaydi.

5-sinflar uchun yangi tayyorlangan "Adabiyot" darsligi mundarijasi ham 2017-yilda tasdiqlangan DTSga yoki Adabiyot bo'yicha Milliy o'quv dasturiga mos kelmaydi.

Qolaversa, Xalq ta'limi vazirining 2021-yil 24-sentyabrdagi 310-son buyrug'i va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi 134-son farmoniga muvofiq, shu yil sentyabrdan barcha sinflar Milliy o'quv dasturiga to'liq o'tib bo'lishi kerak edi. Amalda turli sinflar uch xil (to'rt xil?) bir-biriga nomutanosib o'quv dasturlari bilan o'qimoqdalar.

Endi savol: Haqiqatdan ham bugungi kundagi barcha ta’lim mazmuni bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar, o‘quv dasturlari aynan mana shu amaldagi DTSdan chiqib ketmagan va uni to‘liq qoplagan holda ta’lim jarayoni tashkil etilgan...mi?
👏8👍3🔥3
Respublika ta'lim markazining telegram-kanalida ayrim fanlar va sinflar uchun yangilangan darsliklar (aniqog'i, darsliklarning qismlari) joylashtirila boshlandi.

Xususan, 8 va 9 sinflar uchun 2024-yilgi "Jahon tarixi" darsliklaridan shuni anglash mumkinki, tarixni o'qitishda o'zgarish (aniqrog'i, siljish) ro'y bergan: 8-sinf jahon tarixining 1-chorak uchun mo'ljallangan qismi XIII-XV asr voqealarini, 9-sinf jahon tarixi darsligining 1-chorak uchun mo'ljallangan qismi Buyuk geografik kashfiyotlar va Yevropada industrial jamiyatlarning boshlanishini (XVI asrlar) qamrab olmoqda. Ilgari 8-sinf "Jahon tarixi" darsligi XVI asrdan XIX asrning ikkinchi yarmigacha bo'lgan davrni (qarang: R. Farmonov va boshqalar, 2019-yil), 9-sinf darsligi XIX asr oxiri - XX asr boshlarini qamrab olgan edi (qarang: Lafasov va boshqalar, 2014-yil).

Bundan tashqari, RTM telegram kanalida 8 va 9 sinflar uchun "Davlat va huquq asoslari" fani darsliklarining 1-chorak uchun mo'ljallangan qismlari ham e'lon qilindi. Oldinroq, 5-sinflar uchun "Tabiiy fanlar" darsligining 1-chorak uchun mo'ljallangan qismi ham e'lon qilingan edi. Bu darsliklarning e'lon qilinishi, katta ehtimol bilan, ular hali maktablarda yo'qligini, ya'ni o'quvchilar va o'qituvchilar o'quv yilini elektron darsliklar (aniqrog'i, darsliklarning pdf-variantlari) bilan boshlashlarini bildiradi.

Shu o'rinda bir qancha savollar tug'iladi.

Nega Respublika ta'lim markazi kanalida darsliklar qismlarga bo'lingan holda e'lon qilinmoqda? Agar darsliklar tayyor bo'lsa, ularning to'liq shaklini e'lon qilishga kim (nima) xalal beradi? Nega e'lon qilingan darsliklardan chiqish ma'lumotlari (mualliflar / tuzuvchilar, nashriyot / tipografiya nomi, ISBN raqami va hokazo) olib tashlangan? Bundan maqsad nima?

Umuman, nega barcha maktab darsliklarini bir joyga jamlagan va tizimlashtirgan rasmiy elektron resurs mavjud emas? Ilgari barcha darsliklar eduportal.uz da jamlanardi, lekin bu manbada oxirgi yillarda joriy qilingan darsliklar yo'q. 2021-2022 yillarda MO'D asosida yaratilgan darsliklar kitob.uz portaliga ham joylangan edi, lekin bu sayt anchadan beri negadir ochilmayapti. Ziyouz'da ham asosan 2017-yilgi va undan oldingi darsliklar jamlangan, yangi darsliklarning ko'plarini topish imkonsiz. O'quvchilar, abituriyentlar, ota-onalar, ta'lim mazmunini tahlil qilmoqchi bo'lgan tadqiqotchilar darsliklarni qaysi manbadan qidirishlari kerak?

P.S. Tushunishimcha, bu yerda muammo mualliflik huquqi bilan bog'liq emas. Darsliklar byudjet puliga yaratiladi va ularni chop qilish, tarqatish huquqi vazirlikda (ya'ni byudjet tashkilotida) qoladi. Lekin muammo nimadaligiga vazirlik mutasaddilari izoh berishsa yaxshi bo'lardi.
👍6🔥1
O'quvchilar, o'qituvchilar va ota-onalarga savol. Agar siz (o'quvchilaringiz, farzandlaringiz) 2023-24 yillarda yaratilgan darsliklar bilan o'qishayotgan bo'lsa, bu darsliklarning chop qilingan nusxasini maktab berganmi?
Final Results
43%
Ha, hamma fanlardan darsliklarning chop qilingan nusxalarini olganmiz.
24%
Faqat ayrim fanlardan darsliklarning chop qilingan nusxalarini olganmiz.
37%
Hech qaysi fandan darsliklarning chop qilingan nusxalarini olmaganmiz.